Qimmatli qogʻozlar bozorining, umuman moliya bozorining muhim instrumentlaridan biri obligatsiyalar hisoblanadi.
Obligatsiya – uni
chiqargan shaxs va egasi oʻrtasidagi qarz munosabatni tasdiqlovchi
qimmatli qogʻozdir. Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar
bozori toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra: obligatsiya – obligatsiyani saqlovchining obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy
ekvivalentini obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda
tutilgan muddatda olishga, obligatsiyaning nominal qiymatidan qayd
etilgan foizni olishga boʻlgan huquqini yohud boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qogʻoz.
Obligatsiya uning
egasiga obligatsiyaning nominal qiymatidan qatʼiy belgilangan foiz
boʻyicha daromadni olish huquqini belgilaydi. Obligatsiya boʻyicha
daromad foiz yoki diskontda ifodalanadi.Obligatsiya – oʻz ichiga ikkita quyidagi asosiy elementni mujassamlashtirgan qarzni ifodalovchi qimmatli qogʻozdir:
- emitent obligatsiya titulida koʻrsatilgan summani muddati
kelganda uning egasiga qaytarishi;
- emitent majburiyati obligatsiya egasiga obligatsiya nominal
qiymatidan kelib chiqqan holda qatʼiy belgilangan foiz toʻlovlarini
amalga oshirishi.
Aksiya va obligatsiya oʻrtasidagi tamoyilial farq aksiya ulush
munosabatini anglatishi, obligatsiya esa qarz munosabatini anglatishida namoyon boʻladi. Bunda aksiyani sotib olgan investor kompaniya
emitentning mulkdoriga, yaʼni ulushidan kelib chiqqan egasiga
aylanadi. Obligatsiya sotib olgan investor kompaniya emitentning kreditoriga aylanadi. Bundan tashqari, aksiyadan farqli oʻlaroq, obligatsiyaning muomalada boʻlish muddati qatʼiy belgilangan va muddati
kelganda soʻndiriladi.
obligatsiya bu: - emitentning qarz majburiyati;
- byudjet daromadlaridan oshgan xarajatlar qismini moliyalashtirish manbai;
- aksiyadorlik jamiyatlari investitsiya loyihalarini moliyalashtirish
manbai;
- aholi va korxonalar uchun qoʻshimcha daromad olish manbai.
Obligatsiyalarning qoʻllanish doirasi kengligi sababli, ularni turlari va sifati boʻyicha tasniflash maqsadga muvofiqdir.
Emitent turiga koʻra
- Davlat obligatsiyalari
- Munitsipal obligatsiyalar
- Korporativ obligatsiyalar
- Xorijiy obligatsiyalar
Muddatiga koʻra:
- toʻlov va soʻndirish muddati qatʼiy belgilangan obligatsiyalar;
- muddatsiz yoki qoplanmaydigan obligatsiyalar;
- qoplash muddati kelguncha emitent tomonidan qayta chaqirib olinishi mumkin boʻlgan obligatsiyalar;
- qoplash muddati kelguncha investor obligatsiyaning nominal qiymati boʻyicha toʻlovni olish va qaytarish huquqi bilan joylashtiriluvchi obligatsiyalar;
Obligatsiya maqsadiga koʻra
- Oddiy, turli loyihalarda foydalanishi koʻzda tutilgan
qoʻshimcha moliyaviy resurslar jalb qilish maqsadida
emissiya qilingan obligatsiyalar
- Maqsadli, joylashtirishdan tushgan mablagʻlar aniq
investitsion loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirila-
digan obligatsiyalar (infratuzilma obligatsiyalari)
Emitent tomonidan obligatsiyalar boʻyicha turli toʻlovlar amalga
oshirilishiga koʻra
- Qatʼiy belgilangan daromad keltiruvchi va qoplanish
muddati oxirida nominal summa ham qaytarilishi
kafolatlanadigan obligatsiyalar
- Kuponsiz yoki nollik kuponli obligatsiyalar
- Qoplash vaqtida foiz toʻlovlari va obligatsiya nominal
qiymati toʻlanadigan obligatsiyalar
- Obligatsiya nominal qiymati qaytariladigan, kupon
toʻlovlari toʻlanishi emitent kompaniya moliyaviy
faoliyati natijalariga bogʻliq obligatsiyalar
Qarz munosabatini anglatuvchi moliyaviy instrumentlar sifatida obligatsiyalar qatʻiy belgilangan daromad keltiruvchi qimmatli qogʻozlar toifasiga kiritiladi. Bunday toifaga qatʻiy belgilangan miqdorda dividend toʻlash belgilab qoʻyilgan imtiyozli aksiyalarni ham kiritish mumkin.