5. Etil spirtining 70% va 96% li eritmalari oʻtkir tigʻli asboblarni (skalpel, qaychi, nina), tikish materiali (ipak), operatsiya maydonini va xirurg qoʻlini dezinfeksiyalash uchun ishlatiladi.
6. Kumush nitrat yoki lyapis kuchli taʼsir etadigan antiseptik vosita, kuydiruvchi va yalligʻlanishga qarshi taʼsirga ega. Lyapisning kuchsiz eritmalari (1 : 3000, 1 : 5000) qovuq boʻshligʻini yuvish, 10—30% li eritmalari jarohat granulyatsiyasini, qadoqni kuydirish uchun ishlatiladi.
7. Xloramin- 0,5-1 % li eritmalari yiringli yaralarni yuvish, qoʻlqop va asboblarni dezinfeksiyalash uchun ishlatiladi
8. Furatsilinning 1:5000 eritmasi yiringli yaralarni, boʻshliqlarni, tananing kuygan sohasini, yotoq yaralarni yuvish uchun ishlatiladi.
9. Nashatir spirtning 0,5% li eritmasi qonni yuvish, ifloslangan jarohatni va operatsiya maydonini tozalashuchun ishlatiladi.
10. Lizol- yaralar sasib, bitayotgan bemorlarni vannaga tushirish uchun 1-3% li eritmalari buyuriladi, 3-10% li eritmasi kiyim kechaklarni dezinfeksiyalashda, operatsiya xonasini yuvish uchun ishlatiladi.
Biologik antiseptika.
Biologik antiseptika - mikroorganizmlarga qarshi kurashda har xil zardoblar (gangrenaga qarshi, difteriyaga qarshi zardoblar va hokazo), vaksinalar va antibiotiklardan foydalanish koʻzda tutiladi. Biologik antiseptika sifatida antibiotiklar juda koʻp ishlatiladi. Antibiotiklar bakteriotsid taʼsirga (mikroblarning oʻsishini va koʻpayishini toʻxtatish xususiyatiga) ega.
Aseptika
Jarohatga tegadigan hamma buyumlar, kiyim-kechak, bogʻlash materiallari, jarroh qoʻlidagi bakteriyalarni yoʻqotish tadbirlari kompleksi aseptikaga kiradi.
Bu narsalarning hammasi steril boʻlishi lozim. Kimyoviy usullardan foydalaniladigan antiseptikaga qarama-qarshi oʻlaroq, aseptikada bakteriyalarni asosan fizikaviy usullar (qaynatish, bugʻlash va gamma nurlari yoki ultratovush) bilan yoʻqotish koʻzda tutiladi. Operatsiyada ishlatiladigan barcha xirurgik asboblar, choyshablar, tikish va bogʻlash materiallarini, xalat va boshqa narsalarni butunlay zararsizlantirish jarohatga infeksiya tushishidan, uni yiringlab ketishidan saqlaydi.