Dissertatsiya avtoreferati – dissertatsiya tadqiqoti yuzasidan umumiy ma’lumotlar keltirilib, ishning ilmiy yangiligi va amaliy natijalari tizimli ravishda umumlashtirilgan holda qisqacha bayon qilingan hamda nashr etilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berilgan va tegishli tavsiyalar asosida rasmiylashtirilgan qo‘lyozma huquqiga ega bo‘lgan ilmiy asar»2.
Dissertatsiya ishi va uning avtoreferatini talab darajasida, nashr-tahrir talablariga muvofiq rasmiylashtirish ilmiy tadqiqotning muhim yakunlovchi qismi bo‘lib, sermehnat va mas’uliyatli ishdir.
Izlanuvchi dissertatsiya va avtoreferatni ilmiy-uslubiy va adabiy jihatdan rasmiylashtirish jarayonida to‘plangan materiallardan asosiy g‘oyalarni, qoidalarni, xulosa, taklif va tavsiyalarni tushunarli, yetarli darajada to‘liq va aniq tarzda ajratib olish hamda shakllantirishga intilishi zarur.
Albatta, bunga hamma izlanuvchilar ham muvaffaqiyatli erisha olmaydi. Chunki dissertatsiyani rasmiylashtirish jarayoni hamisha u yoki bu jihatlarni qayta ishlash, xulosalarni asoslashda mazmunan aniqlashtirish, argumentlash va bo‘shliqlarni to‘ldirish bilan bog‘liq holda kechadi. Bu borada ko‘p narsa nafaqat izlanuvchining malakaviy tayyorgarlik darajasiga, balki uning umumiy va shaxsiy dunyoqarashi, adabiy va tahliliy qobiliyati hamda o‘z fikrlarini rasmiylashtirish mahoratiga ham bog‘liq. Shu o‘rinda izlanuvchilarga yana bir tajribada sinalgan maslahat - avtoreferatni yozish uchun dissertatsiyani to‘liq yakunlashni kutmasdan, har bir bob yakunlanganidan keyin eng muhim jihatlar va natijalarni avtoreferatga o‘tkazib boring.
Dissertatsiya ishi, eng avvalo malakaviy ish. Shu bois, uni bayon qilish tili va uslubiga juda jiddiy e’tibor qaratish zarur. Darhaqiqat, ilmiy ishning stilistik madaniyati muallifning umumiy madaniyatini baholaydigan muhim mezon hisoblanadi.
Ilmiy ishning tili va uslubi yozma ilmiy nutqning bir qismi sifatida ilmiy tarbiya va ilm odobi ta’sirida shakllanadi. Buning mohiyati ilmiy haqiqatni asoslash maqsadida shaxsan muallifning va boshqalarning nuqtai nazarlarini xolis talqin qilishdan iborat. Ilmiy faoliyat evolyutsiyasi natijasida olimlar o‘rtasidagi o‘zaro og‘zaki nutqda ham, yozma nutqda ham ma’lum an’analar shakllangan. Lekin bu ilmiy nutqni yozma bayon qilishning «yagona standarti» deb tushunilmasligi kerak. Bu yerda faqat ilmiy tilning an’anaga aylangan xususiyatlari to‘g‘risidagi so‘z yuritilmoqda.
Yozma ilmiy nutqning eng muhim xususiyati-ma’lumotlarni rasmiy va mantiqiy tarzda bayon qilishdir. Bu nutq vositalarining butun tizimida o‘z ifodasini topadi. Ilmiy bayon qilish asosan mulohazalardan tashkil topgan bo‘lib, ularning maqsadi tadqiqotlar natijasida aniqlangan ilmiy yangilikning haqiqiyligini isbotlashdan iborat.
Ilmiy ish matni o‘zaro bog‘langan, yaxlit va mantiqan yakunlangan bo‘lishi lozim. Matnning mantiqiy bog‘liqligini ifodalaydigan eng muhim vositalar qo‘llanilishiga ko‘ra quyidagicha turkumlanadi:
1) fikr rivojlanishining izchilligini ko‘rsatuvchi grammatik bog‘lanish vositalari: «avvalo», «boshida», «so‘ngra», «birinchidan», «ikkinchidan», «demak», «xo‘sh» va b.);
2) o‘zaro ziddiyatli munosabatlarni ifodalashda: «ammo», «lekin», «biroq», «ayni chog‘da», «shunga qaramasdan», «aksincha», ... ;
3) sabab-oqibatli munosabatlarni ifodalashda: «shunga ko‘ra», «shundan kelib chiqqan holda», «shu tufayli», «shu bilan monand», «buning natijasida», «bundan tashqari», «buning ustiga»;
4) bitta fikrdan boshqasiga o‘tishda: «...ga o‘tishdan oldin», «...ga murojaat qilamiz», «...(lar)ni ko‘rib chiqamiz», «ko‘rib chiqib», «...ga o‘tiladi», «... ga to‘xtalish zarur», «...(lar)ni ko‘rib chiqish zarur»;
5) fikrlarni umumlashtirish, xulosa qilishda: «shunday qilib, ... », «demak, ... », «bayon qilinganlarni umumlashtirib, ... », «xulosa qilib aytganda ... », «ta’kidlash joizki, ... » kabi yorlamchi so‘zlardan foydalanish mumkin.
Yuqorida keltirilgan va shularga o‘xshash so‘zlar hamda so‘z birikmalari hamma vaqt ham jumlanining chiroyli chiqishini ta’minlay olmasligi mumkin. Lekin ular muallif fikrini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos «yo‘l belgilari» hisoblanadi.
Ilmiy ishni o‘qiyotgan odam «darhaqiqat» yoki «haqiqatan ham» so‘zlari ulardan keyin keladigan matnning dalillovchi sifatida xizmat qilishi uchun mo‘ljallanganligini darhol anglab oladi.
Ayrim hollarda yuqoridagi kabi so‘z birikmalari nafaqat muallifning bir fikrdan keyingisiga o‘tishini bildiradi, balki matnni bo‘laklashga ham yordam beradi. Masalan, gapda «...larni ko‘rib chiqishga kirishamiz» so‘z birikmasi matn bo‘lagining mavzusi o‘rnini bosishi mumkin.
Shunday qilib, matnda fikrlarni aniq va to‘liq bayon etish, mantiqiy bog‘liqlikni ifodalash uchun til qoidalarigato‘liq rioya qilish lozim. Bu ilmiy asarning savodlilik darajasini ko‘rsatadi.