Mexanik antiseptikada mexanik yoʻl bilan, jarohatni birlamchi jarrohlik tozalash yoʻli bilan mikroorganizmlarni yoʻqotish koʻzda tutiladi. Bunda yaraga tushgan begona jismlar: kiyim parchalari, xas-choʻp, uzilgan toʻqimalar olib tashlanadi, lekin ular qon ketishi boshlanishiga sabab boʻlsa, vaqtincha qoldiriladi. Yara ifloslangan boʻlsa, u birorta dezinfeksiyalovchi eritma bilan yuviladi.
Fizik antiseptika yarada unga tushgan mikroblarning hayoti va rivojlanishi uchun noqulay sharoit hosil qilishdir. Bu usulda yaraga gigroskopik paxta-doka bogʻlov qoʻyiladi, gipertonik eritmalar, qurituvchi kukunlar, tamponlar qoʻllaniladi, yarani ochiq havoda quritish (ochiq davolash usuli), drenajlar ishlatilishi, qizdiruvchi lampalar, "fen" apparatlari qoʻllanilishi ham fizik antiseptikaga kiradi.
Kimyoviy antiseptika
Kimyoviy antiseptika mikroblarga zararli taʼsir koʻrsatadigan kimyoviy moddalarni qoʻllashshga asoslangan. Bu moddalar jarohatdagi bakteriyalarni nobud qiladi yoki mikroblarning koʻpayishini sekinlashtiradi, qoʻlni, operatsiya maydonini dorilash, operatsiyada zarur boʻladigan asboblar va buyumlarni sterillash uchun qoʻllaniladigan kimyoviy moddalar shu guruhga kiradi.
Kimyoviy antiseptika vositalari:
Karbol kislotasi - 2 - 3 - 5% li eritmalari baʼzi asboblarni dezinfeksiyalash hamda rezina buyumlarni (kateter naycha, qoʻlqoplarni) sterillash uchun ishlatiladi
Vodorod peroksidi - 3% li yangi tayyorlangan eritmasi yiring va qonga tekkanda koʻp miqdorda kislorod ajraladi, anaerob qarshi profilaktik modda sifatida, qotib qolgan bogʻlamni yumshatishda, yara bogʻlashda keng qoʻllaniladi
Kaliy permanganat (margansovka) -1-0,5% li eritmasi yiringli jarohatlarni tozalashda, hidi sassiq yaralarni va boʻshliqlarni yuvish uchun ishlatiladi, 5% li eritmasi kuygan sohani, yaralarni, yotoq yaralarni davolashda ishlatiladi.
Yod nastoykasi 5-10% li spirtdagi eritma holida kuchli dezinfeksiyalovchi modda sifatida ishlatiladi. U operatsiya maydonini va jarroh qoʻlini dezinfeksiya qilishda va yarador boʻlganda terini, yara atroflarini dezinfeksiyalashda koʻp ishlatiladi. Yodning 1 % li suvli eritmasi yaralarni yuvish uchun ishlatiladi