Estetik ong. Ichki ishlar idoralari xodimlarining estetik ongi deb ularning voqelikni aks ettiruvchi his-tuyg‘u, kechinma, did va ideallari majmuiga aytiladi. Estetik ong estetik his-tuyg‘ular, estetik did, estetik orzu, estetik qarash va nazariyalardan tashkil topadi.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining estetik his-tuyg‘ularini voqelikni idrok etish sharoitida hosil bo‘ladigan shodlik, hayratlanish, ajablanish, rohatlanish, lazzatlanish, ehtirom, zavq-shavq, nafrat kabi ehtiroslar, hissiyotlar, tushunchalar tashkil etadi.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining estetik didi deganda ularning bevosita his-tuyg‘u bilan hodisalarning estetik qimmatini aniqlash, ya’ni go‘zallikni xunuklikdan, ulug‘vorlikni tubanlikdan, qahramonlikni qo‘rqoqlikdan, kulgililikni fojiaviylikdan farqlash qobiliyati tushuniladi. Shunga ko‘ra, kimda-kim go‘zallikdan zavqlansa, uning estetik didi yaxshi bo‘ladi va aksincha, go‘zallikka beparvo bo‘lsa yoki xunuklikdan lazzat olsa, uning estetik didi yomon bo‘ladi. Estetik did shaxsning mavjud voqelikdan qoniqishi yoki qoniqmasligidir.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining estetik orzusi deganda esa, ularning nafaqat mavjud voqelikni in’ikos ettirishi, balki uning kelajagi to‘g‘risidagi tasavvurlari, umid va mayllari majmui tushuniladi.
Estetik nazariya obyektni butunicha qamrab oladigan prinsiplar, qarashlar, tushunchalar, qoidalar, aqidalar, bilimlar tizimidan iborat bo‘lib, ular mantiqqa, muayyan falsafiy qarashlarga asoslangan bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |