Savol va topshiriqlar : 1. Mustaqillikning dastlabki yillarida nima sababdan O‘zbekiston, eng
avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik, hamkorlik aloqalarini
mustahkamlashga e’tibor qaratgan?
2. 2017-yil Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda qanday tub
o‘zgarishlar bo‘ldi?
3. Qo‘shimcha manbalardan foydalangan holda Nursulton Nazarboyevga
“El-yurt hurmati” ordeni berilishi sabablarini izohlang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xorijiy
mamlakatlardagi ilk tashrifi qaysi davlatga bo‘ldi?
5. “Turkiston – umumiy uyimiz” shiorini izohlang.
12-MAVZU : O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHQI SIYOSATI VA IKKI TOMONLAMA MUNOSABATLARI REJA: 1. O‘zbekiston Respublikasining Rossiya, Xitoy va AQSH bilan o‘zaro munosabatlari 2. O‘zbekistonning Yaponiya, Koreya Respublikasi va Hindiston bilan ikkitomonlama aloqalarining rivojlanishi Tayanch ibora va atama :diplomatik munosabatlar. Tayanch ibora va atama : shartnoma, davlatlararo munosabatlar. O‘zbekiston Respublikasining Rossiya, Xitoy va AQSH bilan o‘zaro munosabatlari O‘zbekiston – Rossiya. O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar va hamkorlik 1992-yil imzolangan Davlatlararo munosabatlar, Do‘stlik asoslari to‘g‘risidagi shartnoma, 1998-yil imzolangan 1998–2007-yillar uchun iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi shartnomalar asosida rivojlanib bordi.
Keyingi yillardagi O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishida 2004-yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma muhim ahamiyat kasb etdi. 2005-yilda Moskvada imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, 2012-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakuniga ko‘ra qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya” ikki davlat o‘zaro munosabatlarida alohida voqea bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘zaro munosabatlari va hamkorligining yanada rivojlanishi va chuqurlashishiga 2013-yil aprelda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov va Rossiya
Federatsiyasi Prezidenti V.Putin o‘rtasidagi Moskva uchrashuvi yangi turtki berdi. Ushbu uchrashuv chog‘ida davlatlarning keng qamrovli o‘zaro munosabatlaridagi hamkorlikni rivojlantirish holati va istiqboli ko‘rib chiqildi. Har ikki davlat mustaqillikka erishgandan keyingi davr ichida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 160 dan ortiq xalqaro shartnoma va 40 dan ziyod boshqa hujjatlar imzolandi. 2017-yil aprelda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, harbiy-texnikaviy, migratsiya sohalari, shuningdek, mintaqalararo hamkorlik, turizm va sog‘liqni saqlashga oid umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan 55 ta hujjat imzolandi.