Ishlatilgan havodan takror foydalanish. 1.22– rasmda ishlatilgan havodan takror foydalanishga asoslangan quritgichning sxemasi ko’rsatilgan. Bu sxemaga ko’ra ishlatilgan va parametrlari t2, x2, J2 bo’lgan havoning bir qismi parametrlari t0, x0, J0 bo’lgan ishlatilgan havo bilan aralaShtiriladi. Hosil bo’lgan aralashma ventilyator yordamida isitgich (kalorifer) ga yuboriladi, isitilganidan so’ng havo quritish kamerasiga o’tadi. Bu usulni ishlatishga moslangan quritish jarayonini J–x diagrammada tasvirlab, uni normal quritish jarayoni bilan solishtirsak, quyidagicha xulosa qilish mumkin: a) ishlatilgan havodan takror foydalanishga mo’ljallangan va normal rejim bilan ishlaydigan quritgichlarning issiqlik sarfi bir xil; b) ishlatilgan havodan qaytadan foydalaniladigan quritgichlarda normal quritgichlarga nisbatan katta havo sarfi talab qilinadi.
Sekin va bir me`yorda quritishni talab qiladigan materiallar tarkibidan namlikni chiqarishda ishlatilgan havodan qaytadan foydalanishga asoslangan quritgichlarning qo’llanilishi maqsadga muvofiqdir. Bunday holatda tsirkulyatsiya qilinayotgan havo tarkibidagi suv bug’larining yuqori partsial bosimi jarayonning harakatlantiruvchi kuchini kamaytiradi, natijada quritish jarayonining tezligi sekinlashadi. Ushbu variant quritgichdagi havo namligini juda aniq va kerakli darajada o’zgartirish imkonini beradi.
Bulardan tashqari, ishlab chiqarishda qurituvchi agentni quritish kameralariga bo’lib yuborish, o’zgaruvchan issiqlik maydonidan foydalanish, ya`ni issiq va sovuq havo oqimini ketma - ket almashtirib ishlatish kabi quritish jarayonining variantlaridan ham foydalaniladi.
Quritish qurilmalarining tuzilishi
Sanoatda turli tipdagi quritkichlar ishlatiladi. Quritgichlar bir - biridan turli belgilar bilan farq qiladi. Nam materialga issiqlik berish usuliga ko’ra quritkichlar konvektiv, kontaktli va boshqa turdagi quritgichlarga bo’linadi. Issiqlik tashuvchi sifatida havo, gaz yoki bug’ ishlatilishi mumkin. Quritish kamerasidagi bosimning qiymatiga ko’ra atmosferali va vakuumli quritgichlar bo’ladi. Jarayonni tashkil qilish bo’yicha davriy va uzluksiz ishlaydigan quritkichlar mavjud. Konvektiv quritgichlarda material va qurituvchi agent bir - biriga nisbatan to’g’ri, qarama - qarshi yoki perpendikulyar harakat qilishi mumkin. Quritilishi lozim bo’lgan material donasimon, kukunsimon, pastasimon yoki suyuq holatda bo’ladi. Qurituvchi agentning bosimini hosil qilish uchun tabiiy yoki majburiy tsirkulyatsiya ishlatiladi. Donasimon materiallar ishlatilganda qatlam zich, kengaytirilgan, mavhum qaynash va fontansimon holatlarda bo’ladi. Qurituvchi agent bug’, issiq suv, olov bilan ishlaydigan kaloriferlarda yoki elektr toki yordamida isitiladi. Quritish jarayonining har xil variantlaridan keng foydalaniladi: ishlatilgan qurituvchi agentni quritkichdan chiqarib yuborish, qurituvchi agentdan takror foydalanish, qurituvchi agentni quritish kameralari oralig’ida qizdirish, qurituvchi agentni quritish kameralariga bo’lib berish, qurituvchi agentni quritish kamerasida qo’shimcha ravishda qizdirish, o’zgaruvchan issiqlik maydonidan foydalanish (issiq va sovuq havoni material qatlamiga ketma - ket almaShtirib berish) va hokazo.
Konstruktiv tuzilishiga ko’ra quritish qurilmalari har xil bo’ladi. Sanoatda shkafli, kamerali, koridorli (tunelli), shaxtali, barabanli, trubali, shnekli, tsilindrsimon, turbinali, kaskadli, karuselli, konveyerli, pnevmatik, sochib beruvchi va shu kabi quritgichlar ishlatiladi.
Sanoatda konvektiv usul bilan ishlaydigan quritish qurilmalari keng tarqalgan. Bunday qurilmalarda quritish jarayoni nam material bilan qurituvchi agentning to’g’ridan - to’g’ri kontakti orqali boradi. Sanoatda kamerali, tunelli, lentali, sirtmoqli, barabanli, mavhum qaynash qatlamli, sochib beruvchi, pnevmatik va boshqa konvektiv quritgichlar ishlatiladi, konvektiv quritgichlar ishlab chiqarishda qo’llanilayotgan hamma quritish qurilmalarining taxminan 80 % ini tashkil etadi.
Dostları ilə paylaş: |