Reja Simpatik, parasimpatik va metasimpatik nerv tizimi-hozir.org
6. Avtonom nerv tizimini boshqaruvchi markazlar Gipotalamus va miya stvoli markaziy nerv tizimining avtonom nerv tizimiga kuchli ta'sir o'tkazuvchi qismlar hisoblanadi. Ammo miyaning boshqa sohalari ham (limbik tizim, miyacha) ichki a'zolar faoliyatiga avtonom nervlar orqali boshqarishda va somatik faoliyatlar bilan bog'lashda ishtirok etadi.
Orqa miyaning oxirgi bo'yin segmenti va birinchi-ikkinchi ko'krak segmentlarida spinotsiliar simpatik markaz joylashgan. Bu markazdagi neyronlar ko'z soqqasining silliq muskullarini, tepа qovoq muskullaridan birini, qorachiqlarni kengaytiruvchi muskulni nervlaydi. Bu markaz yoki undan boshlangan nerv tolalari ta'sirlanganda qorachiq kengayadi, qovoqlar ochiladi, ko'z soqqasi chaqchayadi. Markaz shikastlansa, aks o'zgarishlar ro'y beradi – qorachiq va ko'z yorig'i torayadi, ko'z soqqasi botib ketadi.
Birinchi beshta ko'krak segmentlaridagi simpatik neyronlarni yurak va bronxlarni nervlashga dahli bor. Ular bilan bog'liq postganglionar neyronlar asosan yulduzsimon tugunda joylashgan. Bu neyronlarning qo'zg'alishi yurak urishini kuchaytiradi, tezlashtiradi, bronxlarni kengaytiradi.
Torako-lyumbal simpatik yadroning hamma segmentlarida qon tomirlarni va ter bezlarini nervlaydigan neyronlar bor. Bu neyronlar shikastlansa, qon tomirlar tonusi yo'qoladi, ter ajralmay qoladi.
Orqa miyaning dumg'aza segmentlarida najas va siydik chiqarish, jinsiy reflekslarni boshqarishda ishtirok etadigan parasimpatik neyronlar joylashgan. Ularning shikastlanishi jinsiy reflekslarning yo'qolishiga, to'g'ri ichak va qovuq faoliyatlari buzilishiga olib keladi.
Yuqorida gipotalamusning visseral faoliyatlarni boshqaruvchi asosiy po'stloqosti markaz ekani aytilgan edi. Gipotalamus bu mas'uliyatli ishni bir nechta mexanizmlar yordamida boshqaradi. Birinchidan, gipotalamusning gipofizotrop sohasi gipofizdan gormonlar ajralishini o'zgartirib, moddalar almashinuvuga va ichki a'zolar faoliyatiga doimo ta'sir o'tkazib turadi. Bu gipotalarno-gipofizar tizim to'g'risida batafsil ma'lumot ichki sekretsiya bezlariga bag'ishlangan bobda berilgan.
Ikkinchidan, gipotalamusdagi ma'lum hujayralar qonning pH, kationlar miqdori, O2 va CO2 tarangligi o'zgarishiga juda sezgir. Supraoptik yadroda qonning sistolik bosimi o'zgarishini sezuvchi, ventromedial ydroda – glyukoza miqdori, oldingi gipotalamusda esa jinsiy gormonlar miqdori o'zgarishini sezuvchi hujayralar bor. Demak, gipotalamusning hujayralari retseptorlar vazifasini bajarib, gomeostatik ko'rsatkichlardagi o'zgarishlarni nerv impulsiga aylantirib, sodir bo'lgan o'zgarishlarni asli holiga keltiruvchi mexanizmlarni ishga soladi. Bu impulslar o'zgargan gomeostatik ko'rsatkich tiklanmaguncha, yo'qolmaydi.
Uchinchidan, ma'lumki, gipotalamusning orqa yadrolarini ta'sirlash xuddi simpatik tizim qo'zg'alganidagi kabi natija beradi. Qorachiqlar va ko'z yorig'i kengayadi, yurak urishi tezlashadi, qon bosimo ortadi, qonda adrenalin va noradrenalin, glyukoza miqdori ko'payadi va hokazo.
Gipotalamusning oldingi yadrolari ta'sirlanganda kuzatiladigan o'zgarishlar parasimpatik tizim qo'zg'algandagi o'zgarishlarga o'xshaydi. Qorachiq va ko'z yorig'i torayadi, qon bosimi pasayadi, qonda glyukoza miqdori kamayadi va hokazo. Demak, gipotalamus ichki a'zolarga va gomeostaz mexanizmlariga simpatik va parasimpatik markazlar orqali ta'sir o'tkazadi.
Limbik tizimning yana bir nomi visseral miya ekani bejiz emas. Bu tizimning qaysi bir tuzilmasiga elektr toki bilan yoki kimyoviy ta'sir ko'rsatilmasin, so'lak ajralishi ko'payadi, teri tuklari dikkayadi, yurak-qon tomir, nafas, hazm tizimlari faoliyatida sezilarli o'zgarishlar paydo bo'ladi. Ayni vaqtda ancha murakkab bo'lgan chaynash va yutish harakatlari ham sodir bo'ladi. Limbik tizim ovqatlanish va suv ichish bilan bog'liq bo'lgan xatti-harakatlarning shakllanishida yetakchi o'rin tutadi. Asosan harakatlarni va muskullar tonusini boshqarishda ishtirok etadigan miyacha ichki a'zolar faoliyatini boshqarishda ham ishtirok etadi. Miyachaning ma'lum qismini ta'sirlash simpatik nerv tizimi qo'zg'alganda kuzatiladigan o'zgarishlarni deyarli to'la takrorlaydi^ qorachiqlarni kengaytiradi, qon tomirlarni toraytiradi, yurak urishini tezlashtiradi va hokazo. Miyachasi olib tashlangan hayvonlarda me'da va ichak harakatlari o'zgaradi.
Bosh miya po'stlog'i organizmdagi jarayonlarning hammasini o'zaro monandlashtiribb, boshqaradigan markazdir. Shu jumladan, avtonom nerv tizimiga ham, beixtiyor sodir bo'layotgan jarayonlarga ham ta'sir o'tkazadi. Miya po'stlog'ining ba'zi sohalari elektr toki bilan ta'sirlanganda yoki bu sohalar olib tashlangandan keyin rivojlanadigan o'zgarishlar shundan dalolat beradi. Avtonom tizim orqali boshqariladigan a'zolarning har qaysisidagi o'zgarishlarning qarama-qarshi bo'lishi xosdir. Masalan, po'stloq ta'sirlanganda qon bosimi ko'tariladi yoki pasayadi, me'da-ichak harakatlari tezlashadi yoki tormozlanadi. Po'stloq sohalari ichida peshona bo;limlari ichki a'zolar faoliyatiga ayniqsa kuchli ta'sir ko'rsatadi. Ularni avtonom nervlanishining oliy markazlari, deyilishi bejiz emas.
Miya po'stlog'ining nerv tizimlariga, ular orqali ichki a'zolar faoliyatiga ta'sir ko'rsatishida ichki a'zolarda interoretseptorlar tufayli uzluksiz po'stloqqa bevosita kelib turadigan impulslar ahamiyatga ega. I.P.Pavlov o'z vaqtida organizmda maxsus interoretseptor analizator bor, deb bekorga aytgan emas. Hozir organizmda murakkab kortiko-visseral munosabatlar borligi isbotlangan. Bu munosabatlarni po'stloq va pos'tloqosti tuzilmalarini bog'lab turuvchi yo'llar ta'minlaydi. Visseral faoliyatlarga po'stloq nazoratini yetkazib turadigan tolalarning bir qismi piramida yo'li tarkibida o'tgan.
http://hozir.org