Mavzu: O’zbekistonning 1917-1924-yillardagi tarixiy geografiyasi
Reja:
Turkiston muxtoriyati va istiqlolchilik harakatlari
1917-1924-yillardagi milliy-hududiy chegaralanish
O’zbekiston SSR ning tashkil topishi
1917-yil 26 – 28-noyabrda Qo‘qon shahrida Butunturkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Turkistonni boshqarish shakli to‘g‘risidagi masala qurultoyning diqqat
markazida turdi. Bu masala muhokamasida so‘zga chiqqanlarning ko‘pchiligi Turkistonning muxtor respublika deb e’lon qilinishi o‘lka aholisining ijtimoiy maqsadlaridan kelib chiqqani va unga mos tushishini uqtirdi. Muxtoriyat va mustaqillik e’lon qilish fikrini hamma qo‘llab-quvvatladi. Qurultoyda 27-noyabr kuni kechqurun qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o‘z huquqlarini o‘zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror toppish shakllarini Ta’sis Majlisiga havola etadi”. Qurultoy Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qildi. 28-noyabrda tarkib topayotgan mazkur hukumatning nomi aniqlanib, Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo‘ldi. Qurultoy o‘sha kungi yig‘ilishda Butunrossiya Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Millat) Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak, deb qaror qabul qildi. Qurultoyda Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolaridan 8 nafar kishidan iborat tarkibda Turkiston Muxtoriyati hukumati tuzildi. Hukumatning Bosh vaziri hamda ichki ishlar vaziri etib Muhammadjon Tinishboyev saylandi. Islom Sulton Shoahmedov – Boshvazir o‘rinbosari, Mustafo Cho‘qay – tashqi ishlar vaziri, Ubaydulla Xo‘jayev – harbiy vazir, Hidoyatbek Yurg‘uli Agayev – yer va suv boyliklari vaziri, Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Abdurahmon O‘rozayev – ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Solomon Gersfeld – moliya vaziri lavozimlarini egallashdi. Hukumat tarkibida keyinchalik ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. Mustafo Cho‘qay Bosh vazir lavozimini bajarishga kirishdi. Bilimsiz va o‘z kasbiga layoqatsiz sovet hokimiyatining Bolshevik komissarlaridan farqli ravishda muxtoriyat hukumati vazirlarining aksariyati oliy ma’lumotli huquqshunos ekanligi ularning bilim darajasining naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi. Qurultoy tugagach, 1-dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati a’zolari (8 kishi) imzolagan maxsus Murojaatnoma e’lon qilindi. Ushbu Murojaatnomada Turkistondagi barcha aholi: irqi, millati, dini, jinsi, yoshi va siyosiy e’tiqodlaridan qat’i nazar, yakdillik va hamjihatlikka da’vat etilgan edi. Turkiston xalqlari tomonidan muxtoriyat hukumatining qo‘llab-quvvatlanishi. Turkiston Muxtoriyati hukumati mamlakat konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb qildi. “El bayrog‘i”, “Birlik tug‘i”, «Свободный Туркестан», «Известия Временного Правительства Автономного Туркестана» kabi hukumat gazetalari o‘zbek, qozoq va rus tillarida nashr qilina boshlandi. Avval chiqayotgan “Ulug‘ Turkiston” gazetasi ham o‘z sahifalarida muxtoriyat hukumati faoliyatiga alohida o‘rin bera boshladi. Nashr ishlarini yaxshilash uchun O.Mahmudovning bosmaxonasi hukumat ixtiyoriga o‘tdi. Muxtoriyat hukumati milliy qo‘shinni tashkil qilishga kirishdi. Harbiy vazir Ubaydulla Xo‘jayev ishtirokida 1918-yil boshlarida o‘tkazilgan ko‘rik (parad) vaqtida askarlar soni 2000 kishi bo‘lgan. Bundan tashqari Qo‘qonda taxminan shuncha mirshablar bor edi. Hukumat iqtisodiy sohada 30 million so‘m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, hukumat a’zolari ocharchilik changalida qolgan Turkiston aholisiga Kavkazdan Orenburg orqali g‘alla keltirish muammosini hal qilish uchun ham amaliy qadamlar tashladi. Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Fitrat, Cho‘lpon, Hamza singari o‘zbek xalqining otashin shoirlari muxtoriyat hukumatini alqab, o‘tli she’rlar bitishdi. Fitrat muxtoriyat e’lon qilingan 27-noyabr tunini “Milliy laylatulqadrimiz” deb atadi. Muxtoriyat hukumati vazirlarining aksariyati oliy ma’lumotli, yuqori malakali mutaxassislar bo‘lgan. Masalan, Muhammadjon Tinishboyev temiryo‘l muhandisi, Islom Sulton o‘g‘li Shoahmedov, Mustafo Cho‘qay, Ubaydulla Xo‘jayev, Abdurahmon O‘rozayev, Solomon Gersfeldlar huquqshunos, Hidoyatbek Yurg‘uli Agayev agranom, Obidjon Mahmudov tog‘-kon sanoati mutaxassisi bo‘lgan. Turkiston o‘lkasining turli shahar va qishloqlarida muxtoriyatni olqishlab, ko‘p ming kishilik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. O‘sha davrda chiqqan gazetalarning yozishicha, namoyish qatnashchilarining bayroqlarida “Yashasin Muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” deb yozilgan so‘zlar hilpirab turardi. Samarqandda bo‘lib o‘tgan viloyat Sovetlari syezdida yig‘ilganlar Turkiston Muxtoriyatiga qo‘shilishga qaror qildilar va Millat Majlisi tarkibiga 5 vakil sayladilar. “Ulug‘ Turkiston” gazetasining yozishicha, 1917-yil dekabrda Toshkentda 60 000 kishi ishtirok etgan miting o‘tkazildi. Munavvarqori rahbarligida uyushtirilgan bu miting qatnashchilari Muxtor Turkiston hukumatini bir ovozdan ma’qulladilar va Turkistonda endi ushbu muvaqqat hukumatidan boshqa hech qanday hukumatni tan olmaslikka qaror qilganliklarini e’lon qildilar. Qizil gvardiyachilar va dashnoqlar tomonidan muxtoriyat hukumatining tor-mor qilinishini. Qo‘qondagi ommaviy qirg‘inlar. O‘lkadagi ilk demokratik va xalqchil hukumat bo‘lgan Turkiston Muxtoriyatining faoliyati, afsuski, uzoqqa cho‘zilmadi. Bolsheviklar va Toshkent Soveti (rahbari: Ivan Tobolin) unga katta xavf deb qaradilar hamda zudlik bilan tugatishga harakat qildilar. Turkiston o‘lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining favqulodda 1918-yil 19 – 26-yanvarda bo‘lib o‘tgan IV syezdida Turkiston Muxtoriyati hukumatini kuch bilan tugatishga qaror qilishdi. Turkiston o‘lka XKS 1918-yil 30-yanvar kuni harbiy harakatlarni boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil gvardiyachilardan tashqari armanlarning “Dashnoqsutyun” partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli drujinalardan ham keng foydalandi. 30-yanvar kechqurun Toshkentdan yuborilgan dastlabki harbiy otryadlar Skobelevdan Qo‘qonga to‘p va pulemyotlar bilan yetib keldi. 31-yanvar keyin jang harakatlari boshlandi. 15-fevralda esa shaharda yong‘inlar sodir bo’ldi. Dastlabki jangda muxtoriyatning milliy qo‘shinidan tashqari qo‘qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho‘kich, tayoq ko‘targan xaloyiqning soni 10 000 kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar sovet hukumati harbiy kuchlarining Qo‘qon shahriga qilgan hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Qo‘qon shahar mirshablar boshlig‘i Kichik Ergash qo‘rboshi 18-fevraldan boshlab amalda muxtoriyat hukumatining rahbariga aylandi. Turkiston o‘lkasi harbiy komissari Ye.Perfilev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon bolsheviklarning harbiy kuchlariga madad berish uchun Qo‘qonga keldi. Shahar ustiga uch kun davomida to‘plardan yondiruvchi snaryadlar otildi. Kimyoviy qurollar ishlatildi. Qizil gvardiyachilar va dashnoqlar shaharda bosqinlar uyushtirib, uni talon-toroj qilishga kirishdilar. Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklarning qonli hujumlari oqibatida ag‘darib tashlandi. Ammo Qo‘qon va uning atroflaridagi tinch aholini talash, o‘ldirish avjiga chiqdi. Faqat Qo‘qonning o‘zida 3 kun davomida 10 000 kishi o‘ldirildi. Musulmonlar ommaviy ravishda qirg‘in qilindi. Qo‘qon shahri butkul vayronaga aylantirildi. “Ulug‘ Turkiston” gazetasi chuqur qayg‘u bilan xabar berganidek, “20- fevral Xo‘qand (Qo‘qon) tarixining eng dahshatli kuni edi. Gazetadagi ushbu maqola “Xo‘qand hozir o‘liklar
shahri” degan dahshatli ibora bilan tugaydi. Nihoyat, 1918-yil 22-fevralda Qo‘qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik shartnomasi” imzolandi. Ushbu shartnomaning 2-moddasida: “Aholi o‘lka Xalq Komissarlari Soveti hokimiyati va barcha mahalliy sovet tashkilotlarini tan oladi”, deb yozilgan edi. Ha, o‘qqa tutilgan, o‘ldirilgan, talangan va tahqir etilgan qo‘qonliklarning tirik qolgan qismi sovet hokimiyatini tan olishga majbur bo’ldi. Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun mavjud bo‘lgan bo‘lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da’vat etdi. Vatan tuyg‘usidek muqaddas tuyg‘u qalbining to‘ridan joy olgan Turkiston ziyolilarining muxtoriyat uchun olib borgan kurashlari izsiz ketmadi. 1918-yilning erta bahorida avval Farg‘ona vodiysida, so‘ngra butun Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi qurolli istiqlolchilik harakati boshlandi. Turkiston mintaqasida bolsheviklar hukmronligidagi sovet rejimiga qarshi istiqlolchilik harakati 1918-yil fevral oyining so‘nggi o‘n kunligida dastlab Qo‘qon atroflarida boshlandi. Dastlabki guruhlarning tuzilishi Qo‘qon atrofidagi Bachqir qishlog‘idan bo‘lgan Kichik Ergash (1885 – 1918) va Katta Ergash (1882 – 1921) kabi qo‘rboshilarning nomlari bilan bog‘liqdir. 27-fevralda bolsheviklarning harbiy kuchlariga qarshi bo‘lgan janglarning birida Kichik Ergash shahid bo‘lgach, uning o‘rniga Katta Ergash Farg‘ona vodiysida bolsheviklarning mustamlakachilik tartibiga qarshi ozodlik bayrog‘ini ko‘tardi. Qo‘qon uyezdidagi harakatning dastlabki tayanch nuqtasi Bachqir edi. 1918-yil mart oyining oxiriga kelib Katta Ergashning nomi Farg‘ona vodiysi aholisi o‘rtasida juda mashhur bo‘lib ketdi. Marg‘ilonda esa militsiyaning sobiq boshlig‘i Madaminbek Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li (1892 – 1920) kurash boshladi. Farg‘ona vodiysida 1918-yilning o‘rtalariga kelib taxminan 100 ga yaqin qo‘rboshi o‘z guruhlari bilan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Biroq sovet hokimiyatining rasmiy hujjatlarida milliy ozodlik harakatining mohiyati soxtalashtirilib, u “bosmachilik” harakati, uning qatnashchilari esa “bosmachilar” tarzida noto‘g‘ri talqin qilindi.
Turkistonda istiqlolchilik harakati vujudga kelishining bosh sababi sovet
hokimiyatining o‘lkada yuritgan mustamlakachilik va shovinistik siyosati
bo‘ldi. Bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan dastlabki sotsialistik tadbirlar (korxonalarning davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi, xususiy mulkning bekor qilinishi, oziq-ovqat razvyorstkasi va g‘alla monopoliyasi, islom dinining cheklanishi va ateizm targ‘iboti, masjid, xususiy maktab va qozixonalarning bekitilishi, majburiy mehnatning joriy qilinishi, bozorlarning yopilishi) hamda qizil armiya jangchilarining talonchilik va bosqinchiliklari istiqlolchilik harakatiga alohida keskinlik va ko‘lam bag‘ishladi, uning tobora kengayishi va rivojlanishiga olib keldi. Qizil armiyaga qarshi hayot-mamot kurashiga kirishgan vatanparvarlar “bosmachilar’’ deb atalgan. Istiqlolchilik harakatining o‘ziga xos milliy ko‘rinishi va Turkistonga mos xususiyatlari bo‘lgan. Harakatning boshdan oxirigacha ustuvor bo‘lgan fikr bu butun Turkistonning milliy istiqloli va mustaqilligi g‘oyasidir. Istiqlolchilik harakati goh kuchayib, goh pasayib turishiga, unda ishtirok etganlarning tarkibi almashib turganligi va ikkilamchi manfaatlar o‘zgarib turishiga, obyektiv va subyektiv omillar kuchlar muvozanatiga turlicha ta’sir qilishiga qaramay, harakatning asosiy maqsadi Turkiston mustaqilligi uchun kurash bo‘lib qolaverdi. Harakatning mohiyatini sovet qo‘mondonligi vakillari ham e’tirof etishga majbur bo‘ldilar. Turkiston frontining qo‘mondoni M.Frunze: “Bosmachilikka qarshi kurash tamomila yangi, ayricha xususiyati bo‘lgan, o‘ziga xos dushman bilan kurash demakdir”, deb yozgan edi. Uning gapiga ko‘ra “Yo‘qolsin sovet hokimiyati!” va “Mustaqil bir musulmon davlatini tuzamiz!” iboralari harakatning lo‘nda g‘oyasini ifodalardi. Istiqlolchilik harakatining asosiy harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va ziyolilar edi. Turkiston ASSR rahbarlaridan biri Turor Risqulovning e’tiroficha, harakatga “asosan dehqonlar va hunarmandlar kelib qo‘shilardi”. Ularning milliy tarkibi asosan tub joy aholisi – o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar, qozoqlar, turkmanlar, qoraqalpoqlardan iborat edi. O‘zbeklarning miqdori ko‘pchilikni tashkil qilgan. Biroq harakat saflarida ba’zi yevropalik millatlar vakillari, hatto ruslar ham bo‘lib, ular sovet rejimiga qarshi kurashganlar. Kurashga qo‘zg‘algan xalq harakatini uyushtirishda qo‘rboshilarning xizmati katta bo‘lgan. Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi istiqlol janglari. Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati 1919-yil yozining oxiri va kuzida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Sentyabr oyining dastlabki kunlarida Madaminbek lashkarlari Jalolobod va O‘sh shaharlarini egallashdi. Ular Eski Marg‘ilon shahrini qizil bosqinchilardan ozod qildilar. Shu bilan birga vodiylishga kirishdilar. Madaminbek boshchiligidagi qo‘shinning hujumi Farg‘ona vodiysini larzaga keltirdi. 1919-yil 12-oktyabrda Pomirning Ergashtom ovulida bo‘lgan anjumanda Madaminbek boshchiligida Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga 16 nafar tub aholi va 8 nafar ruslar kiritilgan edi. Madaminbek hukumat boshlig‘i bo‘lish bilan birga qo‘shinning Oliy bosh qo‘mondoni etib ham tayinlandi. 1919-yilning kech kuziga kelib Madaminbek qo‘l ostida 30 000 nafarga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi istiqlol janglarini olib bordilar. Bu paytda Shermuhammadbek qo‘l ostida 20 000, Katta Ergash qo‘rboshida 8000 nafar askar bo‘lgan. Ana shu uchta lashkarboshi vodiydagi jangovar harakatlarni yo‘naltirib turdilar. Farg‘ona vodiysiga bolsheviklar tomonidan qo‘shimcha kuchlarning boshlanishi natijasida 1920-yil yanvar oyining o‘rtalariga kelib jangovar tashabbus qizil armiya qo‘liga o‘tdi. Katta Ergash qo‘rboshining qo‘shini mag‘lubiyatga uchragach, Shermuhammadbek asosiy kuchlarini olib Oloy vohasiga chekindi. Madaminbek vaqtdan yutish uchun Farg‘ona fronti qo‘shinlari qo‘mondonligiga yarash muzokaralari boshlashni taklif qildi. Natijada Madaminbek bilan 2-Turkiston o‘qchi diviziyasining boshlig‘i N.Veryovkin-Roxalskiy o‘rtasida 1920-yil 6-martda Skobelev shahrida yarash bitimi imzolandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay sovet qo‘mondonligi tomonidan qo‘rboshilar o‘rdasiga yuborilgan Madaminbek noaniq vaziyatda 1920-yil mayda o‘ldirildi.Turkistondagi harakat 1920-yilning yozi va kuzida o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi vatanparvarlar bilan bir qatorda endilikda Buxoro va Xorazmda ham bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurash boshlandi. 1920-yil 3-mayda Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston – turk mustaqil islom jumhuriyati tashkil topdi. Shermuhammadbek istiqlolchilik harakatiga bosh bo‘ldi. Shermuhammadbek qo‘rboshi Afg‘oniston davlatiga o‘tib ketgach, 1923 – 1924-yillarda Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilar qo‘shiniga Islom Polvon va Yormat Maxsum kabi qo‘rboshilar rahbarlik qildilar. Bu paytda ular kichikkichik guruhlar tuzib, qizil armiyaga qarshi kurashdilar. Lekin ular kurashning mazkur bosqichida turli sabablar va mahalliy shart-sharoitlar natijasida doim ham bir-birlari bilan kelishib ish ko‘rmadilar. Samarqand viloyatidagi istiqlolchilarga 1918–1923-yillarda Bahrombek va Ochilbek kabi mashhur qo‘rboshilar rahbarlik qilgan. Bahrombek 1918-yildan boshlab 2000 yigit bilan Samarqand viloyatida qizil armiyaga qarshi janglarda faol qatnashdi. Samarqand atrofidagi Pastqishloqda tug‘ilgan Hamroqulbek qo‘rboshi uning yaqin yordamchisi bo‘lgan. Bahrombek o‘z yigitlari bilan 1922-yil yozigacha qizil armiyaga qarshi faol kurashgan.
Bolsheviklar chekistlar va josuslar yordamida 1922-yil kuzida Bahrombek va ukasi Shahriyor qo‘rboshini qo‘lga olishib, Samarqand shahrida otib tashlashgan. Ahmad Zaki Validiyning yozishicha, Ochilbek 1921-yildan boshlab “Turkiston milliy birligi” tashkiloti ko‘rsatmalari asosida faoliyat ko‘rsatgan. Kitob atrofida 1923-yil 10-mayda qizil askarlar bilan bo‘lgan janglarning birida Ochilbek (u xalq o‘rtasida jasurligi uchun Ochildov sifatida mashhur bo‘lgan) mardlarcha halok bo‘lgan. BXSR va XXSRda qizil armiyaga qarshi kurash.
Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darilgach, 1920-yil kuziga kelib qizil armiyaga qarshi kurash olib borgan qo‘rboshilar guruhlari, shahar va tumanlarda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar mamlakatning barcha hududi – g‘arbiy, markaziy, sharqiy qismlarida boshlanib, ommaviy tus oldi. 1920-yil sentyabr oyida Sharqiy Buxoroga kelgan sobiq amir Olimxon katta kuchlar to‘plab, qizil armiyaga qarshi kurashga rahbarlik qildi. G‘arbiy Buxoro hududida Mulla Abdulqahhor, Sharqiy Buxoro hududida Ibrohimbek va Davlatmandbek kabi qo‘rboshilar harakatga rahbarlik qilishdi. 1921-yil mart oyida bir qator janglarda mag‘lubiyatga uchragan Olimxon Afg‘oniston davlati hududiga o‘tib ketishga majbur bo‘ldi. Biroq bu paytda Sharqiy Buxoroda qizil armiyaga qarshi ommaviy xalq qo‘zg‘olonlari ko‘tarildi. Buxoro qo‘rboshilarining milliy ozodlik kurashi. Qisqa muddat davomida Mulla Abdulqahhor boshchiligida poytaxt Buxoro tumanlarida lashkar to‘plandi va qizil armiyaga qarshi jangovar harakatlar olib borildi. Shuningdek, Mulla Abdulqahhor rahbarligida Buxoro, Karmana va Nurota viloyatlarida o‘nlab qo‘rboshi guruhlari faoliyat ko‘rsatdi. Uning qo‘l ostida Buxoroning g‘arbiy qismida 20 nafar qo‘rboshi birlashgan. Ular orasida Hamro Polvon, Hayit Amin, O‘rmon Polvon, Oston Qorovulbegi kabi shofirkonlik qo‘rboshilar ham bo‘lgan. Ular asosan, G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan tumanlari hamda Nurota va Karmanada o‘z faoliyatlarini kuchaytirganlar. Mulla Abdulqahhor yigitlari bilan qizil askarlar o‘rtasida 1924-yil yozi va kuzida G‘ijduvon tumanining G‘ishti va Kattag‘amxo‘r qishloqlarida, Nurota tog‘larida, Shofirkon tumaniga tutash Qizilqumning Jilvon qumliklarida, Bog‘iafzal va Vardonze qishloqlarida qattiq to‘qnashuvlar bo‘ldi. Mulla Abdulqahhor qo‘rboshi Qizilqumda qizil askarlarga qarshi bo‘lgan janglarning birida 1924-yilning oxirida halok bo‘ldi. Ibrohimbek qo‘l ostidagi Sharqiy Buxoro hududida o‘zining boshqaruv usulini amalga oshirdi. Joylarda yangi Buxoro hukumati tugatilib, uning o‘rniga amirlik davridagi boshqaruv usuli joriy qilingan. Bundan Turkistonda ish olib borayotgan markaziy hukumat vakillari tashvishga tushadilar. Shuning uchun ham Turkiston fronti siyosiy boshqarmasi tomonidan Ibrohimbek bilan boshqa qo‘rboshi guruhlari o‘rtasida nizo chiqarish uchun tavsiyalar beriladi. Ibrohimbek qo‘rboshi ko‘p yillar davomida Sharqiy Buxoroda qizil armiyaga qarshi fidokorona kurashdi. Buxorodagi istiqlolchilik harakati rahbarlari o‘rtasida Turkiyadan kelgan generallar – Anvar va Salim Posho alohida ajralib turadi. Anvar Posho 1921-yil oktyabrda Kavkazdan Buxoro shahriga kelgach, 9-noyabrda Qarshi yaqinidagi Qiliko‘l atrofida Mulla Nafis qo‘rboshi bilan uchrashib, maxsus bayonot bilan chiqadi hamda turkistonliklar va buxoroliklarning sovet rejimi va qizil armiyaga qarshi muqaddas kurashiga qo‘shilganligini e’lon qiladi. Anvar Poshoning sa’y-harakatlari bilan Sharqiy Buxoroda birlashgan qismlar bunyod etildi va u turk zobitlari bilan mustahkamlandi, g‘arbcha qo‘mondonlik uslubi joriy qilinadi. Anvar Posho 1922-yil avgustda Sharqiy Buxoroning Baljuvon atrofidagi Obidara qishlog‘ida qizil askarlarga qarshi bo‘lgan jangda mardlarcha halok bo‘ldi. Turkistonning erksevar shoiri Cho‘lpon Anvar Posho xotirasiga bag‘ishlab “Baljuvon” marsiyasini yozgan. Xorazmda Junaidxon boshchiligadigi qurolli harakat. Junaidxon rahbarligidagi qurolli guruhlar uzoq yillar davomida qizil armiyaga qarshi kurashdi. Uning qo‘shinlari safida turkman va o‘zbeklardan
tashqari qozoq va qoraqalpoqlar ham ko‘pchilik edi. Ko‘hna Urganch, Ilyali, Toshhovuz, Mang‘it, Qo‘shko‘pir, Chimboy, Qo‘ng‘irot va To‘rtko‘lda harakat qilgan o‘nlab sardorlarning guruhlari qizil askarlarga jiddiy zarba bergan. Junaidxon tarix sahifalarida murakkab va ziddiyatli shaxs sifatida bitilgan. Uning faoliyati ham shaxsiyatidek keskin va fojiali, zafarli va qayg‘uli kechdi. Avval Rossiya imperiyasi va Xiva xonligiga qarshi kurashgan Junaidxon 1918-yil o‘rtalaridan e’tiboran qizil askarlarga qarshi mustaqillik uchun jangga kirgan edi.
1922-yil ko‘klamida Junaidxon Xorazmda o‘z faoliyatini yanada kuchaytirdi. Bu paytda uning qo‘shinlari soni 15000 nafar yigitdan iborat bo‘lib, ular bolsheviklarga qarshi tura oladigan jiddiy kuchga aylangan edi. Masalan, 1922-yil aprel oyida Junaidxon qo‘shinlari Porsu shahri va uning atroflarini qizil askarlardan ozod qilishdi. Ko‘hna Urganch yonidagi qishloqlarda ham ular shiddatli janglar olib bordilar. Markaz Xorazmda “bosmachilik” harakatini tezlik bilan bartaraf qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Bu holat, ayniqsa, 1923-yildan boslab yanada kuchaydi. 1923-yil 12-yanvarda bo‘lgan uchinchi chaqiriq XXSR MIK II sessiyasida Xorazmda 4 yildan buyon davom etib kelayotgan “bosmachilik” harakatiga qarshi mavjud hukumatning o‘zi kurash olib borishga ojiz ekanligi ochiq aytilib, RSFSR (aslida SSSR) hukumatidan “shoshilinch harbiy yordam” so‘raldi. Junaidxon 1924-yil 17-iyunda o‘zining 20 nafar hamrohi bilan Afg‘onistondagi Hirot shahriga yetib keldi. Manbalarda aytilishicha, u bu yerda turib o‘z qo‘shinlari safini to‘ldirishga tayyorlangan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, Junaidxon XXSR hududiga qaytib keldi va istiqlolchilik harakatiga boshchilik qilishda davom etdi. Istiqlolchilik harakatini tashkiliy jihatdan uyushtirishda Farg‘ona vodiysi, Buxoro va Xorazmdagi qo‘rboshilarning mazkur davrda bo‘lib o‘tgan 30dan ortiq qurultoylarining ahamiyati katta bo‘lgan. Ularda rahbarlar saylangan, qo‘rboshilar yagona qo‘mondonlik qo‘l ostiga birlashtirilgan. Ammo bunga
doim ham amal qilinmas edi. Shuningdek, qurultoylarda qo‘rboshilar guruhlari harakat qiladigan joylar va ularning ta’sir doirasi belgilab olingan.
Qo‘rboshilar 1924-yil oxiriga kelib Turkistondagi iqtisodiy inqiroz va
qashshoqlik, dahshatli ocharchilik, xalqning og‘ir turmushini ko‘rmasliklari
mumkin emas edi. Tinimsiz davom etgan yetti yillik kurashdan ular ham, xalq ham charchagan edi. Shuning uchun tirik qolgan qasoskorlarning ko‘pchiligi 1924-yil davomida qarshilikni to‘xtatdilar. Xullas, 1924-yil oxirida Turkiston mintaqasida istiqlolchilik harakatining birinchi davri yakunlandi. Lekin hali oldinda kurashning to‘liq o‘n yili turar edi.
2.Milliy-hududiy chegaralanish. Turkiston mintaqasi azaldan turkey xalqlarning yagona maskani va umumiy vatani bo‘lgan. 1918–1924-yillarda mavjud bo‘lgan Turkiston ASSR, BXSR, XXSRning tub xalqlari asrlar davomida turmush tarzi va an’analari jihatidan bir-birlariga juda yaqin bo‘lishgan. Turkistondagi turli davlatlarning har birida turkiy xalqlar: o‘zbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, qozoqlar, qirg‘izlar, shuningdek, tojik xalqi azaldan yashaganligi tarixiy tarkib topgan hodisa edi. Turkiston mintaqasining xalqlari shu tuproqni, Turonzaminni qadimdan o‘zlarining asl Vatani deb bilganlar. Mustabid sovet rejimi va bolsheviklar uchun esa Turkiston o‘lkasini bo‘lib tashlab, uni idora qilish qulay edi. Xususan, bu jarayon Turkistondagi istiqlolchilik harakati 1924-yilda, asosan, mag‘lubiyatga uchraganidan keyin o‘zining so‘nggi bosqichiga qadam qo‘ydi. 1924-yil fevral–iyun oylarida SSSRdagi markaziy organlar, Turkiston, Buxoro, Xorazm kommunistik partiyalari va RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi milliy chegaralanish masalalari yuzasidan zo‘r berib ish olib borishdi. Turkiston va Buxoro Kompartiyalari Markaziy Komitetlari huzurida maxsus, keyinchalik, hududiy va boshqa alohida komissiyalar tuzildi. Milliy kommunistlar va Markaz vakillari o‘rtasida turli qarashlarning to‘qnashuvi. Turkkomissiya va Ya.Rudzutak tezislariga qarama-qarshi o‘laroq Turor Risqulov boshchiligidagi bir guruh milliy kommunistlar 1920-yildayoq turkiy xalqlar yagona bo‘lib, ularning tarixiy ildizlari, dinlari, an’analari va madaniyati mushtarakdir, yagona Turkistonni alohida qismlarga ajratib bo‘lmaydi, degan g‘oyani ilgari surgan edilar. Biroq Markaz kommunistlari bu fikrni inkor etib, uni “panturkizm”, “panislomizm”, “burjua millatchiligi va o‘ng og‘machiligi” deb noto‘g‘ri baholagan edilar. Bir tomondan, 1920-yildan boshlab istiqlolchilik harakatining qaytadan shiddat bilan rivojlanishi, ikkinchi tomondan, qizil armiya tomonidan Xiva xonligi va Buxoro amirligi ag‘darib tashlanib, ular o‘rnida “mustaqil respublikalar” tashkil qilinganligi bu masalada bolsheviklarni yana 4 yil sabr qilishlariga olib keldi. Xullas, sovet hokimiyati rahbariyati 1924-yil boshlaridan boshlab ushbu masalani hal qilishga jiddiy kirishdi. Sovet hokimiyatining chegaralanish siyosatiga dastavval Turkiston ASSR, BXSR va XXSR rahbarlari qarshi bo‘lishgan. 1924-yil fevralda Buxoro Kompartiyasi chegaralanish masalasi yuzasidan Fayzulla Xo‘jayev tomonidan yozilgan tezislarni qabul qildi. Unda RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosining bu sohadagi qarashlari xato ekanligi tanqid qilingan edi. 1920-yil 10-martda bo‘lgan Turkiston ASSR MIK va Turkiston Kompartiyasining birlashgan kengashida Sultonbek Xo‘janov, Sanjar Asfandiyorov, N.Paskutskiy kabi atoqli partiya xodimlari Sovet Sotsialistik Respublikalarining O‘rta Osiyo federatsiyasini tuzish taklifi bilan chiqdilar. Shu bilan birga S.Xo‘janov Turkiston yagona va butun, uning yaxlitligini buzish maqsadga muvofiq emas, deb ta’kidladi. Bundan tashqari, 1923-yil dekabrda Farg‘ona vodiysi vakillari RSFSR tarkibida Farg‘ona muxtor viloyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif bilan chiqqan edilar. Xullas, munozaralar tobora qizib bordi. XXSR rahbarlarida ham alohida qarashlar bo‘lgan. 1924-yil 8-mayda bir guruh Xorazm rahbarlari RKP(b) MKga “Xorazmda milliy masalani hal qilish to‘g‘risida maktub” yuborib, unga Xorazmni chegaralanishga qo‘shmaslikni iltimos qildilar. Ular o‘zlarining shu nuqtayi nazarlarini respublikaning olisda joylashganligi, iqtisodiy jihatdan ajralib turganligi bilan asosladilar. Bu nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlagan Xorazm Kompartiyasi Markaziy Komiteti mas’ul kotibi Qalandar Odinayev 1924-yil iyulda o‘z vazifasidan olib tashlandi. XXSR hududi dastlab chegaralanishga tortilmadi, biroq 1924-yil 26-iyulda Xorazm Kompartiyasining yangi rahbarlari respublikaning chegaralanishiga kiritilishiga o‘z roziligini bildirdi. 1924-yil 12-iyunda I.V.Stalinning taklifi bilan RKP(b) MK Siyosiy byurosining “O‘rta Osiyo respublikalarini milliy-hududiy chegaralash to‘g‘risida” maxsus qarori qabul qilingan. Bu qaror bilan mazkur jarayon o‘zining so‘nggi bosqichiga kirdi. 15-iyulda RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi yangi tashkil etiladigan milliy respublikalar va oblastlarning muvaqqat byurosini tashkil etdi. O‘zbeklar byurosi tarkibiga Fayzulla Xo‘jayev, Rustam Islomov, Akmal Ikromov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Muxtorjon Saidjonov, Kalugin a’zo sifatida, Inoyatov nomzod sifatida kiritildi. Shuningdek, RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi tashkil etgan Hududiy komissiyada, uning milliy kichik komissiyalarida janjalli masalalarni hal qilish uchun tuzilgan maxsus komissiyalar ham faoliyat ko‘rsatgan. Hududiy komissiya tarkibiga F. Xo‘jayev, A. Rahimboyev, S. Xo‘janov, Q. Otaboyev, R. Islomov, N. Aytoqov, Y. Abdurahmonov, I. Aydarbekov, I. Vareykis, D. Manjara, I. Mejlauk, X. Saxat-Muratov va boshqa siyosiy arboblar kirgan edi. Milliy respublikalar tuzish zarurligi g‘oyasining tashabbuskorlari o‘z fikrlarini Turkistondagi tub xalqlar hayotida tengsizlik mavjudligi va milliy mojarolar kuchayib borayotgani bilan asosladilar. Ular bu mojarolardan qutulish yo‘li sifatida turkmanlar, qirg‘izlar va boshqalarning milliy davlatini (aslida, milliy respublikasini) tuzish deb e’lon qildilar, amalda esa bu chora-tadbirlar mintaqada yashovchi xalqlarni bir-biridan ajratib qo‘yishdan boshqa narsa emas edi. Xullas, siyosiy jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Turkiston ASSR siyosiy rahbariyati orasidagi yevropaliklar bilan tub xalqlar vakillari o‘rtasidagi ixtiloflar, ayrim qozoq va tojik kommunistlari hamda boshqalarning guruhbozlik ko‘rinishlari mexanik tarzda Turkiston xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘chirildi. RKP(b) MK Bosh kotibi I.V. Stalin, RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi raisi Y.Rudzutak va boshqalar O‘rta Osiyoda milliy mojarolar mavjudligini ta’kidlashdan charchashmadi. Xullas, milliy masala Markaz tomonidan sun’iy ravishda bo‘rttirib yuborildi va bu holat yangi tashkil qilinadigan milliy respublikalar va viloyatlar hududini tubdan qayta belgilash uchun hal qiluvchi asosiy dalil sifatida ilgari surildi. 1924-yil kuzida O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanish va uning yakunlari. 1924-yil 16-sentyabrda bo‘lgan Turkiston ASSR MIKning favqulodda sessiyasida O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Xuddi shunday mazmundagi qarorlar 20-sentyabrda Butunbuxoro xalq vakillarining V qurultoyida va 29-oktyabrda Butunxorazm xalq vakillarining V qurultoyida ham qabul qilindi. 20-sentyabr kuni BXSR hukumati raisi Fayzulla Xo‘jayev Butunbuxoro xalq vakillarining V qurultoyida “O‘rta Osiyoning milliy davlat chegaralanishi to‘g‘risida” ma’ruza qildi. Mazkur qarorlarda o‘zbek va turkman xalqlariga O‘zbekiston SSR va
Turkmaniston SSR tuzish huquqi, Turkiston ASSRning qirg‘iz (aslida qozoq) viloyatlarini 1920-yilda tashkil qilingan Qirg‘iziston ASSR (aslida Qozog‘iston ASSR) bilan birlashtirish maqsadida qirg‘iz (aslida qozoq) xalqiga Turkiston ASSRdan chiqish huquqi, qoraqirg‘iz (aslida qirg‘iz) xalqiga Turkiston ASSRdan chiqish huquqi va Qoraqirg‘iz (aslida qirg‘iz) avtonom viloyatini tashkil etish huquqi, tojik xalqiga ham Turkiston ASSRdan chiqib, Tojikiston avtonom viloyatini tashkil etish huquqi berilishi kerakligi ta’kidlandi. RSFSR (Butunrossiya) Markaziy Ijroiya Komitetining 1924-yil 14-oktyabrda bo‘lgan II sessiyasida Turkiston ASSR MIKning milliy-hududiy chegaralanishi to‘g‘risidagi qarori ayrim tuzatishlar bilan qabul qilindi. Bu davrda Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalarida amaliy ish boshlab yuborildi. Komissiyalar va kichik komissiyalar bo‘lg‘usi tuzilmalarning hudud va chegaralari to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqdilar. Boshqaruv apparatlari tuzib, rejalar, iqtisodiyot, byudjet, yer-suv muammolari, maorif va sog‘liqni saqlash sohalarini tashkil qilish masalalari va boshqalar hal qilindi. Siyosiy tushuntirish ishlari olib borildi. Materiallar matbuotda e’lon qilinib miting va yig‘ilishlar o‘tkazildi. Partiya va sovet organlarining topshirig‘i bilan O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilishini ma’qullab qarorlar qabul qilindi.Shu narsani alohida aytib o‘tish lozimki, milliy-hududiy chegaralanish jarayonida ko‘plab siyosiy xatolarga yo‘l qo‘yildi. Xususan, o‘zbek xalqining manfaatlariga jiddiy zarar yetkazildi. Azaldan o‘zbeklar yashab kelayotgan hududlarning katta qismi Markaz buyrug‘i bilan qo‘shni ittifoqdosh va avtonom respublikalar hamda viloyatlarga berildi. O‘zbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komiteti (Markaziy revkom) faoliyati. 1924-yil 31-oktyabrda taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev raisligida O‘zbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komiteti (Markaziy revkom) tashkil topdi. Uning tarkibiga Porso Xo‘jayev, Rustam Islomov, Abdulla Rahimboyev, Davlat Rizayev, Sulton Qori, Vladimir Ivanov, Inomjon Xidiraliyev, Muxtorjon Saidjonov, Qori Yo‘ldosh Po‘latov va boshqalar kiritildi. 1924-yil 18-noyabrda Turkiston ASSR, Buxoro SSR va Xorazm SSR MIKlari maxsus qo‘shma qaror qabul qildilar va shu qarorga binoan o‘z vakolatlarini O‘zbekiston SSR Sovetlarining ta’sis qurultoyiga qadar ish ko‘ruvchi O‘zbekiston SSR Muvaqqat inqilobiy komitetiga topshirdilar. Bu komitet O‘zbekiston SSR tuzilishini boshqarib bordi.
3.O‘zbekiston SSRning tuzilishi, uning hududi va aholisi. 1925-yil 13-fevralda Buxoroda maxsus qurilgan Xalq uyida Butuno‘zbek (O‘zbekiston SSR) Sovetlarining I ta’sis qurultoyi ochildi. Qurultoy faoliyatida Moskvadan maxsus kelgan Butunittifoq (SSSR) Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi Mixail Kalinin qatnashdi va nutq so‘zladi. Qurultoy qatnashchilari tomonidan 17-fevralda “O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish to‘g‘risida Deklaratsiya” qabul qilindi. Deklaratsiyada yangi tashkil topgan O‘zbekiston SSR tarkibiga Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo, Zarafshon (Buxoro), Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Tojikiston ASSR kirganligi alohida ta’kidlandi. Qurultoyda respublikaning oliy organlari: O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (O‘zSSR MIK) va O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti (O‘zSSR XKS) tuzilgan. Taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi, “Qo‘shchi” uyushmasi faoli Yo‘ldosh Oxunboboyev O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi lavozimlariga saylanishdi. Bu paytda O‘zbekiston SSR hududi 312 394 km2 , aholisi 3 963 285 kishi bo‘lgan (unga Tojikiston ASSR va Qoraqalpog‘iston avtonom viloyatining hududi va aholisi kirmaydi). 1924-yil oxirida O‘rta Osiyo respublikalarida hammasi bo‘lib 8 131 062 kishi yashagan bo‘lib, ularning qariyb yarmisi O‘zbekistonda istiqomat qilgan.Qurultoyda respublikaning oliy organlari: O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (O‘zSSR MIQ) va O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti O‘zSSR XKS) tuzilgan. Keyinchalik bu miqdor doimiy ravishda o‘zgarib turgan. O‘zbekiston SSR tashkil topgan paytda qisqa muddat (1925-yil fevral – aprel) davomida Buxoro shahri poytaxt bo‘ldi. So‘ngra 1925-yil apreldan 1930-yil sentyabrgacha Samarqand shahri O‘zbekiston SSR poytaxti sanalgan. Bu paytda Toshkentda Markazning yangi tuzilgan O‘rta Osiyo respublikalarini nazorat qilishga mo‘ljallangan turli tashkilotlari (VKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi, O‘rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi, Turkiston fronti, O‘rta Osiyo harbiy okrugi ) joylashtirilgan edi. Samarqand respublikaning markazida joylashgan bo‘lib, bu holat yangi tashkil qilingan O‘zbekiston SSR hududining barcha qismlarini amalda bir butun qilib birlashtirishga hamda sovet tashkilotlari ishini jonlantirishga yordam berdi. Mahalliy hokimiyat organlari mustahkamlanib, ularning markaziy hukumat muassasalari bilan aloqalari kuchaygandan so‘ng O‘zbekiston poytaxti 1930-yil 20-sentyabrda respublikaning eng muhim
iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi bo‘lgan Toshkent shahriga ko‘chirildi.
O‘zbekiston SSR hukumatining raisi Fayzulla Xo‘jayev bir kechada poytaxtni Samarqanddan Toshkentga ko‘chirib keltirgan edi. O‘zbekiston SSRda 1925-yil 29-yanvarda ilk bor ma’muriy-hududiy bo‘linish o‘tkazildi. Dastlabki 7 viloyat (Zarafshon, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm), alohida Konimex tumani tashkil topdi. Bu paytda O‘zSSR tarkibida 23 ta uyezd va 241 ta volost bo‘lgan. O‘zbekiston SSR poytaxtlari – Buxoro – Samarqand – Toshkent. 1926-yil 29-sentyabrda O‘zbekiston SSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi V sessiyasining rayonlashtirish to‘g‘risida qarori qabul qilindi. Unga muvofiq O‘zbekiston SSRda mavjud bo‘lgan 7 ta viloyat, 23 ta uyezd, 241 ta volost va 1163 ta qishloq jamoasi o‘rniga yangi ma’muriy bo‘linish o‘tkazilib, 10 ta okrug (Xorazm, Buxoro, Zarafshon,Samarqand,Toshkent, Xo‘jand, Qo‘qon, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo), alohida qozoq-qoraqalpoq Konimex tumani, 87 ta tuman va 1720 ta qishloq sho‘rosi tuzildi. O‘zbekiston Kommunistik partiyasining tashkil topishi. O‘zSSR tuzilishi arafasida, 1925-yil 6 – 12 fevralda eski Buxoro shahrida O‘zbekiston Kommunistik partiyasining I ta’sis syezdi ham bo‘lib o‘tdi. Syezd ishida SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi M.I.Kalinin qatnashdi va ma’ruza qildi. Syezdda O‘zbekiston Kommunistik (bolsheviklar) partiyasi tashkiliy jihatdan rasmiylashtirildi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti mas’ul sekretarlari qilib Vladimir Ivanov va Akmal Ikromov saylandi. O‘zbekiston Kompartiyasi aslida Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS)ning O‘zbekiston SSRdagi filiali hisoblangan. Sovet hokimiyati yillarida respublika siyosiy hayotida O‘zbekiston Kommunistik partiyasi yetakchi rol o‘ynagan. O‘zbek xalqi tarixida XX asrda yuz bergan ko‘plab fojiali voqealar kommunistik partiya faoliyati bilan bog‘liqdir. O‘zbekiston partiya tashkiloti respublika va o‘zbek xalqi manfaatlarini hisobga olmasdan Moskvada ishlab chiqilgan qarorlarni bajarib keldi. O‘zbekiston SSR – Sovet Ittifoqi tarkibidagi milliy ittifoqdosh respublika. O‘zbekiston SSR Butunittifoq Sovetlarining III syezdida 1925-yil 13-may kuni SSSR tarkibiga qabul qilindi. SSSR 1922-yil 30-dekabrda 4 ta ittifoqdosh sovet respublikasi (RSFSR, Ukraina, Belorusiya, ZSFSR – Kavkazorti) asosida tashkil topgan edi. 1927-yil 30-martda O‘zSSR Sovetlarining II syezdida O‘zbekiston SSRning birinchi Konstitutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston SSR tashkil qilinganidan so‘ng respublika davlat boshqaruvi organlari Ittifoq organlari tartibida va ulardan andoza olingan holda tuzilgan. Bu ittifoqdosh respublikalarning Markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam shakli edi. Butun Ittifoqda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham mehnatkashlarning eng
ommaviy tashkiloti kasaba uyushmalari (profsoyuzlar) ham partiya komitetlariga to‘la-to‘kis qaram bo‘lib qoldi. 1925-yil 21-martda bo‘lgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari I ta’sis syezdida unga asos solindi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari respublika soveti (Uzsovprof) Butunittifoq Kasaba uyushmalari Markaziy Soveti (VSSPS) rahbarligida ish olib borgan. Sovet hokimiyati yosh avlodni kommunistik ruhda tarbiyalashga muntazam e’tibor qaratgan. Bu ishlar bilan Butunittifoq leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (VLKSM)ning O‘zbekistondagi organi – O‘zbekiston leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (O‘zLKSM) shug‘ullangan. O‘zbekiston komsomoliga Samarqand shahrida 1925-yil aprelda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida asos solindi. O‘zbekistondagi dehqonlarni g‘oyaviy jihatdan birlashtirib turgan tashkilotlardan biri “Qo‘shchi” ittifoqi bo‘lgan. U 1920 – 1933-yillarda faoliyat ko‘rsatgan. 1925-yilda 200 000 kishini o‘ziga birlashtirgan bu ittifoq ham asta-sekin bolsheviklarning qishloqdagi zo‘ravonlik siyosatining asosiy tayanchiga aylantirilgan O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSRning tashkil topishi. 1926-yil 1 – 12-dekabrda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Tojikiston ASSR Sovetlarining I ta’sis syezdida O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (Tojikiston ASSR) tuzilganligi haqida deklaratsiya qabul qilingan. Bu paytda Tojikiston ASSR hududi 135 620 km2 , aholisi 739 503 kishi bo‘lgan. 1929-yil 16-oktyabrda Tojikiston ASSR o‘rniga Tojikiston SSR tashkil topdi va u O‘zbekiston SSR tarkibidan chiqdi. Markazning buyrug‘i bilan o‘zbeklarning azaliy yurti bo‘lgan O‘zbekiston SSRning Xo‘jand okrugi Tojikiston SSRga berildi. Qoraqalpoq avtonom viloyatining tuzilishi va Qoraqalpog‘iston ASSRning O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritilishi. 1925-yil 12 – 19-fevralda To‘rtko‘lda dehqon, batrak va qizil askar deputatlari Qoraqalpoq avtonom viloyati Sovetlarining I ta’sis syezdi bo‘lib o‘tdi. Syezdda Qoraqalpoq avtonom viloyati tuzilganligi va uning Qozog‘iston ASSR tarkibiga kirishi qonun yo‘li bilan mustahkamlandi.Qoraqalpog‘iston 1925 – 1932-yillarda Qozog‘iston, 1932 – 1936-yillarda RSFSR tarkibida bo‘ldi. 1936-yil 5-dekabrda Qoraqalpog‘iston ASSR hududi O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritildi. Bugungi kunda qoraqalpoq xalqi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashab, bunyodkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda
Foydalanilgan adabiyotlar:
Saidboboyev Z. Tarixiy geografiya va kartografiya - Toshkent, 2020
Zamonov A., Rajabov Q. O’zbekiston tarixi/Darslik - Toshkent,2017
Xo’jayev M. Shermuhammadbek qo’rboshi - Toshkent,2008
Rajabov Q., Haydarov M. Turkiston tarixi - Toshkent,2002
Rajabov Q. Turkiston qo’rboshilari – Toshkent,2005
Dostları ilə paylaş: |