Yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag’batlantirish kafolatlanmoqda. Jumladan, davlat:
- yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini rag’batlantirishni kafolatlayapti;
- yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg’ularini shakllanishiga g’amxo’rlik qilishi belgilanayapti.
Bundan tashqari, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo’lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitusiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti. Davlat shu orqali o’z zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqdaki, mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir.
Raqobatbardosh milliy iqtisodiyot, xususiy tadbirkorlik va mulk huquqi kafolatlari mustahkamlanmoqda. O’zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanishi qat’iy belgilanmoqda. Bu fuqarolar farovonligini oshirishga yo’naltirilgan O’zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi, mulkdorlar qatlamini kengayishiga xizmat qiladi.
Davlat qulay investisiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlanishi bo’yicha qoida mustahkamlanmoqda. Mazkur norma mamlakat iqtisodiyotiga to’g’ridan-to’g’ri investisiyalarni jalb etishni rag’batlantirishga, investorlarning ishonchini mustahkamlashga, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o’z faoliyati yo’nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi belgilanmoqda. Konstitusiyaga kiritilayotgan mazkur qo’shimchalar erkin bozor iqtisodiyotining eng muhim talabini o’zida ifoda etib, tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni asosiy mezonlarini konstitusiyaviy darajada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O’zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag’larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi mustahkamlanmoqda. Bu hol tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizasiya qilinishini noqonuniy cheklashni oldini olishga va mehnat resurslarining erkin harakatiga zamin yaratadi.
Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi mustahkamlanmoqda. Konstitusiyaga ushbu normaning kiritilishi tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratish orqali tadbirkorlar o’rtasida halol raqobatni rivojlantirishga hamda ishlab chiqarishga yangiliklarni tezkor joriy etish orqali samaradorlikni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Konstitusiyada ilk marotaba yer xususiy mulk bo’lishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Ushbu norma yangi tahrirdagi Konstitusiyamizdagi haqiqiy inqilobiy yangiliklardan biri sifatida mulkchilik munosabatlaridagi bo’shliqni to’ldirdi.
Inson farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilinadi, parlamentarizmni kuchaytirish sari dadil qadam qo’yiladi Yangi tahrirdagi Konstitusiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.
Parlament palatalarining vakolatlari qayta ko’rib chiqilmoqda. Unga ko’ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanmoqda.
Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko’paymoqda.
Hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish, Davlat byudjeti ijrosiga oid masalalar Qonunchilik palatasining vakolatiga, hududlar manfaati va ularni rivojlantirish, yangi vazirliklar tashkil qilish to’g’risidagi farmonlarni tasdiqlash masalalari esa Senat vakolatlari doirasiga taalluqli ekanligi mustahkamlanishi shular jumlasidandir.
Senat oldiga qo’yilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, uni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish bo’yicha normalar Konstitusiyada ko’zda tutilmoqda. Xususan, senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirish, bunda har bir hududdan teng ravishda 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilishi belgilanmoqda.
Parlamentning quyi palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar Senatda 60 kun ichida ko’rib chiqilishi, muddat o’tib ketsa, ushbu qonun ma’qullangan deb hisoblanishi va imzolash uchun Prezidentga yuborish bo’yicha norma kiritilmoqda.