Birinchi bekat: Xonanda bo’lishni orzu qilardim Buxoroning chekka qishloqlaridan birida, oddiy oilada katta bo’lganman. Otam hisobchi, onam dehqon edi. Bafo otamning ismi. Vafo so’zi Buxoro shevasida “bafo” deyiladi. Bizning bolalik davrimizda texnika rivojlanmagan, qishloqlarga elektr ham yetib bormagan edi. Bitta amakim musiqaga qiziqardi, nay chalardi. Negadir doim menga “Sen musiqachi bo’lishing kerak”, deb aytardi. To’ylarda musiqasiz, hech qanaqa tayyorgarliksiz ashula kuylardim. Otamga xonanda bo’lish haqidagi istagimni bildirganimda, “Bizning avlodda san’atkor bo’lmagan. Maktabni tugatib, qishloq xo’jaligi institutiga kirasan. Agronom bo’lasan. Qara, hozir kolxozlarda agronomlarning obro’si baland”, degan. Men esa 7-sinfni tugatib, Buxoro musiqa bilim yurtiga bordim. O’shanda u yerda Ahmad Ixtiyorov rahbar edi. U kishi niyatimni eshitib, “Sen xonanda bo’lma. Hali yosh bolasan. Ovozing yoshing ulg’aygani sari o’zgarib boradi. Yaxshisi, sozanda bo’l”, degandi. Shu bilan meni g’ijjak chalish bo’limiga o’qishga olishdi. To’g’risi, g’ijjak qanday soz ekanligini bilmasdim. Sentyabrda o’qishga borib, uning nimaligini ko’rdim. Qarasam, tizzaga qo’yib chalinadigan, 4 ta tori va bitta tayyoqchasi bor asbob ekan.
O’qishda bir yil rosa qiynalganman. Hatto afsuslanganman ham. Chunki bu sohani tushunmasdim-da. Keyingi yili yotoqxonaga ko’chib o’tdim. O’sha yerdagi muhit menda musiqaga muhabbat uyg’otgan. Asta-sekin o’zim musiqa yoza boshladim. Faqat tortinchoqligim sabab, yozganlarimni hech kimga ko’rsatmasdim. O’qishni tugatgach, ustozlarimning yo’llanmasi bilan Toshkent Davlat konservatoriyasiga o’qishga keldim. O’shanda to poytaxtga kelguncha poezdda g’ijjak chalib kelganim esimda.
Ikkinchi bekat: Konservatoriyada ikki marta qayta o’qiganman Konservatoriyada xalq cholg’u asboblarini chalish yo’nalishida o’qib yurgan kezlarim domlamiz Mardon Nasimov musiqa yozishimni sezib qolgan. Huzuriga chaqirib, “Sen bola musiqa yozayapsan-a? Uyalmasdan ko’rsat menga”, degandi o’shanda. Keyin boshqa domlalar ham musiqalarimni eshitib ko’rib, “Aslida bastakor bo’lishing kerak ekan”, deyishgan. Ammo o’quv yo’nalishini o’zgartirish imkoni bo’lmagan. Bitiruv imtihonida ham o’zim yozgan musiqani chalgandim. O’qishimni tamomlagach, “Avval ishlang, keyin bastakorlikka o’qiysiz”, deb aytishdi. Shundan so’ng Buxoro pedagogika uneversitetida ishlay boshladim. Rahmatli ustozim Mardon Nasimov doim qo’ng’iroq qilib, “Qachon kelasan poytaxtga”, derdi. Men esa “Domla, uylandim, ikki qizim bor. O’qishga borolmayman”, deb javob berardim. Ota-onam qayta o’qishimga qarshi edi. “Mana, oliy ma’lumotlisan. Bo’ldi, endi ishlagin”, deyishardi. Lekin ko’nglim musiqiy asarlar yaratishni istardi. Oxiri ayolimga “Hali yoshmiz. Hozir bastakorlikka o’qib olsam, yaxshi bo’lardi”, deb taklif bildirdim. U rozi bo’ldi. Shu bilan qaytadan konsevatoriyaning bastakorlik yo’nalishiga imtahon topshirib, o’qishga qabul qilinganman. O’shanda yigirma yetti yoshda edim. O’qishni tugatgan yilim “Buxoronoma” degan oratoriya yozganman. O’sha asarim uchun Bastakorlar uyushmasiga a’zo bo’lganman.