1. Qurilishni davlatning moddiy-texnika bazasini jadallashtirishga bo’lgan ta'siri, qurilishning roli. Turar joy binolari, maktablar, klublar, kasalxonalar, zavodlar, fabrikalar, to’g’onlar, ko’priklar, elektr stansiyalari va ko’pgina boshqa binolar hamda inshootlar xilma-xil qurilish materiallari va buyumlaridan quriladi. Vatanimizda qurilish industriyasiga ajratilgan mablag’larning taxminan yarmi qurilish materiallari ishlab chiqarishga sarflanishi hisobiga olinsa, davlat iqtisodiyotida qurilish materiallarining salmog’i qanday ekanligini yaqqol tasavvur qilish mumkin.
Qurilish materiallaridan tayyorlangan mahsulot qurilish buyumlari yoki konstruksiyalari deb ataladi, chunonchi g’isht bloklari, temir-beton buyumlar va konstruksiyalar, yog’och fermalar hamda boshqalar shular jumlasidandir. Hukumatimiz tomonidan qurilish materiallari, yig’ma temir-beton konstruksiyalar va qurilish buyumlari zavodlarida tayyorlanadigan boshqa buyumlar ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan ko’rilgan tadbirlar industrial usullarga asoslangan qurilishni joriy qilish va keng ko’lamda taraqqiy ettirishni ta'minlaydi. Industrial usullar bino va inshootlarning ko’pchiligini yig’ma buyumlardan qurishni ko’zda tutadi. Bu esa qurilishdagi texnika taraqqiyotining eng muhim shartlaridan biridir.
Respublikamiz qurilish materiallari va buyumlari sanoatining tez taraqqiy etishni ta'minlay oladigan juda boy xomashyo bazasiga ega. Lekin shu bilan birga qurilish materiallaridan to’g’ri va maqsadga muvofiq foydalanish, ularni tejamli sarf qilish hamda isrofgarchilikka yo’l qo’ymaslikka ham katta ahamiyat beriladi. Ana shuning uchun qurilish materiallarini, ularni ishlab chiqarish texnologiyasini va ulardan yasalgan buyumlarni har taraflama o’rganish har bir iqtisodchi uchun g’oyat zarurdir. Shu bilan birga, iqtisodchi: materiallar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo, xomashyoni ishlash va buyum tayyorlash jarayonini, qurilish materiallarining xossalari, ularni sinash va qabul qilish, tashish va saqlash usullarini, materiallarning qurilishda kerakli joylarda ishlatilishi va ularni tejash yo’llarini yaxshi bilishi lozim.
2. Qurilish materiallari (tabiiy tosh materiallar, tabiiy yog’och materiallar, keramik materiallar va buyumlar, mineral bog’lovchi materiallar, beton, temir beton, shisha va shisha buyumlari) ning tasnifi va asosiy xossalari Qurilish materiallari sanoati. Respublika qurilish materiallari ishlab chiqaradigan ko’p tarmoqli sanoatga ega. Sement, asbest-sement, devorbop materiallar, yumshoq yopqich va gidroizolyasiya materiallari, tabiiy toshlardan qoplama material (plita)lar, noruda qurilish materiallari, qurilish keramikasi, issiqlik izolyasiyasi materiallari, ohak, gips, bog’lovchi materiallar va ulardan buyumlar, sanitariya-gigena jihozlari, polimer xomashyodan qurilish materiallari va buyumlar, temir –beton konstruksiyalari va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari mavjud. O’zbekistonda tabiiy xomashyodan qurilish materiallari sifatida foydalanish tarixi uzoq o’tmishga borib taqaladi. Ayniqsa binolar qurilishida xom g’isht, guvala, yog’och sinch, oddiy tuproq(loy)dan, tiklanadigan paxsa asrlar davomida asosiy qurilish materiali bo’lib kelgan. Xumdonlarda pishirilgan g’isht, sopol, chinni koshin, ganch, yo’nilgan granit, marmar toshlar saroy, madrasa, masjid, rabotlar qurilishida keng qo’llanilgan.
Hozirgi davrda ushbu tarmoq korxonalarida 150 dan ortiq nomdagi asosiy mahsulot turlari tayyorlanadi. Jumladan, 2016 yilda 4,1 mln. tonna sement, 300 mln. shartli taxta asbest-sement shiferlari, 3,4 mln. m2 deraza oynalari ishlab chiqarildi.
Qurilish materiallarini ularning kelib chiqishi, asosiy xossalari va ishlatilishiga ko’ra quyidagi guruhlarga bo’lish mumkin:
1. Tabiiy tosh materiallar va buyumlar.
2. Keramik materiallar va buyumlar.
3. O’tga chidamli materiallar va buyumlar.
4. Mineral bog’lovchi materiallar.
5.Qurilish qorishmalari, betonlar va ular asosida tayyorlangan buyumlar.
6. Asbest-sement materiallar va buyumlar.
7. Shisha va shisha buyumlar.
8. Organik bog’lovchi materiallar va ular asosida tayyorlangan
buyumlar.
9. Issiqlik izolyasiya materiallari va buyumlari.
10. Yog’och materiallari va ular asosida tayyorlangan buyumlar.
11. Plastmassa qurilish buyumlari.
12. Metall materiallar va ular asosida tayyorlangan buyumlar.
13. Lak-bo’yoq materiallar.
Har bir qurilish materiali yoki buyumiga GOST (umum davlat standartlari) talablari qo’yiladi. Bu standartlarda materiallarning xarakteristikasi, ularga qo’yilgan talablar, marka va turlarga bo’lishlar, sinab ko’rish usullari, qabul qilish, tashish va saqlash qoidalari keltirilgan bo’lib, u har bir tayyorlovchi zavod hamda iste'molchi uchun majburiydir.
Har bir qurilish materiali o’ziga xos fizik, mexanik va ximiyaviy xossalarga ega bo’ladi.