Texnologik operatsiya texnologik jarayonning bir qismi bo’lib, bir ish o’rnida (bir yoki
bir necha ishchi tomonidan) ketma-ket bajariladigan ishlar yig’indisidan iborat.
O’rnatish operatsiyaning bir qismi bo’lib detalning (dastgoh turiga qarab bir necha
detalning) bir marta mahkamlaganda bajariladigan ishlar yig’indisidan iborat. Dastgohga
o’rnatilgan yoki mahkamlangan zagotovka uning ishchi organalariga nisbatan stolini aylanishi
yoki siljishi natijasida yangi holatni egallash mumkin.
Holat detalning bir marta mahkamlangan holatida dastgohning ishchi organlariga
nisbatan egallagan holatidir. Holatni o’zgarishi dastgoh stolining aylanishi yoki siljishi
natijasida bo’ladi. Masaslan: ko’p shpindelli ko’p holatli dastgohlarda.
Operatsiya texnologik va yordamchi o’tishlarga bo’linadi. Texnologik o’tish texnologik
operatsiyani tugallangan qismi bo’lib detalning ishlov berilayotgan yuzasini, kesuvchi asbobning
va kesish ma’romlarining doimiyligi bilan xarakterlanadi.
Yordamchi o’tish texnologik operatsiyaning tugallangan qismi bo’lib, ishchining va
(yoki) dastgohning harakatlari yig’indisidan iborat. Yordamchi o’tish natijasida detalning shakli,
o’lchamlari va xususiyatlari o’zgarmaydi.
O’tish o’z navbatida ishchi va yordamchi yurishlardan iborat bo’ladi. Ishchi yurish
texnologik o’tishning tugallangan qismi bo’lib, kesuvchi asbobni, ishlov berilayotgan yuzani
doimiy saqlagan holda detaldan ma’lum qatlamni kesib olish bilan bog’liq bo’ladi.
Yordamchi yurish texnologik o’tishning tugallangan qismi bo’lib, kesuvchi asbobni
ishlov berilayotgan detalga nisbatan metalni kesib olmagan holda bir marta siljishidan iborat. Bu
o’tish kesish jarayonini takroran amalga oshirish uchun kesuvchi asbobni kerakli holga qaytarish
uchun zarur bo’ladi.
1.3. Mashinasozlikda ishlab chiqarish turlari. Ishlab chiqarishni tashkil qilish shakllari. Ishlab chiqarish dasturiga, mahsulotni turiga va ishlab chiqarish jarayonini amalga
oshirish texnik-iqtisodiy shart-sharoitlariga qarab mashinasozlikda uch xil ishlab chiqarish turi
mavjud: donali (yakkalab); seriyali va yalpi. Har bir ishlab chiqarish turining texnologik
jarayonlari va ishlab chiqarishni tashkil qilishining shakllari uziga xos xususiyatlariga ega.
Yuqoridagi tushunchalarni yanada yaqqol ifodalash maqsadida ishlab chiqarish dasturi
bilan tanishib chiqamiz.
Mashinasozlik korxonasining ishlab chiqarish dasturi tayyorlangan mahsulotning turi,
har-bir turdagi mahsulotning bir yilda tayyorlanadigan miqdori, ehtiyot qismlarning turlari va
miqdorlaridan iborat bo’ladi.
Korxonaning umumiy ishlab chiqarish dasturiga asosan har-bir detalning bir yilda
tayyorlash dasturi yaratiladi:
N=ma + n , dona/yil, (1.1)
bu yerda: N - detalning bir yillik ishlab chiqarish dasturi; bir yil davomida tayyorlanadigan
mahsulotlar soni; m - bitta mahsulotdagi detalning soni; n - ehtiyot qismlar soni.
Ishlab chiqarish dasturiga mahsulotni umumiy ko’rinishidagi chizmalari, alohida detallar
va yig’ma birikmalarning chizmalari ilova qilinadi.
Shuni inobatga olish kerakki, bitta korxonaning yoki bir sexning o’zida turli xil ishlab
chiqarish sharoitlari mvjud bo’lishi mumkin. Masalan, bir xil detal ko’p miqdorda ikkinchi xil
detal esa oz miqdorda tayyorlanishi mumkin.
Donali ishlab chiqarish sharoitida mahsulot bir nusxada tayyorlanadi. Tayyorlangan
mahsulotlar turli tuzilishga, o’lchamlarga ega bo’lib, ular umuman takror tayyorlanmasligi yoki
juda kam hollarda takrorlanishi mumkin.
Bu turdagi ishlab chiqarish sharoitida universal dastgohlardan keng foydalaniladi.
Universal dastgohlar turli xil ishlov berish usullarini bajara olish imkoniyatiga ega bo’lishi
kerak. Xuddi shuningdek, universal, universal qayta sozlanuvchi moslamalar va standart
kesuvchi asboblardan foydalaniladi.