Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g’amxo’rlik – davlat siyosatining muhim yo’nalishi bo’lib qoladi Tariximizda ilk bora O’zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanmoqda. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g’amxo’rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanayapti.
Konstitusiyada kambag’allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo’yicha davlat o’ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog’liq Konstitusiyadagi normalar 3 barobar ko’paytirilyapti.
Xususan, Konstitusiyada har kimning uy-joyli bo’lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o’z boshpanasiga ega bo’lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.
Ma’lumot uchun: o’tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo’lsa, bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda. Bundan tashqari, hyech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko’rgan zararlarning o’rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.
Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog’liq normalar 4 barobar ko’paytirilmoqda. Bu aholi sog’lig’ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o’limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.
Ma’lumot uchun: joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko’rib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar bo’yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to’liq qamrab olinadi. Ko’p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo’yicha birlamchi bo’g’indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshiriladi.
Davlat bebaho tabiiy boyliklarimizni ko’paytirish, asrab-avaylash va atrof-muhit musaffoligini saqlash choralarini ko’radi Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitusiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo’yicha kompleks choralar belgilanmoqda.
So’nggi uch yilda qurilishlardan norozi bo’lib, aholidan
15 mingta murojaat kelib tushgan, sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilishlar to’xtatib qo’yilgan, avtomobillar soni 1,3 millionga ko’payib, 3,6 millionga yetgan, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotgani ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat bermoqda.
Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash
va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo’yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko’rsatilishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma mustahkamlanmoqda.
Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o’tkazilishi shartligi haqidagi konstitusiyaviy qoida hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechish imkonini beradi.
Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to’g’risidagi ishonchli axborotga ega bo’lish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Aholimiz va kelajak avlod uchun ekologik toza hududni saqlab qolishning konstitusiyaviy kafolatlari yaratilyapti.
Ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, o’qituvchilar konstitusiyaviy maqomga ega bo’ladi Ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko’plab modda va normalarda ham o’z ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda.
Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o’qish huquqi qat’iy belgilab qo’yildi.