to‘rtinchidan, davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida grantlarni taqsimlash va ulardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarning mavjud emasligi;
beshinchidan, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy qilish sohasida xalqaro hamkorlik va investitsiyalar jalb etish darajasining qoniqarsizligi kabi omillar sabab bo‘lmoqda.
Innovatsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni yanada samarali joriy etish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasining:
oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimini joriy etish;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini bir vaqtda tegishli yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimlariga tayinlash;
oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida innovatsion jamg‘armalar va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 10 ta shtat birligini ajratgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilmasida Fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini (keyingi o‘rinlarda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari deb yuritiladi) lavozimga tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari innovatsiya faoliyatiga oid masalalar, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni joriy etish va tijoratlashtirish natijalari bo‘yicha bevosita O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga hisobdordir;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi yiliga kamida ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining ilmiy-innovatsion faoliyatini baholash yuzasidan axborot kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Yu.Umarov ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar hamda ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining faoliyatini samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha shaxsan mas’ul hisoblanadi;
oliy ta’lim muassasalarining innovatsion jamg‘armalarini (keyingi o‘rinlarda – innovatsion jamg‘armalar) shakllantirish innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirishdan olinadigan daromadlar, oliy ta’lim muassasalarining ish haqi, stipendiya to‘lash, shuningdek, boshqa joriy xarajatlari qoplangandan keyin to‘lov-kontrakt mablag‘larining 5 foizdan kam bo‘lmagan miqdorini yo‘naltirish hisobiga amalga oshiriladi.
Innovatsion jamg‘armalarning mablag‘lari:
ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirishga;
ilmiy-laboratoriya uskunalari, sarflash materiallari va butlovchi buyumlar sotib olishga;
ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini shakllantirish va yangilashga, ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga;
innovatsiya faoliyati bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni amalga oshirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilsin.
3. Quyidagilar oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib hisoblansin:
bozorni tizimli ravishda tahlil qilish va innovatsion mahsulot (ish, xizmat)larga bo‘lgan talabni o‘rganish, o‘zini qoplash muddatini, rentabellik va innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish bilan bog‘liq xatarlarni baholash;
yuqori tijorat salohiyatiga ega va amalga oshirishga tayyor bo‘lgan, o‘zlashtirish uchun istiqbolli loyihalarni tanlab olish;
innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun investorlar, sheriklar va boshqa manfaatdor shaxslarni jalb qilish;
yangi texnologiyalarni joriy qilish va innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida sanoat korxonalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish.
Belgilansinki, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalari faoliyati innovatsion jamg‘armalar mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari:
bir oy muddatda rahbar o‘rinbosarlaridan birini innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha mas’ul etib belgilasin;
har yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishgan holda tadbirlarni moliyalashtirishning aniq miqdor va manbalarini belgilab, kelgusi yil uchun tegishli tarmoq va sohalarni innovatsion rivojlantirishning “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishini, shuningdek, ularning samarali amalga oshirilishini ta’minlasin.
5. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5264-son Farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilganligi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini moliyalashtirish manbalari etib, tegishli qismlarda, boshqa manbalar bilan bir qatorda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kuzatuv kengashi Jamg‘armaga kelib tushadigan mablag‘larning, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga yo‘naltirilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2017-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining yetishmayotgan qismida o‘z vaqtida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, “startap” loyihalarini o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtirish uchun 2018-yilda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 50 milliard so‘m miqdorida byudjet mablag‘larini ajratsin hamda mablag‘larni o‘zlashtirish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining asoslantirilgan takliflariga ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning qo‘shimcha manbalari yuzasidan takliflar kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
grantlar asosida amalga oshirilayotgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnik dasturlarining tizimli monitoringini, shu asosda maqsadsiz ishlatilayotgan grant mablag‘larini boshqa istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mavzuga oid loyihalarni amalga oshirish uchun qayta yo‘naltirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilishni;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha davlat ilmiy-texnik dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan hamda moliya yili davomida o‘zlashtirilmagan mablag‘lardan kelgusida maqsadli foydalanishni;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha mavzuga oid grantlar berish yuzasidan muntazam ravishda tanlovlar e’lon qilishni amalga oshirsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda yirik davlat korxonalarining innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘larining 0,1 foizini Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltirish hamda ularni kelgusida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishga maqsadli ishlatish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
8. 2022-yil 1-yanvarga qadar muddatda:
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan ilmiy asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, sarflash materiallari, reaktivlar, dasturiy ta’minot bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno);
ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ularning asosiy faoliyati bo‘yicha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalardan ozod qilinsin, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ajratmalar bundan mustasno, bo‘shayotgan mablag‘lar ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilsin.
9. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlarining mehnatiga Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va byudjetdan tashqari boshqa manbalar hisobidan haq to‘lash shartlari vazirlik hay’ati tomonidan belgilanadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda innovatsion g‘oyalar mualliflarini, mazkur g‘oyalarni amalga oshiruvchi tashkilotchilar va homiylarni moddiy rag‘batlantirishni ta’minlagan holda, respublikada innovatsiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashgan alohida tadbirkorlik subyektlarini taqdirlash marosimini o‘tkazishni nazarda tutib, respublikada har yili Innovatsion g‘oyalar haftaligi – “InnoWeek.Uz” o‘tkazilishini tashkil qilish choralarini ko‘rsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 7-may
Dostları ilə paylaş: |