Reja: Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi



Yüklə 45,58 Kb.
tarix25.05.2022
ölçüsü45,58 Kb.
#59479
Tabiat va texnogen sivilizatsiya estetikasi


TABIAT VA TEXNOGEN SIVILIZATSIYA ESTETIKASI
Reja:
1. Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi
2. Tabiatning estetik jihatlari. Ekologik estetikaning qadriyatli maqomi
3. Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasi va fan taraqqiyotiga ta’siri
4. Zamonaviy shaharsozlik estetikasi. Dizaynning estetik xususiyatlari

Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi


Inson zoti dunyoga kelganidan boshlab tabiat va jamiyat deb atalgan tashqi muhit bilan munosabatga kirishadi. Dastlab bu munosabat onglanmagan, intuitiv, biologik-genetik tarzda, keyinroq esa anglab etilgan, yuksak darajadagi ijtimoiy hodisa sifatida ro’y beradi. Uni odatda, ikki xil deb ta’riflash qabul qilingan: birinchisi – insonning salomatligi va turmush tarzini farovonlashtirishga qaratilgan zohiriy-moddiy maqsadga erishish tamoyiliga asoslangan utilitar-empirik manfaatdorlik, ikkinchisi – botiniy-ruhiy manfaatdorlikni, maqsadga muvofiqlikni ta’minlaydigan hissiy-ma’naviy munosabatlar. Mana shu ikkinchi xil munosabatlar insonning insonligini belgilaydigan hodisalar hisoblanadi. Ular ichida estetik munosabat alohida ahamiyatga ega, chunki u nafaqat birinchi xil munosabat turlaridan yuksak darajaligi bilan farqlanadi, balki o’ziga xildosh bo’lgan axloqiy yoki e’tiqodiy munosabatga nisbatan ham miqyosli va qamrovlidir.
Gap shundaki, estetik munosabatdan boshqa barcha munosabat turlari inson «aqlini taniganidan» so’ng, ya’ni go’daklik davridan o’tgandan keyin voqe bo’ladi. Masalan, go’dak hali uyat hissini bilmaydi, unda axloqiy munosabat hattoki ibtidoiy darajada ham shakllanmagan, xohlagan vaqtida, to’g’ri kelgan joyda tabiiy ehtiyojni qondiradi. Lekin u beshikda yotar ekan, tushib turgan ola-chalpoq quyosh nuridan quvonadi, uni kuzatadi, u bilan o’ynagisi keladi yoki beshikka osig’liq rangli o’yinchoqdan zavqlanadi, g’adir-budir, shaklan qo’pol materialni emas, mayin duxobani yoki shunga o’xshash yumshoq, silliq narsalarni xush ko’radi, ularni siypalab zavqlanadi, alla eshitib orom oladi. Bularning bari estetik munosabatning insoniy mohiyatda namoyon bo’luvchi hodisa sifatida ibtidodan mavjud ekanini ko’rsatadi.
Shuningdek, keksayib, umrining qolganini ko’proq to’shakda o’tkazayotgan kishi jisman zaifligi tufayli tashqi muhit bilan utilitar-empirik munosabatini davom ettira olmasligi mumkin. Lekin, u badiiy adabiyot o’qib, televizor ko’rib, musiqa eshitib zavqlanadi, ya’ni tashqi dunyoga estetik munosabatda bo’la biladi: inson moddiy boylik yaratishdan mahrum bo’lgan paytda ham estetik munosabat tufayli, to o’lguncha o’z ma’naviyatini boyitish imkonini yo’qotmaydi. Estetik munosabatning qamrovliligi va uning bir umrli ma’naviy hodisa sifatidagi ahamiyati ana shunda.
Tabiatning estetik jihatlari. Ekologik estetikaning qadriyatli maqomi
Barcha munosabatlar qatori estetik munosabat ham ikki asosiy unsurdan tashkil topadi: ob’ekt va sub’ekt. Lekin bunda ob’ekt sub’ekt tomonidan belgilanadi: agar sub’ekt estetik jarayonga kirishmasa, uning munosabati, ob’ekt qanchalik go’zal yoki ulug’vor bo’lmasin, estetik shakl kasb etmaydi. Estetik jarayon esa sub’ektning botiniy his-tuyg’ulariga, kayfiyatiga, vaqtiga, kuzatishiga, mushohadasiga, fikrlash imkoniyati va darajasiga, qobiliyatiga, iste’dodi, ob’ekt bilan o’rtadagi masofa tasavvuri kabi tug’ma hamda ta’lim-tarbiya va tajriba vositasida vujudga kelgan qarashlarga bog’liq. Estetik munosabat ana shu estetik jarayonning pirovard natijasidir.
Masalan, O’rol Tansiqboevning «Tog’dagi qishloq» asarini sotayotgan do’kon xizmatchisida bu rasmga nisbatan estetik munosabat tug’ilmaydi, sotuvchi unga faqat tovar sifatida qaraydi, maqsadi uni iloji boricha kattaroq pulga sotish. Ya’ni sotuvchi estetik jarayonni boshidan kechirmaydi, o’z vaqti, kuzatishi, diqqat-e’tiborini asosan, oldi-sotdi jarayoniga yo’naltiradi. Uning munosabati iqtisodiy-moliyaviy chegaradan nariga o’tmaydi. Rasmni sotib olgan xaridor esa unda Vatanning bir parchasini, tog’ qishlog’ining o’ziga xos go’zalligini ko’radi, undagi ko’zga ko’rinmaydigan, lekin botiniy bir tuyg’u bilan ilg’ab olinadigan ruhni, olislarda qolib ketgan bolalik deb atalgan umrning bir bo’lagini qalban his qiladi, xo’rsiniq aralash quvonch hissini tuyadi.
Chunki uning butun botiniy-ruhiy murvatlarining faoliyati, ongi, diqqat-e’tibori, mushohadasi, tasavvuri, qobiliyati, intellektual tajribasi rasmdagi go’zallikning nimasi bilandir tanish va ayni paytda notanish ko’rinishini ilg’ab olishga qaratilgan; har gal u shu rasmga tikilganida ana shu ichki faoliyatga asoslangan jarayonni qayta boshdan kechiradi. Uning rasmga har galgi munosabati estetik munosabatdir. Shunday qilib, sotuvchi qo’liga tushgan mablag’dan qoniqish hosil qilsa, rasm ixlosmandi tasvirlangan manzara go’zalligidan, qalbida uyg’ongan hissiyotdan, olislarga «borib kelgan» xayolotidan, hatto tasavvuridagi, shu tasavvur «turtkisi» tufayli paydo bo’lgan xayoliy manzaradan zavqlanadi.
Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasi va fan taraqqiyotiga ta’siri
Tabiat -estetik tarbiyaning zaruriy vositasidir.Shuni maxsus ta’kidlash kerakki, zamonaviy inson tarbiyasini estetik jihatdan kamol toptirishda oila qanchalik ustuvor omil bo’lib hisoblansa, bu jarayonda tabiat ham undan kam ahamiyat kasb etmaydi. Chunki tabiat bilan ongli tarzda murosa qilmaslik shaxsni nafosatli jihatdan mukammal bo’lib etishishiga monelik ko’rsatadi. Shuning uchun inson va tabiat o’rtasidagi munosabat inqiroz va halokat yoqasiga kelib qolgan hozirgi vaqtda bu muammoni chetlab o’tish maqsadga muvofiq bo’lmaydi.
Insoniyat tafakkuri tarixida tabiatga estetik munosabatning zaruriyati haqidagi qarashlari va insonning tabiatga muqobil estetik munosabatlari turlicha bo’lgan. Tabiatning estetik xususiyatlari haqida so’z yuritsak, tabiat estetik faoliyat ob’ektidir. Ekologiya estetikasining qadriyat maqomi va ekologiya estetikasining axloqiy muammolari bugungi kunda katta ahamiyat kasb etib bormoqda. Tabiatni estetik idrok etishning an’anaviy va noan’anaviy usuli mavjud bo’lib ular : tabiatni asl holida idrok etish; tabiatni badiiy obrazlarda ifodalashdan iboratdir. Ekoestetikaning XXI asr ilmiy-texnik taraqqiyotdagi o’rniga to’xtalsak, texnogen tsivilizatsiyaning ishlab chiqarish va fan taraqqiyotiga estetik ta’siri ortib bormoqda. Maishiy turmush estetikasi va uning texnologiyasi, texnika estetikasining ishlab chiqarish va ijtimoiy jarayonlardagi o’rni, texnikaning inson estetik manfaatlari va faoliyati bilan bog’liqligi masalalari bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu jumladan, zamonaviy shaharsozlik estetikasi, dizaynning estetik xususiyatlari, tabiat va maishiy turmush dizayni, hamda xalq amaliy san’ati va dizayn. Ma’lumki, inson o’zining ma’naviy va moddiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida azaldan tabiat bilan hamkorlik qilib kelgan. Tabiatdagi go’zalliklardan bahramand bo’lishlari barobarida uni nafosatli tarzda o’zlashtirishga, inchunun, mavjud hunukliklarni bartaraf qilishga harakat qiladi. Biroq, keyingi bir necha o’n yillik jahon maamlakatlarining atrof muhit sohasidagi harakatlarini tanqidiy taxlil etish davri bo’ldi. Sanoatlashtirish inqilobi inson bilan tabiat o’rtasidagi munosabatni abadul abad buzib qo’yganini insonicht tobora anglab bormoqda. XXI asr o’rtalariga kelib inson faoliyati erdagi yashash imkoniyatlarining asosiy shartlarini buzib yuborishi xavfi yana ham aniqroq namoyon bo’lmoqda. Bugunga kelib eng jiddiy o’zgarish er atmosferasida yuz berayotganligi barchamizga ayon.
Zamonaviy shaharsozlik estetikasi. Dizaynning estetik xususiyatlari
Texnogen tsivilizatsiya - estetik faoliyat va estetik didni shakllantirishning muhim omilidir. Ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni insoniylashtirish va go’zallashtirishn estetik muammolardan hisoblanadi. Voqelikka estetik munosabatlar, milliy va umumbashariy ahamiyatga egadir. Estetik qadriyatlar esa – barqarorlikni ta’minlovchi omil hisoblanar ekan,“dunyoni go’zallik qutqaradi” shiori global ahamiyatga ega bo’lib bormoqda. “Go’zal muhitda yashash oliy ne’mat” – estetikaning bosh tamoyilidir. Olamni estetik anglashda axborot va jamiyat axborotlashuvining roli ortib bormoqda. Axborot estetikasining o’ziga xos xususiyatlari va uning siyosiy, badiiy, ijtimoiy, axloqiy, ma’naviy jarayonlar bilan bog’liqligidadar.
Estetika tushunchasi mohiyati.
Falsafa tarixida estetik qarashlar evolutsiyasi.
Estetika va dizayn. Tabiat estetikasi va landshaft dizayn.
San’at antropogenez omili. San’atdagi inqiroz(degumanizatsiya).
Tayanch so’z va iboralar: estetika, dizayn, san’at, estetik faoliyat, estetik munosabat, estetik ong, did.
“Estetika” (yunon. aisthetikos – his qilinadigan) iborasi dastlab olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (u G‘arbiy Evropa falsafiy tafakkurida muhim o‘rin tutgan Volf maktabi namoyondasi hisoblanadi)ning “Estetika («Aesthetica»)” nomli ikki tomlik asari (1750-1758- y.y.)da muomalaga kiritilgan. Baumgarten estetikani bilishning yuksak darajasi hisoblangan mantiqdan farqli o‘laroq, hissiy bilishning quyi darajasidagi fan sohasiga tegishli deydi. Uning fikricha, mantiqiy mushohada aniq tasavvurlarga, estetik mushohada esa noaniq va mavhum tasavvurlarga asoslanadi. Buning birinchisi – aql muhokamasiga, ikkinchisi – did muhokamasiga tegishlidir. Biroq, insonning universum bilan munosabati avval estetik mushohada orqali ro‘y beradi, so‘ngra mantiqiy mushohada orqali amalga oshadi. Shunga ko‘ra, estetikaning predmeti – go‘zallik, mantiqniki – haqiqatdir.
Baumgartenning estetikaga kiritgan ushbu nazariyasi keyinchalik san’at falsafasiga nisbatan keng qo‘llanildi. Bu nazariya Immanuil Kant, Fridrix Gegel va boshqa faylasuflar tomonidan rivojlantirildi, hatto fanning predmetini aniqlashda go‘zallik masalasi bilan boshlangan mulohazalar to g‘oyalar olamining falsafiy mohiyatiga tegishli mulohazalar bilan bog‘lanib ketdi. Shuning uchun ham ko‘pchilik nazarida Baumgarten “estetikaning asoschisi” sifatida tilga olinadi. Ammo, nemis faylasufi Teodor Lipps estetikani mohiyatan “nemislarga xos fan” ekanligini ta’kidlagani holda Germaniyada estetikaning asoschilari sifatida 4 nafar faylasuf - Gotxold Efraim Lessing, Iogann Gotfrid Gerder, Immanuil Kant, Fridrix SHillerni ko‘rsatib o‘tadi. U Immanuil Kant “estetikaning asoschisi” sifatida birinchi bo‘lib estetik qadriyatlarni shakllanadigan va rivojlanadigan “hudud”ning chegarasini belgilab berdi. Shundan keyingina estetika masalalari Kantning idealistik falsafasi bilan birlashdi va rivojlandi, - degan xulosaga keladi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, “Estetika fan emas, uning mazmuni fanning ilmiy talablariga javob bermaydi”, - degan fikrlar estetikaning mohiyatini tushunmaslik natijasida kelib chiqqan fikrlardir. Odatda, fan - dunyo haqidagi obektiv bilimlar tizimi; uni ma’lum maqsadlar yo‘lida o‘zgartirishga xizmat qiladigan tabiat va jamiyat hayotini aks ettiruvchi ijtimoiy ong shakli hisoblanadi. Estetika ham fan sifatida o‘zining qonuniyatiga, kategoriyalariga va tushunchalar tizimiga ega. Biroq, “Estetika – go‘zallik haqidagi fan” deyish asl mohiyatni anglatmaydi. Aksincha, estetika keng qamrovli fan sifatida: a) u yoki bu voqelikka daxldor go‘zallik tuyg‘ularining mohiyatini bilishga intiladigan hodisalar majmui; b) borliqni hissiy idrok etishga asoslangan ong shakli; v) haqiqatni anglash va his qilish, qadriyatlarni bilish va tahlil etishga qaratilgan inson faoliyatining turidir.
Estetika ilmiy-nazariy masalalar va fan talablari doirasidan tashqarida qo‘llanilganda ko‘plab ma’nolarni anglatishiga sabab ham ana shunda. Qolaversa, boshqa fanlar kabi estetika ham odamlarga umumiy zaruriyat yuzasidan kundalik faoliyatda kerak bo‘ladigan narsa-hodisalarni (chiroyli bo‘lish, orasta kiyinish, ozoda yurish, nafis harakat qilish kabi masalalar bilan estetikaning muayyan sohasi shug‘ullanadi) emas, balki estetika fan sifatida estetik tarbiyani takomillashtirish, badiiy tafakkurni rivojlantirish, odam tuyg‘usini tarbiyalash, uning did,fahm-farosatini yuksaltirishga qaratilgan fundamental masalalarning ilmiy-nazariy asoslarini o‘rganish va yechimini topishga e’tibor beradi. Zero, estetikaning mavjudlik shartini nafosatshunos O.A.Krivsun ”Qayerdaki inson tafakkuri va tabiat hodisasi tufayli yaratilgan predmetlar olamini his etish yoki undan zavqlanish tuyg‘usi sodir bo‘lar ekan o‘sha erda “estetik jarayon”, “estetik hodisa” ro‘y beradi” – deb izohlaydi. Shu ma’noda, qayerdaki, yashashga ishonch, yashash umidi, yashashdan maqsad yoki voqelikni hissiy idrok etishga, tabiat hodisalarini anglashga ehtiyoj sezilsa, o‘sha yerda estetika mavjuddir, desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Estetika predmeti, obyekti va tadqiqot doirasiga ega fan. Ma’lumki, barcha fanlar o‘z predmetiga ega bo‘lib, olamning mohiyatini bilish, borliqning mazmunini tushunish, voqelikni tasavvur qilishga qarab har bir fan o‘z predmetini belgilaydi. Olaylik, salomatlik tibbiyotning maqsadi bo‘lsa, uning predmeti - inson salomatligini asrash, mustahkamlash, himoya qiluvchi vositalar, hodisalar, omillar hisoblanadi. Biroq, estetikaning predmetini tibbiyotnikidek bir so‘z bilan ifodalash qiyin. Mohiyatan insonni paydo bo‘lishi va voqelikni idrok qilish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha qadriyatlar estetikaning predmeti bo‘la oladi. Jumladan, tabiat va uning estetik xususiyatlari, san’at va uning badiiy obrazlardagi ifodasi, ijod jarayoni va uning qonuniyatlari, jamiyat va uning rivojlanish prinsiplari estetikaning predmeti bo‘lib xizmat qiladi. Chunonchi, Immanuil Kantning nazarida estetikaning predmeti – bu san’atdagi go‘zallik bo‘lib, u estetik muhokama qobiliyatini tanqid sifatida namoyon bo‘ladi. Fridrix Gegel esa estetikaning predmetini umuman san’at, xususan tasviriy san’at bilan cheklab qo‘yadi. Shu ma’noda estetikaning predmeti – olam va uning umuminsoniy ahamiyatiga ko‘ra o‘rganiladigan estetik hodisalar hisoblanadi. Biroq, estetikaning predmeti estetik tajribaning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama tadqiq etishni, shuningdek, insonning biroz bo‘lsa-da o‘zining ma’naviy olamga tegishli ekanligini, global ijtimoiy-utilitar tobelikdan halos bo‘lish yo‘llarini anglashni, shaxsiy erkinligi va mutloq va uyg‘un to‘laqonli hayotning bir qismi ekanligini his qilishga qaratilgan masalalar bilan belgilanadi.
Estetika fan sifatida ilmiy, ma’rifiy, badiiy taraqqiyotning o‘ziga xos muammolari doirasida bahs yuritadi, tahlil qiladi, o‘rganadi va o‘rgatadi. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:
Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi. Ushbu funksiya badiiy ijod bilan shug‘ullanuvchilar va ijodiy faoliyat uchun juda zarur. Ayniqsa, ranglar jilosini his qilish, musiqa sehrini anglash, asardan xulosa chiqarish aynan ushbu funksiyaning ta’sirida ro‘y beradi. Zero, dunyoqarash ijodkorni boshqaradi, ijod jarayoni rivojiga ko‘mak beradi.
Bilish funksiyasi. Bu funksiya san’at asarini bilish va baholash faoliyati natijalarini, semantik va pragmatik axborotni yetkazib berish, haqiqiy badiiy asar bilan saviyasi past asarni farqlay bilishlari, «ommaviychilik san’ati»ni rad qila olishda muhim ahamiyatga ega.
Yaratuvchanlik funksiyasi. Bu funksiya yangi ko‘rinishdagi iqtisodiyotning estetik asoslariga, tadbirkorlik faoliyatiga estetik tus berishga, bunyodkorlikni namoyon etishga imkon beradi Ayniqsa, go‘zal qadriyatlarni dunyoga tanitish, xalqning boy va betakror estetik dunyosini aks ettiradigan personajlarni yaratish orqali insonni ma’naviy jihatdan yuksaltirishga xizmat qiladi.
Metodologik funksiyasi. Mazkur funksiya badiiy asarda aks ettirilgan voqea-hodisaning mohiyatini o‘quvchiga to‘laqonli yetkazish imkonini beradi, asarni bilish va uni xuddi hayotdagidek idrok qilinishini osonlashtiradi. Bundan tashqari, bu funksiya estetik masofani taqozo etadi: masofa tufayli badiiy reallik idrok etiladi. Masalan, teatr asarini tomosha qilish jarayonida tomoshabin bir paytning o‘zida ham sahna bezaklariga, ham aktyorlarning kiyimlariga, ularning xatti-harakatlariga sinchkovlik bilan nazar tashlaydi, va bu holatlarning barchasini estetik tasavvuri orqali mutanosib holga olib kelishga intiladi. Asar rejissyori, operator, rassom, chiroq ustasigacha barcha ijodkorlar estetik masofaning ahamiyatini hisobga olishi shartdir. Chunki, badiiy idrok etish uchun estetik masofa zarur. Shu bois badiiy asar inson tomonidan qandaydir qalbga yaqin, tanish hodisa sifatida idrok etiladi va masofa tufayli idrok etuvchida mushohada qilish erki saqlanib qoladi. U hayajonlanadi, qalbi ravshan tortadi. Ushbu masalalarni o‘rganish, tahlil qilish estetikaning metodologik funksiyasiga kiradi.
Bugungi kun ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning barcha sohalarida estetikaning u yoki bu tamoyili ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, iqtisodiyot va bozor munosabatlarida go‘zallikni qiymat kasb etuvchi mexanizmga aylanishi tamoyili sohaga estetik tamoyillar kirib kelayotganligini ko‘rsatadi. “Falsafa. Qomusiy lug‘ati”da “prinsip” tushunchasining ma’nosi “turli ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar va bilimlar majmuining asosi, poydevori; har qanday xatti-harakat, xulq-atvor va faoliyatning boshlang‘ich qoidalari” deb izohlangan. Ushbu izoh estetika fanining prinsiplariga xos mazmunni ham anglatadi. Odatda, estetikaning quyidagi an’anaviy prinsiplari mavjud. Bular: 1.Uyg‘unlik (garmoniya) tamoyili; 2.Yaxlitlik (butunlik) prinsipi; 3.Ifodalilik (obrazlilik) prinsipi; 4.Maqsadga muvofiqlik prinsipi. Ushbu prinsiplar orasida estetik munosabatlarda ko‘proq ko‘zga tashlanadigan uyg‘unlik va maqsadga muvofiqlikning mohiyati haqida quyidagi fikrlarni aytish mumkin.
Uyg‘unlikning falsafiy-estetik mazmuni ilmiy adabiyotlarda “garmoniya” tushunchasi bilan ham izohlanadi. Milliy estetikamizda mazkur tushunchaning estetik mohiyati ko‘pchilik olimlar tomonidan ilmiy tahlil qilingan. Bular orasida faylasuf Tilab Mahmudovning mulohazalari bir qadar diqqatga sazovor. Faylasuf uyg‘unlikda nomutanosiblik xususiyati, garmoniyada disgarmoniya alomatlari borligini uqtiradi. Shunday narsa-hodisalar borki, uning tarkibiy qismlari uyg‘un bo‘lmasa ham go‘zal tasvirni bera oladi. Bundan tashqari, uyg‘unlik buzilishi, nomutanosiblikka asoslangan garmoniyalar bo‘lishi mumkin. Gap ana shu hayotiy predmetning mutanosibligi inson hayotining yo‘nalishi bilan qanday munosabat va aloqadorligidadir. Agar faylasufning narsa va hodisalar tashqi ko‘rinishidan bizga uyg‘un ko‘rinmasligi mumkin, lekin o‘z ichki uzviy birligi va mutanosibligi bilan ma’lum garmoniyaga ega bo‘lishi aniq, degan xulosasini e’tiborga olsak, fikrda jon bor. Zero, tabiatda shunday hodisalar borki, u o‘z go‘zalligini disgarmoniyada ham aks ettiradi. Qolaversa, tabiat va jamiyatda bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanmagan, ma’lum aloqadorlikda bo‘lmagan, muallaq predmet va hodisaning o‘zi yo‘q, har bir narsa o‘zining aloqadorlik doirasiga ham ega.
Nemis faylasufi Georg Gegel maqsadga muvofiqlik prinsipini go‘zallik va san’atning o‘zaro aloqadorligida ko‘radi. U go‘zallikni maqsadga muvofiqlik bilan bog‘liqligini tahlil qilib, bu bog‘liqlikning asosida tashqi va ichki qarama-qarshiliklar markaziy o‘rin egallashini uqtiradi. Garchand, predmetlarning shakliy go‘zalligida mutanosiblikni muhim element deb hisoblasada, Gegel uning xususiyati faqat geometrik asosdangina iborat emasligini ta’kidlaydi.
Odatda, fanga tegishli qonunlar hodisalarning hamma xususiyatlarini emas, balki hodisalardagi umumiylikni aks ettiradi va undagi mustahkam barqarorlikni ifodalaydi. Biroq, hodisalar ayni bir vaqtda bir-biriga o‘xshaydi va bir-biridan farq qiladi. Xususan, voqelikni estetik o‘zlashtirishning oliy shakli bo‘lgan san’atga umumiy va xususiy qonunlar tegishli bo‘lib, ularga badiiy ijod jarayoni ham, san’atning ijtimoiy olami ham taalluqlidir. Ular san’atning antropologik, genetik va gnoseologik mazmunini ochib berishga xizmat qiladi. Shunga asosan “Estetik faoliyat qonuni”, “Badiiy ijod qonuni”, “Badiiy jarayon qonuni”, “Badiiy idrok qonuni”, “Estetik idrok qonuni” kabi qonuniyatlar tizimi shakllangan. Ushbu qonunlar olamni estetik o‘zlashtirish jarayonining mohiyatini izohlaydi va quyidagi natijalarga olib keladi:
1) voqelikning estetik xususiyatlari inson tomonidan olam hodisalarini tasavvur qilish, anglash hamda tajribaga tayangan holda insoniyat oldiga qadriyatlarni o‘rganishni vazifa qilib qo‘yadi.
2) estetik faoliyat predmetlar olami va insoniy idealni botiniy tuyg‘ular asosida o‘zlashtirish natijasida yuzaga keladi, u umuminsoniy qadriyatlarga oqilona munosabatni shakllantiradi hamda erkin ijodkorlik muhitini yaratishga ko‘mak beradi.
Estetika fanida ko‘p amal qiladigan qonunlardan yana biri “Badiiy ijod qonuni” hisoblanadi. Ushbu qonunning mazmuni haqida faylasuf Abdulla Sherning fikrlari ahamiyatlidir. Faylasuf badiiy ijod jarayoni boshqa barcha aqliy mehnat turlaridan katta farq qiladigan mehnat turi bo‘lib, unda mehnat qandaydir sirli ruh bilan amalga oshadi, deydi. Chunonchi, badiiy ijod jarayonining ibtidosi san’atkorning muayyan g‘oyani yoki g‘oyalar tizimini badiiyat orqali boshqalarga yetkazish istagi bilan bog‘liq bo‘lib, bu g‘oyaviy niyatda aks etadi. G‘oyaviy niyat ko‘zga ilg‘amaydigan darajada nozik va ko‘z ilg‘amaydigan darajada miqyoslikka ega. Chunki g‘oyaviy niyat o‘z nomi bilan g‘oyaga taalluqli, u ijodkorning dunyoqarashining mevasi, butun asarning poydevori. U badiiy asarning mavzui, shakli, mazmuni, “tili”, badiiy vositalari qanday bo‘lishi kerakligini belgilab berish uchun ular bilan “kurash olib boradi”. Ba’zan ularni o‘ziga bo‘ysundiradi, ba’zan esa ularga biroz yon berib, ma’lum nuqtalarda o‘zgaradi, “sharoitga moslashadi”. G‘oyaviy niyatni shu bois hech qachon to‘liq amalga oshgan estetik hodisa sifatida tasavvur qilish mumkin emas.
Yuqoridagi fikrlarga asoslangan holda “Badiiy ijod qonuni”ning asosiy kamponenti hisoblangan “ijod”ni inson taraqqiyoti uchun ahamiyatini quyidagicha izohlash mumkin. Ya’ni ijod: a) muayyan badiiy uslub yordamida shaxs va jamiyatning madaniyatini yuksaltiradi; b) obrazli tafakkur yordamida badiiy olamning asl va betakror mohiyatini anglash imkonini beradi; d) olam go‘zalligidan zavqlanish, iztiroblardan forig‘ bo‘lish va yaratuvchanlikka rag‘batni paydo qiladi.
Estetikaning qonuniyatlari narsa-hodisalar va voqelikdagi jarayonlarning estetik mazmunini turli rakursda o‘rgansa-da, estetika uchun umumiy bo‘lgan metaqonun - “Insonning voqelikka estetik munosabati qonuni”ga amal qiladi. Bu qonun yordamida estetika o‘z tadqiqot obyektining predmetini konkretlashtiradi, funksiyalarini belgilaydi.
“Estetika” iborasini ilmiy muomalaga kiritilganiga ham uch yarim asrdan ortiq vaqt o‘tdi. Bu vaqt oralig‘ida estetika dunyo faniga aylandi, jahonda bu fanni rivojlantirish, uning ilmiy-nazariy muammolarini o‘rganishga qaratilgan yirik tadqiqotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, mamlakatimizda estetika ilmi, ta’limi va tarbiyasini rivojlantirish, estetik dunyoqarashni boyitish masalalari doimiy e’tiborda bo‘lib keldi.
Qadimgi Sharqdagi dastlabki estetik g‘oyalar (Somir, Bobilon, Misr). Inson tabiatan bo‘sh vaqtga intilib yashaydi. Chunki bo‘sh vaqt mobaynida u jisman va ruhan dam olishi, kundalik mehnat, qorin to‘ydirish tashvishidan forig‘ bo‘lish imkoniga ega. Bo‘sh vaqt insonda o‘yin hissi uyg‘onishining asosiy omilidir. San’atning vujudga kelishida o‘yinning ahamiyati katta ekanligi hammaga ma’lum. Demak, estetik anglash va estetik faoliyatning tadrijiy rivojida mehnat bilan birga bo‘sh vaqt ham asosiy omil hisoblanadi. Ichki osoyishtalikni, mehnat va bo‘sh vaqtga asoslangan muayyan tartibni jamiyatda qonun darajasiga ko‘tarish esa davlat paydo bo‘lganda ro‘y berishi mumkin. Davlat qanchalik o‘z vazifasini adolatli va mukammal bajarsa, bu jamiyat farovonligiga olib keladi. Farovon jamiyat esa o‘z a’zolarining bo‘sh vaqtini ta’minlay oladi va pirovard natijada estetik anglash va estetik faoliyat taraqqiyoti uchun yetarli imkoniyat yaratib beradi. Shunday qilib, davlatchilik tizimi paydo bo‘lishi bilan insonning badiiy-estetik taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Ana shu davr ibtidosini biz Mesopotamiya-Qo‘sh daryo (Dajla va Frot daryolari) mintaqasida, xususan, Somir davlatida ko‘rishimiz mumkin.
Somir insoniyat tarixidagi hozirgacha bizga ma’lum bo‘lgan ilk qudratli davlat bo‘lgan. Shubhasizki, miloddan avvalgi IV ming yillikda bu davlatning qudrati uning madaniyatida, fuqarolarining badiiy estetik darajasida hamda badiiy-estetik faoliyatida namoyon bo‘lgan. Somirliklar birinchi bo‘lib yozuvni kashf etdilar va giltaxtachalarga qamish qalamlar bilan ilk rivoyat va ilk nasihatlarni yozib qoldirdilar. Shuni alohida ta’kidlash joizki, hech bir qadimgi madaniyatdan bizning davrimizgacha bu qadar ko‘p sonli yozma hujjatlar yetib kelgan emas. San’at namunalarining ko‘pligi jihatidan Somirni ancha orqada qoldiradigan Misr madaniyati ham yozma yodgorliklar borasida Somirga yon beradi. Chunki misrliklar yozib qoldirgan minglab papiruslar chirib, yonib yo‘qolib ketgan, somiliklarning giltaxtalardagi yozuvlari esa saqlanib qolgan hozir ham ularni qumlar ostidan topib, sharxlash davom etmoqda.
Bobilon so‘z san’atida «Enuma elish» («Osmonda qachonki...») dostoni, Agushayya, Gilgamesh, Adan, Etana, «Ishtarning qa’rga tushishi» haqidagi epik dostonlar, «Iztirobda qolgan haqgo‘y», «Xo‘jayinning qul bilan suhbati» singari diniy-falsafiy dostonlar muhim ahamiyatga ega. Ularning hammasidagi asosiy g‘oya – hayot va mamot o‘rtasidagi kurashdan iborat. «Xo‘jayinning qul bilan suhbati», «Tushkunlik haqidagi suhbat» deb atalgan dostonlar ular orasida kulgililik tabiatiga ega ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Unda xo‘jayinning har bir buyrug‘i oqil ekanini maqollar va matallar bilan asoslashga intilgan qul oqil, quv xizmatkor obrazi tasvirlangan. Bu suhbat-aytishuv deyarli oxirigacha kulgililik bilan yo‘g‘rilgan. Faqat uning nihoyasidagina hayot joniga tekkan xo‘jayin «Endi nima yaxshi?» deb so‘raganida qul: «Bo‘ynimni mening sindirmoq va bo‘yningni sening sindirmoq va daryoga tashlamoq, ana bu yaxshi. Kim shuncha balandki, osmonga etsa, kim shuncha ulkanki, yerni to‘ldirsa!», — deydi. G‘azablangan xo‘jasi qulga o‘ldiraman, deb do‘q uradi. Doston-suhbatda so‘nggi so‘z qulga beriladi va u: «Unda mening xo‘jam mendan uch kun ortiq yashasin», deb o‘zini qutqaradi.
Nafaqat Gilgamesh kabi eposlarda, balki deyarli barcha Qadimgi Bobilon shoirlari ijodida insonning toabad shaxsiy o‘lmaslikka intilishi yuksak badiiy shakllarda o‘z ifodasini topgan, ularda hayot - go‘zallik, o‘lim - xunuklik tarzida qabul qilingan. Shunday qilib, Somir-Bobilon san’ati insoniyat tarixidagi dastlabki estetik g‘oyalarning paydo bo‘lishini ko‘rsatib turadi.
Estetik tafakkur taraqqiyotiga qadimgi Misr madaniyati juda katta hissa qo‘shgan. Barcha qadimgi xalqlar qatori misrliklar ham go‘zallikni hayotda deb bilganlar va uni foydalilik mezoni bilan o‘lchaganlar. Chunonchi, quyosh ma’budi Atonga (milodgacha XV asr) bag‘ishlangan alqovlardan birida shunday deyiladi;
Sening go‘zalliging o‘zi hayotdir,
Umr bag‘ishlaydi har bir yurakka.
Ma’lumki, Nil toshqini qadimgi Misr farovonligining asosi bo‘lgan. Farovonlik esa, ular fikricha, go‘zallikdir. Shuning uchun misrliklar Nilni ilohiy daryo sifatida talqin etadilar. Unga atalgan alqovlarning birida u barcha go‘zallliklarning «bunyodkori» deb ta’rif etiladi.
Yer yayraydi u yoyilgan chog‘ida,
Quvonadi bor jonzot.
Barcha tishlar ochilar,
Yaraqlaydi har bir tish.
To‘kin rizq-u non keltirib, u butun
Go‘zallikni yaratar.
Qadimgi Misr san’atining juda ko‘p turlari ana shu manfaatli go‘zallik asosida vujudga kelgan. Chunonchi, ma’budlar uchun qurilgan ibodatxonalar, ma’budlarning va o‘limidan keyin ma’budga aylangan fir’avnlarning haykallari ulardan shafqat, mo‘l hosil, rizq-u-ro‘z so‘rash maqsadida bunyod etilgan bo‘lsa, xalq amaliy san’ati buyumlari esa kundalik hayotni go‘zallashtirish uchun xizmat qilgan. Ayni paytda ba’zi san’at turlari manfaatsiz go‘zallikning namunasi sifatida diqqatni tortadi. Ayollarning go‘zal bezaklari, taqinchoqlari, diniy-badiiy qissalar, ertaklar shular jumlasidan.
Qadimgi SHarq xalqlarining estetik qarashlari («Avesto», Hindiston, Xitoy).
Sharq xalqlari taraqqiyoti tarixida qadimgi Eronzamin va Turonzamin aholisi yaratgan madaniyat katta o‘rin tutadi. Eronliklar va turonliklar o‘rtasidagi aloqalar ko‘pincha tinch-totuvlikka asoslangan emas. To‘maris, Shiroq haqidagi qadimgi voqelikka asoslangan afsonalar, keyinchalik Firdavsiy «Shohnoma»sidan o‘rin olgan buyuk turk xoqoni Alp Er To‘nga-Afrosiyobning Siyovush, Kaykovus, Kayxusrav bilan bo‘lgan munosabatlari buning dalilidir. Ayni paytda, bu qadimgi ikki mintaqa orasida madaniy, ma’rifiy aloqalar yo‘lga qo‘yilganligi shubhasizdir. Xususan, mashhur zardushtiylikning muqaddas kitobi «Avesto»ning taqdiri bunga misol bo‘la oladi. Bundan 3 ming yil avval qadimgi Xorazmda Spitoma urug‘idan dunyoga kelgan Zardusht dastlab o‘z o‘lkasida Axuramazda dinini targ‘ib etishda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgach, o‘zga yurtlarga bosh olib ketadi. Sakastana yurtida Kaviy Vishtaspa saroyida panoh va uzlat topadi. «Avesto» gotlarini Zardusht badiha yo‘li bilan omma orasida qo‘shiq qilib aytgan. Bu turkum she’rlar-«got»larda o‘sha hayotiy lavhalar o‘z aksini topgan. «Got» so‘zi aslida «goh» ya’ni «kuy», «qo‘shiq» degan ma’noni anglatadi. Bu so‘z mumtoz musiqa merosimizda «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh» kabi atamalar tarkibida saqlanib qolgan.
Qadimgi «Avesto»dan bizgacha etib kelgan qismlar «Yasna», «Vedevdat», «Yasht», «Visparat» kitoblaridir. Zardusht ijod qilgan gotlardan 17 tasi «Yasna» kitobiga kirgan. Ayrim parchalar yashtlar ichida ham uchraydi. Aynan ana shu gotlar orasida qadimgi turonliklar va eronliklarda estetik tasavvurlarning qanday shakllanganligini ko‘rish mumkin.
Qadimgi hind eposi «Mahobxarat»da tasvirlanishicha, Yudhishtir tomonidan ruhlarga atab o‘tkazilgan qurbonlik bayramida turli mamlakatlardan, jumladan Turondan shaklar, tohar va qang‘ilar davlatining elchilari qatnashadilar. Bu elchilar keltirgan sovg‘a-salomlar ichida xalq amaliy san’ati taraqqiyotidan dalolat beruvchi, o‘z davri estetik didini aks ettiruvchi jundan, paxtadan, ipakdan to‘qilgan matolar, nafis kiyim-boshlar, temir uchli nayzalar, oyboltalar, kesgir bolta va teshalar bo‘lgani aytiladi.
Taxminan milodgacha bo‘lgan II ming yillik o‘rtalarida Shimoliy-g‘arbiy Hindistonga, hozirgi Panjob mintaqasiga g‘arbdan Hindukush dovonlari orqali o‘zlarini oriylar deb atagan jangovar qabilalar kirib kela boshladilar. Ular nafaqat harbiy iste’dodga, balki shoirlik qobiliyatiga, dunyoning qandayligi, uning qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi o‘z qarashlariga ham ega edilar. Ularning alqovlari, sharqiyalari eng qadimgi hind yodgorligi «Rigveda»ga asos bo‘ldi. «Veda»-muqaddas bilim, «Rigveda»-alqovlar vedasi demakdir. «Rigveda» o‘sha davr kishisining o‘zi va atrof muhit: ma’budlar, iblislar, devlar, fazo, ijtimoiy turmush axloqiy va estetik qadriyatlar haqidagi bilimlarni o‘z ichiga oladi.
Eng keng yoyilgan nuqtai nazarga ko‘ra, Hindistonga bostirib kirgunlariga qadar oriylar O‘rta Osiyoning Amudaryo va Sirdaryo bo‘ylab Orol hamda Kaspiy dengizigacha bo‘lgan mintaqalarida yashaganlar. Zero «Rigveda» va «Avesto»ning tili bir-biriga nihoyatda yaqin. Yaqinlik ba’zan shu darajadaki, ikki matn bir qadimiy matnning ikki xil variantiga o‘xshaydi: faqat tovushlar mosligining qonun-qoidalarigina har xil. Buning ustiga «Rigveda» tili keyingi davrda sanskritda yozilgan she’rlar va mumtoz eposlar tilidan ko‘ra, «Avesto» tiliga yaqin. «Rigveda»dagi qator mifologik personajlarning «Avesto»da mavjudligini ham aytib o‘tish lozim; nomlar o‘xshashligidan tortib, syujetlar o‘xshashligigacha uchratish mumkin. Bundan tashqari, har ikki diniy tizimda sig‘inish obyekti umumiy; «Rigveda»da ham, «Avesto»da ham olovga sig‘inish e’tiqodiy asos sifatida namoyon bo‘ladi. Bunday o‘xshashliklar juda ko‘p.
«Rigveda»da so‘zning ahamiyati alohida o‘rin tutadi. Ma’budlarni e’zozlashda so‘z ibodat va qurbonlik kam hisoblangan emas. So‘z poklovchi, muqaddas omil hisoblangan, «Rigveda»da u ma’buda Voch («voc»–«so‘z», «nutq» degani) timsolida jonlantirilgan.
Sharqiya-alqovlarni shoir-kohinlar-rishilar yaratganlar. Rishilar san’ati bizning hozirgi baxshi-shoirlarimiz san’atiga o‘xshash vorisiylik tabiatiga ega bo‘lgan, otadan o‘g‘ilga o‘tgan. Oriylarning Hindiston ichkarisiga kirib boraverishi bilan tabaqaviy to‘siqlar yo‘qola borgan; rishilar uchun zot emas, iste’dod birinchi o‘ringa chiqqan.
«Rigveda»da oriylar jamiyatidagi shoir ilohiy karomatga dahldor, ma’budlar alqagan donishmand tarzida namoyon bo‘ladi. Shoir ma’buddan ana shu karomatli onlarni baxshida etishni so‘raydi. Donishmandlik, bu bir zum namoyon bo‘luvchi manzara. Unga erishishning usuli - ko‘rishdir. Shoir ichki nigoh, savqi tabiiy bilan, uning haqiqatning ilohiy manzarasini haqiqat nogoh yoritib yuboradigan nuri orqali ko‘radi. Bir manzara o‘rnini ikkinchisi egallaydi va bu manzara-karomatlar almashinuvi zaminida dhi deb nomlangan vedaga xos dunyoni bilish yotadi.
Dhi-«fikr, tasavvur, qarash, tushuncha; intuitsiya (fahm), bilish, aql, bilim, san’at, ibodat», shuningdek, «ko‘z o‘ngiga keltirish, fikrlash» ma’nolariga uyqash. Shoir dhira-«dhi» egasi, donishmand, iste’dod egasi» deb atalgan. Shoirlar ma’budlardan dhi ato etishlarini so‘raganlar. Dhi tufayli shoirlar ma’budlar odamlar orasidagi vositachiga aylanganlar. Zero shoir-«doimo ma’budlar olami bilan uchrashuv» timsolidir. Ma’budlar olami esa mutloq go‘zallik maskani Vedalardagi tasavvurga ko‘ra, shoirlar o‘zlari yangi manzaralar yaratmaydilar, balki oddiy bandalar ko‘rolmaydigan ma’budlar dunyosiga tegishli manzaralarni so‘zga aylantiradilar. Bunda ilhomning o‘rni muhim. Ilhomgina shoirga ilohiy so‘z ustidan hukmronlik qilish imkonini beradi. Shu bois shoirning muvaffaqiyati Voch bilan bog‘liq. Voch deydi: «Kimni suysam o‘shani-qudratli, o‘shani-brahman, o‘shani-rishi, o‘shani-donishmand qilaman. Zero shoir-baxshining «So‘z bilan ko‘rmoqchiman iloh Agni siyratini», deyishi bejiz emas.
«Rigveda»-she’riy matn. Uning she’riy o‘lchovi hijolarning muayyan soniga asoslangan. Ayni paytda uzun va qisqa hijolar farqlanadi. «Rigveda»da 1028 sharqiya-alqovlar mavjud. Uzoq zamonlardan buyon Hindistonda bu sharqiyalar musiqa jo‘rligida ijro etilishi odat tusiga kirgan. Chunonchi, «Samoveda» - butunasicha musiqaga solingan «Rigveda» sharqiyalaridan iborat.
Qadimgi Xitoy estetikasi deganda, biz odatda, miloddan avvalgi VII asrdan milodning V asrigacha bo‘lgan davrni nazarda tutamiz. Mana shu davrda Xitoyda, garchand estetik tafakkur mustaqil fan maqomiga ega bo‘lmasa-da, lekin asosiy falsafiy-estetik tushunchalar shakllangan edi. Biroq, dastlabki nafosatga doir tasavvurlar, g‘oyalar, tushunchalar bundan ancha avval «Shutszin»(«Tarixlar kitobi»-miloddan avvalgi XII asr), «SHitszin («Qo‘shiqlar kitobi»-miloddan avvalgi XI-YI asrlar), «Itszi» («O‘zgarishlar kitobi»- miloddan avvalgi YIII-YII asrlar) deb nomlangan yodgorliklarida uchraydi. Ularni eng avvalo, mazkur kitoblardan joy olgan asotirlar-miflarda va she’riy eposlarda ko‘rish mumkin.
Bular orasida «Shitszin» («Qo‘shiqlar kitobi») alohida o‘rin tutadi. Zero u qadimgi Xitoy xalqi tarixini ko‘pgina tarixiy, etnografik va boshqa yodgorliklarga nisbatan to‘laroq, chuqurroq aks ettiradi, desak yanglishmaymiz. «Shitszin» 305 she’riy asarni o‘z ichiga oladi. Ular to‘rt qismga bo‘lingan: «Gofun» («Saltanatlar odatlari»), «Syao ya» («Kichik qasidalar»), «Da ya» («Ulkan qasidalar») va «Sun» («Alqovlar»). «SHitszin»dagi she’riy asarlar asosan xalq og‘zaki ijodining yozib olingan variantlaridir, to‘g‘rirog‘i musiqaga solingan she’rlardir. Agar qadimda musiqa va raqs bir-biridan ajralib chiqmaganini azarda tutsak, bu yodgorlikda ham so‘z san’ati, ham musiqa san’ati, ham raqs san’ati ruhini, unsurlarini ko‘rish mumkin. Cuunonchi, «Yueszin» («Musiqa haqida kitob») deb atalgan qadimgi yodgorliklardan bizgacha etib kelgan bir parchada shunday deb yoziladi: «She’riyat-bu so‘zga aylangan intilish; qo‘shiq uni tovush orqali ifodalaydi; raqs obrazni harakat orqali yetkazadi. Har uchala tur yurakda ildiz otadi, keyin ularga musiqiy asboblar ergashadi». Bu parchadan o‘sha paytlarda so‘z san’ati kuy va raqs talablariga bo‘ysindirilgani ko‘rinib turibdi.
Ieroglif - belgilar odamlarning reallikka estetik munosabati taraqqiyotini, badiiy ijod umumiy qonunlari shakllanishining manzarali belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bois so‘zning she’riy ma’nosi ko‘p hollarda aniq va cheklangan doiralarda emas, balki asosiy ma’noga o‘xshashligi, yaqinligi, ba’zan esa zidligi bilan ochiladi. Satrlarda tugallangan obraz o‘rnida, o‘sha obrazning ko‘lankasi ishora, badiiy asosgina aks etadi; atayin qilingan nim ifoda, notugallik, ko‘pma’nolilik, bir chizgi, belgida homaki matn tarzida in’ikos topgan ishora ba’zan asl ma’nodan muhimroq ahamiyat kasb etadi. Natijada ijodiy hamkorlik tug‘iladi, o‘quvchi san’atkorning asosiy fikriga bo‘ysunuvchi, uni inkor etmaydigan rang-barang bo‘yoqlarni tasavvur qiladi. Bunda muallif qancha kam so‘z ishlatgan bo‘lsa, shuncha ko‘p ifoda vositalari iqtisod qilinadi, fikrlashga, tasavvurga, manzara yaratishni tugallashga shuncha katta imkon tug‘iladi. Shu bois kamso‘zlik, qisqalik, nozik ishora qimmatli hisoblanadi. Qadimgi Xitoy shoirlarining o‘zlarini cheklashga, iloji boricha kam so‘z ishlatishga, ifodaviy vositalarga «xasislik» qilishlariga intilishlari shundan.
Qadimgi Xitoy estetikasida ikki yo‘nalish alohida ajralib turadi. Bular - daochilik va konfutsiychilik. Daochilik yo‘nalishining muhim belgisi bu-fazo (kosmos) va tabiatning azaliy va abadiy go‘zalligi; jamiyat va inson go‘zalligi darajasi esa ana shu borliq go‘zalligiga qanchalik o‘xshash, yaqin ekanligi bilan belgilanadi. Konfutsiychilik xulqiy go‘zallik muammosini o‘rtaga tashlaydi; axloqiy-estetik ideal uning eng muhim belgisi sanaladi.
Qadimgi Yunon mutafakkirlarining estetik qarashlari (Suqrot, Aflotun, Arastu)
Qadimgi Yunon mumtoz falsafasi haqida gap ketganda ko‘pgina adabiyotlarda uni go‘yo Yunonistonda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan aqliy yuksaklik, ya’ni, Yunonlarning (ovro‘paliklarning) boshqa irqlarga nisbatan buyukligidan dalolat beruvchi hodisa sifatida talqin etiladi. Lekin, aslida qadimgi Yunoniston fani va madaniyati Eron, Bobilon, qadimgi Misr va qadimgi Hindiston singari SHarq mamlakatlari erishgan yutuqlardan foydalanib, shu darajaga ko‘tarildi. Qadimgi SHarq yunonlar uchun ulkan maktab vazifasini o‘tadi. CHunonchi, Fales, Pifagor, Demokrit, Heraklit, Suqrot, Aflotun singari allomalar ana shu maktab ta’limotidan bahramand bo‘lib, buyuklikka erishganlar. Buning isbotini deyarli barcha qadimgi manbalarda, xususan, Yunonlardan qolgan falsafiy, adabiy, va tarixiy manbalarda ko‘rish mumkin.
Qadimgi Yunon mumtoz estetikasi deganda biz, asosan, uch buyuk siymoni nazarda tutamiz. Bular - Suqrot, Aflotun va Arastu.
Suqrot (miloddan avvalgi 469-399-yillar) jahon falsafasida birinchi bo‘lib antropologik yondashuvga asos solgan mutafakkir, ungacha falsafaga faqat kosmologik yondashuv hukmron edi. U diqqatni kosmos-fazoga emas, balki insonga qaratdi, insonni amaliy xatti-harakati, axloqiyligi nuqtai nazaridan o‘rganishga kirishdi. Suqrot axloqshunoslik va estetikaning, axloq va go‘zallikning uzviy aloqasini ta’kidlab ko‘rsatadi. Uning ideali-ma’nan va jisman go‘zal inson. U insonni san’atning asosiy obyekti sifatida olib qaraydi, san’atning estetik va axloqiy me’zonlari masalasini o‘rtaga tashlaydi hamda shular orqali ijodiy jarayonni ochib berishga urinadi.
San’at, Suqrotning fikriga ko‘ra, taqlid orqali hayotni in’ikos ettirishdir. Lekin bunday taqlid aslo nusxa ko‘chirish emas. Haykaltarosh Pirrasiy bilan suhbatida mutafakkir, san’atkor insonni, tabiatni, voqelikni umumlashtirish orqali qaytadan jonlantiradi. Haykal ham, ya’ni, tosh ham, boshqa san’at turlaridagi kabi «qalbning holatini», insonning ruhiy-ma’naviy qiyofasini aks ettirishi kerak. Axloqiy idealargina in’ikos etilishga loyiq.
Qadimgi Yunon estetikasida Aflotunning (milodgacha 427-347) qarashlari diqqatga sazovordir. Uning estetika borasidagi fikr-mulohazalari asosan «Ion», «Fedr», «Bazm», «Qonunlar», «Davlat» singari asarlarida o‘z ifodasini topgan.
Aflotun Suqrotdan farqli o‘laroq, g‘oyalar muammosini o‘rtaga tashlaydi. Uning nazdida asl borliq ana shu g‘oyalardan iborat. Umumiy tushunchalar qancha bo‘lsa, g‘oyalar ham shuncha. G‘oyalarning o‘rni narsalarga nisbatan birlamchi; avvalo g‘oyalar, undan keyin narsalar. Atrof-tevarakdagi his etiluvchi narsalar hissiyotdan yuksak turuvchi g‘oyalarning in’ikosidir. Aflotunning fikriga ko‘ra, asl go‘zallik his etilguvchi narsalar dunyosida bo‘lmaydi, u g‘oyalar olamiga taalluqli. «Davlat» asarida faylasuf Suqrot va Glaukon suhbati asnosida g‘or haqidagi mashhur masal-afsonani keltirar ekan, bizga ko‘rinib turgan, biz yashayotgan dunyo bor-yo‘g‘i soyalar o‘yini, haqiqiy dunyoni ko‘rish uchun esa inson ojizlik qiladi. Inson g‘or devoriga kishanband qilingan tutqunga o‘xshaydi, u faqat haqiqiy borliqning soyasini kuzata oladi, xolos, haqiqiy borliq esa ana shu soya ortida ko‘rinmay qolaveradi. Go‘zallik ham haqiqiy borliqqa taalluqli. Unga hissiyotlar yordamida etishish mumkin emas, faqat aql orqaligina uni anglash mumkin; u o‘zgarmas, zamon va makondan tashqarida. Bu o‘rinda Aflotunning haqiqiy go‘zallik sifatida Xudoni nazarda tutayotganini ilg‘ash qiyin emas.
Qadimgi Yunon estetikasining yuksak cho‘qqisi Arastu (milodgacha 384-322) ijodidir. Uning asosan «Xitoba» («Ritorika»), «Siyosat», ayniqsa «She’riyat san’ati» («Poetika») asarlarida estetika muammolari o‘rtaga tashlangan.
Arastu go‘zallik masalasini o‘z tadqiqotlari markaziga qo‘yadi. U go‘zallikni tartib, mutanosiblik va aniqlikda ko‘radi. Go‘zallikning nisbatan yuksak ifodasi esa, tirik jonzotlarda, ayniqsa, insonda namoyon bo‘ladi. Go‘zallikning yana bir belgisi, Arastu fikriga ko‘ra, miqdorning cheklanganligi. «Jonsiz narsalar kabi jonli mavjudotlar ham hajman oson ilg‘ab olinadigan bo‘lishlari kerak, deydi faylasuf- Shunga o‘xshash fabula ham oson esda qoladigan cho‘ziqlikka ega bo‘lishi shart». Go‘zallikning eng muhim belgisini esa, Arastu uzviy yaxlitlik deb ataydi. Uning talqiniga ko‘ra, yaxlitlik ibtido, markaz va intihodan iborat bo‘ladi. Arastugacha go‘zallik va ezgulik aynanlashtirilar edi. Arastu esa birinchi bo‘lib ularni farqlaydi; ezgulik faqat harakat orqali, go‘zallik harakatsiz ham voqe bo‘ladi, degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.
Musulmon Sharq mutafakkirlarining estetik g‘oyalari (Forobiy, Ibn Sino, Imom G‘azzoliy).
O‘rta asrlar Musulmon Sharqida Arastudan so‘ng eng ulug‘ ustoz sifatida Abu Nasr al Forobiy (873-950) mashhur bo‘ldi. U Arastudan keyingi ustoz «Muallimi soniy»-«Ikkinchi muallim» nomini oldi.
Forobiyning qarashlarida ezgulik bilan go‘zallik ma’lum ma’noda aynanlashtiriladi, biri ikkinchisida yashovchi hodisalar sifatida talqin etiladi. Shuning uchun uning asarlarida «Go‘zal xatti-harakatlar», «Go‘zal qilmishlar» degan iboralarni uchratish mumkin. Go‘zallikka etishishni u falsafa tufayli ro‘y beradi, deb hisoblaydi. Har bir narsa hodisaning go‘zalligi uning o‘z borlig‘ini to‘la namoyon etishi va mukammallikka erishuvi bilan bog‘liq. Alloma faylasuf insonda ikki xil go‘zallikni farqlaydi: ichki va tashqi. U ichki go‘zallikni yuqori qo‘yadi va bu «Boyning boyligini bezab, kambag‘alning kambag‘alligini yashiradigan» go‘zallikni «adab» deb ataydi. Bunday go‘zallik yuksak axloqiy xatti-harakatlar va insoniy komillikda o‘zini namoyon etadi. Tashqi go‘zallikka kelganda, faylasuf tabiiy go‘zallikni har qanday bezanish, yasanishlardan yuqori qo‘yadi.
Forobiy sa’atning taqlidiylik xususiyatiga egaligini ta’kidlaydi. Ana shu taqlidiylik idrok etuvchida hissiyot va tasavvur uyg‘otadi. San’atkor o‘z xayolot kuchi, ijodiy qudrati bilan umumiy g‘oyalarni yakka qiyofalarda in’ikos ettiradi. U nutqning turlarini mantiqiy nuqtai nazardan tadqiq etar ekan:
-she’riy nutqni - mutlaq yolg‘on;
-sofistik nutqni - asosan yolg‘on;
-xitobiy nutqni - bir xilda ham yolg‘on, ham rost;
-dialektik nutqni - asosan rost;
-isbotiy (apodiktik) nutqni - mutlaq rost, deydi.
Yana bir buyuk qomusiy olim, bobokalonimiz Ibn Sino (980-1037) Forobiy qarashlarini davom ettirib, musiqadan olinadigan lazzat musiqiy uyg‘unlikning makonda yoyilishidan, pardalarning navbatma-navbat kelishidan deb biladi. Musiqada gap tovushining o‘zida emasligini, balki uni qanday chiqarish muhim ekanini aytadi, ya’ni bizda yoqimli yoki yoqimsiz sezgini tovushning o‘zi emas, balki uni paydo qilish usuli uyg‘otadi. Musiqaning kelib chiqishini esa inson nutqining boyligi bilan bog‘laydi: xushomad qilayotganda ovoz pasayadi, mag‘rur so‘zlayotganda qat’iy jaranglaydi va h. k.” Musiqa inson kayfiyatiga taqliddir“,- deydi Ibn Sino. Shuningdek, alloma go‘zallik borasida ham Forobiy izidan boradi. Uning fikriga ko‘ra, jismoniy go‘zallik bevosita qalb go‘zalligi bilan belgilanadi. «Ishq risolasi» asarida muhabbatning asosida go‘zallik yotishini «aslida muhabbat - go‘zallikni ma’qullashdir», degan fikr bilan ifodalaydi.
O‘rta asrlar nafosatshunosligida Ibn Sinoning «She’r san’ati» asari o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Unda qomusiy alloma, Arastu «Poetika»sini sharhlar ekan, o‘ziga xos yangiliklar kiritadi va she’rning keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan mana bu qoidasini keltiradi: «She’r deb - obrazli so‘zlardan iborat bo‘lgan ritmli, bir-biriga muvofiq iboralardan tarkib topgan hamda misralar bir-biriga teng, vaznlari qaytariladigan, oxirgi tovushlari bir-biriga o‘xshash satrlarga aytiladi». Uning fikriga ko‘ra, she’r taqlidiy fikr natijasi o‘laroq uch xil yo‘l bilan yuzaga keladi. Birinchisi lahn- uyg‘unlik, undan keyin kalom- so‘z keladi (bunda albatta timsolli-obrazli so‘z nazarda tutiladi). Uchinchisi- vazn. Mana shu uch yo‘lning bir-biriga mos kelishi natijasida she’r paydo bo‘ladi. Yo‘qsa ko‘ngildagidek she’r yaratish mumkin emas.
O‘rta asrlar musulmon Sharqi nafosatshunosligida mashshoiyyo‘nlik yo‘nalishi bilan birga tasavvufiy yo‘nalish ham vujudga keldi. Uning buyuk vakili tasavvuf falsafasi asoschisi tengi kam ilohiyotchi Imom G‘azzoliy (1058-1111)dir. Uning «Ihyo ulum ad din» («Din haqidagi ilmlarning tirilishi») va «Kimyoi saodat» asarlarida estetikaka keng o‘rin berilgan.
G‘azzoliy ularda go‘zallik tushunchasiga alohida to‘xtaladi, manfaatsiz go‘zallik, oltinchi sezgi vositasida his etiladigan go‘zallik haqida o‘ziga xos nazariyalarni o‘rtaga tashlaydi. Bularning hammasi muhabbat tushunchasi bilan bog‘liq holda tadqiq etiladi.
G‘azzoliy zohiriy va botiniy go‘zallik xususida fikr yuritar ekan, tug‘ma nafosat tuyg‘usining mavjudligi haqidagi g‘oyani go‘daklar va hayvonlarning ham nafosat tuyg‘usiga egaligi bilan isbotlashga intiladi. Go‘zallikni idrok etish tuyg‘usining tug‘maligi, tabiiyligi va uni anglab etish orqali his qilish borasida hozir ham bahsli qarashlarning mavjudligi G‘azzoliy o‘rtaga tashlagan estetika muammolari hanuz dolzarb ekanini tasdiqlaydi.
G‘azzoliyning estetik qarashlarida o‘simlik, hayvon hamda insonning tashqi muhitga munosabatiga, ularda estetik did, nafosat hissining bor-yo‘qligi muammolariga, shaxsning go‘zallikka munosabati, uning komil insonga aylanishi, nisbiy va mutlaq go‘zallik, ibodat bilan san’atning farqi singari masalalarga to‘xtalib o‘tadi.
Temur va temuriylar davri nafosatshunosligi. XIII asrga kelib, Markaziy Osiyo mintaqasi hamma sohada yuksaklikka erishgan edi. Afsuski, mo‘g‘ul bosqini Turkiston, Mavorounnahr, Rum, Xuroson singari gullab-yashnab turgan o‘lkalarni vayron qildi. Ilm-fan, madaniyat tanazzulga yuz burdi, ne-ne shaharlar yer yuzidan izsiz yo‘qoldi, musulmon sharqi zulmat ichida qoldi. Faqat tarix sahnasiga Amir Temur chiqqanidan keyingina uyg‘onish boshlandi. Sohibqiron bobomiz yuritgan oqilona siyosat butun mintaqada ma’naviy yuksalishga olib keldi. Shu bois Temur va temuriylar davri ilm-fan va san’atning oltin davri hisoblanadi. Bu davr nafosatshunosligida buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning o‘rni o‘ziga xos.
Alisher Navoiy (1441-1501) o‘z asarlarida ichki va tashqi go‘zallik g‘oyasini ilgari suradi. Allomaning «Xamsa»sidagi bosh qahramonlar ana shunday komil go‘zallik egalari. Umuman, Navoiy ham, boshqa ko‘pgina Sharq mutafakkirlari kabi insoniy go‘zallikni ichki go‘zallikda, xulqiy go‘zallikda ko‘radi.
Navoiy so‘zga alohida e’tibor beradi, uni ko‘ngil qutisi ichidagini gavhar deb ataydi, hatto falak jismining joni deydi:
Ko‘ngul durji ichra guhar so‘zdurur,
Bashar gulshanida samar so‘zdurur.
Erur so‘z falak jismining joni ham,
Bu zulumotning obi hayvoni ham.
«Majolis un-nafois», «Me’zon ul-avzon» asarlarida Navoiy ana shu mohiyatan muqaddas bo‘lgan so‘zdan foydalanish san’ati haqida fikr yuritadi. «Me’zon ul-avzon» aruz nazariyasi sifatida diqqatga sazovor bo‘lsa, «Majolis un-nafois» tengi kam tazkira sifatida estetikaga aloqadordir. Unda Navoiy 450 nafardan ortiq shoir ijodiga to‘xtalib o‘tadi va ular ijodi uchun xarakterli bo‘lgan misollarni keltiradi. Ayni paytda, tazkirada din, shakl va mazmun singari estetika muammolari ham o‘z aksini topgan. Chunonchi, tazkiraning temuriy shahzoda shoirlarga bag‘ishlangan yettinchi majlisida Amir Temur didi haqida fikr yuritar ekan, shunday deydi: “... agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqeda o‘qubdurlarkim, aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming yaxshi bayt aytgancha bor”. Bu parchadagi andak mubolag‘adan qat’i nazar, Navoiy shoirona, estetik did tom manodagi estetik idrok egasi bo‘lishni, to‘g‘ri kelgan gapni vaznga solib, she’r deb taqdim etuvchi ba’zi nazmbozlardan yuqori qo‘yganini fahmlab olish qiyin emas.
Umuman o‘sha davrda yozilgan san’at turlariga doir risola va tazkiralarni o‘nlab emas, yuzlab sanash mumkin. Tasviriy san’at o‘zining sharqona ko‘rinishi-miniatyura janrida yuksak darajaga ko‘tarildi. Hirotda »Nigoriston» miniatyura maktabi vujudga keldi. Uning yetakchi rassomi Kamoliddin Behzod «Sharq Rafaeli» nomini oldi. Navoiy zamonasida barcha Hirot ahli, kasbi-koridan qat’i nazar, biror san’at turidan xabardor edi. Nafis majlislarda yangi asar muhokamasi nihoyatda nozik didlilik bilan o‘tgan. Zayniddin Vosifiy o‘zining «Badoe’ ul-vaqoe’» asarida ana shunday nafis majlislardan birini keltiradi. Unda Behzod keyinchalik chizgan Alisher Navoiy suratining muhokamasi tasvirlanadi. Muhokamada Navoiy portreti fonidagi bog‘, qushlar va boshqa narsalarning tabiiy chiqqanligi, surat ulkan iste’dod mahsuli ekani o‘sha davrga xos nazokat bilan aytiladi..
Olmon mumtoz estetikasining o‘ziga xos xususiyatlari (Kant, SHiller, SHelling, Xegel). Insoniyat tafakkuri tarixida olmon mumtoz nafosatshunosligi nihoyatda yuksak darajaga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Lekin bu darajaga yetguncha Ovrupo nafosat ilmi uzoq tarixiy yo‘lni bosib o‘tadi. O‘rta asrlarda cherkov hukmronligi tafakkur erkinligini bo‘g‘ib tashladi, natijada Ovrupo zulmat uyqusiga cho‘mdi. Nihoyat musulmon Ispaniyasi orqali XI-XIII asrlarda musulmon olami erishgan ma’naviy yuksaklik, arab va suryoniy tillariga tarjima qilingan qadimgi yunon mutaffakkirlarining asarlari Ovrupoga kirib keldi. Chunonchi, qadimgi nafosatshunoslik durdonasi bo‘lmish Arastuning «She’riyat san’ati» («Poetika») asari XIII asrda arab tilidan lotinchaga tarjima qilinib, keng tarqaldi. Oradan ikki yuz yildan ortiq vaqt o‘tgandan keyingina u yunonchadan lotinchaga o‘girildi.
Olmon mumtoz estetikasi ibtidosida buyuk faylasuf Immanuil Kant (1724-1804) turadi. U «Go‘zallik va ulug‘vorlik tuyg‘ulari ustidan kuzatishlar» (1764), «Sof aqlning tanqidi» (1781), «Amaliy aqlning tanqidi» (1788), «Muhokama qobiliyatining tanqidi» (1796) asarlarida nafosatshunoslik muammolariga maxsus to‘xtaladi.
Kantning fikriga ko‘ra, go‘zallik hissiyot manfaatsiz, beg‘araz, narsa-hodisaga bevosita maftunlikka borib taqaladi. Maftunlikning, muhabbatning obyekti esa shakldan boshqa narsa emas. Kant go‘zallikning quyidagi to‘rtta belgisini alohida ko‘rsatib o‘tadi:
Birinchi belgisi - go‘zallik manfaatsiz maftunlikning, muhabbatning obyekti.
Ikkinchi belgisi – go‘zallik tushunchalar yordamisiz, ya’ni, aql kategoriyasiz, bizga umumiy maftunlikning narsa hodisasi sifatida namoyon bo‘ladi. Estetik muhokama hech qachon mantiqiy asoslanishi mumkin emas.
Uchinchi belgisi – go‘zallik maqsadga muvofiqlik shakliga egaligi, ya’ni qandaydir aniq maqsad haqida tasavvur hosil qilmasdan turib, narsa-hodisadagi maqsadga muvofiqlikni idrok etish mumkinligi bilan ajralib turadi. Demak, go‘zallik-narsa-hodisaning maqsadga muvofiqlik shakli, zero u maqsad haqida tasavvurga ega bo‘lmasdan turib, idrok etiladi.
To‘rtinchi belgisi - go‘zallik bizga tushunchasiz, zaruriy maftunlikning obyekti narsa-hodisasi sifatida yoqimlidir.
Shunday qilib, go‘zallik hammaga hech qanday manfaatsiz, shundayligicha, o‘zining sof shakli bilan yoqishi zarur bo‘lgan narsa-hodisadir.
Bu davrning eng zabardast va o‘ziga xos nafosatshunoslaridan biri buyuk olmon shoiri va dramaturgi Fridrix Shiller (1759-1805)dir.
Shiller jamiyatni o‘zgartirishni istaydi, lekin inqilobiy o‘zgarishlarga qarshi. Shillerning nazdida, inqilob avvalo, axloqsizlik, u asrlar mobaynida qaror topgan axloqiy tamoyillarni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydi; ikkinchidan, u nafosatga qarshi-inson tabiati uyg‘unligini buzadi, narsa mavjudligi tabiiy tartibining muqaddasligini va go‘zalligini parchalab yuboradi. Shu bois jamiyatni qayta qurishdan avval insonni qayta qurmoq lozim. Buni esa shaxsning uyg‘un rivojlanishi, go‘zallik vositasidagi tarbiya orqali amalga oshirish mumkin. Go‘zallik esa Shiller nazdida, hodisaga aylangan erkinlik.
Xo‘sh, bozor iqtisodiyoti sharoitidagi pulga sig‘inishdan, insonni o‘z kasbining muruvvatiga, parchasiga aylanib qolishdan xalos etish uchun, unga qadimgi yunonlar davridagi uyg‘unlikni qaytarish uchun nima qilmoq kerak? Shiller, yuqorida aytganimizdek, inqilobiy yo‘lni qat’iy inkor etgan holda, «estetik tarbiya» tushunchasini kiritadi; erkinlikka yo‘l faqat go‘zallik orqali o‘tadi, degan fikrni ilgari suradi.
Olmon mumtoz faylasuflari orasida Fridrix Vilxelm Yozef Shelling (1175-1854)ning estetik qarashlari ham diqqatga sazovor. Uning «San’at falsafasi», «Resi», «Tasviriy san’atning tabiatga munosabati» singari asarlarida nafosatshunoslik muammolari ko‘tarilgan.
Shellingning fikriga ko‘ra, san’at asarining o‘ziga xos belgisi «onglanmaganlikning cheksizligi» hisoblanadi. San’atkor o‘z tabiatidangina kelib chiqib ijod etar ekan, badiiy asar u aytishni xohlagandan ortiq narsani o‘z ichiga oladi. Zero san’atkor o‘z asariga asar g‘oyasiga kirmagan yana «qandaydir cheksizlikni» ixtiyorsiz ravishda singdiradi. Bu cheksizlikni «cheklangan aql» qamrab ololmaydi. Ana shu onglanmaganlikning cheksizligidan Shelling go‘zallik tushunchasini keltirib chiqaradi: go‘zallik cheksizlikning cheklanganlikdagi ifodasi. Go‘zallik san’atning asosiy xususiyati. Go‘zalliksiz san’atning mavjud bo‘lishi mumkin emas. San’atkor avvalo hissiy go‘zallik g‘oyasini anglaydi shu g‘oyani sezilarli qiluvchi narsa bilan biriktiradi. Dahoning vazifasi olam uyg‘unligida Xudodagi oliy go‘zallikni ko‘ra bilishdir.
San’at taraqqiyotini Shelling asta-sekinlik bilan uning jismiylikdan qutilib borishida ko‘radi. Chunonchi, yunon haykaltaroshligida ruhiy jihat jismda o‘z ifodasini topgan. Haykallar ilohiy mavjudotlar tushunchasini beruvchi va shuning barobarida san’atning maqsadini belgilovchi qadimgi yunon mifologiyasiga asoslagan. Yangi davrda ana shu vazifani nasroniylik bajaradi. Rangtasvir, nojismiy narsalardan, qay darajadadir ruhiy bo‘lgan bo‘yoq va jilodan foydalana borib, tobora yangi davr san’atiga aylanib bormoqda. Rassom uchun eng muhimi-ma’naviy go‘zallikni aks ettirish. Shunday qilib, Shelling nazdida san’at taraqqiyotining barcha jarayonlari xissiylikdan ma’naviylikka o‘tish harakatidan ruhning materiya ustidan g‘alaba qozonib borishidan iborat.
Olmon mumtoz nafosatshunosligida o‘ziga xos e’tiborli o‘rinni Georg Vilxelm Fridrix Xegel (1770-1831) egallaydi. Nafosatshunoslik borasida uning «Estetika»deb nomlangan ko‘p jildlik ma’ruzalari mashhur. Xegel o‘z falsafiy tizimini mutlaq g‘oya asosiga quradi; uning uchun barcha mavjudlikning asosida qandaydir qiyofasiz, nosubyektiv ruhiy ibtido yotadi - ana o‘sha mutlaq g‘oya. Mutlaq g‘oya esa tabiat, ijtimoiy hayot va uning barcha ko‘rinishlari mohiyatini tashkil etadi. Nafosat ham muayyan taraqqiyot bosqichidagi g‘oyaning o‘zi. Mutlaq g‘oya to tabiatga kirib borguniga qadar sof mantiqiy shaklda rivojlanadi. So‘ng u o‘zini tabiat sari begonalashtiradi, keyin yana o‘ziga, ruhiy olamiga qaytadi. Biroq, bu qaytish shu lahzagacha bo‘lgan barcha taraqqiyot hodisalari bilan boyish vositasida ro‘y beradi. Taraqqiyotning ana shu uchinchi bosqichida mutlaq g‘oya zaruriy muayyanlikka ega bo‘ladi. Muayyanlashuv shaklini g‘oya subyektiv, obyektiv va nihoyat mutlaq ruh qiyofasida qo‘lga kiritadi. Muayyan ruhning bu uch shakli nafaqat inson ongini, balki turli insoniy faoliyatlar hamda insoniy aloqalar va munosabatlar mohiyatini ham tashkil etadi. g‘oya taraqqiyotining oliy bosqichi mutlaq ruh hisoblanadi. Mutlaq ruh o‘zi uchun o‘zini predmet qilib, o‘zi uchun o‘z mohiyatini ifodalashdan boshqa hech qanday maqsadga ham, faoliyatga ham ega bo‘lmagan erkin, haqiqiy, cheksiz ruh. U tashqi va hissiy mushohadada tasavvurga, tasavvurdan tushunchalar asosidagi tafakkurga qarab rivojlanib boradi.
Xegelning fikriga ko‘ra, san’atning ibtidosi - me’morlik; u ramziy shaklga kiradi, zero his etiluvchi material g‘oyadan ustun turadi, shakl va mazmun muvofiqligi yo‘q. Bunda me’mor foydalanadigan noorganik material ma’naviy mazmunga bir shior, xolos. Haykaltaroshlikda, nisbatan san’atning yuksak turi sifatida, inson vujudida erkin ma’naviylik o‘z aksini topadi. Bunda g‘oya ruhga munosib ifoda bilan singishib ketadi, his etiluvchi qiyofa va g‘oyaning to‘liq uyg‘unligi kuzatiladi. Haykaltaroshlik san’atning mumtoz shakli bo‘lib, unga yaqini-rangtasvirdir. Uning tasviriy vositasi moddiy substrat (tosh, yog‘och va h. k.) emas, balki rangin yuza, jiloning jonli tovlanishi. Rangtasvir moddiy jismning his etiladigan makondagi to‘laligidan qutiladi, zero u birgina yassilik bilan o‘lchanadi. Makondan to‘liq qutilish musiqada ro‘y beradi. Uning materiali tovush, tovushli jismning tebranishi. Material bu yerda makoniy emas, zamoniy ideallik tarzida namoyon bo‘ladi. Musiqa hissiy mushohada chegarasidan chiqib, faqatgina ichki kechinmalar doirasini qamrab oladi.
Nihoyat so‘nggi, romantik san’at - she’riyat yoki so‘z san’atida tovush o‘z holicha hech qanday ma’no anglatmaydigan belgi sifatida yuzaga chiqadi. Poetik tasvirning asosiy unsuri shoirona tasavvur. She’riyat (badiiy adabiyot) hamma narsani tasvirlay oladi. Uning materiali jo‘ngina belgi emas, ma’no sifatidagi, tasavvur sifatidagi tovush. Biroq material bunda erkin, o‘z holicha emas, balki ritmik musiqiy qonunlarga binoan shakllanadi. She’riyatda go‘yo san’atning hamma turlari bir-bir takrorlangandek; epos sifatida u tasviriy san’atga mos - xalqlar tarixini boy obrazlar va rangtasvirli manzaralar bilan bafurja hikoya qiladi; u lirika sifatida - musiqa, zero u qalb holatini aks ettiradi; nihoyat u dramatik she’riyat sifatida mazkur ikki san’atning birligi, zero harakatdagi, ziddiyatli manfaatlar, insoniy xarakterlar orasidagi kurashni ko‘rsatadi. Shuningdek, Xegel nafosatshunoslikning asosiy mezoniy tushunchalar, ideal va boshqa muammolar borasida ham teran fikrlar bayon etadi. Umuman, olmon mumtoz estetikasi insoniyat tafakkuridagi muhim taraqqiyot bosqichi sifatida katta ahamiyatga ega.
Ovro‘pa noratsional estetikasining asosiy g‘oyalari (Shopengauer, Nitsshe). Olmon mumtoz estetikasida ratsionalizm o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan bo‘lsa, undan keyingi ba’zi falsafiy ta’limotlar noratsionallik asosida ish ko‘rdilar. Ana shu noratsionallik yo‘nalishining dastlabki yirik namoyandalaridan biri buyuk olmon faylasufi Artur Shopengauer (1788-1860)dir.
Shopengauerning nafosat falsafasi asosan «Olam ixtiyor va tasavvur sifatida» deb nomlangan yirik asarida bayon etilgan. Faylasuf san’at bilan fanni bir-biriga solishtirar ekan, san’atni narsalarning asoslanish qonunidan mustaqil tarzda «mushohada qilish turi» deb ataydi. Estetik mushohada obyekti alohida narsa emas, balki asoslanish qonuni harakati ostidan olingan g‘oya aflotuncha ma’nodagi g‘oya. Uni aql bilan emas, fahm (intuitsiya) yordamida payqash mumkin. San’atning fandan ustunligi ham ana shunda. Shu ma’noda Shopengauer «g‘oya»ni «tushuncha»ga qarshi qo‘yadi. Tushuncha fanga zarur, san’at uchun esa befoyda. San’atning maqsadi-g‘oyani in’ikos ettirish. San’at turlarining farqi esa ulardagi ifoda materiali bilan belgilanadi. «San’atning mohiyati shundaki, — deydi Shopengauer, — unda bir hodisa minglab hodisa uchun javobgar», u muhim voqea-hodisani olib, nomuhimini tashlab yuboradi. Obraz-mushohadali g‘oya, u tushunchadan farqli tarzda, son-sanoqsiz alohida narsalarning o‘rnini mantiqiylik hamda mavhumiy umumiylik vositasida emas, balki fahmiy (intuitiv) idrok va tasavvur yo‘li bilan egallaydi.
Shopengauerning shogirdi Fridrix Nitsshe (1844-1900)ning qarashlari ham nihoyatda o‘ziga xos. U estetikaga doir asarlarida jumladan, «Fojianing tug‘ilishi» risolasida Suqrotdan to Shopengauergacha bo‘lgan nafosatshunoslikni «qayta baholab» chiqadi; tarixda haqiqat (aql) va go‘zallik o‘zaro hamkorlik yoki juda bo‘lmasa, «qo‘shnichilik» qilgan. Nitsshening fikricha, nafosatshunoslikda «hamma narsa go‘zal bo‘lishi uchun oqilona bo‘lishi kerak»degan suqrotchilikdek yanglish yo‘l yo‘q. Nitsshe romantiklar o‘rtaga tashlagan «go‘zallik Xudoning haqiqati» degan fikrni rad etib, go‘zallikni Xudo-san’atkor tomonidan yaratilgan illyuziya-xomxayol xayolot deb atadi. Haqiqat (aql) bilan go‘zallik, uning nazdida, tenglashtirib va sig‘ishtirib bo‘lmaydigan, bir-biriga zid tushunchalardir.
Turkiston ma’rifatchi-jadidlarining estetik qarashlari (Furqat, Anbar Otin, Fitrat, CHo‘lpon). XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Rossiya mustamlakasi bo‘lgan mazlum Turkistonda ham Uyg‘onish ro‘y berdi. Nisbatan qisqa vaqtni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, bu Uyg‘onish hayotning barcha sohalarida aks etdi. Uning ibtidosida ilg‘or rus tafakkuridan xabardor ma’rifatchilar turar edi. Bu ma’rifatchilar keyinchalik jadidlar deb atala boshladi. Ularning asosiy maqsadi Turkistonning milliy ozodlikka erishishi edi. Erishishning yo‘lini esa ular xalqni ma’rifatli, o‘z insonlik huquqini talab va himoya qila oladigan darajaga ko‘tarishda deb bildilar. Buning uchun esa, ular nazdida uch yo‘nalish muhim edi; maorif, san’at va matbuot. Shu nuqtai nazardan ma’rifatchi jadidlarning san’atga, ayniqsa, uning o‘sha davrda eng qamrovli bo‘lgan turlari adabiyot va teatrga alohida e’tibor berganlari tabiiydir. Zero ma’rifatchi jadid mutafakkirlar axloqiy va estetik tarbiya orqali millat ozodlikka erishadi, deb hisoblar edilar. Shu bois jadidlikni ma’lum ma’noda ijtimoiy-axloqiy-estetik harakat deb aytish mumkin.
Eng yangi davr estetikasidagi asosiy yo‘nalishlar (ruhiy taxlil, ekzstensiyachilik). Oktyabr davlat to‘ntarishidan so‘ng 1917- yili Rossiyada Sho‘rolar tuzumi vujudga keldi. Bu tuzum asoschilari V.I. Lenin va I.V. Stalin butun mamlakatda totalitar tartib o‘rnatdilar, yangi mustamlakachilik siyosatini olib bordilar. Turkiston avval to‘rt, so‘ng besh milliy respublikaga bo‘lindi. 30-yillardan boshlab SSSR deb atalgan bu imperiyada falsafiy-ijtimoiy fanlar mafkuraga bo‘ysundirildi, ularga mafkuraning bir ko‘rinishi maqomi berildi. Natijada ular rivojlanishdan to‘xtadi. Ammo jahonda bu fanlarning taraqqiyoti rosmana davom etdi, yangi-yangi oqimlar va yo‘nalishlar vujudga keldi, mavjudlari yanada keng rivojlanish yo‘liga chiqdi. Shular jumlasidan estetika ham taraqqiy topdi. Ana shu taraqqiyotda ruhiy tahlil yohud froydchilik yo‘nalishi o‘ziga xos o‘ringa ega.
Avstriyalik tahlilchi-faylasuf Zigmund Freyd (1956-1939) ruhshunoslikda yangi bir davr ochdi. Shu asnoda badiiy ijodning o‘ziga xos nazariyasini yaratdi.
Freyd san’atning mavjudligini yuqorida tilga olingan sublimatsiya nazariyasi bilan izohlaydi. «Odamlarning kundalik hayotini kuzatish shuni ko‘rsatadiki, - deydi Froyd, - ko‘plar o‘z jinsiy intilishlarining katta qismini kasbiy faoliyatlariga o‘tkazib yuborishga erishadilar... Bunda mazkur intilishlar sublimatsiyaga uchraydi, ya’ni o‘z jinsiy maqsadlaridan chekinib, endi jinsiy bo‘lmagan, ijtimoiy jihatdan yuksak maqsadlar tomon yo‘naladi».
San’at, Freydning fikriga ko‘ra, tush kabi, onglanmaganlik o‘zini nisbatan ravshan va bevosita ko‘rsatadigan soha. San’at timsollarida onglanmaganlik nazorat (senzura) uchun ma’qul keladigan ramziylik shakllarini oladi. Voqelik ijod jarayonida salbiy (negativ) kuch sifatida ishtirok etadi: u onglanmaganlikning erkin va to‘g‘ridan to‘g‘ri ifodalanishiga to‘sqinlik qiladi. Xayolot (fantaziya)ni Freyd badiiy ijodning asosi deb hisoblaydi. Xayolotning manbai esa - onglanmaganlik, inson ruhiy kuchlarining ombori. Real hayot bilan kelisha olmagan, jamiyat tomonidan ta’qiqlangan intilishlar o‘zini xayolotda va xayolot asosida vujudga keladigan san’atda namoyon qiladi.
To‘g‘ri, Freydning san’atdagi hodisalarni, san’at asari tahlilini, umuman, hamma narsani faqat biologik-seksual tarzda olib qarashini, ularni «Edip kompleksi»ga taqab qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlab bo‘lmaydi. Lekin, shunga qaramay, Freyd ilgari surgan g‘oyalar san’at taraqqiyotiga, nafosatshunoslik ilmiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Froyd ishini davom ettirgan Karl Yung, Otto Rank, Erix Fromm singari tahlilchi faylasuflar ham bu borada ulkan ishlarni amalga oshiradilar.
Estetikaning kategoriyalari. Har bir fan o‘z maqomiga ko‘ra muayyan faoliyatning tadqiqot sohasi bo‘lib, bu faoliyat tabiat, jamiyat va tafakkur haqida yangi bilimlar hosil qilishga qonun va kategoriyalar asosida olamni yangidan idrok etishga qaratilgan bo‘ladi.
Ma’lumki, falsafaning biror-bir kategoriyasini voqelikdan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki, bu kategoriyalar (olam, harakat, makon, me’yor, ziddiyat, yaxlitlik, qism, zaruriyat, tasodif, mohiyat, sifat va h.k) insonni o‘rab turgan olamda sodir bo‘ladigan voqea-hodisalar haqida aniq xulosalar chiqarishga, ularni to‘g‘ri tahlil etishga ko‘mak beradi. Shuningdek, kategoriyalar insonga o‘z tevarak-atrofidagi olamni, voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur bilishga imkon beradi. Biroq, “Falsafada o‘rganiladigan kategoriyaning boshqa aniq fanlar kategoriyalaridan farqi shundaki, deyiladi “Falsafa qomusiy lug‘at”ida,- ular voqelikdagi narsa va hodisalarning ayrim, alohida munosabat va aloqalarinigina ifodalamasdan, balki butun olam, inson hayoti va tafakkur olamiga xos umumiy belgilar, aloqalar, xususiyatlar va munosabatlarni aks ettiradi. ... Falsafiy kategoriya voqelikni chuqur va mukammal aks ettirishi, olamning barcha sohalarida amal qilishi bilan oddiy tushunchalardan farqlanadi. Shu tufayli har bir konkret fan o‘zi o‘rganayotgan sohaning xususiyati va belgilarini ochishda falsafiy kategoriyaga murojaat etadi.”
Aytish mumkinki, kategoriyalar qandaydir o‘zgarmas tushuncha emas, aksincha ular doimo jamiyat va inson taraqqiyoti natijasida o‘zgaradi, takomillashadi. Shu bois zamon falsafasi katoriyalarni o‘rganish va ularga tizimli yondashishni talab etadi.
Estetika ham falsafiy fan sifatida o‘zining qonun va kategoriyalariga ega. Estetika kategoriyalari (go‘zallik, xunuklik, ulug‘vorlik, tubanlik, fojiaviylik, kulgililik va h.k.)inson va tabiat, inson va jamiyat, inson va ijtimoiy borliq bilan doimo hamkorlikda vujudga keladi. Biroq, estetika kategoriyalari nafaqat bilimni oshishiga xizmat qiladi, balki ayni paytda bilimni baholaydi ham. Shu jihati bilan estetika kategoriyalari boshqa falsafiy fanlarning kategoriyalaridan farq qiladi. Bu – birinchidan.
Ikkinchidan, estetika kategoriyalari nafaqat gnoseologik va ontologik mohiyat kasb etadi, balki ular qadriyatlilik mazmuniga ham ega. Ayniqsa, bu jihat go‘zallik va ulug‘vorlik kategoriyalarida ko‘proq aks etadi. Zero, narsalar go‘zal va chiroyli, ulug‘vor va mantunkor bo‘lgani uchun ham insonga qadrlidir. Uchinchidan, estetik kategoriyalarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular mohiyat-mazmuniga ko‘ra umumiy va qamrovlidir. Bu xususiyatlar ayniqsa, estetik faoliyat va san’at sohasida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Falsafiy fanlar tizimida estetika kategoriyalarining nazariy tahlili va ilmiy o‘rganilishi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan uch tamoyilga asoslanadi. Shuning uchun estetika kategoriyalarining o‘rganilish doirasi keng qamrovli bo‘lib, bu masalaga estetika fanining qator bilimdonlari murojaat qilishgan. Bu borada rus nafosatshunoslari N.A.Dmitriev, V.V.Vanslov, L.N.Stolovich, O.Butkevich, Yu.B.Borev, D.D.Sredneg, A.F.Losev, V.P.Shestakovlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarni alohida qayd etish mumkin. Shuningdek, estetika kategoriyalarini tizimlashtirish masalasi g‘arb olimlari tomonidan ilgari surilgan nazariyalarda ham kuzatish mumkin. Jumladan, nemis psixologiya estetikasining vakili Ernst Meyman o‘zaro munosabatlar jarayonida kategoriyalarning sababiy bog‘lanishini estetik tasavvurlarning ikki jihatiga ko‘ra ajratadi. Birinchisi – obektiv sharoitdan kelib chiqadigan dastlabki jarayonlar. Bular - go‘zallik, ulug‘vorlik, chiroylilik hamda ularning ziddi bo‘lmish – xunuklik, tubanlik, pastkashlikdir. Ikkinchisi – turli xil obektiv sharoitlarda yuzaga keladigan hamda bevosita psixologik jarayonlarga tegishli bo‘lgan sharoitlardir. Bular – fojeaviylik va kulgililikdir.
A D A B I Y O T L A R:


  1. Davronov Z., Shermuhamedova N., Qahharova M., Nurmatova M., Husanov B., Sultonova A. Falsafa. -Toshkent: TMU, 2019.

  2. SHermuxamedova N.A. Falsafa -Toshkent: Noshir, 2012.

  3. SHermuxamedova N.A. Falsafa. 2-nashr. Toshkent: Noshir, 2020.

  4. Axmedova M. Falsafa. Tahriri ostida. - Toshkent.UFMJ, 2006.

Yüklə 45,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin