Eksponensial taraqqiyot, global siyosiy-ijtimoiy tendensiyalar,
keng miqyosda integratsiya, barcha sohalarda yangi texnologiyalarni
o‘zlashtirish, innovatsiyalarni joriy qilish – zamonaviy menejment – ijtimoiy boshqaruv tizimi oldiga ham yangi talablarni qo‘ymoqda.
Mazkur kontekstda innovatsion tafakkurga ega, tashabbuskor,
xarizmatik rahbarlarni tayyorlash tizimini yaratish yangilanayotgan
O‘zbekistonning strategik vazifalaridan hisoblanadi.
Ijtimoiy boshqaruv shaxslar, ijtimoiy guruh, jamoaning maqsad vazifalarni samarali bajarishga oid faoliyatning izchilligini ta’minlash
maqsadida amalga oshiriladigan ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyatdir.
Strategik maqsad va natijaga erishish uchun muayyan ijtimoiy
guruhning o‘zaro ta’siri, mehnat iyerarxiyasi, rollar taqsimotini
muvofiqlashtirish va tartibga solishni nazarda tutadigan ijtimoiy
boshqaruv jamiyatlar, mamlakatlar hamda ijtimoiy hayotning barcha
sohalariga oid universal konsept hisoblanadi.
Zamonaviy korporatsiyalar boshqariladigan ijtimoiy tuzilma ekanligi
e’tiborga olinsa, ular faoliyatini samarali tashkil qilishda korporativ
boshqaruvning quyidagi eng muhim tamoyillarini tatbiq etish maqsadga
muvofiqligi anglashiladi:
strategik rejalashtirish;
– maqsad va vazifalarni aniq belgilash;
– to‘g‘ri va adolatli qarorlar qabul qilish;
– tizimli tahlil;
– HR menejment;
– hamkorlik;
– taym-menejment;
– prioritetlarni to‘g‘ri tanlash;
– korporativ madaniyat;
– moliyaviy resurslarni to‘g‘ri taqsimlash;
– mehnat resurslarini to‘g‘ri taqsimlash, umumiy strategik
manfaatlar yo‘lida harakat qiluvchi kuchli jamoani shakllantirish;
– boshqaruvga zamonaviy uslublarni, innovatsiyalarni tatbiq etish;
– har bir xodimning o‘z imkoniyatlarini namoyon etishiga sharoit
yaratish;
– kadrlar professionalizmi va kompetentligini rivojlantirish;
– kadrlar tarkibini tizimli yangilab, yoshartirib turish;
– korxona imijini shakllantirish;
– KPI (samaradorlikning bazaviy ko‘rsatkichlari)ni baholash;
– ishlab chiqarishga yuqori texnologiyalarni joriy etish.
Har bir tashkilotning samarali faoliyatida jamoa taqdiri uchun
mas’uliyatni his etadigan, o‘z vaqtida va to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan,
qat’iyatli, adolatparvar, xarizmatik liderlarning roli juda muhim.
Adolatli boshqaruv, adolatli jamiyat g‘oyasi azaldan ijtimoiy
tafakkurning diqqat markazida bo‘lgan. Platon, Aristotel, Erazm
Rotterdamskiy, Forobiy, Alisher Navoiy, Volter, Russo, Sharl
Monteske1, Jon Lokk2, Nikollo Makkiavelli3, Tommazo Kampanella,
Tomas Gobbs4, Maks Veber5 asarlarida boshqaruv qarorlarini qabul qilish, siyosiy iroda, hokimiyatni adolatli taqsimlash, rahbar ma’naviyati
masalalari ilmiy-falsafiy talqin qilinadi. Huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati, hokimiyat bo‘linishi tamoyili nazariyotchilaridan biri Jon Lokk davlatning kelib chiqishini barcha fuqarolarning roziligi bilan tuzilgan o‘zaro kelishuv faraziga
asoslaydi, umumiy erkinlik, rahbar adolatparvarligi, insonlar cheksiz
hokimiyatning o‘zboshimchalik va injiqligiga emas, faqat qonunlarga
bo‘ysunishi, despotizm holatida har kim o‘z huquqini himoya qilish
erkinligining buzilishi, suveren huquqlar muammolarini tahlil qiladi.
Fransuz adibi, Nobel mukofoti sohibi Antuan de Sent-Ekzyuperining
“Kichik shahzoda” asarida bir ibratli dialog bor:
– Agar men bir generalimga kapalak bo‘lib guldan gulga qo‘nishni
yoki tragik asar yozishni yoki bo‘lmasa dengiz chaykasiga aylanishni
buyursam va u general mening buyrug‘imni bajarmasa, kim aybdor
bo‘ladi, umi yoki men?
– Siz, janobi oliylari, – bir daqiqa ham ikkilanmasdan javob berdi
kichik shahzoda.
– Mutlaqo to‘g‘ri, dedi shoh. – Har kimdan uning qobiliyatiga
qarab so‘rash kerak. Agarda sen o‘z xalqingga dengizga tashlashni
buyursang, u senga qarshi isyon ko‘taradi. Men xalqimdan itoatni talab
qilishga haqliman, negaki mening buyruqlarim oqilonadir.
– Quyoshning botishi-chi?
– Quyoshning botishi ham bo‘ladi. Men quyoshdan botishini talab
qilaman, lekin undan oldin zarur shart-sharoit bo‘lishini kutib turaman.
Illo hukmdorning oqilligi ham shundadir.
– Zarur shart-sharoit qachon paydo bo‘ladi?
– Bugun (yondaftarchasiga qarab olib) kech soat yettidan qirq
minut o‘tganda bo‘ladi. O‘shanda sen mening buyrug‘im qanday aniq bajarilishining guvohi bo‘lasan.
Zamonaviy rahbarning muhim kompetensiyalar matritsasiga
quyidagilar kiradi:
– liderlik;
– o‘zini boshqarish;
– konflikt-menejment, nizolarni boshqarish;
– insonlarni tinglay olish;
– tizimli fikrlash;
– muloqot kompetensiyalari;
– g‘oyalar generatsiyasi
– maqsadni to‘g‘ri shakllantirish;
– vakolatlarni delegatsiya qilish;
– analitik ko‘nikmalar;
– siyosiy-huquqiy bilimlar;
– ma’naviy-axloqiy bilimlar;
– mas’uliyatni zimmasiga ola bilish;
– prognozlash;
– mehnat resurslarini to‘g‘ri taqsimlash;
– shaxsiy xarizma;
– siyosiy intuitsiya.
Samarali boshqaruvning muhim omillaridan biri barcha tomonidan
qabul qilingan aniq maqsadlar qo‘yish va uni amalga oshirishni
rejalashtirishdir. Rejalar direktiv, operativ, taktik, strategik kabi turlarga
bo‘linadi.