3. Maxsus ilmiy atamalarni qo‘llash va ilmiy nutq madaniyati Ilmiy ishning matni yana shunisi bilan tavsiflanadiki, unga faqat tadqiqot davri davomida o‘tkazilgan kuzatishlar va eksperimentlar natijasida olingan aniq faktlar hamda ma’lumotlar kiritiladi. Bu matnning aniq, ikki xil talqin qilinmaydigan so‘zlar bilan bayon qilinishini, shunga ko‘ra esa, maxsus atamalardan foydalanishni taqozo etadi.
Maxsus atamalardan o‘rinli foydalanish tufayli ilmiy faktlar, tushunchalar, jarayonlar va hodisalarni qisqa va tejamli shaklda, mazmunan keng bayon qilishga erishiladi. Ma’lumki, globallashuv, zamonaviy ilm-fan va innovatsiya faoliyatining rivojlaninishi natijasida maxsus atamalar soni ortib bormoqda.
Shuni unutmaslik kerakki, ilmiy atama oddiygina so‘z emas, balki mazkur hodisa mohiyatining ifodasidir. Bitta matnda har xil atamalarni aralashtirib yubormaslik lozim. Chunki har bir fan faqat uning o‘zigagina xos bo‘lgan atamalar tizimiga ega
Yozma ilmiy nutq uchinchi shaxs tomonidan bayon qilinadi. Chunki e’tibor matnning mazmuni va mantiqiy izchilligiga qaratiladi, subyektga emas. Birlikdagi birinchi shaxs olmosh nisbatan kam qo‘llaniladi, ikkinchi shaxs shakli esa umuman qo‘llanilmaydi. Matnda muallif «men», «menimcha», «mening fikrimcha» kabi so‘zlarni ishlatmasligi kerak. Hozirgi vaqtda umume’tirof etilgan qoidaga ko‘ra, matnda «biz», «bizningcha», «bizning fikrimizcha» kabi so‘zlar qo‘llaniladi. Bunda muallif ilmiy kamtarinlik qoidalariga rioya qilib, o‘z yondashuvini hamfikr jamoa nomidan bildiradi, bayon qilinayotgan fikrga ko‘proq obyektivlik beradi.
Darhaqiqat, mualliflik yondashuvini ko‘plikda, ya’ni «biz» orqali ifodalash o‘z fikrini ilm ahlining ma’lum bir guruhi, jamoasi, ilmiy maktab yoki ilmiy yo‘nalish fikri sifatida aks ettirishga imkon beradi. Buning boisi, hozirgi zamon faniga integratsiyalashuv, jamoa (komanda) ijodi, muammoni hal etishga kompleks yondashuv kabi tendensiyalar xosligidadir.
Lekin dissertatsiya va avtoreferat matnida «biz», «bizningcha», «bizning fikrimizcha» kabi so‘zlarni juda ko‘p qo‘llash ham erish tuyuladi. Shuning uchun ilmiy ish mualliflari ushbu so‘zlarning o‘rnini bosadigan boshqacha konstruktsiyalardan foydalanishga harakat qilishlari kerak. Shu bilan birga, muallifning fanga qo‘shayotgan shaxsiy ulushini ham ko‘rsatishi talab qilinadi. Bunda quyidagi so‘z birikmalaridan foydalanish tavsiya etiladi: «ish muallifi tomonidan aniqlanganidek, ...», «dissertantning fikriga ko‘ra,...», «o‘tkazilgan dissertatsiya tadqiqotlari natijasida», «dissertatsiyada ishlab chiqilgan uslublar»,«muallifning shaxsiy ulushi sifatida» va sh.k.
Ilmiy nutq madaniyatini belgilovchi mezonlar: aniqlik, ravshanlik va qisqalik hisoblanadi. Mazmunan aniqlik dissertatsiyalarning ilmiy va amaliy qiymatini ta’minlaydigan asosiy shartlardan biri hisoblanadi.
So‘zlarni noto‘g‘ri tanlash oqibatida yozilgan jumlaning mazmunini chigallashtirish, u yoki bu jumlani ikki xil talqin qilish va butun matnning mazmunini buzib qo‘yish ham mumkin.
Natijada, ilmiy nutqning aniq va ravshanligini yo‘qotadigan har xil leksik xatolarga yo‘l qo‘yiladi.
So‘nggi vaqtlarda hali ko‘pchilik eshitib ulgurmagan, «zamonaviy» so‘zlarni qo‘llab, boshqalarni hayratda qoldirish odatga aylanmoqda. Ayniqsa, xorijdan kirib kelgan so‘zlarni qo‘llashda suyiste’mol qilish hollari, bayon qilinmoqchi bo‘lgan fikrni mavhumlashtiradi. Ko‘pincha bunday so‘zlar ma’nosini tushunmasdan qo‘llaniladi.
Ilmiy asarlar va o‘quv adabiyotlarida sinonim atamalarni qo‘llash natijasida ham mazmunning aniqligi buziladi. Bitta matnda bir necha sinonim atamalarni qo‘llash mumkin emas. Afsus, ayrim ilmiy ishlarda «xo‘jalik operatsiyasi», «xo‘jalik muomalasi», «xo‘jalik fakti», «xo‘jalik jarayoni», «xo‘jalik hodisasi», «xo‘jalik harakati» deb yozish hollari uchraydi.
Ilmiy nutqning yana bir muhim jihati – uning tushunarliligi. Tushunarlilik bu muallifning sodda va tushunarli yozish mahoratini bildiradi.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, bayon qilinmoqchi bo‘layotgan fikrning tushunarsizligi muallifning aniq miqdor ko‘rsatkichi o‘rniga mavhum yoki juda umumlashtirilgan so‘z va so‘z birikmalaridan foydalanganida vujudga keladi. Yosh izlanuvchilar ko‘pincha keltirilayotgan faktlar sanog‘ini qanday davom ettirishni bilmaganliklari bois, «va h. », «va boshqalar», «va shu kabilar» deb yozadilar. Fikrlarni asoslab bera olmagan vaqtlarda esa matnga «ko‘rinib turibdiki», «ma’lumki, ... » degan jumlalarning ko‘p ishlatilishi, muallifning bilish darajasi sayozligini ko‘rsatadi.
Ko‘p hollarda tushunarlilik qoidasining buzilishi ba’zi mualliflar tomonidan o‘z ishlarida «ilmiylik»ni kuchaytirish uchun ortiqcha urinishlari oqibatida ham kelib chiqadi.
Ilmiy ish materiallarini rasmiylashtirishda yuqorida bayon qilingan nutq qoidalari bilan birga quyidagi umumiy qoidalarga rioya qilish ham tavsiya etiladi:
boblar hamda bo‘limlarning nomlanishi va mazmuni mavzuga mos kelishi va undan chotga chiqmasligi lozim. Boblar mazmuni mavzuni, bo‘limlar mazmuni esa bobni to‘la qamrab olishi lozim;
dastavval, navbatdagi bob(bo‘lim)ni yozish uchun materiallarni o‘rganib, uning rejasini, asosiy g‘oyalarini va argumentlash tizimini o‘ylab ko‘rish hamda bularning barchasini yozib borish zarur. Bunda ilmiy ishning bosh g‘oyasini e’tibordan chiqarmaslik, har bir holatini aniqlashtirib, ayrim qismlar va qoidalarni «sayqallab», zarur qo‘shimchalarni kiritib, ortig‘ini chiqarib, tahrir qilib, imlo xatolarini tuzatib borish zarur;
dalillar rasmiylashtirilishini tekshirish, adabiyotlar manbalariga havola qilinishini joyida tekshirish va aniqlashtirish;
oxirgi tuzatishlarni kiritishga shoshmasdan, bir oz vaqt o‘tganidan so‘ng, materiallar bir oz «yotganidan» so‘ng yana qayta ko‘rib chiqish kerak. Bunda ayrim noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan, kuchsiz dalillar va ahamiyatsiz fikr-mulohazalar va xulosalar aniqlanadi. Shundan so‘ng, bularni to‘g‘rilash yoki chiqarib tashlash, haqiqatda zarurlarinigina qoldirish mumkin;
jimjimador jumlalar tuzish, keraksiz «import» atamalarni ko‘paytirish va «so‘z o‘yini»ga berilmaslik kerak. Chunki katta miqdordagi iqtiboslarni keltirish, ko‘pchilik eshitib ulgurmagan, yangi, izohsiz va sharhlarsiz tushunib bo‘lmaydigan «import» atamalar izlanuvchining fikrini tushunarsiz qiladi. Darhaqiqat, sayoz, g‘ayriilmiy va «dumbul» fikrlarni «aqlli» so‘zlar bilan asoslashga urinish «ilmdagi ahmoqlik» hisoblanadi! Shuning uchun fikrni bayon qilish uslubi ilmiy jihatdan qat’iy, amaliy jihatdan qo‘llanuvchan, tushunarli va ifodali bo‘lishi lozim;
mazmuniga ko‘ra materialning adabiy bayoni osoyishta (hissiyotsiz), argumentlangan yoki munozarali, tanqidiy, qisqa yoki batafsil, yoyiq bo‘lishi mumkin;
tadqiq qilinayotgan muammo bo‘yicha o‘zingizdan oldingi va zamondosh olimlar tomonidan bajarilgan barcha ishlarni inobatga olgan va ta’kidlagan holda, ilmiy kamtarinlikka rioya qilish, ilmga qo‘shgan o‘zingizning shaxsiy ulushingizni hissiyotlarga berilmasdan, xushyor va xolisona baholash kerak;
tadqiqot materiallarining oxirgi (toza) variantini bosmadan chiqarishdan oldin natijalarni sinov(aprobatsiya)dan o‘tkazish: taqrizlar olish, ekspertiza qilish, seminarlar, konferensiyalar va simpoziumlarda muhokama qilish, so‘ngra aniqlangan kamchiliklarni tuzatish lozim.
Shunday qilib, olim bo‘lishimizdan oldin yozilgan ilmiy ishning har bir jumlasi o‘qilganda mufassal tasavvur shakllantiradigan darajada fikrimizni o‘zbek ilmiy-adabiy tilida bayon qilish layoqati shakllangan bo‘lishi lozim. Shuningdek, dissertatsiya va uning avtoreferati hamda boshqa ilmiy adabiyotlarda bayon qilinayotgan matnning uslub jihatdan aniq, asosli, mantiqan to‘g‘ri va izchil, maqsadga muvofiq yoritilishi, o‘z ona tilimiz qadriga yetib, tushunarli va ravon ifodalanishi - ularning ilm xazinasini yangi bilimlar bilan boyitishiga yordam beradi.
Va nihoyat, muvaffaqiyat, ilmiy ish natijalarini qanday taqdimot qilishga ham bog‘liq: