9-MAVZU: DAVLAT MOLIYASI
Reja:
Davlat moliyasi.
Davlat daromadlari.
Davlat xarajatlari.
Davlat qarzlarining mohiyati va ahamiyati.
Davlat kreditining shakllari va tasniflanishi.
Davlat qarzlarini boshqarish.
Davlat moliyasi
Davlat moliyasi mamlakat moliya tizimining asosiy sohasi bo‘lishi bilan bir qatorda u davlatni o‘z oldida turgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ekologik funksiyalarini amalga oshirishda moliyaviy resurslar bilan ham ta’minlab turadi.
Davlat moliyasining iqtisodiy mohiyati – bu yalpi ichki mahsulotning qiymatini va milliy daromadning bir qismini taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonida davlat va davlat korxonalari ixtiyorida markazlashgan va markazlashmagan
moliyaviy resurslarning shakllanishi va ulardan kengaytirilgan takror ishlab chiqarish bilan bir qatorda jamiyatning o‘sib borayotgan ijtimoiy, madaniy tadbirlarida foydalanishdagi pul munosabatlari yig‘indisidir. Mazkur sohadagi pul munosabatlarining subyektlari bo‘lib davlat, korxonalar, birlashmalar, muassasalar va keng aholi qatlami hisoblanadi.
Davlat moliyasining iqtisodiy tuzilishi tom ma’noda bir xil emas, u bir-biriga bog‘liq bo‘lgan bo‘g‘inlardan tashkil topsada, lekin bajarayotgan funksiyalari bilan bir-biridan farq qiladigan bo‘g‘inlar yig‘indisidan iboratdir.
Davlat moliyasi sohasining bo‘g‘inlariga davlat byudjeti, byudjetdan tashqari fondlar, davlat krediti va davlat korxonalari moliyalari kiradi.
Respublikamizda davlat byudjetining tuzilishi ikki bo‘g‘inlidir
bu Respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar yig‘indisidan iborat. Respublika byudjetidan asosan jamiyat ahamiyatiga molik bo‘lgan chora-tadbirlar moliyalashtiriladi, jumladan, markazlashtirilgan investisiyalar, mudofaa xarajatlari, boshqaruv xarajatlari. Respublika byudjetidan mamlakat miqyosidagi iqtisodiy-ijtimoiy masalalar ijobiy hal qilinishiga qaratilgan.
Bozor iqtisodiyoti byudjet munosabatlarida mahalliy byudjetlarga asosiy urg‘u berilishini talab etadi. So‘nggi paytlarda mahalliy hokimiyat organlarining ko‘pgina sohalardagi mustaqilligi asosan mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim chora-tadbirlarning o‘z vaqtida to‘liq moliyalashtirilishini jadallashtiradi. Jumladan, hududiy infratuzilmani tashkil qilishda, mehnat resurslarining qayta tiklash, aholining mehnat farovonligini oshirishga xizmat qiladigan ijtimoiy tadbirlar va hakozolar. Davlat moliyasi sohasining tarkibiy qismidan biri bu byudjetdan tashqari fondlardir.
Har bir darajadagi byudjetdan tashqari fondning asosiy maqsadi
bu ayrim maqsadli chora-tadbirlarni maxsus ajratmalar va boshqa manbalari evaziga moliyalashtirishdir.
Byudjetdan tashqari fondlar funksional maqsadlarini vazifalari kabi boshqarish darajasida ham xilma-xildir. Funksional maqsadlari bo‘yicha ularni iqtisodiy yoki ijtimoiy xarakterga ega bo‘lgan fondlarga ajratish mumkin. Boshqarish darajasi bo‘yicha esa,
byudjetdan tashqari fondlarni davlat va mahalliy ahamiyati bo‘yicha ajratish mumkin.
Byudjetdan tashqari fondlar respublika va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan boshqarilsada, o‘ziga xos moliyaviy siyosatga va mustaqillikka egadirlar. Byudjetdan tashqari fondlarning xususiyatli tomoni shundaki, ular oldindan ma’lum bir maqsadga yo‘naltiriladi va faqat shu yo‘nalishlarda foydalaniladi. Byudjetdan tashqari fondlar tarkibiga: davlat Pensiya fondi, davlat aholisini bandligiga ko‘maklashish fondi, davlat yo‘l fondi va boshqa fondlar kiradi.
Davlat moliyasining xarakterli bo‘lagidan biri bu davlat kreditidir. Davlat kreditining mazmuni shundaki, bu davlat o‘z xarajatlarini moliyalashtirish uchun aholining, xo‘jalik subyekt- larining ortiqcha moliyaviy resurslarini vaqtincha foydalanishidir. Demak, bu yerda davlat qarz bermasdan, balki qarz olishidir. Davlat kreditidan foydalanish uchun hukumat moliyaviy bozorga jismoniy va yuridik shaxslarga mo‘ljallangan zayomlar, qisqa muddatli obligatsiyalar, g‘aznachilik majburiyatlari va boshqa turdagi davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqaradilar. Mamlakat hayotida davlat krediti iqtisodiyotni barqarorlashtirish va moliyaviy sog‘lomlashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Muomaladan pul oqimini sustlashishini oldini olishga xizmat qiladigan davlat krediti pul muomalasidagi aylanishini tezlashtiradi.
Davlat moliyasi tarkibida respublika va mahalliy darajada tashkil etilayotgan byudjetni o‘zaro bog‘liqliklari muhim ahamiyatga ega. Byudjet munosabatlari yordamida davlat tuzimlari ixtiyorida moliyaviy usullari bilan qayta taqsimlanayotgan milliy daromadni asosiy qismi yig‘iladi. Turli darajadagi byudjetlar – respublika, mahalliy har biri o‘ziga tegishli ravishda respublika va mahalliy hukumat boshqaruv organlarining faoliyatini moliyaviy bazasidir. Bozor islohotlari sharoitida bu byudjetlar o‘zaro bog‘langan. Byudjet daromadlar va xarajatlar tarkibidagi har bir darajasini belgilanishi respublika va mahalliy davlat hukumat boshqaruv organlarining orasidagi funksiyalarini bir-biridan chegaralanishiga bog‘liq.
Davlat umumiy funksiyalarini amalga oshirish uchun respublika byudjetini tashkil etadi. Respublika byudjeti butun
respublika miqyosida iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni to‘g‘ri hal etishda muhim ahamiyatga ega. Uning resurslarini maqsadi makroiqtisodiy darajada o‘z funksiyalarini bajarish uchun bog‘liq bo‘lgan davlat xarajatlarini moliyalashtirishdir hamda uni yordamida iqtisodiyotni barqarorlash, ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan umumdavlat chora-tadbirlarini amalga oshirilishi ta’minlanadi.
Byudjet munosabatlari tizimida mahalliy byudjetlarga muhim ahamiyat berilmoqda. Ular, iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishda, ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishda, hududiy infratuzilmani tashkil etishda, mehnat resurslarini takror ishlab chiqarish uchun moliyalashtirishda va boshqalarda ta’sirini ko‘rsatib, borgan sari ko‘proq ishlatilmoqda. Ijtimoiy rejalarni amalga oshirishda va o‘sib borayotgan ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishda ham mahalliy byudjetlar muhim ahamiyatga ega.
Umumdavlat moliyasi korxona moliyasi bilan uzviy ravishda bog‘langan. Bir tomondan, moddiy ishlab chiqarish natijasida vujudga kelayotgan milliy daromad byudjet daromadlarining asosiy manbaidir. Ikkinchi tomondan, keng takror ishlab chiqarish tashkil topilishida faqat korxonalarni o‘z mablag‘laridan emas, balki umumdavlat pul mablag‘larining fondlari, byudjetdan ajratmalar shaklida va bank kreditlaridan foydalanib amalga oshiriladi. O‘z mablag‘lari yetishmaganda, korxona boshqa korxonalarning mab- lag‘lari bilan aksionerlik asosida hamda qimmatli qog‘ozlar (zayom mablag‘lari) bilan operatsiyalar bazasida foydalanishi mumkin.
Davlat daromadlari
Davlat va davlat korxonalari ixtiyorida moliyaviy resurslarni shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy munosabatlar yig‘indisiga davlat daromadlari deyiladi.
Davlat ixtiyorida shakllanayotgan moliyaviy resurslar maj- muasi markazlashgan pul resurslari va davlat korxonalari ixtiyorida- gilar esa, markazlashmagan pul fondlaridir. Markazlashgan davlat daromadlari asosan soliqlardan, ajratmalardan va tashqi iqtisodiy faoliyat daromadlaridan tashkil topadi. Korxonalar o‘zlarining
daromad va jamg‘armalaridan shakllanayotgan moliya resurslari yig‘indisi markazlashmagan pul daromadlarini tashkil etadi.
Davlat daromadlarini ikkiga bo‘lishdan maqsad, hozirda umumdavlat va jamoa iste’mollarini qoplash qanday amalga oshirilishini nazorat qilish bilan bog‘liqdir.
Davlat moliyasining asosiy daromad manbai bo‘lib milliy daromad hisoblanadi. Ammo, ayrim hollarda, ya’ni behosdan urush, tabiy ofat va h. k. lar paytida davlat daromadi manbai bo‘lib oldin jamg‘arilgan milliy boyliklar (oltin zahira, pullik xususiylashtirish) ham bo‘lishi mumkin. Davlat daromadiga moliyaviy resurslar jalb etishni shartli holatda uchta guruhga bo‘lish mumkin:
Umumdavlat va mahalliy soliqlar hamda soliq funksiyasini bajaruvchi majburiy to‘lovlar.
Davlat zayomlari.
Qog‘oz pullar emissiya qilish.
Davlat daromadlari tizimida markaziy moliyaviy manba bo‘lib soliqlar xizmat qiladi. Soliqlar asosan fiskal, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatni kasb etadi. Hukumatga kerak bo‘lgan moliya resurslarini shakllantirib borish bilan soliqlar fiskal funksiyasini kasb esa, ijtimoiy ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida ayrim tarmoqlar iqtisodiyotiga molik imtiyozlarni berish bilan iqtisodiy yo‘nalish kasb etiladi va nihoyat kam daromadli aholini soliqlardan ozod qilish hisobiga ijtimoiy vazifalar hal etiladi.
Davlat daromadini davlat zayomlari orqali ta’minlash nafaqat byudjet taqchilligini moliyalashtirishga balki, rang-barang kapital xarajatlarga, iqtisodiyotning davlat sektoriga yo‘naltiriladi. Davlat zayomlaridan foydalanishga asosan moliyaviy tanglik davrlarida keng yondoshiladi, ayrim hollarda esa, uning miqdori soliqlarga nisbatan ham oshib ketishi mumkin, chunki soliqlar sonini va stavkalarini oshirish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Davlat daromadlari tushunchasini mazmunan ifoda etgan pul munosabatlarining obyekti bo‘lib, turli bosqichlarda va taqsimlash davrlarda har xil moliyaviy shakllarda ifodalangan ijtimoiy mahsulotning qiymatidir. Masalan, davlat korxonalarida taqsimlash obyekti bo‘lib, mahsulot sotishdan tushadigan daromad va quyidagi tarkibiy elementlaridir: foyda, ijtimoiy sug‘urtaga ajratmalar,
amortizasiya ajratmalari va boshqalar. Byudjet munosabatlarini obyekti sifatida quyidagi shakllar ko‘rilishi mumkin: foyda va ish haqi, byudjet daromadlarini tashkil etish manbai bo‘lgan soliq to‘lovlari. O‘z navbatida davlat krediti munosabatlarining obyekti bo‘lib korxonalarni vaqtincha bo‘sh bo‘lgan moliyaviy resurslari va aholini jamg‘armalaridir.
Davlat daromadlarini tashkil etishni asosiy manbai bu milliy daromaddir.
Milliy daromad deganimizda, moddiy ishlab chiqarish sohalarida bir yilda yangidan hosil qilingan qiymat yoki yalpi ijtimoiy mahsulotning ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalari qiymati chegirib tashlangandan so‘ng qolgan qismini tushunamiz.
Milliy daromad moddiy ne’matlar ishlab chiqariladigan sharoitlarda jonli mehnat tomonidan yaratilib, ham qiymat-pul, ham moddiy-buyum shakliga ega bo‘ladi. Milliy daromaddan xalq iste’moli va ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadlarida foydalaniladi. U xalq xo‘jaligining umumlashtiruvchi hamda xalq turmush farovonligining asosiy ko‘rsatkichi.
Davlat daromadlari hamma manbalarini ikki guruhga ajratish mumkin – ichki va tashqi. Ichkiga, davlatni ichida vujudga kelgan va davlatni o‘z funksiyalarini amalga oshirish uchun foydalanadigan milliy daromad va milliy boyliklar kiradi. Tashqiga esa, davlat zayomlari shaklida boshqa davlatni milliy daromadi va ayrim hollarda milliy boyligi kiradi, agar ular davlat zayomlari shaklida qarzga olinsa yoki reparasion (urushda ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun yig‘ilgan va urush chiqishiga sababchi bo‘lgan davlat tomonidan yengan davlatga to‘lanadigan tovon) to‘lovlar shaklida bo‘lsa. Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat daromadlarini yig‘ish uchun asosiy usullaridan biri – bu turli ko‘rinishlardagi soliqlar, zayomlar va emissiyadir.
Davlat daromadlarini yig‘ish usullaridan biri – bu emissiyadir va faqat qog‘oz pullar emas, balki kredit emissiyasi ham. Soliq va zayomlardan tushgan daromadlar o‘sib borayotgan xarajatlarni qoplamagandagina va moliyaviy bozorda yangi zayomlarni chiqarish
uchun noqulay ahvol tug‘ilganda davlat emissiyaga murojaat qiladi: ham qog‘oz pul, ham kredit emissiyasi.
Davlat daromadiga moliyaviy resurslarni emissiya hisobiga jalb qilish eng noiloj paytlarda amalga oshiriladi. Qachonki soliqlardan tushadigan daromadlar va zayomlar davlat xarajatlarini qoplay olmasa, ya’ni moliyaviy bozorda davlat qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda qog‘oz pullar emissiya qilinadi. Qog‘oz pullar emissiyasi qachonki xo‘jalik subyektlari ishlab chiqarish aylanmasi bilan bog‘liq bo‘lgan taqdirda iqtisodiy samara beradi.
Agarda byudjet taqchilligini qoplash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash maqsadida qog‘oz pul emissiyasi amalga oshirilsa, milliy valyutaning qadrsizlanish jarayoni tez sur’atlar bilan ko‘tariladi. Pirovardida daromadi cheklangan aholi qatlami bundan qattiq moliyaviy aziyat chekadi.
3. Davlat xarajatlari
Markazlashgan va markazlashmagan davlat daromadlarini foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy munosabatlarga davlat xarajatlari deyiladi.
Davlat xarajatlarining xususiyatli tomoni davlat sohalari moliyaviy resurslar bilan ta’minlash tadbirlari ila ajralib turadi. Davlat xarajatlarining mazmuni, xususiyati bevosita davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ekologik, boshqaruv va mudofaa funksiyalari bilan bog‘liqdir.
Mamlakatimizda davlat xarajatlarining asosiy qismi aholining ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilmoqda. Bugungi kunda mazkur sohaning 60% dan ortig‘i davlat byudjeti va byudjetdan tashqari fondlar hisobiga moliyalashtirish amalga oshirilmoqda. Shu bilan birgalikda nodavlat sektoridagi korxonalar o‘z daromadlarini bir qismini ishchi va xizmatchilarning ijtimoiy-madaniy tadbirlariga yo‘naltirilsa, ularga nisbatan davlat iqtisodiy rag‘batlantirish usullarini qo‘llamoqda.
Davlat xarajatlari ichida tarmoqlar iqtisodiyotini iqtisodiy rivojlantirishda ham tubdan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Faqat ayrim
hollarda, agarda umumjamiyat uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan taqdirdagina yangi qurilishlarga davlat mablag‘lari xarajat qilinmoqda.
Davlat xarajatlarining ma’lum bir qismini davlat boshqaruvi va mudofaa xarajatlari tashkil etadi. Ammo, moliya siyosatining asosiy yo‘nalishi ushbu maqsadlarga davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich qisqartirishdir va yo‘naltirilayotgan mablag‘lardan ham oqilona foydalanishdir. Zero, mudofaa xarajatlarini kamaytirish ayrim hollarda davlat kompetensiyasida bo‘lmasada, lekin boshqaruv xarajatlarini kamaytirish davlat ixtiyoridadir.
Davlat xarajatlari deb, ijtimoiy ishlab chiqarishni rivojlantirish va takomillashtirish, xalq farovonligini oshirish, butun jamiyatni boshqa ehtiyojlarini qondirish maqsadida rejali taqsimlash va qayta taqsimlash bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy munosabatlarga aytiladi.
Davlat xarajatlarini moliyalashtirishda asosiy manba davlat byudjetida markazlashgan yoki korxona va tashkilotlar ixtiyorida bo‘lgan jamiyatning sof daromadlaridir. Davlat xarajatlarining asosiy qismi aholidan soliq to‘lovlar sifatida tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Bundan tashqari davlat xarajatlari uzoq muddatli bank kreditlari, korxonalar va tashkilotlarning boshqa daromadlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat xarajatlarini tartibga solinishi, ularni rejalashtirish hamda mablag‘ ajratish va mablag‘lardan foydalanish usullariga qat’iy rioya qilish orqali erishiladi.
Iqtisodiyotni mutanosib ravishda rivojlanishini va xalqni moddiy va madaniy hayot darajasini ko‘tarish maqsadida davlat umumiy ijtimoiy mahsulotni va milliy daromadni ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda viloyatlar orasida to‘g‘ri taqsimlash va qayta taqsimlashni vakolatli organlar tomonidan olib boradi. Davlat rejalashtirishining asosiy usuli bo‘lib – balansli usul hisoblanadi. Bu degani korxonalar va tashkilotlarga o‘z moliyaviy resurslaridan foydalanishida keng vakolat berilishi bilan markalashgan moliyalashtirishni uzviy birligiga erishishdir.
Dostları ilə paylaş: |