Metallar tabiatda erkin holatda (yombi metallar) va, asosan, kimyoviy birikmalar holida uchraydi.
Aktivligi eng kam bo‘lgan metallar yombi metallar holida uchraydi. Ularning asosiy vakillari oltin bilan platinadir. Kumush, mis, simob, qalay tabiatda yombi holida ham, birikmalar holida ham, qolgan barcha metallar (standart elektrod potensiallar qatorida qalaygacha bo‘lgan metallar) faqat boshqa elementlar bilan hosil qilgan birikmalari holida uchraydi.
Tarkibida metallar va ularning birikmalari bor, sanoatda metallar olish uchun yaroqli bo‘lgan minerallar va tog‘jinslari rudalar deyiladi. Metallarning eng muhim rudalari ularning oksidlari va tuzlaridir (sulfidlari, karbonatlari va h.k.). Agar ruda tarkibida ikkita va undan ko‘p metallarning birikmalari bo‘lsa, bunday rudalar polimetall rudalar deyiladi (masalan, mis-ruxli, qo‘rg‘oshin-kumushli va b.)