o‘simliklardagi suv va uning ahamiyati Har bir tirik organizm to‘qimasi suv va quruq moddadan iborat bo‘ladi. Ko‘pchilik qishloq xo‘jalik ekinlarining vegetativ organlarida suv 70-95 %, urug‘larida esa 5-15 % gacha bo‘ladi. O‘simlik hujayrasining suv bilan optimal darajada ta’minlanishi o‘simliklar organizmida kechadigan hayotiy muhim jarayonlarning tezligini va yo‘nalishini belgilaydi.
O‘z navbatida mineral oziqlanish, shuningdek suv bilan taminlanishi va o‘simliklarning biologik xususiyatlari ulardagi suvning miqdorini belgilaydi. Suvning kamayib ketishi o‘simliklarda kechadigan moddalar almashinuvi va sintetik jarayonlarning o‘tishini oldin susaytiradi va keyin esa to‘xtatadi. Oqibatda o‘simlik nobud bo‘ladi.
Quyida turli qishloq xo‘jalik ekinlari organlaridagi suvning miqdori keltiriladi.
pomidor va bodring mevasida - 94-96 %
oqboshli karam va rediskada - 90-93 %
sabzi, lavlagi, piyozda - 86-91 %
kartoshka va qand lavlagida - 75-80 %
g‘alla ekinlarining donida - 12-15 %
kungaboqar urug‘ida - 7-10 %
Demak, qishloq xo‘jalik ekinlarining ko‘pgina vegetativ organlarida suv 85-95 % ni tashkil etar ekan. O‘simliklardagi suvning funktsiyalari uning fizik va kimyoviy xossalari bilan bog‘liq hamda u turli xil funktsiyalarni bajaradi. Suv yuqori solishtirma issiqlik sig‘imiga ega bo‘lganligi sababli va parlanish xususiyatiga ega bo‘lganligi uchun o‘simliklarni qizib ketishdan saqlaydi.
Suv ko‘pgina birikmalar uchun yaxshi erituvchi, suvli muhitda bunday birikmalar elektrolitik dissotsilanadi va o‘simliklar tarkibida zaruriy mineral oziqa elementlari bor ionlarni o‘zlashtiradi. Suvning sirt tarangligi yuqori bo‘lganligi sababli u turli adsorbtsiya jarayonlarida va mineral hamda organik birikmalarning bir joydan ikkinchi joyga siljishida katta rol o‘ynaydi.
Suvning ishtirokida o‘simliklardagi sintezning biokimyoviy reaktsiyalari va organik birikmalarning parchalanishi sodir bo‘ladi.
Suv tuproqdan olingan mineral tuzlarning erituvchisi bo‘lish bilan birga o‘simliklardagi moddalarning almashinishi va harakatlanishi uchun ham muhim hisoblanadi.
O‘simliklardagi suvning miqdori o‘simliklarning turi va yoshiga, suv bilan taminlanish sharoitiga, transpiratsiyasiga va mineral oziqlanishiga bog‘liqdir. Suv o‘simliklardagi energetik o‘zgarishlarda avvalo quyosh energiyasini fotosintezida, kimyoviy birikmalar hosil bo‘lishida, akkumulyatsiya jarayonida alohida ahamiyatga ega. Suv nurning fotosintez uchun zaruriy ko‘rinadigan va shunga yaqin bo‘lgan ultrabinafsha qismini o‘tkazib, infraqizil issiqlik radiatsiyasini ma’lum qismini tutib qoladi. O‘simliklarning to‘qimalari hujayralarida suvning bo‘lishligi turgor hodisasiga sabab bo‘ladi, bu turli-tuman fiziologik va biokimyoviy jarayonlarning muhim intensivlik hamda yo‘nalganlik faktoridir.
O‘simliklar organizmida organik birikmalarning juda ko‘p biokimyoviy sintez va parchalanish reaktsiyalari suvning bevosita ishtirokida boradi. Boshqa tashqi muhit omillari bilan bir qatorda suv bilan yaxshi taminlanganlik darajasi ham qishloq xo‘jalik ekinlari hosilining miqdori va sifatiga hamda o‘g‘itlarning samaradorligiga sezilarli darajada ta’sir qiladi.