tiv, aktual, alfavit, alyans, amnistiya, anonim, arbitr, aristokrat, aristokratiya, arsenal, arxaik, ataka, attestat, auditoriya, aforizm singari so‘zlarni qo‘llayverdik va ularni shunday qo‘llashga ko‘nikdik. Ularning tilimizda muqobillari yo‘qmikan deb o‘ylab ko‘rmadik. To‘g‘risi, bunga imkon ham, umumiy oqimdan chetga chiqishning iloji ham yo‘q edi. Loqaydligimiz esa bunga ko‘maklashdi.
Rus tilining tazyiqi kuchayib borgan sari, asta-sekinlik bilan, o‘zimiz sezmagan holda o‘z so‘zlarimiz va ifoda usullarimizdan voz kecha boshladik. O‘nta sigir, o‘nta qo‘y deyish mumkin bo‘lgani holda o‘n bosh qo‘y, o‘n bosh sigir, o‘n bosh qoramol deb ishlata boshladik. Chunki ba’zi mutaxassislarimizga bosh qotirib, tilimizda mavjud bo‘lgan so‘z va iboralarni axtarib o‘tirishdan ko‘ra rus tilida yozilgan ayrim birliklarni so‘zma-so‘z tarjima qilib qo‘ya qolish oson tuyuldi. Bu ruscha matnlarda esa «desyat golov oves», «desyat golov korova» deb yozilgan. Shu darajaga borib yetdikki, tilimizdagi oddiy sovliq, qora mol, uloq so‘zlarini unuta boshladik. Ularni rus tilidan kalkalab, ona qo‘y (ovsematok), yirik shoxli qoramol (krupniy rogatiy skot), mayda shoxli mol (melkiy rogatiy skot) tarzida ishlatishdan tortinmadik. Achinarlisi shu bo‘ldiki, oddiy qishloqi o‘zbek chorvadorlarimizning, cho‘ponu molboqarlarimizning o‘zlari ham gazeta yoki radiodan muxbir kelib suhbatlashganda shunday deb gapiradigan bo‘ldilar.
O‘zbek tiliga chetdan kirib kelgan birliklarning me’yorlashish sabablarini shu tarzda anglaydigan bo‘lsak, uning lug‘at tarkibidagi grekcha-yunoncha, mug‘ulcha, ayniqsa, arabcha so‘zlarining paydo bo‘lish omillarini ham to‘g‘ri tushunamiz. Xayriyatki, mustaqilligimizni qo‘lga kiritib, biz bu kamchiliklardan qutuldik. Hyech bo‘lmaganda, asta-sekinlik bilan qutulib borayapmiz.
Shunday qilib, o‘zbek adabiy tilining qanchalik me’yorga keltirilganligi va unga qay darajada amal qilinishi umummilliy o‘zbek madaniyatining taraqqiyot darajasini belgilovchi omillardan sanalar ekan, bu muammo bilan shug‘ullanish ziyolilar, xususan tilshunoslarning bundan keyin shug‘ullanishi va hal qilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifasi bo‘lib qolaveradi.