4.2. Buyruqbozlik iqtisodiyoti normalari Buyruqbozlik iqtisodiyotining normal holatlari uchun zarur bo‘lgan normalardan biri oddiy foyda ko‘rish hisoblanadi. Bunda individ tomonidan o‘z foydaliligini oshirilishi o‘ziga xos ravishda namoyon bo‘ladi. Ya’ni, oddiy foyda olish individning samarali faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holda o‘z foydaliligini oshirishga intilishidir.
Individ iste’mol madaniyatidagi oddiy foyda ko‘rish “kvartira – mashina – dala hovli” uchligida aks etadi. Individda bunday katta orzuning yuzaga paydo bo‘lishi va qulay hayot sharoitlarini ta’minlashga intilish sobiq sho‘rolar (sovetlar) jamiyati namunasida XX asrning 70-80-yillardagi o‘ziga xos shaklga ega tendensiyalar bilan tavsiflanadi. Bunda iste’molning ma’lum darajasiga erishish uchun noyob (taqchil) resurslardan foydalanish imkoniyati samarali mehnat bo‘yicha emas, balki ma’lum kasb toifasidagi xodimlar (savdo sohasi, byurokratik apparat, temir yo‘l va havo yo‘li transporti xodimlari, chet elga chiqish imkoniyatidagilar) o‘rtasida bo‘lingan edi.
Ya’ni foyda (manfaat) ko‘rish normasi buyruqbozlik iqtisodiyotida faqat oddiy shaklda – individning samarali faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan holda foydalilikni oshirishga intilishi sifatida mavjud bo‘lgan. Ikkinchidan, taqchillik sharoitidagi iste’molda foydalilikni oshirishga intilish navbatda turish zarurligi, asabbuzarliklar, ovoragarchiliklar, janjallar (nizolar) tufayli kelib chiqqan yuqori ruhiy kechinmalar bilan cheklandi. Buyruqbozlik tizimining bu tavsifi «sabr chegarasi» tushunchasi bilan ham izohlanadi. Sabr chegarasi deganda nizolar va keskinliklar jamlanishining undan keyin iqtisodiy agentlar shikoyat qila boshlaydigan va norozilik namoyish etadigan darajasi tushuniladi. Shunday qilib, buyruqbozlik iqtisodiyotining birinchi normasi oddiy va cheklangan foyda ko‘rishdan iborat.
Buyruqbozlik iqtisodiyoti normalari tizimining ikkinchi unsuri to‘liqsiz ratsional faoliyat bilan izohlanadi. Bunda, birinchi navbatda axborotning cheklanganligi va to‘liqsizligi bilan shartlangan to‘liqsiz ratsionallik tushuniladi. Iqtisodiy agentlar erkin shakllanmagan narx va taqchil resurslar sharoitida narxlardagi mavjud axborotni narxga taalluqli bo‘lmagan – zaxiralar hajmi, navbatlarning uzunligi va hokazolar haqidagi ma’lumotlar bilan to‘ldiradilar. Sof ko‘rsatkichlarda axborot olish esa, hamma vaqt uni yig‘ish bilan bog‘liq yuqori darajadagi xarajatlarni keltirib chiqaradi. Natijada tizimda «nizo», ya’ni sotuvchi va xaridorlar fikrlarini muvofiqlashtirishda kechikishlar paydo bo‘ladi.
Nizo prognozlardagi xatolar, manfaatdor shaxsda boshqa sub’ektlarning holati va maqsadlari to‘g‘risida axborotning mavjud emasligi, manfaatdor shaxsning qaror qabul qilishdagi beqarorligi, o‘zgaruvchan sharoitga moslashishdagi noqulayligi shakliga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, to‘liqsiz ratsional faoliyat, iqtisodiy agent uchun faqat tashqaridan belgilangan maqsadlarga erishish vositalarini tanlash erkinligi bilan ifodalangan. Mafkura bilan belgilangan partiya-xo‘jalik apparatining mafkuraviy maqsadlari reja topshiriqlari shaklini qabul qiluvchi muayyan ma’muriy va xo‘jalik vazifalariga aylanadi. Boshqacha aytganda, buyruqbozlik iqtisodiyotida iqtisodiy sub’ektlarning faoliyati – mafkuraviy qadriyat ratsionalligi me’yoriga asoslanadi.
Ishonch normasi ikkita shaklda davlatga ishonch sifatida va bir birini yaxshi bilgan shaxslar doirasi bilan cheklangan mikrodarajadagi ishonch sifatida mavjud bo‘ladi.
Har qanday ahamiyatli bitimning davlat organiga: partiya, reja, ta’minot organiga murojaat etish bilan bog‘liqligi sababli davlatga ishonmay, boshqa yo‘l tutishning iloji yo‘q. Bunday vaziyatda bevosita hamkorga ishonish mutaqo ortiqcha bo‘lib, davlat uchinchi tomon sifatida bitim shartlarining bajarilishini kafolatlaydi. Biroq mikrodarajadagi ishonchbaribir maksimal individuallashgan shaklda mavjud bo‘ladi.
Bu norma ham uy xo‘jaligida, ham korxonada amal qiladi. Uy xo‘jaligining ijtimoiy va iqtisodiy hayotida og‘irlik markazining oilaqarindoshchilik tarkibiga, do‘stlar va tanish-bilishlarga ko‘chiriladi. Masalan, o‘zaro hamkorlik umuman vrach, sartarosh bilan emas, balki tanish vrach yoki sartarosh bilan amalga oshiriladi. Korxonalar xatti-harakatini ham xuddi shunday ta’riflash mumkin. Ulardan har biri barqaror sherikchilik doirasiga ega bo‘lib, bunda ushbu korxonalar rahbarlari o‘rtasida shaxsiy darajada ishonchli munosabatlar yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni direktorlar o‘rtasida o‘zaro yordam va o‘zaro ishonch tamoyillari asosiga qurilgan korporativ munosabatlar shakllanadi.
Buyruqbozlik iqtisodiyotining navbatdagi asosiy normasi «sen – menga, men - senga», yoki o‘zaro xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi kelishuvdir. Taqchil resursni olishning keng tarqalgan variantlaridan biriga ko‘ra, iste’molchi va yetkazib beruvchi vaqti-vaqti bilan vazifalarini almashtirib turadi, ya’ni “bugun men po‘lat berib turaman, sen esa ertaga boltdan yordam qilib turasan”. Aynan har qanday barter bitimi asosida «Sen – menga, men - senga» normasidan foydalanish yotishiga ishonch hosil qilish mumkin. Hatto, barter almashuvi zanjir bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin bo‘lsa-da, ushbu normaga lokal va tanish-bilishlar doirasi bilan cheklangan xususiyatni yo‘qotish imkonini bermaydi.
Nihoyat, qonunga bo‘ysunish normasi. Har qanday o‘zaro munosabatning davlat nazorati ostida bo‘lishiga qaramay, buyruqbozlik iqtisodiyoti doirasida qonunlar partiya manfaatlariga bo‘ysungan. Buning uchun rasmiy asos bo‘lmasa-da, partiya qarorlari de fakto qonun kuchiga ega bo‘lgan. Hatto e’lon qilingan de yure umumxalq mulkchilik shakli ham de fakto mulkchilik shakli bilan, xususan, byurokratik organlar – «idoralar» (vazirliklar va idoralar) mulki bo‘lgan. Byurokratiyaning bunday o‘zboshimchaligi oddiy fuqarolarning qonunga nisbatan munosabatiga aks ta’sir o‘tkazgan. Boshqacha aytganda, buyruqbozlik iqtisodiyotida iqtisodiy sub’ektlarning xattiharakati qonunga tilda bo‘ysunish normasi sifatida tavsiflanadi. Demak, buyruqbozlik iqtisodiyoti konstitutsiyasining asosiy normalari tizimning muvozanatsiz holatini barqarorlashtirga xizmat qiladi.