I bob. «FUQAROLIK HUQUQI» TUSHUNCHASI, TAMOYILLARI, TIZIMI VA MANBALARI
«Fuqarolik huquqi» tushunchasi, xususiyatlari va boshqa huquq sohalari bilan aloqadorligi
Huquq nazariyasidan bizga ma’lumki, kishilar muayyan jamiyatda va davlatda o‘zaro ijtimoiy munosabatlarga kirishgan holda yashaydilar. Ushbu ijtimoiy munosabatlar orqali ular moddiy, ma’naviy va boshqa ehtiyojlarini qanoatlantiradilar, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqaradi- lar. Bunday o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi xulq-atvor va xatti- harakat qoidalarining turlicha modellari o‘tmishda mavjud bo‘lgan. Masalan, bularning eng ibtidoiy shakli «o‘rmon qonuni» deb ataladi. Bunda kuchli shaxs o‘zgalar uchun ushbu qoidalarni yaratadi va ularning erk-irodasi ushbu munosabatlar xarakterini belgilovchi asosiy omil hisoblanadi. Boshqalar kuchli shaxsga xizmat qiladilar. Zo‘ravonlikka asoslangan bunday modelda manfaatlar uyg‘unligi bo‘lmasligi o‘z o‘zidan ma’lum. Ikkinchi bir holatda esa, har bir shaxs o‘zi uchun va boshqalar uchun xatti-harakat qoidalarini belgilashga urinadi. Natijada manfaatlar to‘qnashuvi vujudga keladi. Bu esa tartibsizlikka, anarxiyaga, xaosga olib keladi.
Kishilik jamiyati yuqoridagi modellar samarasizligini boshidan kechirib, eng maqbul uchinchi model – madaniy sivilizatsiya jamiyati modelini yaratgan. Bunga ko‘ra kishilar o‘zlarining odatdagi, doimiy, kundalik munosabatlarida asrlar davomida sinovdan o‘tgan, sayqallangan adolat, oqilonalik, manfaatlar uyg‘unligiga xizmat qiladigan xulq-atvor qoidalarini ishlab chiqishgan, o‘rnatishgan va bu davlatning tegishli yuridik kuchi vositasi bilan ta’minlanadi. Bunday munosabatlarning keng doirasi fuqarolik-huquqiy munosabatlar bo‘lib hisoblanadi.
Mamlakatimiz milliy huquq tizimida fuqarolik huquqi yetakchi huquq tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Fuqarolik huquqi mamlakatimizda
bozor munosabatlari, fuqarolik jamiyati, kishilarning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash maqsadida mulkiy munosabatlarni hamda mulkiy xarakterda bo‘lmagan shaxsiy munosabatlarni tartibga solish, mustahkamlashga qaratilgan huquqiy normalar yig‘indisidan iboratdir.
Boshqacha qilib aytganda, fuqarolik huquqi – huquqiy jihatdan teng- likka, mulkiy jihatdan mustaqillikka va erk muhtoriyatiga asoslangan subyektlar o‘rtasidagi mulkiy va shaxsiy-nomulkiy munosabatlarni tartib- ga soladigan hamda mustahkamlaydigan huquqiy normalar yig‘indisidir.
Jamiyatda barcha huquq sohalari yagona huquq tizimini tashkil etadi. Ushbu huquq sohalari odatda ikki asosiy huquq tizimiga ajratiladi: ommaviy huquq va xususiy huquq.
Ommaviy huquq tarkibiga kirgan huquq sohalari tomonidan tartibga solinadigan munosabatlar tikka chiziq (vertikal) ahamiyatga ega bo‘lgan, ya’ni bir tarafning ikkinchi tarafga ma’muriy bo‘ysunishiga asoslangan munosabatlardan iborat.
Xususiy huquq ham muayyan huquq sohalaridan tashkil topgan huquq tizimidan iborat. Ushbu tizimga kirgan huquq sohalari vositasida jamiyat a’zolari, davlat tashkilotlarining xususiy manfaatlari ifodalangan, mustaqillik va yakka mulkdorlarning (jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar) tashabbuskorligiga asoslangan munosabatlar tartibga solinadi. Bunday munosabatlar yotiq chiziq (gorizontal) ahamiyatga ega bo‘lgan, ya’ni bir tarafning ikkinchi tarafga huquqiy jihatdan bo‘ysunishiga asoslanmagan, mustaqil va teng huquqqa ega bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida vujudga keladigan munosabatlardan iborat1.
Mamlakatimizda va xorijiy yuridik adabiyotlarda «xususiy huquq» iborasi ham ishlatiladi. Tor ma’noda xususiy huquq, aynan, fuqarolik huquqini anglatadi. Keng ma’noda uning tarkibiga fuqarolik huquqi bilan birga oila, mehnat va tadbirkorlik huquq sohalari ham kiradi.
Fuqarolik huquqining mohiyati u tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar mazmunida o‘z ifodasini topadi. Yuqorida bunday ijtimoiy munosabat g‘oyatda keng doirani qamrab olishi qayd etib o‘tilgan edi. Bunday munosabatlar, eng avvalo, kishilar va boshqa subyektlar o‘rtasidagi moddiy va nomoddiy ne’matlarga nisbatan odat- dagi kundalik ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan doimiy, takrorlanib turuvchi harakatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
1 Раҳмонқулов Ҳ.Р. Ўзбекистон Республикасининг миллий ҳуқуқ тизими: Ўқув қўлланма. – Т., 2004. – Б.6-7.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 2-moddasi fuqaro- lik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar doirasini belgilashga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra fuqarolik qonun hujjatlari fuqaro- lik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va o‘zga majburiyatlarni, shuningdek, boshqa mulkiy hamda u bilan bog‘liq shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bunday munosabatlarning asosiy qismini mulkiy munosabatlar tashkil qiladi.
Fuqarolik huquqining predmetini quyidagilar tashkil etadi:
mulkiy munosabalatlar;
shaxsiy nomulkiy munosabatlar;
tashkiliy-huquqiy munosabatlar.
Mulkiy munosabatlar o‘z mazmuniga ko‘ra mol-mulk bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar, u mohiyatan moddiy-iqtisodiy munosabat hisobla- nadi. Ya’ni, u turli moddiy ashyolar, ishlab chiqarish vositalari, iste’mol buyumlari, umuman, fuqarolik huquqining subyektlarini xuddi shunday mahsulotni yaratish, egallash, foydalanish, tasarruf etish, fuqarolik muo- malasiga kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.
Albatta, moddiy-iqtisodiy, mulkiy munosabatlarning barchasi ham fuqarolik huquqiy normalar ta’siri ostida emas. Ularning ba’zilari huquq- ning boshqa tarmoqlari bilan ham tartibga solinadi. Jumladan, bir subyektning ikkinchi subyektga ma’muriy bo‘ysunishi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy munosabatlar ma’muriy huquq normalari bilan; turli subyektlardan soliqlarni undirish va ularni to‘plash bilan bog‘liq munosabatlar soliq huquqi bilan; to‘plangan pul mablag‘larini budjet orqali taqsimlash bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar moliya huquqi bilan; yer, o‘rmon bilan bog‘liq munosabatlar yer huquqi normalari bilan; ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlari esa mehnat huquqi normalari bilan tartibga solinadi.
Fuqarolik huquqiy normalar asosan muayyan ekvivalentlik (barobarlik, teng qiymatlik) bo‘yicha belgilanadigan qiymat, baho, hajm, miqdor bilan ifodalanadigan va ishtirokchilari teng darajada ko‘riladigan mulkiy munosabatlarni tartibga soladi. Mulkiy munosabatlardagi ekvi- valentlik subyektlarning manfaatdorligini va adolatni ta’minlovchi mezon hisoblanadi. Fuqarolik huquqiy normalar orqali moddiy-iqtisodiy
munosabatlar maxsus yuridik shaklda, ya’nimulkiy huquqiy munosabat- lar shaklida rasmiylashtiriladi va mustahkamlanadi.
Fuqarolik huquqida mulkiy munosabatlar ham, ishlab chiqarish munosabatlari ham iste’mol munosabatlarining huquqiy shakli sifatida ko‘riladi. Bunday munosabatlarga subyektlar o‘z erki, irodasi bilan o‘z manfaatlarini ko‘zlab kirishadilar. Bu holat fuqarolik-huquqiy munosabat- larining eng muhim belgisi hisoblanadi.
Mulkiy munosabatlarning katta guruhini mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan mulkiy huquqlarning vujudga kelish asoslari hamda ularni amalga oshirish tartibi bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar tashkil etadi. Jumladan, xususiy mulkdor va uning vakolatlari, ommaviy mol-mulkning huquqiy rejimi, ixtirolar, fan, adabiyot, san’at asarlarini tijorat muomalasida bo‘lishi bilan bog‘liq munosabatlar kiradi.
Shartnoma majburiyatlarining ko‘pchiligi mulkiy xarakterga ega bo‘lib, unga oldi-sotdi, ishlarni bajarish, xizmat ko‘rsatish, turar joylarni ijaraga berish, qurilish ishlarini amalga oshirish, yuk va yo‘lovchilar tashish bilan bog‘liq shartnomalarini kiritish mumkin.
Fuqarolik kodeksining 2-moddasida shartnoma majburiyatlari va o‘zga majburiyatlar bilan bog‘liq munsosabatlar haqida ham so‘z yuri- tiladi. O‘zga munosabatlar deganda zarar yetkazish (delikt) bilan bog‘liq munosabatlar, qonuniy vorislik bilan bog‘liq munosabatlar, asossiz boylik orttirish (kondikt) bilan bog‘liq munosabatlar nazarda tutilishi mumkin.
Fuqarolik huquqiy normalar ta’siri ostidagi mulkiy xarakterda bo‘lmagan shaxsiy munosabatlar, o‘z navbatida, ikki turga bo‘linadi:
mulkiy munosabatlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan shaxsiy munosabatlar;
mulkiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan sof shaxsiy munosabatlar (shaxsiy nomulkiy munosabatlar)ga bo‘linadi.
Mulkiy munosabatlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan shaxsiy munosabat- larda mulkiy munosabat shaxsiy munosabatlarni keltirib chiqaradi yoxud aksincha shaxsiy munosabat mulkiy munosabatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, ijodkor ijodiy asarini yozishi natijasida uni o‘z asariga nisbatan mualliflik huquqi, ya’ni muallif sifatida e’tirof etilish shaxsiy huquqi vujudga keladi va ushbu huquq negizida asar tijorat muomalasiga kiritilsa, asardan foydalanganlik uchun haq olish huquqi vujudga keladi. Bundan tashqari xizmat tartibida berilgan topshiriq natijasida haq olgan
xodim tomonidan intellektual mulk obyekti yaratiladi hamda ushbu obyektga nisbatan unda mualliflik huquqi vujudga keladi.
Mulkiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan sof shaxsiy munosabat- lar baho, qiymat bilan ifodalanmaydigan, subyektdan begonalashtirilishi mumkin bo‘lmagan, uning muayyan xususiyatlari, ya’ni sha’ni, qadr- qimmati, o‘z tasviriga bo‘lgan huquq, xususiy hayot sirlari, oilaviy sirlari, shaxsni individuallashtirish xususiyatlari bilan bog‘liq munosabatlardir. Masalan, har qanday fuqaro jamiyatda, kishilar o‘rtasida o‘z ism-sharifi bilan taniladi (FK 19-m.). Bunday shaxsiy huquqlar qonunda belgilangan yoki belgilanmaganidan qat’i nazar mavjud bo‘lishi mumkin. So‘nggi vaqtlarda shaxsiy huquqlarni amalga oshirish va huquqiy muhofaza qilish sohasida fuqarolik qonun hujjatlari doirasi kengayib borayotganli- gini ta’kidlash lozim. Masalan, personal ma’lumotlar, diffamatsiya va h.k.
Binobarin fuqarolik huquqiy munosabatlar quyidagi munosabatlarni tartibga soladi:
fuqarolik muomalasi ishtirokchilari (fuqarolar, yuridik shaxslar, davlat)ning huquqiy holatining vujudga kelish asoslari hamda ularni amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlar. Fuqaroning huquq va muomala layoqati mazmuni, yuridik shaxslarni tashkil etish va boshqarish tartibi, davlatning fuqarolik huquqiy munosabatda ishtirok etishining o‘ziga xos xususiyatlari;
mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning vujudga kelish asoslari hamda ularni amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlar;
intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlar, ularni amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlar;
shartnoma majburiyatlari bilan bog‘liq munosabatlar;
boshqa majburiyatlar bilan bog‘liq munosabatlar;
boshqa mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy munosabatlar. Fuqarolik kodeksi 2-moddasi to‘rtinchi bandiga asosan mulkiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy munosabatlar, agar qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki bu munosabatlar mohiyatidan o‘zgacha hol anglashilmasa, fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Masalan, oilaviy huquqiy munosabatlarda ixtiyoriy aliment to‘lash fuqarolik huquqi bilan tartibga solinadi. Alimentni majburiy tartibda undirish esa, oila huquqi bilan tartibga solinadi.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning uchinchi turini korporativ munosabatlar tashkil etadi. Korporativ munosabatlar, uni tashkiliy-
huquqiy munosabatlar deb ham atashadi, yaqqol namoyon bo‘ladigan mulkiy yoki shaxsiy xarakterga ega bo‘lmay, balki ko‘proq tijorat yuridik shaxslarini tashkil etish, ularning faoliyatini amalga oshirish, boshqarish, qayta tashkil etish, tugatish bo‘yicha uning muassislari, mulkdorlari, ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar bo‘lib hisoblanadi. Masalan, tijorat yuridik shaxsni tashkil etish bo‘yicha umumiy yig‘ilishni chaqirish, uning ta’sis hujjatlarini ishlab chiqish, tijorat yuridik shaxsi faoliyati to‘g‘risida tijorat yuridik shaxs boshqaruv organlarining ishtirokchilarga axborot berishi kabilar.
Korporativ munosabatlar Fuqarolik kodeksining 2-moddasida o‘z ifodasini topmagan. Biroq, ularning mavjudligi, o‘ziga xos xususiyatlari boshqa qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, korporativ munosabatlar xarakteri tijorat yuridik shaxslar huquqiy maqomini belgi- lovchi qator qonunlar, jumladan, «Aksiyadorlik jamiyati va aksiyadorlar- ning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi, «Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida»gi qonun va shu kabi boshqa qonunlarda o‘z ifodasini topgan1.
Ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda fuqarolik huquqi ularni tartibga solish uslubi, munosabatlar doirasi va xususiyatlari bilan ajralib turadi. Fuqarolik huquqi bilan yondosh, turdosh bo‘lgan huquq sohalari – oila huquqi, mehnat huquqi, xalqaro xususiy huquq hisoblanadi. Ulardagi umumiylik shundan iboratki, fuqarolik huquqining ko‘pgina kategoriya- lari, institutlari ushbu turdosh huquq sohalarida ham qo‘llaniladi. Shuningdek, fuqarolik huquqiy normalar ushbu huquq tarmoqlari uchun subsidiar huquqiy tartibga solish funksiyasini bajaradi. Lekin ular o‘rtasida alohida o‘ziga xosliklar ham mavjud. Masalan, oila huquqi shaxsiy va mulkiy munosabatlarni o‘rgansa ham, undagi ishtirokchi subyekt- lar doirasi cheklangan. Oila huquqi er-xotin, ota-ona va bolalar o‘rtasi- dagi, yaqin qarindoshlar, oilaning boshqa a’zolari o‘rtasidagi, farzand- likka olish, davlat organlarining oilani mustahkamlash, oilaga, voyaga yetmagan bolalarga moddiy yordam ko‘rsatishga doir munosabatlarni tartibga soladi.
Nikoh va oilaga oid munosabatlar maxsus huquqiy manba – O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi normalari bilan tartibga solinadi. Oila huquqi- da shaxsiy huquqiy munosabatlar ustunlik qiladi va uning hosilasi sifati-
1 Раҳмонқулов Ҳ.Р., Гуломов С.С. Корпоратив ҳуқуқ: Дарслик. – Т., 2006.
– Б. 474.
da mulkiy munosabatlar vujudga keladi. Ushbu holat oila huquqi tomo- nidan tartibga solinadigan mulkiy munosabat mohiyatini aks ettiradi. Masalan, mulkiy xarakterdagi aliment majburiyatlari boshqa mulkiy majburiyatlardan emas balki, shaxsiy, oilaviy (nikoh asosida er-xotinlik, bobo va nabira o‘rtasidagi qarindoshlik) munosabatidan kelib chiqadi.
Oila huquqi tomonidan tartibga solinadigan mulkiy munosabatlar doirasi qonun bilan qat’iy belgilab qo‘yilgan. Jumladan, ota-onaning voyaga yetmagan farzandlarini boqish va tarbiyalash majburiyati, voyaga yetgan bolalarning mehnatga layoqatsiz ota-onalariga ta’minot berish majburiyati. Bu o‘rinda shuni ham unutmaslik lozimki, ba’zi mulkiy munosabatlar, garchi ular oila a’zolari o‘rtasida amalga oshirilsa ham (masalan, oldi- sotdi, hadya, ijara, ayirboshlash shartnomasi), oila huquqi normalari bilan emas, balki fuqarolik huquqi normalari bilan tartibga solinadi.
Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi munosabatlar mehnat munosabat- lari hisoblanadi va alohida huquq tarmog‘i bo‘lgan mehnat huquqi bilan tartibga solinadi. Mehnat shartnomasi, mehnat muhofazasi, mehnat intizomi, ta’tillar, ish haqi va mukofotlar, ish vaqti va dam olish vaqti, ijtimoiy sug‘urta va mehnat bilan bog‘liq boshqa huquqiy munosabatlar garchi xususiy munosabatlarga o‘xshab ketsa ham mehnat huquqi normalari bilan tartibga solinadi.
Mamlakatimizda bozor munosabatlari tizimining shakllanishi va rivojlanishi tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish va tadbirkor- lik subyektlari huquqiy maqomini belgilash bo‘yicha munosabatlar sohasiga alohida yondashuv bo‘lishini taqazo etmoqda. Bugungi kunda bu sohada juda ulkan normativ-huquqiy negiz mavjud. Shu munosabat bilan tadbirkorlik huquqi (biznes huquqi, xo‘jalik huquqi) alohida huquq tarmog‘i degan nuqtai nazarlar ham ilgari surilgan. Shuni qayd etish o‘rinliki, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi asosiy normalar ko‘lami fuqarolik-huquqiy xarakterga ega (tijorat yuridik shaxslar maqomi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni rasmiylashtiruvchi xo‘jalik shartnomalari va shu kabilar). Shu sababli ham ba’zi olimlar tadbirkorlik huquqi mustaqil huquq tarmog‘i emas, balki kompleks huquq tarmog‘i (ya’ni, o‘zida ham fuqarolik-huquqiy, ham ma’muriy- huquqiy normalarni birlashtiruvchi) deb hisoblaydi. Boshqa olimlar esa tadbirkorlik huquqini alohida huquq tarmog‘i sifatida tan oladilar. Ushbu masalalar bo‘yicha ilmiy muammolar tahliliga chuqur kirishmagan holda shuni e’tirof etish lozimki, tadbirkorlik huquqi mutaxassislik o‘quv fani,
ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishi, normativ-huquqiy materiallar tizimi sifatida mavjud bo‘lgan hollarda ham u fuqarolik-huquqiy normalar ta’siri doirasida bo‘ladi deb hisoblash mumkin.
Tadbirkorlik huquqidan farqli ravishda xalqaro xususiy huquq milliy huquq tizimida alohida huquq tarmog‘i hisoblanadi. Xalqaro xususiy huquq fuqarolik huquqidan farqli ravishda chet el elementi ishtirok etadigan mulkiy va shaxsiy nomulkiy fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Dunyo miqyosida globallashuv jarayonlari, turli mamlakatlar o‘rta- sidagi iqtisodiy, ilmiy, madaniy aloqalarning avj olishi xalqaro xususiy huquqiy munosabatlar doirasi va ko‘lamini tobora kengaytirib bormoqda. Turli yuridik shaxslar va fuqarolarning yer, suv, o‘rmon va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish sohasidagi munosabatlari yer huquqi, ekolo- giya huquqi, o‘rmon huquqi, tog‘-kon huquqi bilan tartibga solinadi. FK 2-modda 5-qismiga ko‘ra, mulkiy, shartnomaviy munosabatlar, oilaviy munosabatlar, mehnat munosabatlari va tabiiy resurslardan foydalanish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish munosabatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda ularga fuqarolik qonun hujjatlari
qo‘llaniladi.
Fuqarolik huquqi ommaviy huquq tarmoqlari bo‘lgan ma’muriy huquq, soliq va bojxona huquqi, moliya huquqi, Konstitutsiyaviy huquq bilan ham o‘zaro bog‘liqlik va o‘ziga xoslik xususiyatlariga ega. Mulkiy munosabatlar ommaviy huquqiy normalar bilan ham tartibga solinishi mumkin. Masalan, muayyan davlat idorasini o‘z vakolati doirasida qabul qilgan huquqni qo‘llash aktiga muvofiq muayyan mol-mulk, binolar, inshootlar bir davlat tuzilmasidan boshqa davlat tuzilmasi balansiga o‘tkazilishi mumkin.
Bunda davlat idoralari bir-birlariga nisbatan bo‘ysunish munosabati- da bo‘ladi va u ma’muriy-huquqiy munosabatlar hisoblanib, ma’muriy huquq bilan tartibga solinadi. Agarda bunday mulkiy munosabatlarda davlat idoralari va davlatga qarashli yuridik shaxslar fuqarolik muomala- sining ishtirokchisi sifatida bir-birlariga nisbatan teng huquqqa ega bo‘lsa, o‘z erk-irodalari bilan ishtirok etsa va shu munosabat doirasida bir subyekt ikkinchi subyektga o‘z erkini buyruq sifatida o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘la olmasa, bunday munosabatlar fuqarolik huquqiy munosabatlar hisoblanadi.
FK 2-modda 6-qismiga ko‘ra, bir tarafning ikkinchi tarafga ma’muriy bo‘ysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq,
moliyaviy va boshqa ma’muriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari qo‘llanilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Fuqarolik huquqi mustaqil huquq tarmog‘i sifatida nafaqat o‘z predmetiga balki o‘zining tartibga solish uslubiga ham ega. Fuqarolik huquqi o‘zini tartibga solish uslubi orqali fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilariga, ularning xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsatadi va yo‘naltiradi. Bunda qo‘llaniladigan maxsus vositalar va usullar yig‘indisi fuqarolik huquqini tartibga solish uslubi hisoblanadi.
Ma’lumki, muayyan huquq tarmoqlari, masalan, jinoyat huquqi, ma’muriy huquq normalarida qo‘riqlash funksiyasi yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu holat huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan sanksiyalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bundan farqli ravishda fuqarolik huquqi normal fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Bu esa, bunday huquqiy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatish xususiyatlaridagi o‘ziga xoslik- larni keltirib chiqaradi. Bunday xususiyatlar quyidagilarda yaqqol ko‘rinadi:
birinchidan, fuqarolik-huquqiy munosabat doirasida ishtirok etuvchi subyektlar ularni ma’muriy, davlat huquqiy maqomi qanday bo‘lishidan qat’i nazar teng huquqqa ega subyektlar sifatida ko‘riladi;
ikkinchidan, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solishda subyektlarga imkon boricha erkinlik, mustaqillik, tashabbuskorlik taqdim etiladi. Ular o‘zlari uchun maqbul xatti-harakat modellarini tanlash, belgilash imkoniyatlariga egadirlar;
uchinchidan, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solishda huquqiy normalar bilan birgalikda, nohuquqiy manbalar, masalan, ish muomalasi odatlari keng qo‘llanishiga yo‘l qo‘yiladi. Fuqarolik qonun hujjatlarida imperativ me’yorlardan ko‘ra dispozitiv me’yorlar kengroq doirada belgilab qo‘yilgan. Fuqarolik-huquqiy me’yorlarni buzganlik uchun belgilanadigan javobgarlik ko‘proq mulkiy xarakterdagi choralar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi;
to‘rtinchidan, buzilgan fuqarolik huquqlarini o‘zini o‘zi himoya qilish, hakamlik sudlari orqali himoya qilish va fuqarolik sudlari orqali da’vo taqdim qilish orqali himoya qilish imkoniyatlari ham fuqarolik- huquqiy tartibga solish va himoya qilish uslubining muhim xususiyat- laridan hisoblanadi;
beshinchidan, fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari ham juda keng. Masalan, fuqarolik huquqini tan olish, huquq buzilishidan oldingi
holatni tiklash, huquqbuzarlik harakatlariga chek qo‘yish, yetkazilgan zararlarni qoplash, ma’naviy zararni undirish va shu kabi choralar qo‘llanishida namoyon bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |