O‘zbekistonning Yaponiya, Koreya Respublikasi va Hindiston bilan ikkitomonlama aloqalarining rivojlanishi O‘zbekiston – Yaponiya. O‘zbekiston o‘zining sharqiy yo‘nalishdagi tashqi siyosatida Osiyo qit’asining Yaponiya, Hindiston va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlari bilan davlatlararo munosabatlar va manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor berdi. 1992-yil yanvarda o‘rnatilgan diplomatik munosabatlar, 1994-yil may, 2002-yil iyul va 2011-yil fevralda Yaponiyada hamda 2006-yil avgustda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi manfaatli va do‘stona aloqalarga yangicha ma’no-mazmun bag‘ishladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2002-yilda Yaponiyaga tashrifi doirasida Bosh vazir Jun’itiro Koidzumi bilan uchrashuvida o‘zaro do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonot imzolandi. Ushbu bayonot tomonlarning hozirgi zamon xalqaro munosabatlardagi ko‘plab muammolar bo‘yicha qarashlari va munosabatlari o‘xshashligi, shuningdek, ularning ikki mamlakat ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirishga intilishlarini tasdiqlovchi rasmiy hujjat
bo‘lib qoldi. 2004-yilda Tokiodagi Soka universiteti hududida buyuk o‘zbek mutafakkiri Alisher Navoiyga haykal o‘rnatildi. O‘zbekiston Prezidentining 2011-yil fevralda Yaponiyaga qilgan navbatdagi rasmiy tashrifi davomida yuqori texnologiyalar sohasida
ixtisoslashgan yirik kompaniyalar bilan yapon texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekistonning neft-gaz, kimyo, energetika, mashinasozlik va to‘qimachilik sanoati kabi tez rivojlanayotgan sohalariga jalb etishga qaratilgan qator bitimlar tuzishga erishildi.
2015-yil oktabrda Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Yaponiya umumiy qiymati 8,5 mlrd. dollardan ko‘proqni tashkil qiladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston – Hindiston. Hindiston O‘zbekistonning yirik strategik hamkoridir. 1992-yil martda Toshkentda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. 2016-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Hindistonga besh marotaba tashrif buyurgan va birinchi rasmiy tashrif 1991-yilning avgustida amalga oshirilgan edi. 1993-yil mayda Hindiston Bosh vaziri Narasimxa Rao davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Safar kunlarida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o‘rtasida davlatlararo munosabatlar va hamkorlik prinsiplari to‘g‘risida” shartnoma, savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida va boshqa bitimlar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1993-yilgi Hindistonga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida qator bitimlar imzolandi. 2006-yilda Hindiston Bosh vaziri M.Singxning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil may oyida Hindistonga qilgan davlat tashrifi va 2015-yil iyunda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi hamkorlik munosabatlarini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tardi. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarga xizmat qiluvchi 40 ga yaqin hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning orasida eng muhimi – ikki davlat munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga qaratilgan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotidir. Hozirgi kunda O‘zbekiston hududida Hindiston sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 60 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.