Bilim shakllari - Inson o‘zini qurshagan olamni anglab yetadi, uni har xil usullar yordamida o‘zlashtiradi. Bu usullardan ikkita eng muhimini qayd etish mumkin. Birinchi – moddiy-texnikaviy usul – tirikchilik vositalarini ishlab chiqarish, mehnat, amaliyot. Ikkinchi – ma'naviy (ideal) usul; uning doirasida sub'ekt va ob'ektning bilishga doir munosabatlari ular o‘rtasidagi ko‘p sonli munosabatlarning biridir. O‘z navbatida, bilish jarayoni va unda olinadigan bilimlar amaliyot va bilishning tarixiy rivojlanishi mobaynida tabaqalanadi va o‘zining har xil shakllarida mujassamlashadi. Bilishning bu shakllari, garchi o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, lekin bir-biriga o‘xshamaydi va har bir biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Bilish, ma'naviy faoliyat shakli sifatida, jamiyat paydo bo‘lgan davrdan va jamiyat bilan birga muayyan rivojlanish bosqichlaridan o‘tib kelmoqda. Bu bosqichlarning har birida bilish jarayoni insoniyat tarixi mobaynida yuzaga kelgan rang-barang va o‘zaro bog‘langan ijtimoiy-madaniy shakllarda amalga oshiriladi. Shu bois yaxlit hodisa sifatidagi bilishni biron-bir shaklga, hatto so‘zning o‘z ma'nosidagi bilishni to‘liq «qoplamaydigan» ilmiy shaklga ham bog‘lash mumkin emas. Shu sababli gnoseologiya umumlashtirish uchun faqat bir soha – ilmiy bilimdan va hatto yuksak darajada rivojlangan tabiatshunoslikdan material olib, o‘z xulosalarini chiqara olmaydi.
Dostları ilə paylaş: |