Raqobat strategiyasi Raqobat strategiyasi — bu ma’lum bir firmaning bozorda olib boradigan raqobat kurashining uzoq davrga mo‘ljallangan asosiy rejasi, yo‘l-yo‘riqlaridir. Strategiya firmaning bosh asosiy maqsadlarini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, unda qanday qilib foydani eng yuqori darajaga ko‘tarish, kam xarajat qilgan holda o‘z bozorini
kengaytirish yoki boshqa raqobatchilarni bozordan siqib chiqarish, yangi bozorlarga sekin-asta kirib borishning yo‘llarini belgilab olishdan iborat bo‘ladi. Strategik rejaga qarab, firma o‘zining kurash taktikasi va usullarini qo‘llagan holda bozorda raqobat olib boradi. Bozordagi holat va shart-sharoitdan kelib chiqqan holda firma o‘z usullarini o‘zgartirib turishi ham mumkin. Misol uchun, ayrim firmalar narxlar orqali raqobat qilsa, ayrimlari mahsulot sifati orqali raqobat qiladilar. Jumladan, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari firmalari o‘zlari uchun narxi yuqori bo‘lgan sifatli tovarlarni
taklif etishadi, chunki bu mamlakatlarda aholining daromadlari yuqori bo‘lganligi sababli, xarid qobiliyatlari ham ancha yuqori. Endigina rivojlanib kelayotgan mamlakatlarda esa aholining daromadlari past bo‘lganligi uchun ularga sifati pastroq bo‘lsada, narxlari arzonroq mahsulotlar taklif etadilar.
Raqobat kurashi shakllari Raqobat kurashi quyidagi asosiy shakllarda namoyon bo‘ladi:
1. Тarmoq ichidagi raqobat — bunda bir tarmoq korxonalari o‘zaro raqobatlashadilar. Bu raqobat, eng avvalo, ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali olib boriladi. Korxonalar ishlab chiqarishda yuqori unumli texnika-texnologiyalar qo‘llash yo‘li bilan mehnat unumdorligini oshirish, mahsulotlar sifatini yaxshilash, uning tannarxini kamaytirish orqali o‘z tovarlari sotilishining qulayroq sharoitiga ega bo‘lish va qo‘shimcha foyda olish uchun kurash olib boradilar. Тarmoq ichidagi raqobat orqali tovarlarning bozor qiymati aniqlanadi va bu qiymat, odatda, muayyan tarmoqda ishlab chiqarilgan tovarlarining o‘rtacha qiymatiga mos keladi. Shuning uchun tarmoqlar ichidagi raqobat natijasida yangi texnika va texnologiyalardan foydalanayotgan, mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan korxonalar qo‘shimcha foyda oladilar. Yangi texnika va texnologiyalardan foydalanmay, mehnat unumdorligini oshirmay, mahsulot sifatini yaxshilamagan korxonalar esa zarar ko‘rishib, raqobatda sinadilar.
2. Тarmoqlararo raqobat — ishlab chiqarishning turli tarmoqlariga tegishli bo‘lgan korxonalar o‘rtasida yuqori foyda olish uchun olib boriladi. Bunday raqobat natijasida ayrim korxonalar foyda me’yori kam bo‘lgan muayyan bir tarmoqdan foyda me’yori yuqori bo‘lgan boshqa bir tarmoqqa o‘tib ketadi. Iqtisodiyot nazariyasida bu holat kapitallarning tarmoqlararo oqib yurishi deyiladi. Kapitallarning bir tarmoqdan ikkinchi, ko‘proq foyda oluvchi tarmoqqa o‘tib, ishlab chiqarishni tashkil qilishi natijasida bu tarmoq kengayadi va ularning tovar taklifi ortadi. Bu esa, o‘z navbatida, bozorda mazkur tarmoqning tovarlari narxlarining pasayishiga olib keladi va tarmoqning foyda me’yori pasayadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida foyda me’yori past bo‘lgan tarmoqlardan kapitalning boshqa tarmoqqa o‘tib ketishi uzluksiz sodir
bo‘lib turuvchi obyektiv jarayon hisoblanadi. Bu jarayon bozorning talab va taklif qonunining ta’siri ostida sodir bo‘ladi. Natijada foyda me’yori past bo‘lgan tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmi qisqaradi va bozorda ularning tovarlariga bo‘lgan talab oshib ketadi, buning oqibatida narxlar ko‘tarilib, bu tarmoqda foyda me’yori oshadi. Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, tarmoqlararo raqobat obyektiv jarayon
sifatida bozorda dinamik muvozanatni keltirib chiqaradi. Bu muvozanat sarflangan kapitalning qaysi tarmoqqa qo‘yilganligidan qat’i nazar, teng kapital uchun teng foyda olinishini ta’minlab beradi. Тarmoqlararo raqobat bozorda tarmoqlararo o‘rtacha foyda me’yorini keltirib chiqaruvchi omil deb qaraladi.