Tadqiqot natijalarining ishonchliligi mavzuni yoritishda, nazariy maʼlumotlarni izohlashda aniq ilmiy manbalarga tayanilganligi, keltirilgan tahlillarni lingvistik tahlil metodlari vositasida asoslanilganligi, nazariy fikr va xulosalarning amaliyotga joriy etilganligi bilan belgilanadi.
Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. Tadqiqotning ilmiy ahamiyati unda o‘zbek va ingliz ltillaridagi udumlarning lingvokulturologik tadqiqi ilmiy jihatdan ishlab chiqilgani bilan izohlanadi. Bu ikki tildagi nikoh to‘yi va chaqaloq tug’ilishi bilan bog’liq udumlar leksikasini o‘rganish natijalari ingliz va o‘zbek tillarining lug’aviy tarkibi, lingvokulturologik aspektlarini tahlil qilayotgan tadqiqitchilarga ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Аmaliy jihatdan esa tadqiqot natijalaridan ingliz va o‘zbek tillarini o‘qitishda, qiyosiy tarjimalar qilishda, millarlararo aloqalarning rivojlanishida lingvokulturologiyaning tutgan o‘rnini o‘rganishga oid nazariy va amaliy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratishda material sifatida foydalanish mumkin.
Tadqiqot natijalarining eʼlon qilinganligi.Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha xalqaro ilmiy –amaliy konferensiyada 1ta va ilmiy nashrlarda 4 ta maqola chop etilgan. Ulardan 1 tasi respublika va 3 tasi xorijiy jurnallarda nashr etilgan.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya kirish, uch bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan iborat. Tadqiqotning umumiy hajmi … betni tashkil etadi.
I BOB. LINGVOKULTUROLOGIYA FANINING NAZARIY ASOSLARI 1.1.Lingvokulturologiya va uning birliklari Jahon tamaddunida ilk bor savdo –sotiq orqali iqtisodiy va madaniy aloqalar rivojlangan bo‘lsa, vaqtlar o‘tib ilm-fan rivoji natijasida ilmiy aloqalar ham sayqallanib, mustahkamlanib borgan. Biroq ularning barchasining negizida til borki, u bu aloqalarning asosi va bog’lovchisidir. Qayd etish joizki, til ijtimoiy hodisa bo‘lishi bilan bir qatorda madaniyat bilan chambarchas bog’liqdir. Til madaniyatning ichida shakllanadi, rivojlanadi va albatta uni ifodalaydi.
Sorokinning fikricha, til madaniyatning milliy komponentlari orasida birinchi o‘rinda turadi. Til madaniyatga kishilik jamiyatining ham muloqot vositasi, ham ushbu muloqotni uzib qo‘yuvchi vosita bo‘lishiga yordam beradi. Til-uning sohiblarining muayyan jamoaga tegishli ekanini ko‘rsatadi.Xalqning o‘ziga xos asosiy xususiyati bo‘lgan tilda “ichki” va “tashqi” jihatdan yondashish mumkin.
Tilga “ichki” jihatdan yondashilganda, u etnik integratsiyaning bosh omili sifatida namoyon bo‘lsa, “tashqi jihatdan yondashilganda , u xalqning etnik farqlarini ko‘rsatadi. Bu ikki qarama – qarshi funksiyani o‘zida dialektik birlashtirgan til bir tomondan xalqning o‘z o‘zini saqlash vositasi, ikkinchi tomondan uni “o‘ziniki va “begona” ga ajratish vositasi bo‘lib xizmat qiladi”10.
N.S.Trubetskiyning yozishicha: “Madaniy konnotatsiyalarsiz biror so‘z bo‘lishi mumkin emas, ya’ni qiyosda, solishtirishda qandaydir umumiy qismlar bo‘lishi shart”11.
“Til va madaniyat” mavzusini tadqiq etishda qator yondashuvlar mavjud. Birinchi yondashuv g’oyasi - madaniyatning tilga bir tomonlama ta’siridan borliqning o‘zgarishi natijasida milliy-madaniy tipiklashtirish va tilda o‘zgarish
yuz beradi. Bu g’oyani S.A.Atanovskiy, G.A.Brutyan, E.S.Markaryan singari faylasuflar ilgari suradi12.
Ikkinchi yondashuv g'oyasi - tilni ruhiy quvvat sifatida tushunish, ya’ni bunda tilnning madaniyatga ta’siri o‘rganiladi. Bu haqida A.Odilovning “Lingvokulturologiya fanining yuzaga kelish tarixi” maqolasida shunday deyilgan13: “Tilni ruhiy quvvat sifatida tushunish (V.Gumboldt,A.A.Potebnya) asosida Sepir-Uorfning lingvistik aloqadorlik gipotezasi, ya’ni har bir xalq borliqni o‘z ona tilisi orqali ko‘radi, his etadi, his etganini belgilaydi, degan g‘oya yotadi. Bu g‘oya keyinchalik, I.L.Vaysgerberning tilni “O‘tkinchi dunyo”, ya’ni “borliqni anglash”, muayyan “mavjudlik va tafakkur” sifatida qaraluvchi g‘oyalarida ilgari surilgan. Uning bu gipotezasi ko‘pchilik olimlar tomonidan inkor etilgan bo‘lsa-da, biroq ular boshqa usullar bilan tushuntirilishi murakkab bo‘lgan hodisalarni anglashga yordam berdi. Xususan, N.I.Tolstning etnolingvistik maktabi vakillarining ishlari, E.Barminskiy va izdoshlarining lingvoantropologik yo‘nalishdagi ishlari buning isbotidir”14.
Uchinchi yondashuvga ko‘ra, til madaniyatning dalilidir.15 Uning g’oyasi esa til va madaniyatning o‘zaro ta’siri va aloqadorligiga asoslanadi. Til muayyan xalq mentalitetiningo‘ziga xos tomonlarini ifoda etadi. Boshqa tomondan “madaniyat tilda“ joylashgan, ya’ni u matnda –so‘zda to‘laligicha o‘zini namoyon etadi.
XX asr oxirlariga kelib ,tilshunos va madaniyatshunos olimlar yuqoridagi aloqalar mushtarak, shu bilan birga o‘ziga xosligini chuqur anglagan holda, ularni umumiylashtirib “Lingvokulturologiya” deb nomladilar. Lingvokulturologiya atamasi lotincha lingua va cultus so‘zlaridan olingan bo‘lib , lingua – “til”, cultus - “hurmat qilish, ta’zim qilish”, yunon tilida esa “ilm, fan” degan ma’nolarni anglatadi. Lingvokulturologiya” termini ilk bor kognitiv lingvistika yo‘nalishi asoschilaridan biri bo‘lgan Ronald Lankager tomonidan foydalanilganligi taxmin qilinadi. U madaniy bilimlar va grammatika o‘rtasidagi bog‘liqlikni sharhlash uchun mana shu atamadan foydalangan. Uning fikricha, kognitiv lingvistikaning rivojlanishi lingvokulturologiyaga qaytishdan darak beradi.Kognitiv lingvistika nazariyalari madaniy bilimlarni nafaqat leksikonning, balki grammatikaning asosiy qirralari asosi sifatida qabul qiladi.16 Boshqa tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra,“lingvokulturologiya” atamasi V.N.Teliya rahbarligidagi Moskva frazeologik maktabi tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida tilshunoslikda paydo bo‘lgan17. Lingvokulturologiya til, madaniyat va konseptlashtirish o‘rtasidagi aloqalarni o‘rganuvchi tadqiqotning multidistsiplinar sohasidir. Aslida bu soha kognitivlingvistikaning lingvistik antropologiyada mavjud bo‘lgan uch an’anasi, Boa lingvistikasi, etnosemantika va so‘zlashuv etnografiyasi bilan integratsiyalashuvi natijasida shakllandi. Oxirgi 10 yillikda lingvokulturologiya kognitiv antropologiya bilan mustahkam asos topdi. Ularning ikkalasi ham tildan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan madaniyat modellarini o‘rganadi18.
Bunga esa XIX asrda V.Gumboltdning til va tafakkur munosabatlarini o‘rganishda millat madaniyatiga asosiy e’tibor berilishi kerakligi to‘g’risidagi fikrlari asos bo‘ldi. V.Gumboldt o‘zining “Tilning tuzilishi va insoniyat ma’naviy rivojiga ta’siri” kitobida til va millat xususiyatlarini va ularning o‘zaro aloqadorligini ilmiy qarashlar bilan ifoda etgan edi. Tilshunoslikda uning ba’zi fikrlari mashhur bo‘lib, bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Xususan, “Tilning o‘ziga xos xususiyatlari millatning o‘zligiga ta’sir qiladi, shuning uchun tilni chuqur o‘rganish tarix va falsafa insonning ichki dunyosi bilan bog’lab tushuntiradigan barcha narsani qamrab olishi kerak” yoki “ Turli tillar, o‘z xususiyatlari, fikrlash va his –tuyg’uga ta’siriga ko‘ra amalda turlicha dunyoqarashni ifodalaydi” kabi g’oyalar shular jumlasidandir.19Bundan kelib chiqadiki, muayyan tilda uning madaniyati o‘z aksini topadi. Ya’ni olim til millat ruhini ifodalaydi va shakllantiradi , olam haqidagi milliy tasavvurni ko‘rsatadi hamda turli tillarning mavjudligi - bu turli xalqlarda tafakkur obrazining xilma –xilligi asosida bo‘lishini aytadi. Shundan so‘ng bir muncha vaqt o‘tib Gumboldtning fikrlari neogumboldtchilar tomonidan qo‘llab –quvvatlandi. Ular tilning ichki mundarijasiga diqqat qildilar, ya’ni ular har xil tillarni semantik jihatdan tekshirdilar va ular o‘rtasidagi o‘zaro o‘xshashliklar va farqli xususiyatlarini tadqiq etdilar.
Tilshunos L. Vaysberger “borliqni verbalizatsiyalash” tushunchasini kiritib, uni “borliqni til orqali ishg‘ol qilish jarayoni va uni bilish ob’yekti” deb ta’rifladi va shuningdek u tilning ma’nodor jihatlarini qayd etishi va tilni “ta’sir etuvchi kuch” sifatida tasawur qilishi kerak bo‘lgan “yangi grammatika” tuzilishi zarurligi haqidagi tezisni ilgari surdi.20 Amerikalik tilshunoslar E.Sepir va B.L.Uorf lisoniy mansublik gipotezasini olib chiqdilar. Bu qoidaga ko‘ra, turli tillarda turli kategoriyalar mavjudligi shu til egalari, ya’ni so‘zlovchilari borliqni turlicha konseptuallashtirishlarini anglatadi. Bunday xulosaga sabab esa, olimlar Shimoliy Amerika hindulari tilini o‘rganib,ularning til kategoriyalarini tadqiq etgach bu kategoriyalar so‘zlovchining fikrlash doirasiga ham ta’sir qilishini aniqladilar. Sepir va Uorf ta’limoti Amerika tilshunosligi taraqqiyotiga sezilarli hissa qo‘shdi. Shuningdek, Sepir va Uorfning til to‘g’risidagi nazariyasi tilshunoslikda ko‘plab yangi oqimlar paydo bo‘lishiga ham xizmat qildi. Bu holat til madaniyatning eltuvchisi sifatida muhim ekanligiga qiziqish kuchli ekanini isbotlaydi. . V.A.Maslova lingvokulturologiya rivojlanishini uch davrga ajratadi:21 1. Fanning shakllanishiga asos bo‘lgan dastlabki tadqiqotlarning yaratilishi.
2. Lingvokulturologiyaning alohida tadqiqot sohasi sifatida shakllanishi.
3. Lingvokulturologiyaning fundamental mustaqil fan sifatida vuiudga kelishi.
Birinchi bosqichda V.Gumboldt, A.A.Potebnya, E.Sepir kabi olimlarning ishlarining rivojlanishi kuzatiladi. Ikkinchi bosqichda lingvokulturologiya mustaqil o‘rganish tarmog’i sifatida rivojlanadi. Fanning taraqqiy etish sur’ati esa yana bir bosqichni – uchinchi bosqichni taqozo etadi. Bu lingvokulturologiyaning mustaqil fan sifatida yuzaga kelishidir.
Shunday qilib XIX asrning 90-yillarida zamonaviy tilshunoslik tarkibiga kiritilgan lingvokulturologiya uch asosda- til, madaniyat va inson shaxsiyati va xulq-atvori orqali o‘rganila boshladi. Chunki lingvokulturologiya til va madaniyat, til va xalq mentaliteti, shuningdek, milliy o‘ziga xoslikning o‘zaro munosabatini va ta’sirini o‘rganadi. Lingvokulturologiya til birliklarining milliy –madaniy ma’nosini, mazmunini, milliy madaniyatning tilda ifoda etilishi muammolarini, til va madaniyat munosabatlarini tadqiq etadi.
N. Aliferenko lingvokulturologiyani quyidagicha tavsiflaydi:
- lingvokulturologiya tilshunoslik va madaniyatshunoslik bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, u sintezlovchi xususiyatga ega;
- lingvokulturologiyaning asosiy e’tibori tilda izohlanadigan madaniy dalillarga qaratiladi;
- lingvokulturologiya tilshunoslik fanlariga kiradi, shuning uchun uning tadqiqot natijalaridan ona tili va chet tillari o‘qitish jarayonida amaliy foydalanish mumkin;
-lingvokulturologiya tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishlari:
a)lisoniy shaxs;
b) til madaniyat qadriyatlarining semiotik gavdalantirish tizimi hisoblanadi22.
Lingvokulturologiya madaniy ahamiyat kasb etgan til birliklariga va xalq madaniyatiga til orqali nazar solishga e’tibor qaratadi. Shuningdek, bu fan til madaniyatni ro‘yobga chiqaradigan mezon ekanligini ta’kidlaydi. Madaniyatshunoslik fani hozirgi madaniy hayotni, madaniyatning tarkibini o‘rganadi. “Madaniyat” so‘zi asli lotincha “Colere” so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida “ishlov berish, tarbiyalash, rivojlanish, hurmat qilish, ibodat” degan ma’nolarini bildiradi. Tarixga nazar solsak, XVIII asrdan boshlab “madaniyat” atamasi inson tomonidan yaratilgan va inson faoliyatiga aloqador bo‘lgan barcha narsalarga nisbatan qo‘llanilishni boshladi. Biroq aslida madaniyat “insonning tabiatga maqsadli ta’siri, tabiatning inson manfaatlari uchun o‘zgartirilishi , ya’ni yerga ishlov berilishi” madaniyati degan mazmunni ifodalagan bo‘lsa-da vaqtlar o‘tib “madaniyat” atamasi tarbiyali va yukak ma’rifatli , zakovatli insonlarga nisbatan qo‘llana boshlagan. O‘zbek tilida keng qo‘llaniladigan «Madaniyat» atamasi arabcha «madaniy» – «shaharlik» degan ma’noni bildiradi. Qadimgi Rimda «Madaniyat»- atamasi «hayotni ma’naviy jihatdan yanada yaxshilashga va tozalashga qaratilgan g`amxo‘rlik» degan ma’noni anglatgan. Tarixiy asarlarning guvohlik berishicha, taniqli Rim faylasufi, notiq Sitseron «ruhiyat madaniyati» atamasini ishlatgan. XVIII asrning oxirlariga qadar Yevropada «Madaniyat» atamasi aqliy-axloqiy madaniyat tushunchasi bilan birgalikda ishlatilgan. Bugungi kunda “madaniyat” termini 500 dan ortiq turli fan va amaliyotning sohalarida foydalanilishi fanga ma’lum23. Umuman olganda Madaniyat so‘zi zamirida ko‘plab rang –barang izohlar mavjud: “Insoniyatning yashash usuli”, “Inson tomonidan yaratilgan muhit”, “insoniyat tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar jamlanmasi”, “ sun`iy tabiat”, “ijtimoiy insonning to‘laqonli faoliyati”, “ inson ijodiy faoliyati mahsuli”, “ jamiyatning ma’naviy holati” , “shartli belgilar tizimi yig`indisi”, “muayyan jamiyatdagi me’yor va andozalar” va shularga o‘xshash hokazolar. Soha mutaxassislarining madaniyatga bergan ta’riflarini umumiylashtirib, madaniyatni jahon tamaddunida insoniyat yaratgan va yaratayotgan barcha ma’naviy va moddiy boyliklar yig’indisi” deya atash mumkin. Shunga ko‘ra, madaniyatni ikki turga ajratish mumkin24:
ma’naviy madaniyat;
moddiy madaniyat.
Ma’naviy madaniyat inson ongi bilan bog’liq. Ijtimoiy ongning barcha shakllari, ya’ni diniy , axloqiy, estetik, ilmiy qarashlar, ilm-fan, ta’lim, san’at, ijod ma’naviy madaniyatning tarkibiga kiradi. Moddiy madaniyat esa inson faoliyati mahsuli o‘laroq yaratilgan “ikkinchi tabiat”, xususan, texnika, ishlab chiqarish vositalari, mehnat qurollari, mehnat ko‘nikmalari, shuningdek, insoniyatga xizmat qiladigan barcha boyliklarni anglatadi. Shunday qilib, moddiy madaniyat insoniyatning moddiy hayot sharoitlariga asoslangan bo‘lsa, ma’naviy madaniyat urf-odat, an’ana, marosim va milliy qadriyatlar bilan aloqadordir. Moddiy va ma’naviy madaniyat bir biri bilan chambarchas bog’liq bo‘lib, bu ikkisi bir -birini to‘ldiradi. Moddiy madaniyat sivilizatsiyaga olib borsa, ma’naviy madaniyat inson qalbini farovonlashtiradi va oliy maqomga yetaklaydi. Lingvokulturologiya uchun esa moddiy madaniyatdan ko‘ra ma’naviy madaniyat masalasi muhimroqdir. Lingvokulturologiya ko‘proq odatlar, rasm –rusum,marosim, afsona, rivoyat, madaniy ramzlarni va shu kabilarni o‘rganadi. Bu tushunchalar ma’naviy madaniyatga tegishli bo‘lib, ular insoniyat turmushi davomida turli rasm-rusumlar ko‘rinishlarida tilda mustahkamlanadi. Ularni tadqiq etish lingvokulturologiya uchun material bo‘lib xizmat qiladi. Madaniyatshunoslik muayyan madaniyatning hozirgi holati, taraqqiyoti va kelajagi, buguni va ertasi haqida ish olib boradi. Madaniyatshunoslikning tadqiqot predmeti avloddan avlodga o‘tib keluvchi ijtimoiy voqelik va insonning hayot tarzi va turmushini ifodalovchi madaniyat hisoblanadi. Lingvomadaniyatshunoslik esa olamning til manzarasini o‘rganadi. U til va madaniyatning o‘zaro munosabatdagi va o‘zaro bog’langan semantikasining tizimli ta’rifini topadi va tadqiq etadi.
Shunday qilib, lingvokulturologiya-tilshunoslik va madaniyatshunoslikning negizida paydo bo‘lgan va muayyan xalqning tilda o‘z aksini topgan va mustahkamlanib qolgan madaniyatini o‘rganadigan fan. Demak, lingvokulturologiyaning obyektini til va madaniyat tashkil etsa, predmeti xalq madaniyatini tilda yaqqol namoyon etuvchi til birliklari hisoblanadi. Ular esa fanda lingvakulturologik birliklar nomi ostida birlashadi. Lingvakulturologik birliklarni lakunalar, tilda o‘z aksini topgan urf –odatlar, tilning paremiologik birliklari, tildagi o‘xshatish va metaforalar, stereotiplar, nutqiy etiketlar, shuningdek, til birliklarining miflashgan ko‘rinishlari – asotir va rivoyatlar tashkil etadi. Quyida lingvakulturologik birliklarga kengroq ta’rif berilgan:
1.Tilning paremiologik fondi. Xalq og’zaki ijodi sanalmish maqol va matallar tilning paremiologik fondi hisoblanadi. Ularni linvokulturologiyada o‘ranish endi boshlandi. Pragmatik jihatdan maqollar, matallar asosan, pand –nasihat, yupatish, ogohlantirish yoki kesatish ma’nolarida qo‘llaniladi. Lingvokulturologik tadqiqotning predmeti bo‘lishi uchun maqol yoki matal muayyan xalqning madaniyati va turmushi bilan bog’liq bo‘lsagina maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan , Kattaga hurmatda bo‘l, kichikka-izzatda maqolida o‘zbek xalqiga azal-azaldan xos bo‘lgan yoshi ulug’ insonlarni hurmat qilish, kichik yoshlilarni esa izzat qilib, ularga g’amxo‘r bo‘lish kabi insoniylik xislatlar aks etgan. Kattalarga hurmat deganda o‘zidan yoshi katta kishilarga salom berish, ularni odob bilan tinglash, ularga gap qaytarmaslik, ulardan oldin dasturxonga qo‘l uzatmaslik kabi bir qancha o‘zbek xalqiga odatlar tushuniladi. Kichiklarga izzat esa o‘zidan yoshi kichiklarni shirin so‘zlar bilan erkalash va qo‘llab quvvatlash, himoya qilish, ularning tarbiyasiga e’tibor berish kabi ijobiy xislatlar tushuniladi. Bu maqol o‘zbek millatining mentalitetiga har jihatdan mosdir.
2.Tilning frazeologik fondi. Frazeologizmlar, ya’ni iboralar muayyan xalqning ma’naviyati, taomillari, urf –odatlari va rivoyatlari to‘risidagi tasavvurlarni o‘zida aks ettiradi. Masalan, kovushini to‘g’irlab qo‘ymoq–“imkoniyatini cheklab qo‘ymoq”, podadan oldin chang chiqarmoq– “hali amalga oshmagan narsa haqida hovliqmalik bilan aytib qo‘ymoq”, to‘nini teskari kiyib olmoq-“ o‘chakishib qaysarlik qilmoq”, do‘ppisini osmonga otmoq-“juda ham xursand bo‘lmoq”, Xizrni yo‘qlasam bo‘lar ekan–kimnidir ko‘rish istagi kutilmaganda ro‘yobga oshsa aytiladigan ibora. Iboralarda ham o‘sha xalqning mentaliteti va madaniyatiga xos bo‘lgan jihatlarni ko‘rish mumkin. Masalan, yuqoridagi iboralarda o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan milliy kiyimlar-do‘ppi, to‘n, kovush , o‘zbek rivoyati qahramoni –Xizr buva, o‘zbek xalqi qadimda shug’ullangan mashg’ulot – chorvachilkkka oid poda so‘zlari uchraydi.
3.Mifologiyalashtirilgan til birliklari. Bularga arxetip va mifologemalar, an’analar va urf –odatlar, asotir va rivoyatlar kiradi, mifolegema – bu mifning bosh qahramoni va u xalq og’zaki ijodida qo‘llaniladi, masalan, Sulaymon o‘ldi – devlar qutuldi. Ayoz momo, Sust xotin. 4.Muqobilsiz leksika va lakunalar. Muqobilsiz leksika – bu biror tildagi boshqa tilga tarjima qilib bo‘lmaydigan so‘zdir. Muqobilsiz leksika muayyan xalq madaniyatiga xos bo‘lgan kiyim –kechak, uy – ro‘zg’or buyumlari, pul va masofa-uzunlik o‘lchov birliklari , yegulik nomlaridan tashkil topadi. Muqobilsiz leksika boshqa tilga o‘zlashtirilganda ekzotizm deyiladi. Ekzotizmlar har doim o‘zga madaniyat ramzi hisoblanadi. Masalan, sumalak, belbog’- o‘zbek madaniyati, shilling, kriket –ingliz madaniyati, sakura, geysha- yapon madaniyatining belgilarini o‘zida mujassam etadi,
Lakuna –bir tildagi so‘z boshqa tilda o‘z muqobilini topa olmasligi hodisasidir. Lacuna so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, “ bo‘shliq, chuqurlik” dehan ma’nolarni anglatadi. Tilshunos Shoira Usmanovaning“Lingvokulturologiya” asarida lakunaga quyidagicha misol berilgan:”Ingliz tilida "yurist, advokat" ma'nosini anglatgan lawyer so‘zidan boshqa advokatlik kasbining turli-tumanligini ifodalaydigan attorney -“vakil”, barristet-"oliy sudlarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan advokat'', solicitor – “mijozlarga va tashkilotlarga maslahat beruvchi; quyi sudlarda ishtirok etish huquqiga ega", councel -"'yuriskonsult'' , counsellor-“maslahatchi”; advocate – “oliy darajadagiadvokat” . O‘zbek va rus tillarida qayd qilingan ifodalarga faqat bir advokat so‘zigina muqobil bo‘ladi.”25 5. O‘xshatishlar, ramzlar va stereotiplar. O‘xshatishlar o‘ziga xos obrazli tafakkur mahsulidir. Ularning nutqning ta’sirchan va hissy- bo‘yoqdor bo‘lishiga xizmat qiladi. Turli xalqlarda muayyan bir narsaning , misol uchun hayvonni turg’un o‘xshatish etaloni sifatida ishlatilishini ko‘rish mumkin. Masalan, ko‘pchilik xalqlarda tulki so‘zi ayyorlik va yolg’onchilik etaloni, ramzi sifatida qo‘llaniladi: tulkidek ayyor, хитрый как лиса(ruscha), as false as fox( inglizcha). Shuningdek, faqatgina muayyan xalqning o‘ziga xos o‘xshatishlarini ham ko‘rish mumkin. Masalan, itdek charchagan, oyog’i kuygan tovuqdek o‘xshatishlari o‘zbek xalqiga xosdir.
Ramzlar belgi bo‘lib , o‘z ma’nosidan tashqari yan aboshqa bir mazmun uchun ishlatiladi. Masalan, aksriyat xalqlarda kaptar – tinchlik ramzi, oq rang- ezgulik ramzi, qizil atirgul –muhabbat ramzi. Yoki qirqquloq yapon xalqida yangi yil uchun omad tilash ramzi bo‘lsa , ruslar uchun qabriston , o‘lim belgisi sanaladi.