Demokratik tartib asosan ikki xil usulda amalga oshiriladi:
1. Vakillik demokratiyasi usuli- bunda O‘zbekiston hududida yashovchi aholi Oliy Majlisga vakil deputat saylaydi, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy va huquqiy masalalarni xalqning vakili deputatlar sessiyasida muhokama qilib, ularning qabul qilib, davlatni idora etishda xalq o‘z vakillari orqali qatnashadi.
2. Bevosita demokratiya usuli- O‘zbekistonda demokratiyani amalga oshirishda, davlatni idora etishda xalqning bevosita ishtirokini ta’minlaydi, ya’ni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan masalalarni xalqning muhokamasiga qo‘yadi, xalq shu yo‘l bilan davlatni boshqarishda ishtirok etadi.
Endi jamiyat haqida qisqacha gaplashamiz…
Yuqorida jamiyat tushunchasiga ta’rif berib o‘tgandik endi jamiyat hayoti ham o‘z navbatida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy-ma’naviy sohalarga bo‘linadi. Iqtisodiy soha moddiy boyliklarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilishni o‘z ichiga oladi. Unda mamlakatning xo‘jalik hayoti tashlik etiladi, uning turli tarmoqlarining o‘zaro bog‘liqligi hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlik amalga oshiriladi. Bu jamiyat taraqqiyoti uchun eng asosiy sohadir. Ijtimoiy soha jamiyatdagi ijtimoiy guruhlar, tabaqalar, toifalar hamda milliy birliklar, ularning ijtimoiy hayoti va faoliyatini uyg‘unlashtiradi. Siyosiy soha turli ijtimoiy toifa va guruhlar, milliy birliklar, siyosiy partiyalar va harakatlar, jamoat tashkilotlarning o‘z siyosiy faoliyatini amalga oshiruvchi makondir. Ularning faoliyati jamiyatdagi o‘rnatilgan siyosiy munosabatlar asosida o‘z siyosiy manfaatlarini amalga oshirishga qaratiladi. Ma’naviy sohada kishilar turli ma’naviy qadriyatlarni yaratadi, tarqatadi va jamiyatning turli qatlamlari tomonidan o‘zlashtiriladi. Bu sohaga adabiyot, san’at, musiqa asarlari bilan bir qatorda kishilarning bilim saviyasi, fan, axloqiy me’yor va umuman olganda, jamiyat hayotining ma’naviy mazmunini tashkil qiluvchi narsalar kiradi.
Hozir O‘zbekistonda jamiyat taqaqqiyotining eng asosiy muammosi insonlarning, ayniqsa yosh avlodning ma’naviy dunyosini shakllantirish va boyitish, ularni istiqlol mafkurasi asosida tarbiyalash, o‘zbek xalqining boy madaniy va ma’naviy merosi,qadriyatlari, an’analari va urf-odatlarini egallashlari uchun shart-sharoit yaratishdir. O‘zbekistonda fuqarolik, huquqiy, demokratik, dunyoviy jamiyat barpo etilmoqda.
[ Abdulhay Valiyev O‘zME. 1-jild. Toshkent 2000-yil].