- Ijtimoiy va iqtisodiy, ularni ko’pincha ajratish qiyin bo’ladi (bo’sh qishloq xo’jalik yerlari va ish qidirish bilan bog’liq ko’chishlar; yuqoriroq daromadlarni qidirish bilan; turmush tarzini o’zgartirish maqsadida qishloqdan shaharga ko’chib o’tish va aksincha; yanada yuqoriroq ijtimoiy maqomga ega bo’lish va h.k.larga ko’ra ko’chishlar);
- Siyosiy – siyosiy ta’qiblardan, irqiy va diniy siquvlardan qochish, siyosiy sharoitlar yoki davlat chegaralarining o’zgarishi bilan bog’liq repatriatsiya (qochoqlar va ko’chirma bo’lganlarning o’z vataniga qaytishi);
- Harbiy – evakuatsiya, reevakuatsiya va deportatsiya;
- Etnik (milliy);
- Demografik (oilalarni birlashtirish, nikoh migratsiyasi);
- Tabiiy sharoitlar (iqlim);
- Ekologik sharoitlar – atrof-muhitning ifloslanishi, ekologik halokatlar natijada aholi ko’chib ketishga majbur bo’ladi.
Migratsiya bosqichlari:
1-bosqich Ko’chish to’g’risida qaror qabul qilish
2-bosqich Bevosita hududiy ko’chish. U davlat, turli jamoat tashkilotlari yordamida yoki mustaqil amalga oshirilishi mumkin.
3-bosqich Migrantlarning yangi yashash, ish joyiga va mos ravishda ularning samarali hayot va mehnat faoliyatiga ko’nikishi.
Mehnat migratsiyasi
Mehnat migratsiyasi deganda, odatda mehnatga qobiliyatli aholining ishlab chiqarishni rivojlantirish va joylashtirishdagi o’zgarishlar bilan bog’liq makoniy ko’chib yurishi tushuniladi.
Halqaro Mehnat Tashkilotining tasnifi bo’yicha mehnat migratsiyasi quyidagi turlarga ajratiladi:
– shartnoma asosida ishlovchilar. Bu holda migrantlarni qabul qiluvchi davlat tomonidan ularning mazkur mamlakatda bo’lish muddatlari aniq belgilab qo’yiladi. Migratsiyaning mazkur turi asosan ish kuchini mavsumiy (masalan, qishloq xo’jaligi, qurilish) ishlarga jalb qilish bilan bog’liqdir;
– malakali kadrlar migratsiyasi. Migratsiyaning bu turiga yuqori malakali mutaxassislar yoki ishchilarni imtiyozli tartibda (yuqori ish haqi, boshqa imtiyozlar hisobiga) ishga taklif qilinishi misol bo’la oladi;
– noqonuniy migratsiya. Bu noqonuniy ravishda boshqa mamlakatlarda mehnat faoliyati bilan shug’ullanishdir;
– qochoqlar. Migratsiyaning bu toifasiga hayoti xavf ostida qolishi oqibatida boshqa joylarga ko’chishga majbur bo’lganlar kiradi;
– ko’chmanchilar. Ular doimiy yashash uchun boshqa joyga ko’chib borganlardir.