1-§. TERGOVCHI FAOLIYATINING AXLOQIY VA ESTETIK ASOSLARI
Tergov faoliyati, uning tarkibiy qismlari va ishtirokchilari. Tergov ishi ichki ishlar idoralari faoliyatining tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, nihoyatda murakkab va mas’uliyatli sohalardan hisoblanadi. Uning har bir bosqichi huquqiy harakat tusini oladi va qonun hujjati bilan rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 35- moddasiga asosan, «jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergovni prokuratura, ichki ishlar organlarining va milliy xavfsizlik xizmatining tergovchilari olib boradilar»1.
Kodeksning 36-moddasiga muvofiq, tergovchilarga quyidagi vakolatlar berilgan:
jinoyat ishini qo‘zg‘atish va tugatish, ish qo‘zg‘atishni rad etish;
jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlash va so‘roq qilish;
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tergov harakatlarini olib borish;
shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish to‘g‘risida va unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash to‘g‘risida qaror chiqarish;
1 Ўзбекистон Республикасининг Жиноят-процессуал кодекси. –Т.: Адолат, 1995. – Б.18.
o‘zi yuritishga qabul qilgan ish bo‘yicha surishtiruv organlariga qidiruv va tergov harakatlarini bajarish to‘g‘risida yozma topshiriqlar berish;
surishtiruv organlaridan ayrim tergov harakatlarini yuritishda ko‘maklashishni talab etish.
Tergov jarayoni ikki asosiy bosqichdan, ya’ni dastlabki tergov va sud tergovidan iborat bo‘ladi.
Dastlabki tergovni prokuratura, ichki ishlar idoralari va milliy xavfsizlik xizmatining tergovchilari olib borsalar, sud tergovini dastlabki ishlar tugab, ish sudga oshirilganidan so‘ng sudlov jarayonida so‘roq qiluvchilar – sud raisi va a’zolari amalga oshiradilar. Qisqacha qilib aytsak, sud tergovi sudlov jarayonida olib boriladigan so‘roq qilish ishlaridan iboratdir.
Tergov faoliyati deb jinoyat ishi bo‘yicha dalillar to‘plash, ularni tekshirish va qonunga mos ravishda baholashga aytiladi. U tergovchining quyidagi tergov harakatlari orqali olib boriladi:
ko‘zdan kechirish va guvohlantirish;
tintuv qilish va olib qo‘yish;
telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish;
so‘roq qilish;
yuzlashtirish;
tanib olish;
ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish;
tergov eksperimenti o‘tkazish;
sud ekspertizalarini tayinlash va h.k.
Tergov faoliyatida quyidagi shaxslar ishtirok etadilar:
tergovchi, surishtiruvchi;
jabrlanuvchi;
ayblanuvchi;
guvoh;
xolislar;
tarjimon;
gumon qilinuvchi va boshqalar.
Tergovchi tergov ishlarini uchta asosiy qoidaga rioya etgan holda amalga oshirishi kerak:
protsessual normalarga, ya’ni tergov ishlarini qaysi mazmun, qaysi shakl va qaysi tartibda olib borishni belgilab beradigan qonun hujjatlariga tayanish;
kriminalistik taktikadan, ya’ni jinoyatni tezroq va samaraliroq ochish uchun zarur metodlardan unumli foydalanish;
axloq normalariga suyanish.
Bunda protsessual qonunlar tergovchi – ishining mazmuni va shaklini; kriminalistik taktika – tergov metodikasini; etika esa uning axloqiy asoslarini belgilab beradi.
Tergovchi yuqorida ko‘rsatilgan qoidalar asosida ish ko‘rish jarayonida, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishi uchun bir qator shaxsiy, qolaversa, kasbiy xislatlarga ega bo‘lishi kerak. Bular quyidagilardan iborat:
Tergovchi intellektual salohiyatga ega bo‘lishi, ya’ni barcha bilim, voqea, kasb-hunarlardan xabardor bo‘lishi lozim. Aniqrog‘i, u har qanday mutaxassis bilan suhbatlashish qobiliyatiga ega bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Tergovchi o‘z kasbining ustasi bo‘lishi, ya’ni tegishli normativ hujjatlarni yaxshi bilishi, kriminalistik taktikani yuqori darajada egallagan bo‘lishi, nihoyatda sinchkov va notiq bo‘lishi zarur.
Tergovchi ruhshunos bo‘lishi, ya’ni odamlar kayfiyatini tez ilg‘ash muomalasi, xatti-harakatlari bilan odamlar ko‘ngliga yo‘l topa olishi kerak.
Tergovchi axloqan pok, ma’naviy jihatdan go‘zal bo‘lishi lozim. U axloq odamlarni tarbiyalash vositasi ekanligini, go‘zallik esa dunyoni, odamlarni jaholatdan qutqaruvchi kuch ekanligini aslo unutmasligi kerak.
Tergov harakatlarining axloqiy va huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida quyidagicha bayon etilgan: «Hech kim qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas».
Dostları ilə paylaş: |