II. BOB. TIL LUG‘AT TARKIBINING QO‘LLASHI JIHATIDAN TAVSIFLANISHI Qo`llanish doirasi chegaralanmagan leksika (so`zlar)
Leksika. Leksika termini grekcha lexikos (“so‘zga oid”) leksemasi hosilasidir. Leksika deganda, tilning barcha so‘zlari, lug‘at tarkibi nazarda tutiladi. Leksika termini tilning alohida so‘zlar qatlamiga ham (maishiy leksika, poetik leksika, ish yuritish leksikasi kabi), bir ijodkor tomonidan qo‘llangan barcha so‘zlarga nisbatan ham (Navoiy leksikasi, Tog‘ay Murod leksikasi) yoki biror asar haqida ham (“So‘z haqida so‘z”) qo‘llanilishi mumkin.
Til leksikasi tilshunoslikning leksikologiya, semasiologiya va onomasiologiya sohalari o‘rganish manbayi hisobalanadi. Leksika bevosita yoki bilvosita borliqni ifodalaydi, jamiyatdagi o‘zgarishlarni, xalqning moddiy hayoti va ma’naviy olamini aks ettiradi, yangi predmet, hodisa, jarayon va tushunchalarni ifodalash uchun yangi so‘zlar bilan muttasil to‘lib boradi. O‘zida eskirish va yangilanishni to‘la aks ettiradi. Iste’mol darajasi susaygan birliklar esa leksikadan butunlay chiqib ketmaydi. Moddiy ishlab chiqarishning har xil sohalari muntazam rivojlanib, yangi yo‘nalishlar bilan boyib borishi, fan va texnikaning tinimsiz rivoji yangidan yangi maxsus so‘zlar – termin va terminologik qatlamlarni vujudga keltiradi va rivojlantiradi. Bunda e’tiborlisi shundaki, umumiste’mol so‘zlarning ayrimlari terminologik tabiat kasb etsa, ayrim terminlar o‘z ifodalanmishining kundalik turmushda qo‘llanish darajasiga bog‘liq ravishda umumiste’mol xususiyat kasb etib boradi. Jamiyatda umumiy ta’limning rivoji ham tilning o‘rta saviyali sohiblarida til terminоlogik tizimining xalqchillashuviga olib keladi.
Til leksikasida jamiyatning ijtimoiy qatlamlanishi (professional, yosh, jins va h.) o‘z aksini topadi. Shunga ko‘ra, til leksikasi har xil sotsial dialektlarga xoslanishi jihatdan tarmoqlanadi: jargon, argo, sleng. Til leksikasining sotsial xoslanishi sotsial dialektologiya, sotsiolingvistika, psixolingvistika kabilar tomonidan o‘rganiladi. Leksikada til egalarining turli hududiy dialektlarga mansubligi, xususan, hududiy sifatlar o‘z ifodasini topadi. Tilning hududiy variativligi dialektologiya tomonidan o‘rganiladi. Dialektal so‘zlar umumadabiy leksikani to‘ldiruvchi eng muhim ikki vositadan biri sanaladi.
Adabiy nutqda qo‘llanilib, hali unga to‘liq singmagan, mahalliy kolorit, hududiy bo‘yoq yaqqol sezilib turgan sheva so‘zlari “dialektizmlar” deyiladi. Tog‘ay Murod, Shukur Xolmirzayev, Nazar Eshonqul asarlarida dialektizmlarning yorqin namunalarini ko‘ramiz.
Ma’lumki, tildagi barcha so`zlar shu til egalari tomonidan bir xilda, barcha o`rinlarda qo`llanavermaydi. Shu jihatdan tilda mavjud bo`lgan so`zlarni ma’lum guruhlarga bo`lish mumkin.
1954-yilda Jorjtaun universiteti (AQSH) olimlari qiziq bir tajriba o‘tkazishdi. Ular EHM (elektron hisoblash mashinasi)ga matnni bir tildan boshqa tilga tarjima qilish topshirig‘ini “o‘rgatishdi”. To‘g‘risi, o‘shanda mashina matndagi bittagina so‘zni tarjima qila oldi. Lekin mashinaning inson tilini “egallashi” sari ilk qadam qo‘yilgan edi. bugungi kunda kompyuter tarjimasini “mashinasi tarjimasi” deyilishi bu ishni amalga oshiruvchi texnika dastlab mashina (EHM) bo‘lganligi bilan bog‘liq.
Leksikaning ochiqligi va dinamikligi unga tarixiylik nuqtai nazaridan munosabatda bo‘linganda, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, ayrim so‘zlar passivlashib qolgan bo‘lsa, ayrimlari til “muzeyi” eksponatlari javonlaridan o‘rin olgan. Agar til muzeyi tashkil qilinadigan bo‘lsa, undan bugungi kunda unutilib borayotgan ardam, emgak, o‘klalmoq kabi so‘zlar anglatgan ma’nolari va qo‘llanish o‘rinlari hamda darajasi bilan o‘z aksini topgan bo‘lur edi. Bugungi kunda tilimiz leksikasining ko‘plab so‘z va iboralari o‘zining ana shunday virtual yoki moddiy saqlanish usullariga ehtiyoj sezmoqda.
Leksik birliklar to‘satdan “g‘oyib bo‘lmaydi”, u avval sezilarli ravishda passivlashadi, keyinchalik arxaizm va istorizmlarga aylanib boradi. Leksikaga yangi kirib kelayotgan so‘zlarning tilga singishi ham sekinlik bilan kechadi. Chetdan so‘z qabul qilish jarayoni o‘ziga xos qonuniyatlarga ega bo‘lib, kirib kelayotgan so‘zlar tilning ichki talablariga javob berishi kerak. Ulardan ayrimlarini keltiramiz:
farqlanish. Til, avvalo, yozma va og‘zaki nutqqa ayricha talablarni qo‘yadi. Masalan, dorixona so‘zi yozma nutqqa, o‘zlashma apteka esa og‘zaki nutq uchun xos. Lekin ikkalasi ham me’yoriy hisoblanadi.
qulaylik. O‘zbek tilida oblast va viloyat, plan va reja, programma va dastur so‘zlaridan ikkinchilari, qaysi tilga mansubligidan qat’i nazar, talaffuz va imlo jihatidan qulay. Shuning uchun til qulay variantni tanlaydi;
zamonaviylik. Imlo qoidalarida, tilning muosir izohli va imlo lug‘atlarida u yaratilayotgan davr ruhi aks etishi katta ahamiyatga ega. Masalan, bek so‘zini polkovnik, beklarbegi birikmasini polkovnik, qozi so‘zini sudya so‘zlari olishi yangi zamon talabidir.
Til leksikasida yangi so‘zlarning hosil bo‘lishi turli yo‘llar bilan sodir bo‘ladi:
1) yangi so‘z yasalishi:
2) so‘zning yangi ma’no kasb etishi;
3) bir turkumdan boshqasiga o‘tish.
Mazmun plani nuqtayi nazaridan til leksikasi farqlanadi:
mustaqil so‘zlar (atash vazifasini bajaradi) va nomustaqil so‘zlar (bunday vazifaga ega emas);
mavhum so‘zlar (umumlashma ma’nolarni ifodalaydi) va aniq so‘zlar (muayyan tushunchalarni ifodalaydi). Mustaqil va nomustaqil so‘zlar tizimida ham uzluksizlik mavjud. Unga ko‘ra, mustaqil so‘zlar nomustaqil so‘zlarga aylanadi yoki ularning vazifasini muvaqqat bajaradi;
sinonimlar (bir tushunchani turli tomondan ifodalaydi);
antonimlar (zid tushunchalarni ifodalaydi);
giponimlar (tur-jins tushunchalarini ifodalaydi);
Ifoda plani nuqtayi nazaridan omonimlar, omograflar, omofonlar, paronimlar farqlanadi.
Til leksikasida uslubiy xoslanish alohida ahamiyatga ega.
Til leksikasida frazeologizmlar alohida o‘rin tutadi. Frazeologizmlar leksikalizatsiya hodisasining yorqin namunasi. So‘z birikmalari ma’nolari ixtisoslashib, bir so‘z ma’nosiga teng ma’no ifodalashga o‘tadi. Iboralar shaklan so‘z birikmasiga o‘xshaydi, lekin til leksikasiga mansub bo‘ladi.
Leksikani qayd etuvchi soha leksikografiya bo‘lib, uning nazariy va amaliy, an’anaviy va zamonaviy ko‘rinishlari mavjud.
Leksik-semantik sath va uning birligi haqida. Lisonning shakl va denonativ ma’no yaxlitligidan iborat birligini qamrab oluvchi sathi turlicha nomlanadi: leksik sath, leksik-semantik sath, leksik-frazeologik sath va h.
Leksik sath birligi tilshunoslikda leksema deyiladi. Leksema – tilshunoslikning eng muhim va markaziy tushunchalaridan biri. Biroq uning mazmun va chegarasi hozirgacha aniq belgilangan emas. Masalan, o‘zbek tilshunosligida leksema va so‘z atamasining hozirgacha yonma-yon qo‘llanayotganligi, leksemani morfemaning bir ko‘rinishi sifatida qarash kabilar shular jumlasidan. Ulardan biri, ya’ni leksemaning lisoniy birlik bo‘la olish-olmasligi masalasini olaylik. Ko‘p tilshunoslar lisoniy birliklarni sanashganda, fonema, morfema va qolip bilan cheklanib, leksemani tilning alohida qurilish birligi sifatida tan olishmaydi va uni morfemaning bir ko‘rinishi sifatida qarashadi. “Leksema morfemaning jamiyat a’zolari uchun tayyor, umumiy, majburiy bo‘lgan, shakl va mazmunning barqaror birikuvidan tashkil topgan, voqelikdagi narsa, belgi, xususiyat va munosabatni shakllantiruvchi, nutqda grammatik morfemalarni o‘ziga biriktira oladigan bir turi” degan ta’rif ham bor (H.Ne’matov, R.Rasulov. O‘zbek tili sistem leksikologiyasi asoslari. – Toshkent: O‘qituvchi, 1990.)
Leksemani morfema orqali ta’riflash va uni morfemaning bir turi sifatida qarash, mantiqan, lisoniy qurilishda uning alohida, mustaqil o‘rni yo‘q deyishning o‘zi. Lekin har bir tilning izohli va tarjima lug‘atlari mavjudligining o‘zi leksik sathning mustaqilligi va alohidaligini ko‘rsatib turadi. Ammo yuqoridagi fikrlar ham asossiz emas.
Tilshunoslar Arastu davridan hozirgacha leksema, so‘z ustida bosh qotirib kelishmoqda va bugungi kunda unga yuzlab ta’riflar berilgan. Hatto ayrim olimlar tomonidan o‘zbek tilshunosligi jahon tilshunosligida hal etilgan kesim tushunchasini qaytadan ishlab chiqish zarurati yo‘qligi, faqat uning o‘zbek tilida qanday voqelanishini ochish lozimligi haqidagi fikrlar ilgari surilganligi kabi leksemaga ham shunday qarashlar kuzatiladi. Biroq bugungi kunda “o‘zbekcha kesim” tushunchasi “oqlandi” va o‘z ilmiy talqinini topdi. Demak, bundan metodologik omil sifatida foydalanib, uni umumiy va xususiy leksema nazariyasiga ham tatbiq qilish lozim. Bu bevosita o‘zbekcha leksema tushunchasini yaratish, bunda o‘zbek tilining ichki tabiatidan kelib chiqish zarurati mavjudligi bilan bog‘liq.
Qo`llanish doirasi chegaralanmagan leksika (so`zlar)
Bu guruh o`zbek millatiga mansub barcha insonlar tomonidan kundalik turmushda ishlatiladigan so`zlar guruhidir. Bu so`zlar guruhi qo`llanish doirasi chegaralangan leksika yoki umumxalq leksikasi deb yuritiladi.
Qo`llanish doirasi chegaralanmagan leksikaning quyidagi xususiyatlari bor:
1. Bunday so‘zlardan yashash joyi, kasbi, hunari, jinsi, madaniy saviyasidan qat’i nazar o`zbek millatiga mansub barcha kishilar foydalanadi.
2. Bu so`zlarning ma’nosi hammaga tushunarli bo`ladi.
3. Bu so`zlar ijtimoiy hayotning barcha sohalariga, barcha so`z turkumlariga oid bo`ladi.
4. Bu so`zlarning ko`p qismini umumturkiy so`zlar va o`zbekcha so`zlar tashkil etadi.
5. Boshqa tillardan kirgan so`zlar ham o`zbek xalqining barchasiga tushunarli bo`lsa, ular ishlatilish doirasiga ko`ra chegaralanmaydi. Masalan, arab tilidan o`zlashgan shamol, soat, inoq, dohiy, mag`rur, xafa, maqol, hayot, millat, hikoya so`zlari; fors-tojik tilidan o`zlashgan go`sht, non, sozanda, suhbat, sabzavot, ombur kabi so`zlar; rus tili va rus tili orqali boshqa tillardan kirgan traktor, kino, teatr, sirk, kartoshka, fabrika, zavod kabi so`zlar umumxalq tilida qo`llanadi.
Demak, qo`llanish doirasi chegaralanmagan so`zlar o`z qatlamga ham, o`zlashgan qatlamga ham oid bo`lishi mumkin.
Shuni aytish lozimki, umumxalq leksikasi har qanday til lug`atining asosini, yadroisini tashkil etadi. Bu leksika tarkib jihatidan barqaror bo`lib, hayotiy zarur bo`lgan tushunchalarni ifodalash uchun xizmat qiladi.
Qo`llanish doirasi chegaralangan leksika (so`zlar)
Qo`llanish doirasi chegaralangan leksika (so`zlar)
Bunday so`zlar turli sabablarga ko`ra o`zbek tili egalari tomonidan bir xil darajada qo`llanavermaydi.
Qo`llanish doirasi chegaralangan leksikaning quyidagi xususiyatlari bor:
1. Bu leksika tarkibiga kiruvchi so`zlarning ma’nolari barcha o`zbek millati vakillariga tushunarli bo`lavermaydi. Masalan, doyi so`zining ma’nosini faqat xorazmliklar (yoki ularga qo’shni hududdagilar) tushunishadi (bu so`z adabiy iale tog`a degan ma’noni bildiradi).
2. Bu so`zlarning qo`llanish doirasi chegalanishi ularning kelib chiqishiga bog`liq emas. Masalan, kelib chiqishi jihatidan o`zbekcha bo`lgan purkagich (purka+gich) so`zi barcha o`zbek tilida so`zlashuvchilar tomonidan faol ishlatilmaydi (bu so`z ruscha pulverizator so`zining tarjimasidir)6.
O.S.Axmanovaning “Slovar lingvisticheskix terminov” lug`atida dialekt so`ziga quyidagicha ta’rif beradi(tarjima): “DIALEKT - ... 1. Muayyan tilning hududiy, kasbiy yoki ijtimoiy umumiylik bilan chambarchas bog`langan va doimiy hamda bevosita til orqali aloqada bo`lib turadigan u yoki bu miqdorda cheklangan kishilar tomonidan ishlatiladigan ko`rinishi(varianti)dir”7 Shundan kelib chiqqan holda, qo`llanish doirasi chegaralangan leksika hududiy dialektal leksika, ijtimoiy dialektal leksika va terminologik leksika kabi guruhlarga bo`linadi.
Shuni ta’kidlash joizki, bu guruhga kiruvchi so`zlar tarkiban barqaror emas, ya’ni vaqt o`tishi bilan ularning ayrimlari umumxalq leksikasi tarkibiga o`tishi mumkin. Masalan, ijtimoiy dialektal leksikaga tegishli bo`lgan gap yo`q iborasi hozirgi paytda adabiy til guruhiga o`tmoqda (shu nomli teleko`rsatuv ham bor edi).
1. Hududiy dialektal leksika
Bir millatning ma’lum hududdagina yashaydigan vakillari tomonidan ishlatiladigan so`zlar yig`indisi ialectal leksika deb ataladi. Dialekt – yunoncha so`z bo`lib, dialektos – «tilning mahalliy ko`rinishi» demakdir8. Dialektal leksika birligi dialektizmlar deb yuritiladi.
Millatning ma’lum hududda yashaydigan qismi ishlatadigan birliklar ichida adabiy tilga tegishlilari ham bo`lishi mumkin. Dialektizmlar tilning faqat mahalliy ko`rinishigagina tegishli bo`lgan birliklardir.
Dialektal leksika tarkibida quyidagi ko`rinishlar mavjud:
1) lug`aviy dialektizmlar shakl va ma’no jihatidan shevaga xos bo`lgan so`zlardir. Bunday dialektizmlar ham ikki xil bo`ladi:
a) to`liq dialektizmlar shakli ham, ma’nosi ham faqat shevaga xos bo`lgan so`zlardir. Masalan: xorazmcha: momo (buvi), gashir (sabzi), moyak (tuxum), o‘jak (buzoq), taxya (do‘ppi), sеcha (chumchuq), hovva (ha); farg‘onacha: valish (ishkom) paqir (chеlak); buxorocha kallapo‘sh (do‘ppi), inak (sigir), nana (ona); toshkеntcha: ada (ota), doda (bobo).
b) yarim dialektizmlar faqat ma’nosigina shevaga xos bo`lgan so`zlardir. Masalan, xorazmcha taka so`zining “yostiq” manosi, o`ra so`zining “ustun” manosigina shevaga xosdir, adabiy tilda taka va o`ra so`zlari boshqa ma’nolarni (“echkining erkagi” va “qazilgan chuqurlik” ) ifodalaydi.
Bir lug`aviy dialektizm har xil shevalarda har xil ma’nolarni ifoadalaydi: andi so`zi Toshkent shevasida “lo`li yoki qorayib ketgan, kir odam” ma’nosini ifodalasa, Qashqadaryo (Qovchin) shevasida “anqov, bechora” ma’nolarini bildiradi9.
2) fonetik dialektizmlar adabiy tildagi so`zdan tovushlari bilan farqlanadigan birliklardir: jo`q (ad. yo`q), dag` (ad. tog`), chish (ad. tish) va b.
3) grammatik dialektizmlar shevagagina xos bo`lgan grammatik birliklardir (bular asosan affikslardir): borvotti (ad. boryapti), yurta (ad. yurtga), bozorgir (ad. bozorbop) va b.
4) frazeologik dialektizmlar adabiy tilda muqobili bo`lmagan va shevaga xos frazeologik birliklardir: Xorazm shevasida: boshi aylanmaydi (ad. e’tibor bermaydi). Bu haqda “Frazeologiya” bo`limida batafsil bayon qilinadi.
2. Ijtimoiy dialektal leksika
Bu leksikaga mansub so`zlar ma’lum ijtimoiy guruhlar tomonidan ishlatiladigan so`zlardir. Bu guruhga jargonlar va argo so`zlar kiradi.
a)jargonlar (fransuzcha “buzilgan til” degani) «umumtildagi”(ustoz prof. Sh. Rahmatullayev ifodasi) so`zlardan shakily jihatdan farq qiladigan, ko`pincha og`zaki muloqotda ayrim ijtimoiy guruhlar tomonidan o`zini tilning boshqa vakillaridan ajratib ko`rsatish maqsadida qo`llanadigan birliklardir: yakan (pul), nishtyak (zo`r) va h.
Jargonlarning quyidagi xususiyatlari bor:
shakily jihatdan umumtildagi so`zlardan farq qiladi. Masalan, mullajiring jargon so`zi qismlari bizga tanishday ko`rinadi, lekin bu ikki qismning o`zaro bog`lanishi mantiqan to`g`ri emas.
kamsitish, yerga urish, yomonlash kabi qo`shimcha ma’no bo`yoqlariga ega. Masalan, dum jargon so`zida kamsitish ma’nosi borligi seziladi.
b) argolar (fransuzcha argot – “o`zgalar uchun yopiq” degani10) ayrim salbiy ijtimoiy guruhlar (o`grilar, qaroqchilar) tomonidan ishlatiladigan yashirin ma’noli so`zlardir: oq qirg`oq (100 so`m), qizil (tilla) va h.
Argolarning xususiyatlari:
shakily jihatdan umumtildan farq qilmaydi;
yashirin ma’noga ega;
kamsitish, yerga urish ma’nolari yo`q.
3.Terminologik leksika
Ma’lum sohaga oid maxsus tushunchalarni mantiqan aniq ifodalash uchun qo`llanadigan so`z yoki so`z birkmalari yig`indisi terminologik (lot. terminus – “chegara”, logos - “fan” degani)11 leksika deb ataladi. Terminologik leksikaning birligi termin (yoki atama) deb yuritiladi. Har qanday termin ma’lum bir terminlar tizimidagina termin hisoblanadi. Shu bilan u umumxalq leksikasiga mansub bo`lgan so`zdan farq qiladi.
Terminlar quyidagi xususiyatlarga ega:
1) biror sohaga oid maxsus tushunchani ifodalaydi. Masalan, leksikologiya termini tilshunoslik sohasiga tegishli bo`lib, tilning lug`at boyligini o`rganadigan bo`lim tushunchasini ifodalaydi.
2) bitta terminologik tizimda har doim bir ma’noli bo`ladi. Masalan, ot so`zi atama sifatida faqat so`z turkumi tushunchasini bildiradi (bu so`z “ism”, “hayvon”, “otmoq”, “ichmoq” ma’nolaridagi so`zlar bilan omonim hisoblanadi).
3) ko`pincha tillararo xususiatga ega bo`ladi. Masalan, lotin tilidan olingan respublika termini dunyodagi ko`pgina tillarda bir xil tushunchani ifodalaydi.
4) bir so`z bittadan ortiq sohaga tegishli termin bo`lishi mumkin. Masalan, valentlik termini kimyo hamda tilshunoslik fanlarida ishlatiladi.
5) asosan ot turkumiga tegishli bo`ladi, boshqa turkumga tegishli bo`lsa, otga ko`chgan bo`ladi: sintaksis (ot), ishlab chiqarish (harakat nomi otga ko`chgan).
Atamalarni quyidagi mezonlar bo`yicha tasnif qilish mumkin:
1) qaysi sohaga oidligiga ko`ra:
a) kasb-hunar atamalari ma’lum kasb yoki hunar egalari tomonidan ishlatiladigan atamalardir. Dunyoda qancha kasb yoki hunar bo`lsa, shularning har biriga xos bo`lgan atamalar mavjuddir. Ayrim kasblarga oid atamalarga misollar:
- o‘qituvchilik: reyting, yillik baho, sinf jurnali, pedkengash, semestr, choraklik va h.
- duradgorlik: randa, iskana, tesha, bolg`a va h.
b) ilmiy atamalar ma’lum fan-texnika sohasiga mansub tushunchalarni ifodalaydigan atamalardir. Bunday atamalar tabiiy fanlar, texnika fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, matematik fanlarning barchasida mavjuddir. Masalan:
- kimyo: oksid, sulfat, reaksiya, valentlik, kislorod, vodorod va h.
- matematika: sinus, kosinus, ayniyat, romb, parallelogram, teorema, aksioma va h.
- mantiq: predikat, subyekt, obyekt, hukm, tushuncha va h.
- kibernetika (yoki komputer texnologiyasi): EHM, axborot, fayl, disk, internet va h.
2) kelib chiqishiga ko`ra:
a) umumxalq leksikasidan olingan terminlar. Bunda tilning o`zida mavjud bo`lgan so`zlar termin sifatida maydonga chiqadi. Masalan, tilshunoslikka oid ot, sifat, son, fe’l, ravish, ko`makchi, bog`lovchi, yuklama, gap, so`z kabi, me’morchilikka oid pardoz, davra, namoyon, o`ymakor, taqsim kabi12, temirchilikka oid pesh, tana, yelka, charxdor, dam kabi13 atamalar bunga misol bo`la oladi.
b) chet tillardan olingan terminlar. Bunda tilimizga hozirgi paytda aloqa vositasi hisoblangan chet tillardan olingan atamalar nazarda tutiladi. Masalan, yadro fizikasiga oid activator, barion, diproton, kvant;14 botanikaga oid azaliya, valeriana, gortenziya, magnoliya;15 logopediya faniga oid anamnez, giperkinez, distoniya, patogenez kabi16, zargarlik kasbiga oid parma, bargak, peshxalta, dahanda kabi17 atamalar shunga misol bo`la oladi. .
4. Vulgarizm va varvarizmlar
Tilda so`kish, qarg`ash ma’nolarini ifodalaydigan so`zlar vulgarizmlar (lot. vulgaris “qo`pol” degani)18 deb ataladi. Masalan: haromi, qiztaloq, yеr yutkur, oqpadar va b. Vulgarizmlarni ham qo`llanish doirasi chegaralangan leksikaga kiritsa bo`ladi, chunki bu guruh so`zlar ham har doim ishlatilavermaydi. Bunday so`zlar badiiy asarlarda qahramonlarning xarakterini chuqurroq ochish uchun xizmat qiladi.
Varvarizmlar (yunoncha barbarismos – “tushunarsiz nutq” degani)19 biror tilda tarjimasi bo`la turib, o`rinsiz tarzda ishlatiladigan so`zlar guruhidir. Masalan: znachit (demak), tak (demak), ostanovka (bekat), svet (chiroq) kabi ruscha so`zlar; yes (ha), vau (qoyil) kabi inglizcha so`zlar shunga misol bo`la oladi.
Xulosa Xulosa sifatida fikr bildirganimizda, umuman, bu qo’llanilish doirasi chegaralangan leksemalar o’z ichiga: dialektlar, kasb-hunar leksikasiga, jargon – argolarga, vulgarizmlarga, terminlarga oid so’zlarni qamrab oladi.
Bu yuqorida keltirganlarimizning har biri tor doirada qo’llanilganligini uchun qo’llanilishi chegaralangan leksika deb ataladi. Tarixiylik nuqtai nazardan u uchta asosiy qatlamga bo’lib o’rganiladi: Neytral leksika, eskirgan leksika, yangi leksika kabilar.
Shunday qilib, “o‘zbekcha leksema” o‘zida tayyorlik, majburiylik, takrorlanuvchanlik, ijtimoiylik xususiyatlarini mujassamlashtirgan, shakl va denotativ ma’no birligidan iborat, mustaqil anglanish va qo‘llanish tabiatiga ega bo‘lgan lisoniy birlikdir.
Albatta, ayrim til hodisalari leksema va morfema oralig‘ida turganligi uchun bu ta’rifga sig‘masligi mumkin. Bunday oraliq hodisalar tilda ko‘p uchraydi. Bu til sistemasining uzluksizligi va uzviyligini ta’minlaydi.
Keng iste’mol so’zlarini yigirma olti xil guruhchalarga bo’lib, har biriga misollar bilan izohladim. Ulardan ba’zilarini keltiramiz:
tabiiy borliqqa oid narsa va hodisalarning nomlari: quyosh, oy, suv, havo, osmon, yulduz, daryo, tog’ kabi;
tabiatning turli stixiyalarini anglatuvchi tushunchalarning nomlari: shamol, bo’ron, toshqin, chaqmoq, yashin, sel, tuman, zilzila kabi;
harakat va holatni, shuningdek insonning mehnat faoliyatini ifodalovchi so’zlar: yurmoq, turmoq, urmoq, yugurmoq, chopmoq kabi;
insonning psixik holati bilan bog’liq so’zlar: sevinch, sevinmoq, quvonch, achinmoq, yig’lamoq kabi;
odam va hayvonlarning nomlari: kishi, ayol, bola, qiz; ot, qush, it, kabi;
odam va hayvon a’zolari va muchallarining nomlari: bosh, oyoq, qo’l, barmoq, jigar, o’pka, yurak kabi;
qarindosh – urug’likka oid so’zlar: ota, ona, o’g’il, qiz, opa, singil, bola, amaki, bobo, amma, tog’a va boshqalar;
kishilar o’rtasidagi munosabatni, uzoq – yaqinlikni ifodalovchi so’zlar: qadrdon, mehribon, g’amxo’r, jonkuyar, do’st va boshqalar.
Odam va hayvonlarning xarakteri, xulqini ifodalovchi so’zlar: chaqqon, epchil.