ammiakli selitraning tuproq bilan o‘zaro munosabati Ammiakli selitra tuproqning namida tezda to‘la eriydi. D.N.Pryanishnikov laboratoriyasida olib borilgan tajribalarda shu narsa aniqlanganki, o‘simlik ammiakli selitradan ammoniy kationini nitrat anioniga nisbatan tez va ko‘p qabul qiladi. Shuning uchun ammiakli selitra fiziologik kislotali o‘g‘itlar jumlasiga kiradi. Lekin uning kislotalilik xususiyati boshqa ammiakli o‘g‘itlarga nisbatan ancha past. Tuproqqa solingan ammiakli selitra TSK bilan reaktsiyaga kirishadi.
Natijada, ammoni kationi tuproq kolloidlar bilan birikadi va eritmada qolgan nitrat anioni kaltsiy yoki magniy tuzlarini hosil qiladi. Asoslar bilan to‘yingan qora va bo‘z tuproqlarda hatto doimiy ravishda ammiakli selitra yuqori dozalarda ishlatilganda ham tuproq muhitida kislotalilik sodir etilmaydi.
Tuproqda kaltsiy etishmaganda esa tuproq eritmasida kislotalilik muhiti yuzaga keladi.
Bunday kislotalilik vaqtinchalik xarakterga ega bo‘lib, o‘simliklar tomonidan nitratlar o‘zlashtirilgandan so‘ng yo‘qoladi, lekin ammiakli selitrani uzoq vaqt mobaynida ishlatilishi engil mexanik tarkibli, buferliligi past bo‘lgan chimli podzol tuproqlarda kislotalilik xususiyati ko‘payishi mumkin. Shuning uchun kislotali muhitga chidamli bo‘lgan ekinlarga solinganda uning samaradorligi pasayadi. Ammiakli selitrada yarim azot ammoniy shaklida qaysiki, tuproqqa solingandan so‘ng tuproq kolloidlarga singadi. Yarmisi esa tuproq eritmasida qoladigan o‘ta harakatchan azoti bo‘lgan nitrat anioni ko‘rinishidadir.
Bundan tashqari tuproqqa solingan ammiakli selitraning ammoniyli va nitratli azotlarini o‘simliklardan tashqari mikroorganizmlar ham iste’mol qiladi. Shuning natijasida, uning bir qismi o‘simliklarda o‘zlashtirilgan murakkab organik birikmalar ko‘rinishiga o‘tadi. Ma’lum vaqtlar o‘tishi bilan mikroorganizmlar halok bo‘lib, chirigandan so‘ng ularning tarkibidagi azot minerallashib, yana o‘simliklar ozuqa sifatida foydalanadi. Ularning bir qismi esa mikrob oqsillarining parchalanishi natijasida chirindi moddalariga aylanib uzoq muddat o‘simliklarga o‘zlashmay saqlanadi.
Ammiakli selitraning ishlatilishi. Ammiakli selitra samaradorgigi jihatidan azotli o‘g‘itlar orasida 1-o‘rinda turadi. Uni hamma tuproqlarda turli hil ekinlar uchun foydalanish mumkin. Kislotalik buferliligi oz bo‘lgan chimli podzol tuproqlarda ishlatish uchun ularni avval ohaklash lozim. Ammiakli selitraning potentsial kislotaligini ohak yoki dolomit bilan neytrallash lozim.
Bu o‘g‘itni o‘ta nam iqlimli sharoitda mexanik tarkibi engil tuproqlarda kuzda haydov ostiga solib bo‘lmaydi. Sho‘ri yuvilmaydigan iqlimi quruq joylarda esa kuzda solinsa ham bo‘ladi. Bizning sharoitda asosan kuzda solinmaydi, bahorda g‘allali ekinlarni oziqlantirishda ishlatiladi. Bir qismi ekish bilan birga qolgan qismi esa oziqlantirishda beriladi.