. Jamiyatni ta’sis etish
Jamiyatni ta’sis etish yo‘li bilan tashkil etish muassislarning (muassisning) qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. Jamiyatni ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror ta’sis yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi. Jamiyat bir muassis tomonidan ta’sis etilgan taqdirda jamiyatni ta’sis etish haqidagi qaror shu muassis tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi.
Jamiyatning muassislari uni tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro ta’sis shartnomasini tuzadilar, shartnomada ularning jamiyatni ta’sis etishga doir birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish tartibi, jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori, muassislar o‘rtasida joylashtirilishi lozim bo‘lgan aksiyalarning turlari, ular uchun to‘lanadigan haqning miqdori va uni to‘lash tartibi, muassislarning jamiyatni tashkil etishga doir huquq va majburiyatlari belgilanadi.
Jamiyatni ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror muassislarning ovoz berish natijalarini hamda jamiyatni ta’sis etish, uning ustavini tasdiqlash, jamiyatning boshqaruv organlarini shakllantirish masalalari yuzasidan muassislar qabul qilgan qarorlarni aks ettirishi kerak.
Jamiyatni ta’sis etish, uning ustavini tasdiqlash to‘g‘risidagi va muassis tomonidan jamiyatning aksiyalari haqini to‘lash uchun kiritilayotgan qimmatli qog‘ozlarning, o‘zga mulkiy huquqlarning yoki pulda ifodalanadigan bahoga ega bo‘lgan boshqa huquqlarning pulda ifodalangan bahosini tasdiqlash haqidagi qarorlar muassislar tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi.
Chet ellik investorlar ishtirokidagi jamiyatni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirilayotganda aksiyadorlik jamiyatini ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi.
Jamiyat muassislari va aksiyadorlarining soni cheklanmaydi.
Jamiyatni tashkil etish to‘g‘risidagi ta’sis shartnomasini imzolagan yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning muassislari (muassisi) deb e’tirof etiladi.
Agar qonunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, davlat organlari jamiyatning muassislari (aksiyadorlari) bo‘lishi mumkin emas.
Jamiyat muassislari jamiyatning tashkil etilishi bilan bog‘liq majburiyatlar yuzasidan jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilguniga qadar solidar javobgar bo‘ladi. Jamiyat muassislarning jamiyatni tashkil etish bilan bog‘liq majburiyatlari yuzasidan muassislarning harakatlari keyinchalik aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ma’qullangan taqdirdagina javobgar bo‘ladi.
Davlat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirilayotganda davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ jamiyatning muassisi bo‘ladi.
Jamiyat muassislari o‘rtasida aksiyalarni taqsimlash ta’sis hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ta’sis yig‘ilishi:
jamiyatni ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va uning ustavini tasdiqlaydi;
ta’sis etish jarayonida muassislar tomonidan tuzilgan shartnomalarni tasdiqlaydi;
muassislar tomonidan aksiyalar haqini to‘lash tartibini belgilaydi;
chiqariladigan aksiyalarning turlarini va sonini belgilaydi;
jamiyatning kuzatuv kengashini, taftish komissiyasini (taftishchisini) saylaydi;
jamiyatning ijroiya organini tuzadi (saylaydi, tayinlaydi).
Ta’sis yig‘ilishida ovoz berish muassislar kiritadigan ulushlarga muvofiq o‘tkaziladi.
Ta’sis yig‘ilishi qarorlarni oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qiladi, bundan ta’sis shartnomasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinadigan hollar mustasno bo‘lib, buning uchun barcha muassislarning roziligi talab etiladi.
Ta’sis yig‘ilishining qarorlari jamiyatning barcha muassislari tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Davlat tashkilotini aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirish davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ tomonidan qabul qilinadigan qaror asosida ta’sis yig‘ilishini o‘tkazmasdan amalga oshiriladi.
Bir muassisdan iborat bo‘lgan jamiyatda ta’sis yig‘ilishi o‘tkazilmaydi.
Ustav jamiyatning ta’sis hujjati bo‘lib, unda quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
jamiyatning to‘liq (agar bo‘lsa qisqartirilgan) firma nomi, joylashgan eri (pochta manzili) va elektron pochta manzili;
faoliyatining sohasi (asosiy yo‘nalishlari) va maqsadi;
ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori;
jamiyat aksiyalarining soni, nominal qiymati, turlari (oddiy, imtiyozli);
jamiyat boshqaruvining tuzilmasi, jamiyat kuzatuv kengashining, taftish komissiyasining va ijroiya organining a’zolari soni, bu organlarni shakllantirish tartibi, ularning vakolatlari.
Jamiyat ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) bitta aksiyadorga tegishli bo‘lgan ulushning eng ko‘p miqdoriga cheklovlar belgilanishi mumkin.
Jamiyat ustavida qonunchilikka muvofiq boshqa qoidalar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Jamiyat aksiyadorning yoki har qanday manfaatdor shaxsning talabiga ko‘ra uch ish kuni ichida ularga jamiyatning ustavi, shu jumladan ustavga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishi shart. Jamiyat aksiyadorning talabiga ko‘ra unga jamiyat ustavining ko‘chirma nusxasini berishi shart.
Jamiyat yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga jamiyatning ustavini va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarini taqdim etadi. Davlat tashkilotini o‘zgartirish yo‘li bilan tashkil etilgan, shuningdek bitta muassis tomonidan tashkil etilgan jamiyat jamiyatning ustavini taqdim etadi.
Jamiyatni tashkil etishning qonunda belgilangan tartibini buzish yoki uning ustavi qonunga muvofiq emasligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga olib keladi. Jamiyatni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarining buzilishi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran ko‘pi bilan uch oy muddatda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi to‘g‘risidagi, jamiyatning kuzatuv kengashi, ijroiya organi haqidagi (tegishincha direktori, boshqaruvi, ishonchli boshqaruvchi to‘g‘risidagi) va taftish komissiyasi (taftishchisi) to‘g‘risidagi ularning faoliyat tartibini, huquq va majburiyatlarini, shuningdek jamiyatning mazkur organlari tomonidan qarorlar qabul qilish tartib-taomilini belgilovchi nizomlarni tayyorlashi hamda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida tasdiqlashi shart.
Dostları ilə paylaş: |