ikkinchi guruh ‒ axloqiy tamoyillar;
uchinchi guruh ‒ axloqiy me’yorlar deb taqdim etadi145.
Birinchi guruh tushunchalari umumlashtiruvchilik, mushtaraklik xususiyatiga ega, ular faqat nazariyaga taalluqli. Ikkinchi va uchinchi guruh tushunchalari esa amaliy axloqqa tegishli bo‘lib, nisbatan muayyan, tor qamrovga ega; ular birinchi guruh uchun “moddiy asos” vazifasini o‘taydilar.
Shu o‘rinda “tushuncha” atamasining mohiyatiga nazar tashlashni joiz deb o‘ylaymiz. Avvalroq biz axloqiy hissiyotlarning axloqiy ong uchun ma’lum ma’no-da material ekani to‘g‘risida birrov to‘xtalib o‘tgan edik. Bu haqda mumtoz fayla-suflar ham e’tiborga sazovor fikr bildirganlar. Chunonchi, buyuk ingliz mutafakkiri Jon Lokk, tushunchada nimaiki bor ekan, u bundan avval hissiyotda mavjud bo‘lgan, deb ta’kidlaydi. “Tabiat qonuni borasidagi tajribalar” asarida u shunday deb yozadi:
“Agar hissiyotdan aqlga narsalar qiyofasi yetkazib berilmasa, u holda tafakkur uchun hech qanday material berilmagan bo‘ladi va aql bilishni taraqqiy ettirishi bo-rasida me’mor bino qurishda tosh, yog‘och, qum va hokazo qurilish materiallarisiz qanchalik ish qila olsa, xuddi shuncha ish bajara biladi”.146 Aqlni ideallashtirish, hissiyotni ikkinchi darajali omil sifatida talqin etish, Lokk va unga o‘xshash ba’zi mutafakkirlar fikrlarini hisobga olmaslik, afsuski, keyingi davrlarda, ayniqsa, kuchaydi. Hegel singari faylasuflar esa butun borliqni mantiqiylashtirish yo‘lidan bordilar. Lekin XIX asrning ikkinchi yarmidan keyin G‘arb allomalari bu yo‘lning ko‘p jihatdan yanglish ekanini anglay boshladilar. XX asr mutafakkiri, ruhiy tahlil falsafasidagi yangi froydchilik oqimining atoqli namo-yandalaridan biri Karl Yung Tibet mayyitlar kitobi – “Bardo Tyodol”ga yozgan sharhida shunday deydi: “G‘arb kishisi, “psixologik” (“ruhiy”) so‘zini eshitganida, uning uchun u “bor-yo‘g‘i psixologik” tarzida jaranglaydi. Uning uchun “psixe”-qalb qandaydir, achinarli darajada kichik, e’tiborga noloyiq, shaxsiy, subyektiv va h.k. Shu sababli “ruh” (qalb) o‘rniga “aql” so‘zini ishlatishni ma’qul ko‘radi...”.147 Boshqa bir o‘rinda barcha metafizik mulohazalar uchun ijodiy zamin aynan ana shu qalb ekanini, ong esa qalbning ko‘zga ko‘rinmas in’ikosidan iboratligini ta’kidlaydi.
Darhaqiqat, “yurak va aql”, “hissiyot va ong” bahsida G‘arb, ayniqsa, XX asrda, so‘zsiz, birinchilikni aqlga, ongga beradi. Yuqoridagi kabi fikrlar istisnoli hollardir. Shu bois axloqshunoslik nuqtayi nazaridan muhabbat haqida gap ketsa, uni hissiyot deb yana buning ustiga, ta’riflash qiyin bo‘lgan tuyg‘u, deb ataydilar va uni tushuncha tarzida olib qarashdan cho‘chiydilar. Vaholanki, muhabbat aynan axloqiy hissiyot va axloqshunoslikning bosh mezoniy, ya’ni o‘lchov tushunchasidir.
Muhabbat bosh o‘lchov tushunchasi sifatida deyarli barcha asosiy tushuncha-larda va tamoyillarda o‘z “hissa”siga ega. Shu jihatdan atoqli tasavvufshunos Naj-middin Komilov: “Juda ko‘p irfoniy tushuncha ‒ istilohlarning sharhi muhabbatga borib taqaladi”,‒ der ekan, ayni haqiqatni aytadi.148Na ezgulikni, na yaxshilikni, na vatanparvarlikni, na insonparvarlikni muhabbatsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Muhabbatning obyekti doimo go‘zallik, manfaatsiz go‘zallik. U ‒ Allohmi, Vatanmi, yormi ‒ muhabbat egasiga undan-da go‘zalroq narsa yo‘q. Ayni paytda bir obyektni sevgan kishi boshqa obyektlarni ham sevishi tabiiy. Deylik, yorga bo‘lgan haqiqiy muhabbat Vatanga, insoniyatga muhabbatni inkor etmaydi, aksincha, bar-qaror qiladi. Zero, “o‘z-o‘zicha”, “yakka”, “xudbin” muhabbatning bo‘lishi mumkin emas. Inson o‘zi o‘zgaga aylanganida, o‘zgani o‘ziga aylantira olganida haqiqiy muhabbat egasi hisoblanadi. Mana shu obyekt bilan subyekt orasidagi farqning «yo‘qolishi» eng buyuk, eng mukammal lazzatdir.
Muhabbat ham, axloqshunoslikdagi ko‘pgina tushunchalardek, «juftlik» xususiyatiga ega, uning ziddi – nafrat. Nafrat tushunchasi, albatta, muhabbat singari keng qamrovli emas. U aksilmuhabbat tarzida namoyon bo‘ladi, obyektdan chetla-shishni, undan begonalashishni taqozo etadi. Hazar, jirkanch hissi nafratning kun-dalik turmushdagi tor, “mayda” ko‘rinishidir. Nafratning ularga nisbatan “yirikligi” uning ijtimoiy hodisa sifatida mavjudligidir.
Ayni paytda, nafrat g‘azabdan keskin farq qiladi. U g‘azabga o‘xshab, o‘z ob-yektini yo‘qotishga intilmaydi, undan faqat yuz buradi. Uni muhabbat egasida o‘z muhabbati obyektiga nisbatan tashqi bir kuchning noinsoniy, adolatsiz, noinsof-larcha munosabati tufayli o‘sha kuchga qarshi qo‘zg‘aladigan hissiyot deyish mumkin. U davomiylik tabiatiga ega, g‘azab kabi o‘tkinchi hodisa emas. Agar g‘azabning asosida inson fe’lining salbiy holati ‒ oniy badjahllilik yotsa, nafrat uchun chuqur o‘ylab qabul qilingan uzil-kesil qaror yotadi. Ko‘rinishdan nafrat ki-shida yoqimsiz taassurot uyg‘otsa-da, ko‘p hollarda u illat emas, axloqiy fazilat sifa-tida insonning vijdonliligidan, botiniy jasoratidan dalolatdir.
Asosiy o‘lchov tushunchalar orasidagi yana bir juftlik ‒ ezgulik va yovuzlik-dir. Ezgulik axloqshunoslikdagi eng muhim kategoriyalardan. U inson faoliyatining asl mohiyatini anglatadi. “Ezgu o‘y, ezgu so‘z, ezgu amal” uchligi “Avesto”dan tortib barcha muqaddas kitoblarda yetakchi o‘rinni egallashi ham shundan149.
Ezgulik ‒ insonga eng kuchli ma’naviy lazzat bag‘ishlaydigan, uni ijtimoiy shaxsga aylantirib, haqiqiy baxtga olib boruvchi fazilat; shaxsni komillikka, jami-yatni esa yuksak taraqqiyotga yetkazuvchi yuksak qadriyat. U insonning axloqiy faoliyati tufayli muayyanlashadi, yuzaga chiqadi.
Ezgulik va uning ziddi yovuzlik odatiy, kundalik hayot mezonlari bilan o‘l-chanmaydi, ular ham muhabbat singari qamrovli va ijtimoiylik xususiyatiga ega. Ezgulikning axloqiy ideal bilan bog‘liqligi shundan. Shu tufayli u amaliyotda qah-ramonlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, jasurlik singari tamoyillarni o‘z ichiga oladi.
Ezgulik va yovuzlikning yana bir o‘ziga xos tomoni shundaki, bu juftlik tu-shuncha inson faoliyatini baholash xususiyatiga ega. Uni odam bolasining ulug‘ligi va tubanligini o‘lchaydigan muqaddas tarozuga o‘xshatish mumkin. Insonning ko-milligi, jamiyatning takomilga erishgan-erishmagani shu mezon bilan o‘lchanadi. Chunonchi, Lenin, Stalin, Hitler, Pol Potlarni yovuz insonlar, sobiq Sho‘rolar Ittifoqini esa jamiyat sifatida “Yovuzlik saltanati” deb baholanishi buning yorqin misolidir.