Merkantilizm iqtisodiy ta'limotining mohiyati Merkantilizm rivojida ikki davrni ajratish mumkin:
1. Ilk merkantilizm yoki monetarizm (XV-XVI asr o'rtalari).
2. Rivojlangan merkantilizm, savdo balansi (yoki manufaktura sistemasi) (XVI-XVIII asr o'rtalari).
Yangi ta'limot vujudga kelishi manufaktura bilan bevosita bog'liqdir. Iqtisodiyot tarixida sanoatning uch xil shaklini ajratish mumkin: uy hunarmandchiligi, manufaktura va fabrika. Uy hunarmandchiligida sohalar, tarmoqlararo mehnat taqsimoti mavjud, hamma ishni bir odam yoki shogird, oila bilan birga qilinadi. Manufakturada esa kooperasiya yuzaga keladi, eng muhimi chuqur mehnat taqsimoti, xususiy tadbirkor, yollanma ishchi kuchi paydo bo'ladi (XV asr). Fabrika to'g'risida esa quyida axborot beriladi.
Merkantilizmning birinchi davri o'sha davr iborasi bilan aytganda monetar, ya'ni oltin va kumush pullar to'plash bilan bog'liq edi. Bunda pul balansi siyosati olib borilgan, chetdan imkoni boricha kam tayyor tovar sotib olishga urinilgan. Qimmatbaho metallni tashqariga, chetga olib ketish taqiqlangan. Savdogarlarga olib chiqilgan mahsulotning bir qismiga pul olib kelish majburiyati yuklangan (qolgani tovar bo'lishi mumkin). Chet ellik savdogarlarni esa sotilgan mol pulining hammasiga yangi tovar sotib olishga majbur qilingan (pul olib chiqib ketmasliklari uchun). Bu siyosat nazorat kuchli bo'lishini talab etgan, tashqi iqtisodiy aloqalarning rivojini susaytirgan.
Taniqli iqtisodchi N.D.Kondratev fikricha, merkantilistlarning iqtisodiy tizimi amaliy siyosat bo'lib, xalq xo'jaligi qandaqa bo'lishi kerak va unga nisbatan davlat hokimiyatining munosabati masalasi asosiydir.
Merkantilizmni qisqacha qilib quyidagicha ta'riflash mumkin: iqtisodiy siyosatda: mamlakatda va davlat xazinasida imkoni boricha nodir metallarni (oltin, kumush, javohir, zar va durlarni) ko'proq to'plash; nazariya va ta'limotda: savdo, pul oboroti, ya'ni muomala sohasida iqtisodiy qonuniyatlarni izlab topish. «Insonlar metall uchun qurbon bo'lmoqda», ya'ni oltin fetishizmi butun kapitalistik jamiyat rivojiga hamohang bo'lgan yangi hayot tarzi va fikrlashning tarkibiy qismidir. Ayniqsa, savdo kapitali davrida bu yorqin namoyon bo'ldi. Savdo kapitalining asosiy tamoyili - qimmatroq sotish uchun sotib olish (bu hodisa O'zbekistonda ham hozirgi davr o'zgarishlarida uchrab turadi). Ularning, ya'ni sotib olish va sotish farqi esa sariq metall shaklida namoyon bo'ladi. Farq, ya'ni foyda faqat ishlab chiqarishda, faqat mehnat yo'li bilan yuzaga kelishi mumkinligi haqida o'ylanmaydi. Chet ellarga ko'proq chiqarish va ulardan kamroq olish siyosati ham davlat siyosatiga aylandi. Agar davlatda pul ko'p bo'lsa, hamma narsa yaxshi bo'ladi degan fikr asosiy bo'lgan va bu davlatning, dvoryanlarning va burjuaziyaning talab-ehtiyojlariga mos tushgan. Bu kapitalning dastlabki jamg'arilishi bilan bevosita bog'liqdir.
Xaqiqatdan ham har qanday tadbirkorlik puldan boshlanadi va pul kapitalga aylanadi, chunki unga ishchilar yollanadi, qayta ishlash yoki sotish uchun tovarlar sotib olinadi. Uni amalga oshirish nihoyatda primitiv (sodda) yo'llar bilan amalga oshiriladi, bu ishlar odatda davlatning iqtisodiyotga faol aralashuvi bilan, ma'muriy yo'llar bilan bajarilgan. Bu jarayonda esa davlatning iqtisodiyotga aralashuvi ancha cheklangan bo'lib, rivojlangan merkantilizm tarafdorlari davlat aralashuvini tabiiy huquq tamoyillariga mos bo'lishini istaydilar.
Qadimgi Sharqda paydo bo'lgan tabiiy huquq falsafasi antik dunyoda (Arastu va boshqa olimlar tomonidan) rivojlantirildi va ayniqsa uyg'onish davrida yuksaldi. Bu huquqlar abstrakt «inson tabiati» va uning «tabiiy huquqlari»dan iborat deb qabul qilingan va ko'p hollarda O'rta asrdagi cherkov va dunyoviy (davlat) despotizmiga qarama-qarshi bo'lgan progressiv elementlardan iborat.
Faylasuflar va ularning aqidalariga amal qilgan merkantilizm amaliyotchilari davlatga murojaat etib, insonlarning tabiiy huquqlarini ta'minlashni talab etganlar. Ana shu talablar orasida mulkchilik va xavfsizlik bor. Bu ta'limotning ijtimoiy ma'nosi shuki, davlat yangi jamiyat boyligi o'sishini ta'minlovchi sharoitni yaratishi va qo'llashi shart edi. Iqtisodiy ta'limotlarning tabiiy huquq bilan aloqasi keyinchalik merkantilizmdan klassik iqtisodiy maktabga ham o'tdi. Lekin bu aloqa mazmuni keyingi davrda ancha o'zgardi (Fransiyadagi fiziokratizm, Angliyadagi Smit), chunki bu davrda burjuaziya davlat homiyligiga unchalik muhtoj emas edi, hatto u davlatning imkoni boricha iqtisodiyotga aralashuviga qarshi bo'lgan.
M.Blaus fikricha, merkantilistlar ilmiy dunyoqarashining etakchi tamoyillari quyidagilar: 1)oltin va boshqa qimmatbaho metallar boylikning asosi sifatida qaraladi; 2)mamlakatga oltin va kumushlarning oqib kelishini ta'minlash maqsadida tashqi savdoni tartibga solish; 3)arzon xomashyoni import qilish yo'li bilan sanoatni qo'llab-quvvatlash; 4)import qilinadigan tayyor sanoat tovarlariga proteksionistik (yuqori) tariflar; 5)eksportni, ayniqsa tayyor mahsulot eksportini rag'batlantirish; 6)ish haqining past darajasini ushlab turish uchun aholi sonining o'sishi. Shak-shubhasiz, milliy farovonlikning asosiy sharti sifatida aktiv savdo balansi hisoblangan va bu merkantilizm g'oyasining yuragi edi.
Bir qancha olimlar fikricha, merkantilizm bozor iqtisodiyot munosabatlari shakllanishi davrining dastlabki iqtisodiy maktabi sifatida (avvlgi davrda bozor iqtisodiyoti unsurlari bo'lgan emas degan fikrdan yiroqmiz o'ziga xos nazariy-metodologik xususiyatlarga ega. Ularning moxiyati quyidagilardan iborat:
• Tahsil predmeti (iqtisodiy tahlil) sifatida muomala sohasi muammolarini o'rganish afzal deb qaraladi, bunda uni ishlab chiqarish muammolari bilan bolab qarab chiqish butunlay inkor etiladi;
• Tahlil metodi (uslubi) sifatida asosan empirizm (tajriba)dan foydalaniladi, bunda iqtisodiy hodisalarning tashqi ko'rinishlarigina ta'riflanib, iqtisodiyotning barcha sohalarini o'z ichiga olgan ma'lum tizim asosida tahlil etish istisno etiladi;
• Pulning kashf etilishi insonlarning sun'iy kashfiyot oqibati deb hisoblanadi, pulning o'zi esa aynan boylik deb qaraladi;
• Pul qiymati (qimmati) kelib chiqishini oltin va kumushning «ob'ektiv (jonli) tabiati» dan va ularning mamlakatdagi miqdori bilan belgilanadi;
• Mehnatga taklifning o'sishi ish haqining yuqori emas, past bo'lish zarurati bilan bog'lanadi;
• Davlatning tartibga solishi tufayli iqtisodiy o'sish mamlakat pul boyligining ko'payish oqibati sifatida qaraladi, bunda tashqi savdo va savdo balansi saldosining ijobiy (aktiv) bo'lishi ta'minlanishi kerak.
Manufakturalarning rivoji mustamlakalardan keltirilgan arzon, ko'p va sifatli xom ashyo hisobiga ro'y berdi, tayyor mollar esa o'sha va boshqa mamlakatlarga olib borilib, ancha qimmatga pullangan. Noekvivalent almashuv oqibatida metropoliya boyib borgan. Bu sohada Angliya yuksak yutuqlarni qo'lga kiritdi. Agar Angliya hududini 1 deb olsak, u o'zidan 120 marta katta bo'lgan erni koloniyaga aylantirgan va undan ustalik bilan foydalangan.
Demak, merkantilizm bo'yicha boylikning asosi pul (davlatda qancha pul ko'p bo'lsa, u shuncha boy deb hisoblangan) va pul miqdorini davlat hokimiyati yordamida oshirish mumkin. Aslida merkantilizm buyuk geografik kashfiyotlardan oldinroq paydo bo'ldi va XVI asrning o'rtalarigacha (asosiy oltinlar yig'ib olinguncha) yashadi. Ilk merkantilizm davrida chaqalar ataylab ishdan chiqarilgan, chunki bu pullar bilan faqat ichki savdo oborotini olib borish mumkin (tashqi savdoda esa mumkin emas), maqsad - pulni mamlakatda saqlab qolish.
Bu siyosatning muhim namoyandalari Angliyada U.Stafford, Italiyada G.Skaruffi va boshqalardir. Masalan, florensiyalik (Italiya) bankir B.Divanzetti (1529-1606) pul (chaqa)ni iqtisodiy organizmning qoniga o'xshatadi, demak, agar chaqa (pul) bo'lmasa (qon kabi), organizm o'ladi. Kapitalizmning o'sishi, savdoning rivoji tufayli bu siyosat o'zini oqlamadi (XVII asrdan boshlab XVIII asrgacha), pul balansi siyosati savdo balansi siyosati bilan almashdi. Bunda davlatdan pul olib chiqishga ruxsat berildi. Albatta oltin va kumush pullarning ahamiyati yo'qolmagan, ammo endi imkon boricha chetga ko'proq mahsulot sotib, aksincha chetdan kamroq keltirish siyosati olib borildi, ya'ni faol va ijobiy savdoga amal qilindi. Buni proteksionizm siyosati deyiladi (erkin savdoga qarama-qarshi). Bu siyosatni ayniqsa Angliya keng qo'llagan.
Rivojlangan merkantilizm yoki savdo balansi nazariyasi XVI asrning ikkinchi yarmida paydo bo'ldi va XVII asrning o'rtalarida asosan Angliyada avj oldi. Uning asosiy mafkurachisi Tomas Mann (1571-1641) edi. Uning fikricha, pul tashqi savdo oborotida boshlang'ich maskantni tashkil etadi, ya'ni P-T-P. T.Mannning fikricha har bir savdo kapitalisti o'z pulini ma'lum foyda olish uchun oborotga qo'yadi. Shunday yo'l bilan, ya'ni savdo yo'li bilan boyish kerak. Tovar chiqarish miqdori (eksport), uni kiritish (import) dan ortiq bo'lishi zarur. Ishlab chiqarishni rivojlantirish savdoni kengaytirish vositasi sifatida qaraladi. Tovar, pul, foyda va kapital orasidagi aloqadorlikning sababini topishga harakat qilingan. U Makedoniya podshosi Filipp Makedonskiyning «Kuch natija bermagan joyda pulni ishga solish kerak», degan iborasini yaxshi ko'rgan.
Savdo balansini oshirish uchun ishlab chiqarish harajatlarini kamaytirishga e'tibor berildi, bunda birinchi navbatda yollanma ishchilarning ish haqini cheklash va umuman, xalqning turmush darajasini pasaytirish kerak, deb topildi. Ish haqini cheklash zarurligi g'oyaviy asosda hal etildi. T.Manni yozishicha, «mo'l-ko'lchilik va kuch xalqni qanchalik buzsa, ehtiyojsiz qilib qo'ysa, qashshoqlik va muhtojlik uni shunchalik aqlli va mehnatsevar qiladi» emish. Bu albatta, savdo kapitali xodimlari har qanday yo'l bilan imkoni boricha ko'proq boyishi uchun yo'l ochib berish, demakdir. XV-XVII asrlarda merkantilizm g'oyalari (pul to'plash siyosati, proteksionizm, xo'jalik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va boshqalar) Evropaning deyarli barcha mamlakatlarida, Portugaliyadan to Maskoviyagacha yoyildi. Fransiyada bu g'oya XVIII asrning ikkinchi yarmida moliya ministri Kolber tomonidan rivojlantirildi. Fransiyada sudxo'rlikning rivojlanishi shu siyosat bilan chambarchas bog'liq, uning ta'siri asrlar davomida saqlanib qoldi va milliy xususiyat kasb etdi (P-P). Italiya iqtisodchilari ham (A.Serra) bu ta'limotni keng tadqiq etdilar. Agar inglizlarda bu ta'limot ko'proq «savdo» bilan bog'liq bo'lsa, italiyaliklarda u ko'proq «pul», «chaqa» shaklida namoyon bo'lgan. Germaniyada merkantilizm komeralistika shaklida bo'lib, XIX asr boshlarigacha rasmiy iqtisodiy doktrina edi.
Ammo, merkantilizmning iqtisodiy g'oyalari va uning nazariy asosi Angliyada ishlab chiqildi. O'z davri uchun bu ta'limot ancha ijobiy voqea bo'ldi.
Merkantilizmning nazariy va siyosiy siyosat sifatida milliy xarakterda ekanligi o'zining asosiga ega edi. Kapitalizmning tez rivoji faqat millik ramkalarda mumkin edi va ko'p hollarda davlat hokimiyatiga bog'liq bo'lgan, chunki davlat kapital jamg'arilishiga yordam bergan va shu bilan xo'jalik o'sishini ta'minlagan. Merkantilistlarning qarashlari shu davrdagi iqtisodiy rivojning haqiqiy qonuniyat va talablarini izxor etgan. Nima uchun «boylik», ya'ni iste'mol qilinayotgan va jamlanayotgan boyliklar (ya'ni iste'mol qiymatlari) bir mamlakatda boshqasinikidan tezroq o'sadi?
Korxona va ayniqsa davlat miqyosida boylik tezroq ko'payishi uchun nima qilish mumkin va zarur? degan savol tug'iladi. Merkantilistlar shu savolga javob berishga urindilar.
Davr taqozosi tufayli sanoat hali feodalistik, aniqrog'i kapitalizmgacha bo'lgan shaklda edi va sanoat kapitali hali etakchi emas edi, asosiy kapital savdoda to'plandi. Shu davrda Ost-Indiya, Afrika va boshqa koloniyalarning asosiy maqsadlari savdo bilan bog'liq edi. «Milliy boylikka» asosan va ko'proq savdo kapitali sifatida qaralgan va asosiy iqtisodiy kategoriya - almashuv qiymatiga katta e'tibor berilgan.
Arastu, Ibn Xaldun va boshqa olimlarga tegishli bo'lgan ekvivalent (teng) almashuv tamoyili merkantilistlarga yot edi. Aksincha ularning fikricha almashuv tabiatan tengsiz noekvivalentdir. Bu g'oyaning kelib chiqishi tarixan bo'lib, ular almashuv deganda birinchi navbatda tashqi savdo almashuvini tushunishgan, ayniqsa rivojda ortda qolgan xalqlar va mustamlakalardagi almashuv oldindan teng bo'lmagan.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, boshqa yo'nalish (Arastu), o'rta asrdagi tadqiqotchilardan farqli ravishda merkantilistlar qiymatning mehnat nazariyasini rivojlantirmadilar. Ularning fikricha, kapitalning o'sishi va jamg'arilishi almashuv tufayli, ayniqsa tashqi savdo tufayli ro'y beradi, lekin ular ko'p masalalarni to'g'ri hal etishga intilganlar.
Merkantilizm bu davrda xalq manfaatlaridan yiroq siyosatni olib borayotganligi ochiqdan-ochiq ma'lum bo'lib qoldi.
Ba'zi bir ingliz mualliflari, masalan J.Chayld, U.Teml boshqacha yo'l, ya'ni ssuda kapitali miqdori (foiz)ni kamaytirishni taklif etgan. Merkantilistlarning g'oyalari burjua siyosiy iqtisodining avvalgi davr qarashlarini aks ettiradi, chunki ular asosiy e'tiborni muomala sohasiga qaratgan edilar (boylik asosan ishlab chiqarish sohasida yuzaga keladi, buni keyinroq ko'ramiz). Merkantilizm turli davlatlarda asosiy sohalarda bir xil namoyon bo'lsa ham o'ziga xos milliy xususiyatlarga ham ega.
Kapitalistik ishlab chiqarishga imkoni boricha ko'proq aholini jalb etish muhim deb hisoblangan, chunki real ish haqi past bo'lgan sharoitda foyda kelishi oshadi va kapital jamg'arilishi tezlashadi.
Pul tizimini tartibga solish, bu borada davlatning rolini oshirish qo'llangan. Ayrim mutaxassislar, T.Mann chetga nodir metallar chiqarishga ruxsat berish tarafdori edi. Uning fikricha, dehqon hosil olish uchun erga don sepishi kerak bo'lgani kabi, savdogar ham chetga pul olib chiqishi va unga chet el tovarlarini sotib olishi, uni ko'plab olib kelib, yana qaytadan sotishi va yangi qo'shimcha pul ishlab, millatga foyda keltirishi kerak. Mamlakat quyidagi xalqaro almashuv yo'llari bilan foyda olishi mumkin: tovarlar, xizmatlar, nodir metallar eksporti yoki investisiya shaklida kapital importi (chet eldagi kapital foydasi shaklida ham bo'lishi mumkin). Davlat sarflari quyidagicha: tovarlar importi, yashirin import, nodir metallar importi va chet el aktivlar shaklidagi kapital eksporti. Odatda bu ikki holat teng bo'ladi. Ammo merkantilistlar shu yo'l bilan foyda olish mumkinligiga ishonganlar, bu xato fikrdir (quyida ko'riladi).
Merkantilizm ta'limot sifatida ham, iqtisodiy siyosatdagi yo'nalish sifatida ham turlicha edi: eskirayotgan feodal munosabatlarga qarama-qarshi va yangi burjuaziyani qo'llash orqali o'z davri uchun progressiv bo'lgan ilk kapitalizmning shakllanishiga yaxshi imkoniyat yaratdi. Ammo Fransiyada Lyudovik XIV («Davlat bu men» degan) va Kolber tomonidan manufakturalarni ko'paytirish usuli milliy sanoatni rivojlantirish uchun emas, absolyutizmni mustahkamlash, qirol xonadonining sarf-harajatlarini qoplashga qaratildi. Germaniyadagi kameralistlar ham mavjud hokimiyatni qo'llash, aholini esa ularga so'zsiz bo'ysundirishga harakat qildilar.
Merkantilizm bilan birga siyosiy iqtisod tushunchasi ham kirib keldi. Bu tushuncha fransiyalik Antuan Monkreten Ser de Vattevil tomonidan kiritildi (1565-1621). U 1615 yilda «Siyosiy iqtisod traktati» kitobini yozdi. Bundagi asosiy g'oya - «ko'p sotishu, kam sotib olish». Olim o'z g'oyalari bo'yicha faol merkantilist edi.
«Siyosiy iqtisod» tushunchasi va shu nomli fan XX asrning 90-yillarigacha yashab keldi, ayniqsa sobiq sosialistik deb atalgan mamlakatlarda bu nom mashhur edi, chunki davlatning iqtisodiyotga faol aralashuvini qonuniyat darajasiga ko'targan edi. G’arbda XIX asr oxirida (A.Marshall) bu ibora «ekonomiks» shaklida qo'llanila boshlangan (bu haqida quyida gap boradi).
Angliyada qishloq xo'jaligi va sanoatda kapitalistik o'zgarishlar erta amalga oshgan va bunga merkantilizm ham yordam bergan bo'lsa, Fransiyada ahvol o'zgacha edi. Fransiyada yangi merkantilizm siyosati (Lyudovik XIV) hukumat a'zosi (moliya nazoratchisi va dengiz ishlari vaziri) Jan Batist Kolber (1619-1683) tomonidan keng olib borildi (bu siyosat kolbertizm deb ataladi). Bu davlatda feodal munosabatlar (ayniqsa mayda dehqonchilik) keng tarqalgani uchun Kolber asosiy e'tiborni sanoatga qaratdi va agrar sohani deyarli e'tiborga olmadi. Masalan, chetdan qishloq xo'jaligi mahsulotlari keltirish qo'llangan, chiqarish esa cheklangan, don narxi davlat tomonidan past ushlab turilgan.
Bu siyosat va sanoat birinchi o'ringa qo'yiladi va ayniqsa qishloq xo'jaligining pasayishiga olib keldi, bu esa noroziliklarga sabbab bo'ldi. Shunday haqiqatga yaqin rivoyat borki, unga ko'ra ishbilarmonlar Kolberga shikoyat qilishgan, shunda u «nima istaysizlar» deb so'raganda fransuzcha «laisser faier» (qilishga ruxsat bering, ya'ni o'z-o'zidan davom etaversin) degan ekanlar.
Bu ibora hozirgi davrda ham sof erkin iqtisodiyot prinsiplarini, birinchi navbatda, davlatning iqtisodiyotga aralashmasligini talab etadi (liberalizasiya, lesse-ferr).
Merkantilizmning yana bir shakli kameralistika (lotinchada-xazina) bo'lib, ayniqsa, Germaniyada keng tarqalgan. Bu g'oya tarafdorlari yirik feodallar xo'jaliklarini boshqarish masalasini yuqori qo'yadilar va buni idora doirasida hal qiladilar.
Demak, yangi ta'limot bo'yicha iqtisodiyotda davlat roli birinchi o'ringa qo'yiladi. Amalda esa turli-tuman farmon, farmoyish, qonunlar yuzaga erkin raqobatga yo'l berilmas edi. Hunarmandchilik bo'yicha sex tizimi, feodallarning imtiyozlarini himoya qiluvchi qoidalar saqlab qolindi (tenglik yo'q). Bu tizim Fransiyada XVIII asr oxirigacha, Angliyada XIX asr boshlarigacha saqlab kelindi
. Merkantilizm bozor iqtisodiyotining birinchi ta'limoti edi. Bu ta'limot barcha mamlakatlarda tarixan progressiv xarakterga ega. Merkantilistlar birinchi marta boylik sifatida iste'mol qiymatini emas, balki almashuv qiymatini qabul qildilar. Ular qiymatni va demak boylikni pul bilan tenglashtirib, oddiy til bilan aytganda qo'pol, sodda shaklda bozor-kapitalistik iqtisodiyotning siri, uning almashuv qiymatiga to'la tobe' ekanligini ochib qo'ydilar.
Xullas, merkantilistlar qiymatning mehnat nazariyasidan ancha uzoqda edilar. Merkantilizm (proteksionizm) siyosati kapitalning dastlabki jamg'arilishini va demak, feodalizmdan kapitalizmga o'tishni tezlashtirdi.