4-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar 9. Konsepsiya doirasida belgilangan vazifalarni bajarish orqali O‘zbekiston Respublikasining xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishda quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish nazarda tutiladi:
STEAM fanlarni va tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilish kompetensiyalari va malakalarining rivojlanishiga alohida urg‘u berishni hisobga olgan holda, zamonaviy innovatsion iqtisodiyot talablariga javob beradigan umumta’lim dasturlari va yangi davlat ta’lim standartlari joriy etiladi;
xalq ta’limi tizimida o‘quvchilarning bilim darajasini baholashda ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va izlanishlar (PISA, TIMSS, PIRLS va boshqalar)da O‘zbekiston Respublikasining doimiy ishtiroki ta’minlanadi;
ta’lim dasturlari va muassasalarini akkreditatsiya qilish uchun O‘zbekiston Respublikasining yetakchi xalqaro birlashmalarga kirishi ta’minlanadi;
xorijiy til, informatika, matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlarini chuqur o‘rganishga mo‘ljallangan didaktik materiallar va multimedia mahsulotlarining yangi avlodlari tayyorlanadi;
muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan umumta’lim muassasalari negizida tarmoq maktablari yaratiladi va ushbu tarmoqqa o‘quvchilarni qamrab olish koeffitsiyenti past bo‘lgan boshqa maktablar ham kiritiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan Prezident maktablari tashkil etiladi;
4 860 umumta’lim muassasasi tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq “Zamonaviy maktablar”ga aylantiriladi;
davr talabidan kelib chiqib, pedagog kadrlar malakasini oshirish kurslarining o‘quv dasturiga asosan o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish maqsadida elektron resurslar yaratiladi;
maktabdan tashqari ta’lim sifatini oshirish va bolalarni maktabdan tashqari ta’lim xizmatlari bilan qamrab olish o‘quvchilar umumiy soniga nisbatan 50 foizga yetkaziladi;
oliy ta’lim muassasalarida “Xalq ta’limi sohasida boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
umumta’lim fanlari bo‘yicha 3 mingga yaqin pedagog ixtisosligi bo‘lmagan kadrlar pedagogik va kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi;
xalq ta’limi tizimidagi barcha ta’lim muassasalarining elektr energiyasi, tabiiy gaz, ko‘mir, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlanishi tashkil etiladi;
barcha ta’lim muassasalarining internet tarmog‘iga to‘liq ulanishi ta’minlanadi;
barcha umumta’lim maktablarida o‘zlashtirish jurnallari va kundalik yozuvlarning elektron shakllaridan foydalanish, davomatni masofadan monitoring qilish, o‘quvchilarning kelish va ketish vaqtlari nazorati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘quv jarayonini avtomatlashtirish tizimi joriy etiladi;
barcha umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarni qabul qilish va boshqa ta’lim muassasalariga o‘tkazish uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmi joriy etiladi;
barcha umumta’lim maktablarida o‘quvchining identifikatsiya kartalari (ID-karta, NFC belgisi va boshqalar) joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.