dexqonchilikda azotning aylanishi Tuproq tarkibidagi azotning umumiy zapasi, shuningdek, uning tuproqdagi mineral birikmalarning miqdori har doim o‘zgarib turadi, ya’ni bir tomondan azotning sarf bo‘lishi, ikkinchi tomondan uning to‘ldirilib turilishidir. Tuproq tarkibidagi azotning sarf etilishi uni o‘simliklar tomonidan foydalanishi va hosil bilan chiqib ketishi, shuningdek, eroziya va denitrifikatsiya jarayonlari natijasida yo‘qolishidir.
Suv va shamol eroziyasi vaqtida tuproq zarrachalari bilan birga chirindi moddalari ham yo‘qoladi. Bu esa tuproqda chirindi va umumiy azotning kamayishiga olib keladi. Tuproq tarkibidagi mineral shakldagi azot ammoniy va nitrat ionlarining organik moddalarga aylanishi natijasida kamayadi.
O‘simliklarga o‘zlasha oladigan azot nitratlarning tuproq chuqur qatlamlariga yuvilishi va denitrifikatsiya jarayonida eng ko‘p miqdorda yo‘qoladi.
Nitratlar juda harakatchan azot bo‘lganligi sababli, ular sizot suvlarigacha yuvilishi mumkin va uni o‘simliklar qayta ololmaydilar. Nitratlar tuproq qatlamida ham vertikal yo‘nalish bo‘yicha ham gorizontal yo‘nalish bo‘yicha xarakatlanadi. Bu holat erta bahorda va kuzda, ayniqsa, yaqqol bilinadi.
Agar maydon o‘simliklar bilan qoplangan bo‘lsa, nitratlarni yuvilishdan saqlaydi, chunki o‘simliklarning ildizlari nitratlarni ma’lum miqdorda o‘zlariga singdiradi. Shuning uchun o‘suv davrida tuproqdan nitratlar kam yuviladi. Nitratlarning yuvilishi, asosan, bahorda va kuzda sodir bo‘ladi, chunki bu paytda maydonlarda o‘simliklar bo‘lmaydi. Sug‘orilib dehqonchilik qilinadigan sharoitda to‘g‘ri sug‘orish sistemasi tashkil etilsa, tuproq suvlari sizot suvlari bilan tutashmagan vaqtda, nitratlar yuvilishdan saqlanadi.
Sug‘orish suvlari bilan tuproqning pastki qatlamlarigacha tushgan nitratlar keyinchalik parlanish natijasida yuqoriga ko‘tariladi. Nitratlarning yuvilishi tuproqlarning mexanik tarkibiga ham bog‘liq. Mexanik tarkibi engil, toshloq, qumli va qumoq tuproqlarda nitratlar mexanik tarkibi og‘ir tuproqlarga nisbatan ko‘p yuviladi. (1 ga dan 20-30 kilogramm).
Tuproq tarkibidan azot, asosan gaz holida, denitrifikatsiya hodisasi natijasida yo‘qoladi. Tuproq tarkibidagi azotning kamayishiga qishloq xo‘jalik ekinlarining hosili bilan chiqib ketishi ham sabab bo‘ladi.