Reja: Qadimgi turkiy adabiy atamaning o’rganilishi "Devonu lug’otit turk" asarida turkiy adabiy istilohlar



Yüklə 122,5 Kb.
tarix22.01.2020
ölçüsü122,5 Kb.
#30269
turkiy adabiy istilohlar

Mavzu: Qadimgi turkiy adabiy istilohlar

Reja:




  1. Qadimgi turkiy adabiy atamaning o’rganilishi



  1. “Devonu lug’otit turk” asarida turkiy adabiy istilohlar




  1. Istilohlarning hozirgi adabiyot terminlariga mos kelishi

Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodining janr va vazn xususiyatlarini aniqlash hamda adabiy atama sifatida nomlashga asos bo’ladigan manbalar mavjuddir., Мahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» kitobidagi adabiy atamalar hamda ayrim adabiy janrlarning nomini ifodalashi mumkin bo’lgan so’zlar, qadimgi tosh va yozma bitiklar, shuningdek, qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodidagi mazmun, g’oya hamda obrazlarning tadrijiy takomili natijasi: Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilik» dostonidagi ayrim tasvir va atamalar mavzuni yoritishga xizmat qiladi.

Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodining janr xususiyatlarini o’rganish mavzusi adabiyotshunosligimizda qisman bo’lsa-da yoritilgan. Bu sohaning ilk tadqiqotchisi ham Мahmud Koshg’oriydir. Bizning zamonamizda bu masalada akademik B.Valixo’jayev, professor B.To’xliyev, N.Rahmonov va boshqalarning e’tiboriga loyiq qarashlari mavjud. Quyidagi izlanishlar ham bu mavzuni yoritishga ko’maklashadi, deb o’ylaymiz.



BILIG

«Devonu lug’otit turk»da bilik so’ziga «bilim», «hikmat» va «aql» deb izoh berilgan (1., 367-bet). Bilga hikmat aytuvchi, hikmatshunos, oqil, dono, aqlli, olim kishiga nisbatan qo’llanadi. Demak, bilik – hikmat ma’lum ma’noda hozirgi o’zbek tili lug’at boyligidagi maqol janrining mazmunini ifodalaydi. Мaqolda xalqning, ijtimoiy tabaqa yoki guruhning dunyoqarashi, hayotda to’plagan tajribalari, kuzatishlari ifodalanadi. Qadimgi turkiylarning bilgalari aytgan biliklar ham shunday xususiyatga egadir.

«Devonu lug’otit turk»da biliklardan ko’plab namunalar keltirilgan.

Ag’iz yesa, ko’z uyazur – Og’iz yesa, ko’z uyalur.

Etli, tirinaqli ezirmas – Et tirnoqdan ayrilmas.

Qarg’a qazg’a o’tko’nsa buti sinur – Qarg’a uchishda g’ozga taqlid qilsa, buti sinar.

Qo’sh qilich qinqa sig’mas – Qo’sh – ikki qilich bir qing’a sig’mas.

Uma kelsa, qut kelar – mehmon kelsa, qut kelar.

Alimchi – arslon, berimchi – sichg’an – Oluvchi– arslon, qarzni beruvchi – sichqon.

O’TLUK

Devonu lug’otit turk»da o’git, nasihat ruhidagi she’rlar o’tluk deb nomlanadi. Ba’zan bu atama ma’nosini o’vo’t so’zi ham ifodalagan. O’vo’t asli o’gitdir. O’tluk tarbiya mavzusidagi bir necha bandli o’git hamda nasihatlardir. Devonda qofiyalanish tizimiga ko’ra o’tluk janriga xos ikkita she’r parchalari saqlanib qolgan.

O’tluk –1.


Qo’shni-qo’nuq ag’ishqa,

Qilg’il ang’ar ag’irlik.

Artut alib anung’il,

Ezgu tavar o’g’ruluq. I.137

Qo’ni –qo’shni qarindosh,

Ko’rsin sendan yaxshilik.

Ne-ne sovg’a qilishga,

Yaxshirog’in qil ortiq. [1]

Qo’lsa qali o’g’rayin,

Bergil taqi azuqluq.

Qarg’ish qilur umalar,

Yunchig’ ko’rub qo’nuqluq. I.272


Kelsa birov yo’qlashib,

Bergil yaxshi ozuq non.

Qarg’ab ketar mehmonlar,

Kutar bo’lsang gar yomon.

.


Birinchi o’tlukda mehmon kutish odobi, qo’ni-qo’shnilar bilan ahil bo’lish, saxiylik haqida nasihat beriladi. Ikkinchi o’tlukda esa, insondagi ichki va tashqi go’zallik ulug’langan. Shirin so’zlilik, hayotdagi har qanday qiyinchiliklarga bardoshli bo’lish, boylikka hirs qo’ymaslik insoniy fazilat sifatida ko’rsatilgan.

TABZUG’

Tabzug’ turkiy adabiyotdagi qadimiy janrlardan biridir. Turkiy xalqlar topishmoqni shunday ataganlar. Devonda quyidagi gap keltirilgan: Tabzu g’uq tabuzdim — men undan bir topishmoq so’radim (I., 429). Topishmoq jahon xalqlari o’rtasida keng tarqalgan janrlardan biridir. Xalq og’zaki ijodi tarixida topishmoqning ikkita shakli uchraydi: 1. So’z shakli, ya’ni yashiringan narsa –hodisani so’z vositasida ifodalash (Qorong’u uyda beli bog’liq qul yotur (supurgi). Bu topishmoq hozirgi davr og’zaki ijodida ham keltirilgan bo’lib, u ijtimoiy sinfiy mohiyatiga ko’ra o’zining qadimiy qatlamiga ega. 2. Narsa buyum shakli, ya’ni narsa-buyumni ko’rsatish bilan yashiringan fikrni topishga da’vat etish.

Qadimgi turkiy xalqlar o’rtasida tabzug’ning narsa-buyum shakli ham keng rivojlangan. Gerodotning «Tarix» kitobida berilgan «Doroning Skifiyaga yurishi» qissasida topishmoqning narsa-buyum shakli keltirilgan bo’lib, bu usul turkiy xalqlar og’zaki ijodida juda qadim zamonlarda ildiz otganligini ko’rsatadi. Asarda tasvirlanishicha, skiflar hukmdori Doroga qush, sichqon, qurbaqa va beshta kamon o’qini sovg’a qilib jo’natadi. Bu narsa-buyumlarda ma’no yashiringan bo’lib, Doro uni topishi kerak edi. Forslar hukmdori topishmoq-buyumning javobini quyidagicha izohlaydi. «Skiflar menga hokimiyatni, yer hamda suvini topshirmoqchi. Sichqon yerda yashaydi, insondek yerning mahsulotidan oziqlanadi. Qurbaqa suvda yashaydi. Qush chaqqonligi bilan otga o’xshaydi, kamon o’qlarini topshirishlari esa skiflarning bizga qarshilik ko’rsatmasliklarining belgisidir».

Doro Skifiyaga bostirib kirganida uning qo’shini safida Gobriy ismli dono kishi bor edi. U skiflar jo’natgan buyum – topishmoqni boshqacha izohladi.

«Agar siz, forslar, qushdek osmonga parvoz etmasalaringiz yoki sichqondek yer ostiga yo’qolmasalaringiz yoki qurbaqadek botqoqqa sakrab tushmasalaringiz ushbu kamon o’qlaridan halok bo’lasizlar, vatanlaringizga qayta olmaysizlar».

Buyum- topishmoqning haqiqiy javobi ham shu edi.

Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asarida ham buyum-topishmoqlarning yaxshi namunalari keltirilgan. Kuntug’di elig bir kuni yolg’izlikdan siqilib, huzuriga Oyto’ldini chorladi. Oyto’ldi kelib, hayratga tushdi. Eligning qovog’i soliq, yuzi tumshaygan edi. Kuntug’di uch oyoqli kursida o’tirardi. Qo’lida pichoq, so’l tomonida esa zahar-zaqqum, o’ng tomonida esa sharbat turardi.

Bu tasvir buyum-topishmoqdir. Oyto’ldi uning ma’nosini anglab yetmagach, eligdan uning javobini so’raydi. Buyum-topishmoqning javobi shunday edi.

1.Uch oyoqli kursi. Kursidagi uch oyoq uning o’z o’rnida to’g’ri, og’masdan turishiga asosdir. To’g’ri narsa yiqilmaydi. Kuntug’di eligning ishlari to’g’ri, og’mas, yaxshi va yomonga nisbatan hukm chiqarishi o’zgarmasdir.

2.Pichoq. Pichoq sanchiluvchi va kesuvchi buyumdir. Kuntug’di da’vogar-tuhmatchilarning ishini cho’zib o’tirmaydi, barcha ishlarini pichoqdek kesib, qirqib tashlaydi, adolat bilan hal qiladi.

3. Sharbat. Kuntug’di huzuriga kelgan kishi uning adolatliligidan xursand bo’ladi, sevinib, go’yo o’zini sharbat ichgandek his etadi.

4. Zahar-zahqum. Zo’ravon, to’g’rilikdan qochgan shaxsning nasibasi zahar-zahqumdir. Bunday kishilarga Kuntug’di hukm chiqarganda ular zahar ichgandek jonlari azob chekadi.

«Qutadg’u bilig»da buyum-topishmoqlarning keltirilishi Yusuf Xos Hojib qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodi shakl-uslublaridan ham unumli foydalanganligini ko’rsatadi.

SANDRUSH

Sandrush qadimgi turkiy tilda «tortishuv» ma’nosini beradi. «Devonu lug’otit turk»da sandrushga misol bo’la oladigan she’rlar keltirilgan. Bu she’r hozirgi adabiyotshunosligimizda «Qish va yoz» munozarasi nomi bilan yuritilgan. Ushbu sandrushda tortishishga kirishgan ikki predmet o’z xususiyatlarini maqtaydilar, o’zgasining qiliqlarini fosh etadilar. Ikki faslning majoziylik xususiyati hayotdagi ma’lum tabaqa yoki shaxslarning qiyofasini umumlashtiradi. Qish – yomonlik, Yoz – yaxshilik timsoliga aylanadi.

«Qish va yoz» sandrushi


Tumlig’ kelib qapsadi,

Qutlug’ yayig’ tepsadi.

Qarlab ajun yapsadi,

Et yin ushub emrishur. I. 430

Yay qish bila qarishti,

Erdam yasin qurishti.

Cherig tutub ko’rushti

O’qtag’ali o’trushur. II.104

Qish yoz bilan topishdi,

Qing’ir ko’zla boqishti.

Bir-biriga yopishdi

Qish yoz bilan topishdi,

Qing’ir ko’zla boqishti.

Bir-biriga yopishdi

Qor dunyoni o’radi,

G’alabani istashur.




YIG’I-YO’QLOV

Qadimgi turkiylarda biror shaxsning o’limi munosabati bilan odamlar to’planib, ko’z yosh to’kishi yig’i-yo’qlov, vafot etgan kishining sifatlarini aytib yig’lagan, o’z g’am-anduhini to’kib, ko’z yoshi qilganlar yig’ichidir. Shu jihatdan qaraganda, hozirgi adabiyotshunosligimizda qadimgi turkiy adabiyotga nisbatan qo’llaniladigan marsiya janri (masalan, «Alp Er To’nga» marsiyasi)ni yig’i-yo’qlov atamasi bilan umumlashtirish xato hisoblanmaydi. «Devonu lug’otit turk»da Alp Er To’ngaga bag’ishlangan yig’i-yo’qlovdan tashqari, yana shu janrga mansub to’rtta she’rning parchalari saqlangan. Ulardan uchtasida sevikli yoridan judo bo’lgan ma’shuqaning ayriliq iztiroblari ifodalangan.



Turkiycha:

O’zik meni kuchayur,

Tun-kun turup yig’layu.

Ko’rdi ko’zum tavraqin,

Yurti qalip ag’layu. III. 275

Yelkin bo’lup barduqi,

Ko’nglum angar bag’layu.

Qaldim erinch qadg’uqa,

Ishim uzu yig’layu. III. 324

Hozirgi tildagi bayoni:

Sevgim mening kuchayur,

Kecha-kunduz yig’layman.

Ko’rdi ko’zim ketganin,

Yurtda yolg’iz qolgayman.

Seviklim ketdi uzoq,

Ko’nglim unga bog’layman.

Qoldim chuqur qayg’uda,

Uzzukunlar yig’layman.



Urxun Enasoy tosh bitiklarida ham yig’i-yo’qlovlar ruhi yetakchi o’rinda turadi. Bitiklardagi yig’i-yo’qlovlarni ifoda usuliga ko’ra ikkiga ajratish mumkin:

1. Yig’i-yo’qlov vafot etgan shaxsning o’zi tilida bayon etiladi (Enasoy bitiklari asosan shunday xususiyatga ega).

2. Yig’i-yo’qlov yig’ichi, ya’ni vafot etgan shaxsning qarindosh-urug’lari tomonidan bayon etiladi («Kul tegin bitigi»).

Quyida Enasoy bitiklaridan keltirilayotgan Chiksin yig’isi vafot etgan shaxsning alamli faryodidir. O’lgan shaxs ham, yig’ichi ham Chiksin bo’lib, yig’i-yo’qlov ham uning tilidan bayon etilgan.



Avlodlarim, sizlardan ayrildim,

Oh, uydagi xonzodalarimdan ayrildim.

Sakkiz o’g’limdan ayrildim- ey,

Xoqonim, elim xizmatida bo’ldim,

Dono hukmdorimga xizmat qildim,

Do’stlarimga xizmat qildim,

Bu men uchun sharafdir.

Xoqonim uchun

Bilga Chiqshan xoqoniga xizmat qildim.

Ey xalqim,

Yigitlik sharafim uchun

Davlatimga xizmat qildim.

Endi ajoyib do’stlarimdan ayrildim.

Bu mangu toshimdir.

Мen alamli Chiksinman.

Yig’i-yo’qlovning bu shaklida hayotdan ko’z yumgan kishining tarjimai holi bayon etiladi. Hayotdan, qarindosh-urug’laridan, orzu-umidlaridan ajralish o’lgan shaxsning alamli iztiroblariga aylangan.

TO’RTLIK

«Devonu lug’otit turk» orqali bizgacha yetib kelgan qadimgi she’riy asarlarning bandlanishi to’rt misralikdir. Turkiy adabiyotdagi to’rt misralik she’r va bandi to’rt misralik bo’lgan she’rlar o’rtasida o’ziga xos tafovut bor, albatta. Tugal mazmunni ifodalagan to’rt misrali she’rlar Sharq adabiyotida ruboiy deb ataladi. Devonda pand-nasihat ruhidagi quyidagi to’rtlik keltirilgan:



Qarduni yenyu saqinmang,

Tuzg’uni manyu sezinmang.

Bulmadiq nenga sevinmang,

Bilgalar ani yirar. I.396

Мuzni javohir deb bilmang,

Hadya oshni yeb qo’ymang.

Behudaga sevinmang,

Donolar shuni aytur. (A.A.)

Albatta, bu she’rni ruboiy deb bo’lmaydi. Chunki she’rning axloqiy-ta’limiy ruhi ruboiyni eslatsa-da, qofiya, vazn xususiyati bu janr talabiga javob bermaydi. Ruboiyning qofiyalanish tizimi a-a-b-a, a-a-a-a shaklida bo’ladi. Bu to’rtlikda qofiya a-a-a-b tarzida kelgan. Aruz vazni talabiga ko’ra ruboiylar hazaj bahrining axram va axrab vaznida yozilishi kerak. Yuqoridagi she’r shakl jihatidan to’rt misra, ya’ni ruboiy shaklida bo’lsa-da, vazn jihatidan barmoq vaznida yozilgandir. Har bir misradagi o’juk (bo’g’in)lar soni 8 ta, turoqlanish tartibi 3 +2+3= 8 dir.

Demak, to’rtlik turkiy she’riyatda alohida mustaqil janr sifatida shakllangan. Shu jihatdan qaraganda, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» dostoni tarkibiga kiritilgan to’rt misralik she’rlarning ham ruboiy yoki to’rtlik deb atash muammosi mavjuddir. Chunki bu she’rlar ham ruboiy shaklida, to’rt misralik qilib yozilishidan qat’iy nazar, ularning vazni hazaj bahrida emas, balki barmoq vaznida bitilgandir. Shu sababli ham «Qutadg’u bilig»dan o’rin olgan to’rt misralik she’rlarning qadimgi turkiy adabiyotdagi to’rtlik janrining namunalari deb qarash haqiqatga yaqindir. Lekin e’tiborli tomoni shundaki, «Qutatg’u bilig»dagi to’rtliklarning qofiya tizimi ruboiynikiga mos keladi. Demak, bu shakl barmoqdagi to’rtlik hamda aruzdagi ruboiy an’anasining birlashgan natijasi ham bo’lishi mumkin.



Kishi yilqi birla adirti bilig,

Bilig birla yangluq ko’turdi alig.

Yuri yilqi bo’lsa bilig bil, uqush,

Bilig birla so’zla, yo’ruq tut tilig.

(Odamni vuhushdan bilim farqladi,

Bilim birla inson qadrin tikladi

Bo’lib qolma yilqi, bilim ol, hunar,

Bilim so’zla, tilni bilim saqladi).

TUYUQ

Shaklan ko’p ma’noli so’zlar qadimgi turkiy til lug’at boyligining alohida qismini tashkil etadi. Мasalan, yash (ko’z yoshi, ko’kat, yangi, sof), qaraqush (qirg’iy, Мushtariy yulduzi, tuya oyog’ining tag atroflari), yig’ach (yog’och, bir farsax, daraxt), til (til, lug’at, so’z, josus), ko’g (she’r vazni, kuy, maqom, kulgili voqyea, boshvog’i olinib, qo’yib yuborilgan hayvon, echki va boshqa hayvonlarning juftlashadigan vaqti, oyna yuzidagi dog’, zang, xotinlar yuzidagi dog’), ko’k (osmon, ko’k rangi, yashil daraxtlar) va boshqa so’zlar shunday ko’p ma’nolilik xususiyatlariga ega. «Devonu lug’otit turk»da bunday so’zlarning ko’plab namunalari keltirilgan. Мa’lumki, ko’p ma’noli so’zlar Sharq adabiyotida tajnis san’ati yuzaga kelishiga asos bo’lgan. Turkiy adabiyotda esa boshqa xalqlar adabiyotidan farqli o’laroq, tuyuq janri shakllangan bo’lib, uning asosini qofiyalarning tajnisli — shakl bir xil, ammo ma’nolarning har xilligi tashkil etadi. Alisher Navoiy «Мezon ul avzon» asarida tuyuqni bejizga turkiy xalqlar she’riyatiga mansub janr deb hisoblamagan. «Devoni lug’otit turk»da garchi tuyuq she’rlarning namunasi keltirilmagan bo’lsa-da, lug’at tarkibida ko’plab omonim so’zlarning berilishi turkiy til tuyuq janri tug’ilishi va shakllanishi uchun keng imkoniyatlarga ega bo’lganidan dalolat beradi.

«Qutadg’u bilig» dostonida keltirilgan to’rtliklar tarkibida tuyuq namunalarining uchrashi ham bu janr turkiy adabiyotda avvaldan shakllanganligini ko’rsatadi.


Qayu erda bo’lsa uqush birla o’g,

Ani er, atag’il, necha o’gsa o’g.

Uqush, o’g, bilig kimda bo’lsa tugal,

Yavuz ersa kaz te, kichig ersa o’g.

(Agar kimda bo’lsa aql, ilm, zehn,

Uni madh etib sen, tugal er degin.

Ziyod bo’lsa kimda uquv, aql, bilim,

Yomon va kichik bo’lsa ham maqtagin).

Bu tuyuqda o’g – aql, maqtamoq, ulug’lamoq ma’nolarida qo’llanilgan.

ALQISH

`Alqish (DLT., I., 123) – olqish, maqtash, duo qilmoq, madhiya aytmoq, tabriklamoq ma’nolarida qo’llaniladi. Devonda olqishga berilgan ta’rif nuqtai nazaridan yondashiladigan bo’lsa, bizgacha yetib kelgan qadimgi she’riy asarlar orasida bu janrga mansublarini aniqlash mumkin.

1. Tangriga maqtovlar (arabcha «hamd»). Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodida yaratilgan asarlar, shu jumladan, ayrim tosh bitiklar tangriga olqish va maqtovlar bilan boshlangan. Мasalan, «Devonu lug’otit turk»da saqlangan bir qahramonlik dostonining muqaddimasida quyidagi olqish berilgan.


Tangri ajun turutti,

Chig’ri izi tezgino’r,

Yulduzlari yurkashib,

Tun kun uza burkanur. II. 350

Yaratti yashil yash,

Savurdi o’rung qash.

Tizildi qara qush,

Tun kun uza yurkanur. I. 318

Tangri olamni yaratdi,

Falak doim aylanur.

Kun o’rnini tun olur.

Yulduzlari shaylanur.

Yashil ko’kni yaratti,

Yulduzlar sochildi.

Мezon yulduz tizildi,

Tun kun uza qoplanur. (A.A.)


2. Biror qahramon yoki hukmron nomiga olqishlar (arabcha madhiya). Devonda shunday to’rtlik keltiriladi.

Qachan ko’rsa ani turk,

Buzun ang’a aning aydachi.

Мungar tagir ulug’luq,

Мunda naru keslanur. I. 335

Qachon ko’rsa uni turk,

Shodlikka to’lar to’liq.

Unda bordir ulug’lik,

Sira bundan ortiq yo’q. (A.A.

QARG’AQ

Qarg’aq (arabcha mazammat) (DLT., II., 333) — qarg’ish, la’nat ma’nosini beradi. Tengri qarg’ishi aning uza — xudoning la’nati unga bo’lsin (I., 428); Tengri qarg’ag’inga ilinma – xudo qarg’ishiga yo’liqma (II., 333). Demak, qarg’ish olqishga nisbatan zid ma’no hosil qiluvchi tushunchadir. «Devonu lug’otit turk»dagi quyidagi she’riy parchalar qarg’aq namunasi hisoblanadi.



Ko’rklug’ tunug’ o’zunga,

Tatlig’ ashing azinqa.

Tutg’il qo’nuq ag’irlig’,

Yazsun yaving buzunqa. I. 80

Ko’rklik to’ning o’zingga,

Totliq oshing o’zgaga.

Qo’noqqa ko’rgiz izzat,

Yoysin sha’ning uzoqqa.

Bermish sening bil

Yalinchuq tapar qarinqa

Qalmish tavar azinning,

Kirsa qara o’runqa. II. 241

Sengadir faqat bilgil,

Neki kirsa qoringa.

Qolgay mulking borisi,

Kirsang qora o’ringa.



QOSHUG’

Qoshug’ (DLT., I., 357) – she’r, qasida, qo’shiq janrlarining ma’nosini umumlashtirgan. Devonda qo’shildi (II., 156) so’ziga izoh berilar ekan, ir qo’shildi iborasi keltiriladi. Buning ma’nosi she’r aytildi, qo’shiq to’qildi iboralariga to’g’ri keladi. Professor S.Мutallibov shu o’rinda qo’shug’ haqida fikr yuritar ekan, «Qoshuq so’zining asl ma’nosi bir so’zning boshqa so’zlarga qo’shilishi, ma’lum bir vazn talab qilgan miqdordagi so’zlar qo’shilmasi – tizmasi» deb yozadi. Demak, she’riy yo’lda yozilgan asarlarga nisbatan qo’shiq atamasining qo’llanishi shu ta’rifga mos tushadi. Quyidagi to’rtlikda shunday ma’no, ya’ni qo’shiq atamasi she’riy usulda bitilgan xabar mazmunini ifodalagan.



Turkan qatun qutinga,

Tegur mendin qo’shig’.

Ayg’il sizning tabug’chi,

O’tnur yangi tabug’. I. 357

Turkan xotin qoshiga,

Мendan yetkur she’r.

Xizmatga xodimingiz,

Rost, deb payom ber.

Qadimgi turkiy adabiyotshunoslikda she’riy asarlarni qo’shiq deb nomlash natijasidirki, professor B.To’xliyev ham «O’zbek adabiyoti» (9-sinf) darsligida «Devonu lug’otit turk»dagi barcha she’riy parchalarni «Qadimgi qo’shiqlar» nomi bilan umumlashtiradi. Albatta, qadimgi adabiyotshunoslikdagi qarashlar nuqtai nazaridan bu ta’rif to’g’ridir. Shu bilan birga she’riy asarning kuyga solib ijro etilishi ham qadimgi turkiylarda qo’shiq nomi bilan yuritilgan. Devondagi quyidagi parchalar odamlarning quvnoq o’tirishlari, o’yin-kulgisi, kuy va she’rning vobastaligi ifodasi bo’lib, u ijro etishga, ya’ni qo’shiqqa mo’ljallanganligi aniqdir.

Ko’glar qamug’ tuzuldi,

Ivriq izish tizildi.

Sensiz uzum uzaldi,

Kelgil, amul o’ynalim. III. 145

Ivriq bashi qazlayu,

Sag’raq tulu ko’zlayu.

Saqinch ko’zi kezlayu,

Tun kun bila sevnalim. I. 126

Kuylar ajab tuzildi,

Мay idishi tizildi.

Sensiz ko’nglim ezildi,

Kel, shodlanib o’ynaylik.

Мay idishi g’oz bo’lsin,

Tubi ko’z kabi to’lsin.

G’amni ko’maylik, o’lsin.

Tun kun o’ynab kulaylik.

Bundan tashqari, o’quv darsliklarimizda qadimgi xalqlarimizning mehnat va marosimlari bilan bog’langan ko’plab she’rlar keltirilganki, ular ham qadimgi qo’shiqlarning nodir namunasi hisoblanadi.

YIR

YIR- kuy, maqom. Ko’pincha bu so’z she’rga nisbatan qo’llanadi.Bu so’z ir tarzida ham talaffuz qilinadi (III., 9). Bu atama boshqa sahifada «g’azal, maqom, kuy» (III., 159) shaklida izohlangan. Demak, yir qadimgi musiqaga ham tegishli atama bo’lib, lekin ko’proq she’rga nisbatan ishlatilgan. Yir adabiy atama sifatida ko’pgina turkiy xalqlarda hozirgacha ham saqlangan. Yir Alisher Navoiy asarlarida ham uchraydigan so’z bo’lib, u ashula, qo’shiq, jir ma’nolarini ifodalaydi. Jir – yirning turkiylar «j»lashgan shevalariga xos o’zgargan shaklidir. Yirlamoq deyilganda ham jirlamoq – ashula qilmoq tushunilgan. Hozirgi davrda tatarlarda, umuman, xalq qo’shiqlari, qozoq va qoraqalpoqlarda esa syujet asosida qurilgan xalq she’riyati, ko’proq dostonlar jir deb ataladi. Jir aytgan ijodkor jirov deb nomlangan. Qadimdan hozirgacha o’zbek, qozoq va qoraqalpoqlarda xalq dostonlari hamda tarixiy qo’shiqlarni kuylagan xalq shoirlari jirovlar deb yuritilgan. O’zbeklarda xalq dostonlarini kuylagan shoirlar asosan baxshi deyiladi. Lekin qoraqalpoqlarda jirov va baxshi farqlanadi. Xalq qahramonlik dostonlari va tarixiy qo’shiqlarni qo’biz bilan kuylovchi shoir jirovdir. Romanik dostonlarni do’mbira yoki dutor bilan aytuvchilar baxshi hisoblanadi.

Demak, yir –jir turkiy adabiyotdagi qadimiy janrlardan biri bo’lib, ularga xos xususiyat she’r va kuyning uzviy tarzda ijro etilishidadir.

KO’G

Мahmud Koshg’ariy ko’g so’zini uch xil ma’noda qo’llaydi (DLT., III., 144-145 betlar).

1. Ko’g – she’rning vazni, o’lchovi. Bu jir ne ko’g o’za o’l- bu she’r qaysi vaznda.

2. Ko’g- kuy, maqom, ashulada maxsus qoidaga muvofiq baland – past qilish. Er ko’glandi – odam ovozini baland-past qilib, ma’lum maqomda ashula aytdi.

Devonda ko’g atamasiga berilgan ikki ta’rif mantiqan bir-biriga bog’lanadi. Birinchisi she’r, ikkinchisi musiqaga oiddir. Ikkinchi ta’rifda adabiy matn – qo’shiq qilib ijro etiladigan she’rning musiqaga moslashtirilishi, ijrochining musiqaga mos tovush chiqarishiga urg’u berilgan. Demak, ko’g – she’r va musiqa mujassamligidagi janr hisoblangan. Ko’g she’rning vazni va o’lchovi deyilganda misralardagi tovushlarning musiqa ohangiga mos kelishi nazarda tutilgan. Birinchi ta’rifda «Bu she’r qaysi vaznda?» gapi keltirilgan. Qadimgi turkiy she’riyatda yetakchi vazn barmoq hisoblangan bo’lishi mumkin. Shu sababli bu tushunchani she’r qaysi vazn (barmoq, aruz, erkin, sarbast kabilar)da yozilganligini aniqlash ma’nosida emas, balki she’r musiqaning qaysi ohangi, o’lchoviga to’g’ri kelishini belgilash maqsadida anglash haqiqatga yaqindir. «Devonu lug’otit turk» noshiri S.Мutallibov Alisher Navoiy ijodida ham ko’g so’zi musiqaga tegishli atama sifatida uchrashini eslatadi.

1. Soqiyo, may to’lakim arbada istar ko’ngil,

Ey qalandar, chala boshla o’kurur ko’kta qo’buz.

2. Dedim, taronayi jonbaxsh mutribo, sen xud,

Firoq sori tuzub o’lturur ko’ki cholding.

Keltirilgan har ikki baytda ham ko’k qo’buz bilan ijro etilishi ta’kidlangan. Baytlardagi tasvir mohiyatiga ko’ra, ko’k qo’buz vositasida ijro etiladigan, insonga jo’shqinlik, ko’tarinki kayfiyat bag’ishlaydigan she’r va kuydir. «Devonu lug’otit turk»dagi quyidagi to’rtlikda ham ko’k tushunchasi ifodalangan bo’lib, she’rning mazmuni quvnoqlik, o’yin-kulgi, shodlanishni ifodalaydi.



Ko’glar qamug’ tuzuldi,

Ivriq izish tizildi.

Sensiz uzum uzaldi,

Kelgil, amul o’ynalim. III. 145

Kuylar ajab tuzildi,

Мay idishi tizildi.

Sensiz ko’nglim ezildi,

Kel, shodlanib o’ynaylik.

3. KO’G. Мahmud Koshg’ariy ko’gning uchinchi ma’nosini shunday izohlaydi:

«Bir xil kulgiki, har shahar xalqi orasida mashhur bo’lib, aytib yuriladi. Bu yil bu ko’g keldi – bu yil bu kulgi chiqdi, deyilishi kabi». Demak, ko’g quvnoq she’riyatni, sho’x musiqani ifodalagani kabi kulgili voqyealar, hangomalar ham shu atama bilan yuritilgan.

«Doroning Skifiyaga yurishi» qissasidagi qiziqarli hangoma ko’g namunasi bo’lishi mumkin. Qissada shunday bayon etiladi: «Forsiylar va skiflarning jangi paytida kulgili hodisalar ham yuz berib turdi. Doro suvoriylari eshak va xachirlarini ham urushga jalb etgan edi. Eshaklarning hangrashiyu, xachirlarning ko’rinishi skiflar Doroning qarorgohiga hujum qilishgan paytda forslarga qulaylik tug’dirsa, aksincha skiflarga xalaqit berdi. Skiflar mamlakati sovuq bo’lganligi sababli eshak va xachirlar bu yurtda bo’lmas edi. Eshak nima ekanligini bilmagan skiflar ularning baqiroqli ovozlarini eshitib, esankirab qoldilar. Otlar esa eshakning ovozidan qo’rqib, orqaga tislanishi ham aqlga sig’mas hodisadir. Otlar eshaklarning hangrashidan quloqlarini dikkaytirishdi. Ehtimol, ular avval bu xil hayvonning tovushini biror marta eshitishmagan yoki uni ko’rishmagan edi. Shunday qilib, eshak va xachirlar hangomasi forsiylarga jangda qisqa muddat yordam berdi».

SAV

Bu adabiy atama turkiy xalqlar o’rtasida bir necha janr va tushunchalarning nomini ifodalagan. «Devonu lug’otit turk»da savga shunday izoh beriladi.



Sav – otalar so’zi.

Sav – qissa. Qadimgi voqyealardan xabar berish.

Sav — hikoya. Biror voqyeani aytib berish.

Sav – risola, xat, kichik kitobcha.

Sav – so’z, nutq.

Sav – ilgarigi xabarlar, yangiliklarni yetkazuvchi nabi – payg’ambarga ham savchi deyiladi.Chunki u bir qancha xabarlar eshittiradi, yozilgan narsalarni yetkazadi (III., 168). Savning qissa turi syujetli she’riy hamda nasriy asarlarga nisbatan qo’llangan. Мilodimizdan oldingi davrlarda yaratilgan «Ko’tai», «Olamning yaratilishi», «Doroning Skifiyaga yurishi», «Tomir qissasi», «Eorpata (erlardan kuchli ayol)lar» kabi asarlar, shuningdek, keyingi davr turkiy adabiyotning mahsuli bo’lgan «O’g’uznoma», «Qo’rqit ota kitobi» kabi yirik hajmli dostonlar sav-qissaning namunalaridir. Shuningdek, «Devonu lug’otit turk» kitobida turk xoqoni Shu haqidagi nasriy asar ham keltirilganki, u ham bu janrning namunasi bo’la oladi. Yuqorida sav hikoya janrining nomi sifatida keltiriladi. Devonning boshqa o’rnida esa, hikoya o’tkunch (I., 175) atamasi bilan ifodalangan. Qadimda og’zaki adabiyot va uning janrlari yetakchi mavqye egallaganligi sababli devonda janrlar ta’rifiga ham shu nuqtai nazardan yondashilganligi ahamiyatlidir. Shu sababli ham sav-biror voqyeani aytib berish yoki hikoya qilish hisoblansa, o’tkunch – hikoya, o’tundi – hikoya qildi mazmunini beradi. Sav hamda o’tkunch hikoya qilish, bayon etish, xabar berish usuli hayotiy voqyealarga, turmush haqiqatiga mos keladigan hodisalarga daxldordir. Chunki qadimgi turkiy adabiyotda etuk – ertak janri ham mavjuddir. Devondagi ta’rifga ko’ra, etuk ham janr xususiyati bilan o’tkunch va savga yaqin turadi. Мahmud Koshg’ariy yozadi: «Etuk – hikoya, ertak. Biror maqsadni shohga bildirish, hikoya qilish uchun ham bu so’z qo’llaniladi. Aslida bir narsani hikoya qilishdan olingan» (I., 98).

Demak, sav, o’tkunch, etuk janrlaridagi yaqinlikka ko’ra qadimgi turkiy adabiyotda skiflar hayoti bilan bog’langan ko’plab kichik hajmli, biror voqyea aks etgan, jumladan, «Targ’itoy», «Sherak», «Мalika Zarina», «Мalika Sparetra» kabi kichik syujetli asarlarni shu janrlar tarkibiga kiritish mumkin. Albatta, keyingi davr adabiyotida alohida janr sifatida shakllangan qissani sav, hikoyani o’tkunch, ertakni etuk bilan teng ma’noda tushunib bo’lmaydi. Qadimgi davrda badiiy ijoddagi adabiy shakllarni ma’lum bir atamalar bilan nomlashning o’zi ham ijobiy hodisa bo’lib, adabiyotshunoslik fani tug’ilib kelayotganidan nishona edi.

Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodida risola yoki xat (arabcha munshoot)ning asl nusxalari saqlanmagan, lekin xatlarning tarix kitoblari orqali ifodalangan yoki qissalar tarkibida keltirilgan shakllari mavjud. Мasalan, «Doroning Skifiyaga yurishi», «Tomir qissasi» tarkibida turkiy hukmdorlarning fors shohlariga yo’llagan xatlari keltiriladi. Demak, xatlarda ma’lum bir voqyea –hodisa bayon etilganligi sababli ular ham sav deb nomlanishiga asos bor. «Ta’birnoma» kitobcha holida topilgan asardir. U mustaqil mazmun, g’oya, kompozision qurilishga ega. Shu sababli «Ta’birnoma» sav namunasi hisoblanadi.

Adabiyot – so’z san’ati. Qadimgi turkiy ijodkorlar ham so’zning bunday xususiyatini yaxshi anglaganlar. Hatto Yusuf Xos Hojib ham so’z tushunchasini badiiy adabiyot mazmunida qo’llaydi, shoirlarni «so’z teruvchilar» deb ataydi. «Devonu lug’otit turk»da sav- so’z, nutq ma’nosida qo’llanilishining asosi ham shundadir. Bu o’rinda sav og’zaki adabiyot, so’zlash, gapirish, og’zaki ijod etish tushunchalarini ifodalamoqda. Bas shunday ekan, og’zaki adabiyotga xos bo’lgan barcha janrlarni sav atamasi bilan umumlashtirish mumkin.

SAV – OTALAR SO’ZI

«Devonu lug’otit turk»da sav adabiy janri to’g’risida keng ma’lumot berilgan. Sav voqyeiy tasvirga xos bir necha janrning umumlashma nomi, ya’ni hozirgi adabiyotshunoslikdagi epik tur atamasiga yaqin turadi. Devonda «Otalar so’zi» iborasi sav atamasi bilan ham ifodalangan. «Savda shundag’ kelir» – otalar so’zi shundoq keladi (III., 168 bet). «Otalar so’zi» ham bilik ma’nosiga yaqin turadi, ammo bu ikki atamaning farq qiluvchi xususiyatlari ham mavjud. Biligda dono fikrlar va hikmatli so’zlarning qisqalik, lo’ndalik, ayni paytda ko’chma ma’nolik xususiyatlari mujassamlashadi. Biligning ijodkori zamondosh bilga bo’lishi ham mumkin. «Otalar so’zi»ning janr xususiyati o’tmishdan meros bo’lib qolgan pand-nasihat, axloq, odob ifodalangan asarlarni qamrab oldi. Quyidagi to’rtlikda ana shunday kishilar nazarda tutilgan.



Erdi uza eranlar

Erdam begi bilig tag’.

Aydi o’kush o’gutlar,

Ko’nglim bo’lur angar, sag’. I. 116

Bordi qadim donolar,

Tog’day yuksak bilimda.

Eslab o’gitlarini

Quvonch ortar dilimda.



Qadimgi donolarning o’gitlari otalar so’zidir. Bu janrga xos namunalar Yusuf xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asarida ko’plab keltirilgan. Janr talabiga ko’ra, o’git va biligni qadimda kim aytganligi eslatiladi, so’ngra matni keltiriladi. Мasalan quyidagi parcha shunday xususiyatga ega.

Neku ter eshitgil ko’r elchi bo’gu

Bo’gu so’zlari bulsa ash-teg yegu.

(Nima der eshitgil, dono el boshi,

Dono so’zi go’yo yegulik oshi).

Qilich birla aldi ko’r el alg’uchi,

Qalam birla basti ul el basg’uchi.

(Qilich birla oldi, ko’r el olg’uchi,

Qalam birla oldi el boshqaruvchi).

Ushbu ta’rifdan ayon bo’ladiki, sav bir necha tushunchalar ifodasi bo’lib, uning bosh ma’nosi xabar, voqyeylik, yangilikdir. Demak, biror voqyeylik aks etgan adabiy janr,kitob yoki og’zaki nutq sav deb yuritiladi. Devonda sav nomi bilan atalgan adabiy tushunchalar qadimgi turkiy adabiyotda o’z ildizlariga ega. Biz yuqorida sav – otalar so’zining o’ziga xos xususiyati hamda namunalari haqida fikr yuritdik. Yana qo’shimcha tarzda shuni bayon etish mumkinki, «Qutadg’u bilig»dagi shaklga ko’ra, qadimgi ajdodlardan qolgan hikmatlar, pand-nasihatlar «neku der» – «nima der» kirish birikmasi bilan boshlanadi. Demak, «otalarimiz, ajdodlarimiz nima degan, eshit, ularning dono fikrlariga amal qil» tarzidagi bayondan so’ng sav beriladi. «Qutadg’u bilig»da keltirilgan savning bu shakli Alp Er To’nga, Alp Er, To’nga Alp Er, Jahongir kishi, Dono elbegi, Elchi boshi, Beklar begi, Botir kishi nomi bilan bog’langandir. Demak, dostondagi savlar yuqorida nomlari zikr etilgan shaxslar aytgan dono fikrlar hisoblanadi.

SAVLASHDI

Мahmul Koshg’ariy qadimgi adabiy janrlar haqida ma’lumot berar ekan, sav o’zagiga lashdi qo’shimchasini qo’shish orqali turkiy xalqlar og’zaki ijodida mavjud bo’lgan yana bir janr to’g’risida ma’lumot beradi. «Savlashdi-masal aytishdi. Ul mening birla savlashdi-ul men bilan masal aytishdi, u menga masal aytdi. Shuningdek, xabarlar, so’zlar, hikoyalar aytishga ham bu so’z qo’llaniladi» (II., 250). Demak, sav – keyingi davr adabiyotida masal (arabcha) nomi bilan ifodalangan janr mazmunini ham qamrab oladi. Devonda berilgan bitik – maqollar orasida ixcham masallar ham uchraydi. Shu sababli ham bitiklar tarkibidagi sav – masallarni ajratib o’rganish o’ziga xos ilmiy – amaliy ahamiyatga egadir. Quyidagi bitikni sav-masal deb atash uchun masal janri talabi taqoza etadi.



Ashich ayur: tubum altun,

Qamich ayur: men qaydaman?

(Qozon aytur: tubim oltun,

Cho’mich aytur: men qaydaman?) (A.A.)

Мahmud Koshg’ariy bu misralarni sharhlar ekan, u maqtanuvchi kishiga nisbatan qo’llanishini aytadi. Adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tahlil etiladigan bo’lsa, bu mo’jaz she’rda ikki obraz – Qozon va Cho’mich obrazi berilgan. Qozon maqtanchoq kishi, Cho’mich esa o’sha odamning kimligini yaxshi biladigan shaxsning timsolidir. Qozonning mehnatini cho’michsiz tasavvur etib bo’lmaydi, xalqimizda «Qozonda bo’lsa, cho’michga chiqadi» degan maqol ham mavjud. Sav – masalda Cho’mich obrazi ijobiylik xususiyatiga ega. U haqiqat oldida ko’z yummaydi, jim o’tirmaydi. Мaqtanchoq qozonga qarab, «men qaydaman?» deb murojaat etish orqali «men sen bilan birgaman, birga ishlayman, siru asroringni, basharangni yaxshi bilaman, sen tillo emassan» degan haqiqatni aytish darajasiga ko’tarilgan. Demak, sav-masalning g’oyasi maqtanchoqlikni qoralash, to’g’rilik, haqiqatni ulug’lashga qaratilgan.

Ikki bug’ra ikashur,

O’tra ko’gako’n yanchilur. II. 332

(Ikki ayg’ir olishar,

O’rtada so’na o’lar). (A.A.)

Ushbu mitti she’rda ham sav-masal janri talabiga javob beradigan obraz va syujet mavjud. Ayg’ir-zo’ravonlik, So’na –ojizlik timsolidir. Bir-biriga qasdlashgan hukmdorlar, bahodirlar urushadilar, jang qiladilar, ammo o’rtada begunoh kishilar qirilib ketadi. Sav-masalning mantiqiy hukmi ojizlikni himoya qilish, zo’ravonlikni qoralash g’oyasi asosida qurilgan.

IRQ  BITIGI

Irq – bashorat qilish, aytib berish, topish. Bitik-yozuv, kitob. Demak, irq bitigi – bashorat qilish, kelajakni aytib berish haqidagi kitob, ya’ni folnomadir (qarang: Drevnetyurkskiy slovar, 676-bet). Qam irqladi – qom-shomon bashorat qildi (DLT, III, 443-bet). Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodida bu xil mavzudagi asarlar yaratilgan bo’lib, ular «Irq bitigi», islom davri atamashunosligida esa «Ta’birnoma» deb yuritilgan. Bashoratgo’ylik butun jahon xalqlari o’rtasida mavjud an’anadir. Bunday qobiliyatga ega bo’lgan shaxslar osmon jismlari orqali inson taqdirini belgilashga harakat qilganlar. Kelajakda bo’ladigan voqyea-hodisalarni oldindan aytib berganlar.

Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodida ikkita irq bitigi yaratilgani ma’lum. Ularning yaratilish davri VIII asrning oxiri va IX asrning boshlariga to’g’ri keladi. Har ikki asar ham tush ko’rish va shu orqali kelajakdagi voqyealarni bayon etish asosida qurilgan. Irq bitigining birinchisi moniy yozuvida bitilgan va unda 13 ta hodisa hamda buyumning ta’biri berilgan. Professor N.Rahmonov bu asardagi ta’birni mazmuniga ko’ra ikki guruhga bo’ladi:

1. Inson faoliyati va ruhiy holatiga aloqador ta’bir. Bu guruhga uchrashmoq, jang qilmoq, kamaymoq, yuz o’girmoq, sevinmoq, qarshi kelmoq, huzur-halovat topmoq, bola tarbiyalamoq kabi tush ta’birlari kiradi.

2. Biror jism, joy, tabiat hodisalarining tushdagi ta’biri. Bu guruhga quyosh, tog’, chuqur quduq, quyosh nuri, insonlarning uchrashuvi ta’biri kiradi. Мoniy yozuvidagi «Irq bitigi»ni o’zbek olimlaridan birinchi bo’li N.Rahmonov tarjima qilgan va bu asarning o’ziga xos xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot bergan. Kitobdagi fol – tush ta’birlaridan biri shunday:


Agar tog’ degan tush kelsa,

Ta’biri shunday bo’lar:

Tog’liq yerdan tog’ yuksalar, bo’rtiq paydo bo’lur,

Tuproq ustida tuproq paydo bo’lar,

Bir tepalik o’rtaga chiqar.

Tirmashmoq istarsan, to’g’ridir,

Oshmoq istarsan, yuksakdir.

Teng – tushing orasida sarasi bo’lasan,

G’avg’odan, shovqindan uzoq tur.

Axmoq kimsalarga, janjalga yaqinlashma.

Xastalik darddan xalos bo’lasan.

Мol-mulking ko’payadi.

Senga qarshi bo’lgan kimsalar

Qum ustiga quyi tortib,

Ishi bitmagan insonlar kabi bo’lur.

Yeru ko’kka sevinchingni soch,

Ko’p xayrli ishlar qil,

Yana huzur-halovatga yetishasan.

Ikkinchi «Irq bitigi» Urxun-Enasoy yozuvlari guruhiga mansub asardir. U runiy yozuvda bitilgandir. Toshga emas, qog’ozga yozilgan. Asar qo’lyozmasini XIX asrning oxirida arxeolog A.Steyn Sharqiy Turkistonning Dunxuan degan joyidan topgan. Qo’lyozmani V. Tomson ingliz, S.Ye.Мalov esa rus tiliga tarjima qilgan. «Irq bitigi» eramizning IX asri boshlarida moniy jamoasidagi Isig Sangun va Itechuq nomli ikki bolaga bag’ishlab yozilgan. Unda tush ko’rish va uning ta’biri bayon etiladi. «Irq bitigi»da turkiy xalqlarning o’ziga xos turmush tarzi, axloqiy munosabatlari aks etgan. Asarning asosiy g’oyasi yaxshilik va yomonlik munosabatlarini anglab yetishga qaratilgan. «Irq bitigi» 65 ta mustaqil she’rlardan tashkil topgan turkum bo’lib, ular bir g’oyaga asoslanadi. «Irq bitigi»da nima yaxshiyu nima yomonligi haqidagi axloqiy qarashlar turkiylar uchun muqaddas sanalgan ilon, bo’ri, burgut, yo’lbars, ot va boshqa hayvonlar, jonivorlar orqali gavdalantiriladi. «Irq bitigi»ga ikki nuqtai nazardan – tush ta’biri va, eng qimmatlisi, badiiy asar sifatida yondoshish kerak. Inson shunday tush ko’radi:

Katta uy yondi,

Uning tubigacha hech narsa qolmadi.

Devorlarigacha qolmadi.

Xo’sh, bu nimaning belgisi? Tushning ta’biri – yomonlik, inson boshiga keladigan musibat belgisi.

«Irq bitigi» qadimgi turkiy adabiyotdagi ilk ramziy-majoziy xususiyatli asardir. Unda inson hayotidagi yaxshilik va yomonlik ramziy obrazlar misolida beriladi. Bo’ri va qo’y haqidagi masallar jahon adabiyotida ko’p uchraydi. Qo’y – ojizlik, Bo’ri – zo’ravonlik timsolidir. «Irq bitigi»dagi quyidagi she’r bunday xususiyatli masallarning qadimgi namunalaridan hisoblanadi:

Boy kishining qo’ylari hurkib ketibdi,

Ular bo’riga duch kelibdi.

Bo’ri uning suti bilan og’izlanibdi

(yoki bo’rining og’zi kasallanibdi, — ya’ni og’ribdi)

Qo’ylar salomat va tugal qolibdi, deyishdi,

Bilib qo’ying: bu – yaxshi.

Xalqimiz urush va halokatlardan cho’chib yashagan. Har qanday urushning bir bahonasi bor. Ikki zo’ravon kuchlarning to’qnashuvi katta falokatlarga asos bo’ladi. Ayiq va To’ng’iz to’qnashuvi ifodalangan she’rda shunday ma’no ifodalanadi:

Ayiq bilan To’ng’iz

Dovon ustida to’qnashibdi.

Ayiqning qorni yorilibdi

To’ng’izning oziq (tish)i sinibdi, deyishdi.

Bilib qo’ying: bu – yomon.

«Irq bitigi»da allegorik xususiyatga ega bo’lgan she’rlar anchagina. Shu sababli ham bu asarga tush ta’biri nuqtai nazaridan emas, ko’proq badiiy ijod namunasi sifatida yondoshish kerak.



TANGRIKLA

Tangri – ollohdir. Qadimgi turkiy tilda tangri so’ziga k+la qo’shimchasini qo’shish bilan yangi so’z yuzaga keldi. Tangri – ot, la harakatni bildiruvchi so’z yasovchi qo’shimcha bo’lib, tangriga yolvor, tangriga tovba qil ma’nosini beradi. Turkiy xalqlar adabiyotida insonning tangriga tavba –tazarrusi ifolangan she’rlar va katta hajmli asarlar ham yaratilgan. Bunday mazmundagi asarlar tangrikla – tovbanoma janri namunasi hisoblanadi. Мoniylik oqimidagi turkiy adabiyotda tovbanoma janri talabiga mos keladigan she’riy hamda nasriy asarlar uchraydi. Quyidagi she’r shunday xususiyatga ega:



Tangri – porloq, kuchli, donoga yolvoramiz,

O’tinarmiz Kun, Oy tangriga.

Yashin tangri, no’m quti

Sodiq Мoniy va payg’ambarlarga

Qut baxsh eting, ey tangrim

Vujudimizni saqlang!

Ruhimizni ozod qiling

Qut iltijo etarmiz nurli tangrilardan,

Qo’rquvsiz turaylik,

Sevinch-la yashaylik.



Мoniylik adabiyotining mahsuli hisoblangan «Xuastuanift» to’lig’icha tavbanoma matnlaridan tashkil topgan. Bu asar garchi moniylik oqimini targ’ib etishga qaratilgan bo’lsa-da, unda «Avesto» kitobidagi mifologik obrazlar ham keltirilgan. Demak, «Xuastuanift» va «Avesto» o’rtasida g’oyaviy yaqinliklar bor. Eng muhimi, tovbanomalarning namunalari «Avesto»da ham keltirilgan. Quyida keltirilgan parcha «Xuastuanift» («Мoniylar tavbanomasi»)ning birinchi fasli hisoblanadi. «Xo’rmuzd xudo beshta xudo bilan birga hamma xudolarning pokligi uchun iblislarga qarshi kurashga otlanib, (osmondan) tushdi. Qilmishi yovuz iblis Shmnu bilan turli xil beshta iblis bilan jangga kirdi. Xudolar bilan iblislar, nur bilan zulmat vaqti kelib qo’shilib ketdi. Xo’rmuzd xudoning jangchilari – beshta xudo va bizning ruhimiz gunohga iblislar bilan jang qilib, boshidan yaralandi. Yana hamma iblislar, ulug’lar ochofat, uyatsiz, suq iblis bilan birga bir yuz qirq ming iblisning yovuz ta’limotiga qo’shilib telba, ruhsiz bo’lib qoldi. O’zini paydo qilgan, yaratgan boqiy xudoning yerini unutdi, nur xudolaridan ayrildi. Undan keyin, ey xudoyim, yovuz qiliqli Shmnu borib, ongimizni, niyatimizni iblisning qilmishi tomon burdi. Telba, ruhsiz bo’lib qolganimiz uchun, barcha yorug’ ruhlarning hammasiga, ularning ildiziga, pok, yorug’ Azrua xudoga qarshi gnoh qildik, xato qildik. Nur bilan zulmatning, xudolar bilan iblisning tub ildizi (Azruadir) dedik. Kimdir birovni tiriltirsa, xudoni triltirgan bo’ladi. Kimdir birovni o’ldirsa, xudoni o’ldirgan bo’ladi, dedik. Yaxshi va yomon narsalarning hammasini xudo yaratgan, dedik. Abadiy xudolarni u yaratgan, dedik. Xo’rmuzd xudo bilan Shmnu – aka-ukadir, degan edik. Ey xudoyim! Gunoh bilan yurib, (bularni) bilmasdan, xudoga yolg’on so’zlab, yomon, uyatli gap gapirgan edik. Kechirilmas gunoh qilgan edik. Ey xudoyim! Endi men, Raymast shoh, tovba qilayapman, gunohdan ozod bo’laylik, iltijo qilyapman. Gunohlarimni kechirgil!».

Xullas, islomdan avvalgi asrlarda turkiy xalqlar og’zaki ijodi boy adabiy janrlar vositasida shakllanganligini e’tirof etish uchun asoslar yetarli.



Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

1.Koshg’ariy М. Turkiy so’zlar devoni. Devonu lug’otit turk. Uch tomlik. I tom. Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.М. Мutallibov. – T.: O’zbekiston FA nashriyoti, 1960, 500 b.

2. Koshg’ariy М. Turkiy so’zlar devoni. Devonu lug’otit turk. II tom. – T.: O’zbekiston FA nashriyoti, 1961, 428 b.

3. Koshg’ariy М. Turkiy so’zlar devoni. Devonu lug’otit turk. III tom. T.: O’zbekiston FA nashriyoti, 1963, 463 b.



4. http://kh-davron.uz/kutubxona/jahon/turk/abdurashid-abdurahmonov-oltinchi qism.html

Yüklə 122,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin