10 MAVZU: TADQIQOT NATIJALARINI TAQDIM ETISH SHAKLLARI VA ILMIY - ADABIY TILDA RASMIYLASHTIRISH. REJA: 1.Ilmiy-tadqiqot natijalarini rasmiylashtirish va taqdim etish shakllari 2. Ilmiy-tadqiqot natijalarini ilmiy - adabiy tilda bayon qilish 3. Maxsus ilmiy atamalarni qo‘llash va ilmiy nutq madaniyati “Tayanch” iboralar Referat, ilmiy maqola, ilmiy ma’ruza tezislari, ilmiy hisobot, tavsiyanoma, monografiya, dissertatsiya, Iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, moliya, iqtisodiy tahlil, dissertatsiya avtoreferati, yozma ilmiy nutq.
1.Ilmiy-tadqiqot natijalarini rasmiylashtirish va taqdim etish shakllari Ilmiy-tadqiqot natijalari ilmiy jamoatchilik (kafedra, fakultet kengashi va b.) oldida muhokama qilinib, referat, ilmiy maqola, ilmiy ma’ruza tezislari, ilmiy hisobot, tavsiyanoma, monografiya va boshqa shakllarda e’lon qilinishi lozim.
Referat tadqiqot natijalarini yozma ko‘rinishda taqdim etishning dastlabki shakllaridan hisoblanadi. Odatda, referatlarda mavzuning nazariy va amaliy ahamiyati ochib beriladi, mavzuga doir nashrlar tahlil qilinadi, tahlil qilingan ilmiy materiallar yuzasidan baho beriladi va xulosalar qilinadi. Referat izlanuvchining zakovatini, uning mavjud ilmiy axborotni mustaqil tahlil qilishi, turkumlashi va umumlashtirishini ko‘rsatishi lozim.
Ilmiy maqola tadqiqot natijalarini e’lon qilishning eng ko‘p tarqalgan shakli hisoblanadi, odatda, maqola hajmi 5 betdan 10 betgacha bo‘ladi. Ilmiy maqolada materiallar tizimli, ketma-ket bayon qilinishi va uning bo‘limlari o‘zaro mantiqan bog‘langan bo‘lishi lozim. Bunda maqolaning ilmiy uslubiga alohida e’tibor berish zarur. Ilmiy uslub uchun quyidagi asosiy talablar xosdir: tushunarli bayon qilish, so‘zlarni aniq ishlatish, matnning qisqa va lo‘ndaligi, ilmiy atamalarni o‘rinli qo‘llash, mantiqiylik va qismlarning o‘zaro bog‘liqligi. Matnni yakuniy ilmiy-adabiy tahrir qilishga alohida e’tibor berish zarur. Ilmiy maqolada xulosa, ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalarni bayon qilish ulkan ahamiyatga ega.