3-ma’ruza Mavzu: O‘simliklarning kimyoviy tarkibi. Reja:
O‘simliklarning kimyoviy tarkibi.
O‘simliklardagi suv va uning ahamiyati.
O‘simliklardagi quruq modda.
O‘simliklar quruq moddasining organik birikmalari.
O‘simliklarning kimyoviy tarkibi O‘simliklar o‘z organizmlarini tashqi muhitda bo‘lgan ma’lum bir kimyoviy elementlardan tuzadi. Tirik o‘simlik va qurib qolgan o‘simliklar massasi bir-biridan elementar tarkibi bilan farq qiladi.
O‘simliklar organizmi suv va quruq moddadan tashkil topadi. Quruq modda esa organik va mineral birikmalardan iborat.
Ko‘pchilik qishloq xo‘jalik ekinlarining vegetativ organlaridagi suvning miqdori 70-95 %, urug‘larida esa 5 % dan 15 % gacha bo‘ladi. O‘simliklar quruq massasining 90-95 % ni organik birikmalar va 5-10 % ni mineral tuzlar tashkil etadi.
O‘simliklardagi asosiy organik moddalar: oqsillar va boshqa azotli birikmalar, yog‘lar, kraxmal, qand moddalari, klechatka va peptin moddalaridan iborat bo‘ladi.
O‘simliklarda kechadigan fotosintez jarayonida o‘simliklarning bargi orqali yutilgan karbonat angidrid gazi va ildizi orqali olingan suvdan uglerod, kislorod va vodoroddan iborat bo‘lgan oddiy azoti bo‘lmagan organik moddalar hosil bo‘ladi.
O‘simliklar quruq massasining 95 % ni uglerod, kislorod, vodorod va azot tashkil etadi. Bu yuqoridagi 4 element organogen elementlar deb yuritiladi. O‘simliklarni kuydirganda qoladigan elementlarni kul elementlar deyiladi va ular o‘simliklar quruq massasining 5 % ni tashkil qiladi. Bunday elementlarga natriy, magniy, fosfor, oltingugurt, kaliy va birnecha miqdor mikroelementlar kiradi.
XX asrning boshlarida shu narsa aniqlandiki, o‘simliklarning normal o‘sishi va rivojlanishi uchun uglerod, kislorod hamda vodoroddan tashqari yana 7 elementlar azot, fosfor, kaliy, kaltsiy, magniy, oltingugurt va temir ham kerak bo‘ladi. Bu elementlar makroelementlar deyiladi. Keyinroq yana shu narsa ko‘rsatib o‘tildiki, ushbu 7 elementdan tashqari o‘simliklarga juda oz miqdorda boshqa elementlar ham zarur ekan. Bular jumlasiga marganets, bor, molibden, mis, rux, kobalt, yod. Ularning o‘simliklardagi miqdoriy foizi mingdan hatto yuz mingdan bir ulushiga to‘g‘ri keladi. Bunday elementlarni mikroelementlar deb ataladi.
Makro va mikroelementlardan tashqari o‘simliklarda juda oz miqdorda ultromikroelementlar ham uchraydi. Bunday elementlarga rubidiy, tseziy, selen, kadmiy, kumush, simob va boshqalar kiradi. Agarda o‘simliklar tarkibidagi kimyoviy elementlarning hammasini qo‘shib hisoblaganda 70 dan ortiq elementlarni tashkil etadi.
O‘simliklardagi azot va kul elementlarining miqdori o‘simlikni yoshiga va uni etishtirish sharoitiga bog‘liq bo‘lib, har xil organda, to‘qimalarda turli miqdorda bo‘ladi. Masalan, o‘simliklarning ildizida, poyasida va bargida kul elementlari ko‘p bo‘lsa, urug‘ida esa kam bo‘ladi. O‘simliklarning kuli tarkibidagi fosfor va kaliy miqdori ushbu elementlarning oksidlari shaklida ifodalash qabul qilingan. Ko‘pchilik o‘simliklar bargining kulida kaliy 30-50 % ni tashkil etadi. Beda va vikaning bargida esa kaliyga nisbatan kaltsiy ko‘p bo‘ladi.
O‘simliklarning qari barglarida kaliy, fosfor va oltingugurtning miqdori kam bo‘lib, kaltsiyning miqdori kulning massasiga nisbatan 20-40 % dan 50-60 % gacha ortadi.
Qishloq xo‘jalik ekinlarining har xil organlari kulining tarkibini o‘rganish ayrim qonuniyatlarni keltirib chiqaradi. Donli va don dukkakli ekinlarning kulida fosfor 40-50 % kaliy 30-40 %, magniy 8-12 % ni tashkil etadi. Demak, bu 3 elementlar oksidlarining urug‘idagi miqdori umumiy kul miqdoriga nisbatan 90 % ni tashkil etadi. Poxolning kulida fosfor 3-5 marta kam, lekin kaltsiy va kremniy miqdori ancha ortiq bo‘ladi.
Kartoshka va ildizmevalilarning kulida kaliy miqdori 40-60 % ni tashkil etadi. Agar o‘simliklar tarkibini aniq va zamonaviy analiz qilish usullari bilan tekshirilsa, yuqorida sanab o‘tilgan kimyoviy elementlarning sonini yanada ko‘paytirish imkonini beradi.