I BOB. PUL-KREDIT SIYOSATINING NAZARIY ASOSLARI VA UNING IQTISODIYOTNI TARTIBGA SOLISHDAGI AHAMIYATI 1.1. Markaziy bank pul-kredit siyosatining mazmuni, ahamiyati va turlari Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan pul-kredit siyosatining bosh maqsadi milliy valyuta va baholar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Bunda avvalo ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashga erishish va inflyatsiya darajasini о‘rnatilgan maqsadli prognoz kо‘rsatkichlari doirasida bо‘lishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Odatda, Markaziy bank pul-kredit siyosatini amalga oshirishda asosiy e’tiborni mamlakatimizda iqtisodiyotning prognoz qilinayotgan real о‘sish sur’atlari pulga bо‘lgan talabini tо‘liq qondirib borish va real sektordagi investitsion jarayonlarni rag‘batlantirishga qaratadi. Mamlakatimizda makroiqtisodiy siyosat yuritishda jahonda hamda hamkor davlatlarda sodir bо‘layotgan iqtisodiy jarayonlar inobatga olinadi, ularning mamlakatimiz iqtisodiyotiga salbiy ta’sirining oldini olish, ichki talab va real sektordagi investitsion faollikni rag‘batlantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda barcha sohalarda ishlab chiqarish hajmlarining kengayishini ta’minlash orqali muvozanatli iqtisodiy о‘sish sur’atlariga erishishga asosiy e’tibor qaratiladi.
Iqtisodiy adabiyotda va xalqaro bank amaliyotida “pul-kredit siyosati” va “monetar siyosat” tushunchalarini sinonim tushunchalar sifatida talqin qilish keng tarqalgan. Masalan, rossiyalik taniqli iqtisodchi-olimlar – S.Moiseyev, O.Lavrushin, I.Mamonova, M.Malkina, G.Fetisovlar “pul-kredit siyosati” tushunchasidan keng foydalanadilar. Ushbu holatni ular tomonidan chop etilgan “Markaziy bank faoliyatini tashkil qilish”, “Pul-kredit siyosati: nazariya va amaliyot”, “Rossiyada va xorijda inflyatsion jarayonlar va pul-kredit orqali tartibga solish” mavzusidagi darslik va о‘quv qо‘llanmalarda yaqqol kо‘rish mumkin.
AQShlik, yaponiyalik va еvropalik iqtisodchi olimlar tomonidan nashr etilgan darsliklar, chop etilgan ilmiy maqolalarda “monetar siyosat” (monetary policy) tushunchasidan foydalaniladi. Masalan, taniqli iqtisodchi olim, AQSH FZT Prezidenti B.Bernanke о‘zining ilmiy-tadqiqot ishlarida va ilmiy maqolalarida faqat “monetar siyosat” tushunchasidan foydalangan5. Shuningdek, A. Bernsda ham shu holatni kuzatish mumkin6.
M.Malkina pul-kredit siyosatiga quyidagicha ta’rif beradi: “Pul-kredit siyosati – Markaziy bank tomonidan pul massasi va pullar qiymatini boshqarish bо‘yicha kompleks chora-tadbirlar bо‘lib, mamlakatda baholar, milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash va iqtisodiy о‘sishni rag‘batlantirish maqsadida amalga oshiriladi”7.
S.Moiseyevning fikriga kо‘ra, pul-kredit siyosati – bu davlatning iqtisodiyotni tartibga solish borasidagi siyosatining muhim yо‘nalishlaridan biri bо‘lib, pul bozoridagi talab va taklif uning obyekti hisoblanadi8.
D.Vinogradov va M.Doroshenko hammuallifligida chop etilgan “Moliyaviy-pullik iqtisodiyot” (Finansovo-denejnaya ekonomika) mavzusidagi о‘quv qо‘llanmada pul-kredit siyosati pul massasi va foiz stavkalarining darajalarini tartibga solishga yо‘naltirilgan siyosat sifatida e’tirof etilgan9.
R.Miller va D. Van-Xuz hammuallifligida yozilgan “Zamonaviy pullar va bank ishi” mavzusidagi darslikda monetar siyosat pul emissiyasi va pul massasi ustidan nazorat qilishga qaratilgan tadbirlar majmui sifatida talqin qilingan10.
Taniqli iqtisodchi olim N. Menkyu AQSH FZTning monetar siyosatini iqtisodiyotda muomalada bо‘lgan pullar ustidan nazorat qilishni amalga oshirish sifatida talqin qilgan11.
Yuqorida qayd etilgan xulosalar va ta’riflardan kо‘rinadiki, kо‘pchilik iqtisodchi olimlar tomonidan monetar siyosat pullarga bо‘lgan talab va pullar taklifini tartibga solish va nazorat qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui sifatida e’tirof etilgan.
Taniqli iqtisodchi olimlarning monetar siyosatning turlari xususidagi fikrlarini о‘rganish va umumlashtirish natijasida shunday xulosaga keldikki, monetar siyosatning ikki asosiy turi mavjud:
1. Restriksion monetar siyosat.
2. Ekspansionistik monetar siyosat.
Restriksion monetar siyosat deganda, odatda, muomaladagi pul massasining о‘sish sur’atlarini jilovlashga qaratilgan monetar siyosat tushuniladi.
Restriksion monetar siyosatni amalga oshirishda Markaziy bank quyidagi usullardan foydalanadi:
– Markaziy bankning majburiy zaxira stavkalarining darajasi oshiriladi;
– tijorat banklariga qimmatli qog‘ozlar Markaziy bank tomonidan qayta sotib olish sharti bilan sotiladi;
– Markaziy bank tomonidan hukumatga va tijorat banklariga tegishli bо‘lgan vaqtinchalik bо‘sh pul mablag‘lari depozit hisobraqamlariga jalb etiladi;
– Markaziy bank valyuta siyosati doirasida milliy valyutadagi pul mablag‘lari hajmining о‘sish sur’atlarini cheklashga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshiradi.
Ekspansionistik monetar siyosat deganda muomaladagi pul massasining multiplikativ kengayishini ta’minlash asosida tо‘lovga qobil talabni rag‘batlantirishga qaratilgan monetar siyosat tushuniladi.
Ekspansionistik monetar siyosatni amalga oshirishda Markaziy bank quyidagi usullardan foydalanadi:
– Markaziy bank qayta moliyalash stavkalarini pasaytiradi va tijorat banklariga beriladigan markazlashgan kreditlarning hajmini oshiradi;
Tijorat banklarining kreditlash hajmiga nisbatan Markaziy bank tomonidan
belgilangan limitlar hajmi oshiriladi, ya’ni banklarga kreditlar miqdorini oshirishga
imkoniyat yaratiladi;
– Markaziy bankning majburiy zaxira stavkalari pasaytiriladi;
– tijorat banklariga qimmatli qog‘ozlar Markaziy bank tomonidan qayta sotish sharti bilan sotib olinadi;
– Markaziy bank valyuta siyosati doirasida milliy valyutadagi pul mablag‘lari hajmining о‘sish sur’atlarini oshirishga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshiradi.
Respublikamizda ichki tо‘lovga qobil talabni rag‘batlantirishda monetar siyosatning rolini oshirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xususiy sektor rivojlanishini rag‘batlantirish, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini, bank xizmatlari ommabopligi va sifatini oshirish uchun bank sektorini tubdan transformatsiya qilish maqsadida 2020-2025-mo’ljallangan O’zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi ishlab chiqildi.
Ekspansionistik monetar siyosat mamlakat bank tizimining likvidliligini oshirish, ichki tо‘lovga qobil talabni rag‘batlantirish va shuning asosida iqtisodiyotni turg‘unlik holatidan chiqarish imkonini beradi.
Ekspansionistik pul-kredit siyosatining qо‘llanilishi milliy iqtisodiyotning pul mablag‘lari bilan ta’minlanganlik darajasini oshishiga olib keladi.