Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida roʻy berayotgan keskin oʻzgarishlar tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan hodisalar bilan izohlanadi
Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida roʻy berayotgan keskin oʻzgarishlar tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan hodisalar bilan izohlanadi. Bunda, ayniqsa, ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega boʻlgan Osiyo qitʼasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari murakkab jarayonlarga duch kelmoqda.
Bu, avvalo, yuqorida taʼkidlab oʻtilgan ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va taʼlim darajasi pastligi bilan bogʻliq muammolardir. Ular, aslida, ijtimoiy nizolarning asosiy manbai, ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhitdir.
IQLIM OʻZGARISHLARI, EKOLOGIK BOʻHRONLAR, OROL VA ONA TABIATNI ASRASH ZARURATI “Biz isteʼmol qiladigan mahsulotlar, biz nafas oladigan havo, biz ichadigan suv, biz yashaydigan sayyoraga hayot bagʻishlovchi iqlim — barchasi tabiat tufayli. Ustiga- ustak, hozir tabiatning oʻzi bizga belgi bermoqda — oʻz haqimizda qaygʻurish uchun avvalo tabiatga gʻamxoʻrlik qilishimiz kerak. Hozir – uygʻonish davri. Muammolarni payqash uchun, ovozimizni koʻtarish uchun... Insoniyat uchun, Yer sayyorasi uchun yaxshiroq muhit yaratish vaqti. Bu xalqaro atrof- muhitni muhofaza qilish kuni — tabiat vaqtidir” deyiladi “Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish — 2020” kun tartibida.
Keyingi besh yil ichida 32 million gektar oʻrmon maydoni inson omili natijasida qisqargan. Soʻnggi 150-yil davomida global o‘sish negizida suv havzalaridagi korall riflaridan iborat tirik qoplama ikki baravarga qisqargan — ular qurib, rangsizlashib bormoqda.
Dunyo okeanlarining shoʻrlanish darajasi ortib borayapti. Muzliklar katta tezlik bilan erimoqda. Bu — okean suvlarining ortishi va suv boʻyiga yaqin hududlarning suvostida qolish ehtimolini oshiradi, issiqlikning namlikka nisbati buzilishiga sabab boʻladi. Yovvoyi hayvonot dunyosi qirilib ketmoqda — keyingi 10 yil ichida yovvoyi jonivorlarning tur rang-barangligi chorak qismga qisqarishi mumkin.
RADIKALIZM, EKSTREMIZM VA TERRORIZM —
BARQAROR TARAQQIYOT KUSHANDASI
Ekspertlarning xulosalariga koʻra, soʻnggi 10 yil ichida diniy ekstremizm va terrorizm tufayli dunyo iqtisodiyoti 583 trillion AQSH dollari miqdorida zarar koʻrgan boʻlsa, 15 yil ichida 100 mingdan ziyod begunoh insonlar terrorchilik xujumlari oqibatida halok boʻlgan.
Faqatgina 2019-yilning oʻzida dunyo boʻyicha zoʻravonlik, ekstremizm va terrorizmning umumiy salbiy global taʼsiri — shunga eʼtibor bering — 14,1 trillion AQSH dollarini yoki jahon YAIMning 11,2 foizini, iqtisodiy zarar — 33,19 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.
Ayniqsa, yoshlar oʻrtasidagi radikallashuv jarayoni katta tashvish uygʻotmoqda. Ekstremistik faoliyat va zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, bugungi dunyo yoshlari — son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod boʻlib, ular 2 milliard kishini tashkil etishini eʼtiborga olsak, masalaning naqadar jiddiy ekanini tushunish qiyin emas.
Hozirgi kunda ekstremizm va terrorizm xalqaro hamjamiyatga ham, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekistonga ham tahdid solishda davom etmoqda.