Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari


O‘zbekistonda ijtimoiy ish rivojlanishining mumtoz va amaliy yo‘nalishlari



Yüklə 1,06 Mb.
səhifə103/193
tarix20.09.2023
ölçüsü1,06 Mb.
#146084
1   ...   99   100   101   102   103   104   105   106   ...   193
2. O‘zbekistonda ijtimoiy ish rivojlanishining mumtoz va amaliy yo‘nalishlari
Markaziy Osiyo tarixida, odamlarga madad va muhtojlarga sadaqa berish, ko‘maklashish, yordam qo‘lini cho‘zish xalqimiz hayot tarzi bilan bog‘langan317. I.Jabborov o‘zbek xalqining turmush tarzi haqida fikr yuritib, “O‘zbeklarning ijtimoiy turmushdagi eng qadimgi o‘ziga xos udumlaridan yoshiga qarab guruhlarga bo‘linish – bolalik, o‘spirinlik, bolag‘at va qarilik, u bilan bog‘liq turli urf-odat va marosimlar hozirgacha saqlanib kelgan”318,– deb yozadi. Bunda esa etnomadaniy omillar asosiy rol o‘ynaydi. Bu xususida U.Qoraboyev “Xalq madaniyati, birinchidan, ma’lum bir hudud (joy) aholisining madaniyati, ikkinchidan, mehnat-kash xalq, omma madaniyati, uchinchidan, aniq bir etnos madaniyatidir...”319 – deya munosabat bildirgan. Bu esa o‘zaro yordam va ko‘mak berish singari filantropik tarzdagi ijtimoiy xizmatning ko‘rinishlarida ham o‘z ifodasini topadi. Bunda savob ishlarni amalga oshirish, xayr-ehson qilish, sadaqa berish va saxovatli bo‘lish singari amallar o‘zbek xalqi hayotida ham iymon va e’tiqod, ham ma’naviy madaniyat tarzida kechib, etnoan’ana tarzida bu kunga qadar davom etib kelmoqda.
Tabaqalanish bilan bog‘liq milliy tarixga doir manbalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish institutlari bo‘lmagan sharoitlarda ijtimoiy xizmat madaniy omil sifatida amal qilib, zamonaviy ushbu ishning tizimlashgan va tuzilmalashganlikdan tashqari eng muhim barcha elementlarini qamrab oladi. Yoshga nisbatan tabaqalanishda xizmat ko‘rsatish bolalarga shafqat, o‘smirlarga marhamat, balog‘atdagilarga quvvat, keksalarga muruvvat shakllarida mavjud bo‘lgan. Ijtimoiy mavqega nisbatan tabaqalanishda xizmat ko‘rsatishga diniy hukmlar asosida yondashilgan bo‘lsa, kasbiy va harbiy tabaqalanishda hukmdor qonunlari va farmonlari vositachilik qiladi.
Markaziy Osiyo mintaqasida qadimdan keksalarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, keksayganda ularga g‘amxo‘rlik qilish ijtimoiy himoyaning tarkibiy qismi bo‘lib kelganki, ular etnoan’ana tariqasida namoyon bo‘lmoqda. Bunda jins, yosh, kasb kabi ijtimoiy-madaniy omillar belgilovchi hisoblangan. Bu o‘ziga xoslikning ma’naviy asosi o‘zbek xalqining turmush tarzida dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishi va jamoaviy tarzda mehnat qilish singari omillar bilan izohlanadi. Mazkur holat ma’naviy birlik tuyg‘usi bilan bog‘liq bo‘lib, milliy ma’naviyatning tarkibiy elementi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Shu bois mehr ko‘rsatish, oqibatli bo‘lish, g‘amxo‘rlik qilish milliy ta’lim-tarbiya tizimida vazifadorligi jihatidan ajralib turishini ta’kidlash lozim. Inson o‘z yaqinlariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish bilan birga, ularning g‘am-tashvishlariga hamdardlik qilishga tayyor turish fazilatini o‘zida mujassam etishi lozim. Aynan ana shu jihatlar bizning davrimizgacha yetib kelgan xalq og‘zaki ijodi namunalarida, ya’ni rivoyat va ertaklar, afsona va maqollarda, shuningdek, “Avesto”, Qur’oni Karim, Hadislar to‘plami kabi diniy manbalar va o‘tmish ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan nodir qo‘lyozmalarda ham o‘z ifodasini topgan. Jumladan, “Avesto” davrida ham ijtimoiy ehtiyoj va manfaatlar inobatga olingan holda maishiy turmush tarzi tashkil etilgan, ya’ni uning shartlari, talablari mavjud bo‘lgan. So‘g‘d viloyatining Mug‘ tog‘idan topilgan tarixiy yozma hujjatlarda ham bu masala alohida aks ettirilgan bo‘lib, yozilishicha erkaklar oila qurishda barcha mas’uliyat va javobgarlikni bo‘yinlariga olishlari bilan birga, ayollar bilan shartnoma tuzib, ularning haq-huquqlarini ta’minlash uchun (ajrashishda tovon to‘lash) kafolat berganliklarini ko‘rish mumkin320.
Islom dinining muqaddas kitobi Qur’onda ham ijtimoiy ishning an’anaviy usullariga doir, ya’ni insonning o‘z yaqinlariga mehribonlik qilish, yaxshilik qilish va xayr-ehsonga doir bir qator mulohazalar uchraydi: «Parvardigoringiz, yolg‘iz Uning o‘ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning birovi yoki har ikkisi sening qo‘l ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab “uf” dema va ularning so‘zlarini qaytarma! Ularga (doimo) yaxshi so‘z ayt. Ular uchun mehribonlik bilan, horlik qanotini past tut – hokisor bo‘l va: “Parvardigorim, meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalab o‘stirganlaridek, Sen ham ularga rahm-shafqat qilgin”, deb haqlariga duo qil” (Isro surasi, 22, 24 oyatlar)321 , Baqara surasi, 83-oyatida esa: “Va odamlarga yaxshi gaplar ayting”, – deya ko‘rsatilgan.322
Islom olamida Qur’oni Karimdan keyingi ikkinchi muqaddas kitob Hadisi Sharifdir. Sharif degan so‘z arabcha bo‘lib, sharafli, aziz, qadrli degan ma’nolarni anglatadi. Qur’oni Karimni Kalomi Sharif deb ham ataydilar. Shuningdek, sharif unvoniga sazovar bo‘lgan shaharlar ham bor: Shom, Bog‘dod, Quddus, Mozor, Buxoroyi sharif. Muhammad alayhissalomning aytgan gaplari, qilgan ishlari, shuningdek, payg‘ambar alayhissalom boshqalarning biror ishini ko‘rib, uni ma’n qilmagan bo‘lsalar, shularning hammasi sunnat hisoblanadi. Bular haqidagi dalolat esa hadisdir.
Imom Buxoriy payg‘ambar alayhissalomning 600 ming hadislarini jamlab, shulardan 300 mingini yodlagan. O‘zlarining to‘rt jilddan iborat “Al-Jomi’ as-sahih” (Bu asar “Sahihi Buxoriy” nomi bilan ham mashhur), ya’ni “Ishonchli to‘p-lam” nomli kitoblariga 7275 hadisni sahihx deb dalillar asosida isbotlab kiritganlar.
Olimlarning ta’kidlashicha, “Al-Jomi’ as-sahih” da fiqh, islomiy marosimlar, axloq-odob, ta’lim-tarbiya haqida, shuningdek, o‘sha davr tarixi va elshunosligiga doir ma’lumotlar kiritilgan.
Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahih” asarida ijtimoiy ishning an’anaviy usullariga doir mulohazalar uchraydi. Ulardan ayrimlarini shu o‘rinda keltirib o‘tishni joiz deb topdik. Masalan, “Eng avvalo, oilangga sadaqa berg‘il (oilangni boqg‘il)! O‘zidan orttirib qilingan sadaqa – eng yaxshi sadaqadir!”323 deyilsa, “Ey iymon keltirgan bandalar, peshona teri birlan topgan mablag‘laringizdan va biz sizlarga yerdan undirib berayotgan ne’matlardan sadaqa aylab turingiz!”324 – deyiladi. Demak, insonlarni saxovatpeshalikka va saxiy bo‘lishga undaydi.
“Yaxshilik qilmoq yo‘liga o‘tib, yomonlikdan qaytsin, ana shuning o‘zi uning sadaqa qilganidir!”325 – deya esa insonlarni bir-birlariga yaxshilik qilishga va yomonlikdan qaytishga undaydiki, bu esa xalqimizga xos qadriyat sifatida ulug‘lanib kelingan. Bu borada Abdulla Avloniy shunday degan edi: «Bu sanagan yomon xulqlarning fanoliqlarini, yuqorida sanagan yaxshi xulqlarning go‘zalligini insof muvozanasi ila o‘lchab, vijdon muhokamasi ila ta’qiqlab, yaxshilarini tinglab amal qilmak, yomonlarini anglab, hazar qilmak, lozimdur. Zeroki, insonning izzati, dunyoning lazzati yaxshi so‘zlarni eshitub va ko‘rub hissa olmak, yomon va zararliklarini o‘qub, bilub, o‘zini tiymak, qo‘ldan kelgancha xalq va millat foydasiga tirtishmak va bu fano dunyodan yaxshilik otini olub ketmakdadur»326.
Ma’lumki, birovni haqqini yemaslik, faqir va kambag‘allarga mehr va g‘amxo‘rlik qilish kabi odatlarga doir mulohazalar ham uchraydi. Bu haqda Al-Buxoriy quyidagicha yozadi: “Mol dunyosini miskin, yetim va musofirlarga sadaqa qilib, so‘ng u dunyoga rihlat aylaydirgan musulmon qandog‘ ham yaxshidir”327, – deya yetim va musofirlarga nisbatan xayrixohlikka va muruvvatpeshalikka chaqiradi.
Mehr-muhabbatli bo‘lish, savob va xayrli amallarni doimiy ravishda bajarishga nafaqat erkaklar balki shu bilan birga ayollar ham mas’ul ekanligiga doir al-Buxoriyda shunday fikrlar uchraydi: “Agar ayol yaxshi niyat birlan o‘z uyidagi yeguliklardan sadaqa qilsa, o‘shal bergan narsasiga yarasha unga savobi bo‘lg‘aydir, ishlab topib kelgan eriga ham savob tekkaydir, shuningdek, xazinasiga ham savobi bordir. Ularning barchasi savob olishg‘aydir, biriniki biridan kam bo‘lmag‘aydir”328, ‒ deya oilaviy munosabatlarni mustahkamlashda xayr-ehsonning ahamiyatiga e’tibor qaratadi.
Bu xususida Rizouddin ibn Faxruddin “Millatlar sharafini yuqori martabaga ko‘taradigan narsa millionlar ila sanalmoqda bo‘lgan askarlaru dunyoda eng buyuk va zo‘r bo‘lgan kemalar emas, balki eng oz e’tibor beradiganimiz, yo bo‘lmasa, hech bir zamon e’tibor bermasdan keladiganimiz bo‘lmish oiladir”329, – deya oilalarga e’tibor qaratish orqali ijtimoiy muammolarga yechim izlaydi. Va “Tul qolgan xotunlarga, keksa va ojiz bo‘lgan zaifalarga istiqomat qiladigan joy hozirlash, ota-onasidan ajralib, yetim qolgan bolalarga hunar o‘rgatish haqida bola g‘ayrati qadar bo‘lsa ham, g‘ayrat etilmangani va bunday joylarda eshik ochib turuvchilarga berilishi kerak mablag‘ berilmagani holda”330 mablag‘larini o‘rinsiz va maqsadsiz sovuradiganlarni keskin tanqid qiladi. Shuningdek, ota-onani qadrlash va ulug‘lash lozimgini ta’kidlab: “Ota-ona bu dunyodan o‘tganlarida ularga xayri duo qilmoq, sadaqa-yu ehson va boshqa yaxshi ishlar bilan ruhlarini shodlantirmoq bolalarning ulug‘ burchlaridandur”331, – deb yozadi. Bundan tashqari xalqimizga xos bo‘lgan azaliy qadriyat, ya’ni qo‘shnichilik munosabatlari bo‘yicha ham qimmatli fikr-mulohazalar uchraydi. Jumladan, bu borada Rizouddin ibn Faxruddin shunday munosabat bildiradi: “Qo‘shnilar haqqi shariat qoshida ulug‘ bo‘lganidan qo‘shniga hurmat ko‘rsatmoq, xasta bo‘lganda yordam bermoq, mahramlaridan ko‘z yummoq, moliga qo‘l uzatmoqdan saqlanmoq oila uchun ulug‘ burchdir. Qo‘shni haqqi yolg‘iz aziyat bermaslik bilan emas, balki uning aziyatlariga chidab, hamisha go‘zal muomalada bo‘lmoqlik bilan ado etilar”332.
Amir Temur va temuriylar davrida ham beva-bechoralar, gadolar, mayib-majruhlarni ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tadbirlariga katta ahamiyat berib kelingan. Bunda ijtimoiy ish g‘oyasining asosida islom dini ta’limoti, uning taomillari va qoidalari yotadi.
Bu borada “Temur tuzuklari”ni qunt bilan mutolaa qilsak, unda ijtimoiy ish mezonlariga alohida e’tibor bilan qaralganligining guvohi bo‘lamiz. “Qaysi mamlakatni zabt etgan bo‘lsam, o‘sha yerning obro‘-e’tiborli kishilarini aziz tutdim, sayyidlari, ulamolari, fuzalo va mashoyixiga ta’zim bajo keltirdim va hurmatladim, ularga suyurg‘ol, vazifalar berib, maoshlarini belgiladim; o‘sha viloyatning ulug‘larini og‘a-inilarimdek, yoshlari va bolalarini bo‘lsa, o‘z farzandlarimdek ko‘rdim. Mazkur mamlakatlarning sipohi uchun dargohim eshigi ochiq edi. Raiyatini o‘zimga qaratib oldim. Hammani qo‘rquv va umid orasida saqladim. Har mamlakatning yaxshi kishilariga men ham yaxshilik qildim. Nafsi yomonlar, buzuqlar va axloqsiz odamlarni mamlakatdan quvib chiqardim. Pastkash va razil odamlarga o‘zlariga loyiq ishlar topshirdim hamda xaddilaridan oshishlariga yo‘l qo‘ymadim... Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim... Shu bilan birga o‘g‘rilik va talonchilikning barcha yo‘llarini bekitishning choralarini ko‘rdim...
...Har bir mamlakatning raiyati bilan bo‘lgan muomalada, ularga xolislik bilan ish tutsinlar. Qashshoqlikni tugatish maqsadida, har mamlakatni gadolariga vazifa yuklab ish berilgan, toki shu yo‘l bilan gadolik rasmi yo‘qotilsin”333, ‒ deb yozadi Amir Temur.
Demak, “Temur tuzuklari” ijtimoiy ish sohasi rivoji uchun o‘sha davrda asosiy dasturulamal vazifasini bajargan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan tashqari, bu asarda Temur o‘z ijtimoiy-siyosiy qarashlarini bayon qilishda, avvalo, qonunning ustuvorligiga va uning kuchi, xalq oldidagi hurmati va uni xalq hurmatiga sazovor qilish masalalariga katta e’tibor bergan. Buning uchun uning nazarida, avvalo, qonunlar adolatli va insonparvar bo‘lishi kerak va xalq uchun manfaat va foyda keltirishi, uning ijtimoiy ishi muhofazasini, himoyasini ta’minlashi zarur. Buni ijtimoiy ish sohasi rivojiga ta’sir etuvchi asosiy omillardan biri sifatida qayd etmoq lozim. Biroq, ijtimoiy-siyosiy, madaniy tenglikning to‘la, hamma odamda bir xilda amalga oshmasligini bilgan Amir Temur bu ishda ma’lum darajada qatiqqo‘llikka asoslanishini ta’kidlaydi. Chunki ijtimoiy tengsizlik mavjud bo‘lgan har bir jamiyatda qonun, saltanat, to‘ra tuzuk va shariat qoidalarining buzilishini Amir Temur tushungan. Shuning uchun ham aynan “tuzuklar”da u “Men fuqaroni qo‘rquv va umid orasida saqladim”334, ‒ degan gaplarni bekorga aytmagan. Sohibqiron Amir Temur nazarida qonun ustuvorligiga amal qilish raiyatni zolimlardan asrash bo‘lgan335.
Lekin shuni ham aytib o‘tish kerakki, Amir Temur o‘z davrining, ya’ni feodal jamiyatning hukmdori bo‘lganligi uchun ham ijtimoiy tenglik va uni amalga oshirish uchun harakat qilmagan. Biroq, u boy-kambag‘alni saqlab qolgan holda hammaning yaxshi, to‘q yashashini ta’minlamoqchi bo‘ldi. Shuning uchun ham Temur davlatning asosiy xazina manbayi bo‘lgan soliqni tartibga solishda katta xizmat qilgan. “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, u hatto davlat g‘aznasiga zarur bo‘lgan vaqtlarda ham xalqning qashshoqlashib qolishiga yo‘l qo‘ymagan. “Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishdan ularning og‘ir ahvolga solishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa, sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi, o‘z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib boradi”336,‒ deb yozadi.
“Temur tuzuklari”da esa aynan professional faqirlikning o‘sishiga yordam beruvchi asosiy omillarni oldini olish borasida amaliy chora-tadbirlar qo‘llanilganligi ta’kidlanadi. Amir Temurning g‘oyasida mamlakatning biror joyida, hatto zabt etilgan mamlakatlarda ham gado bo‘lmasligi kerak. Bularning hammasini to‘plab hisobga olib, ularga yeb-ichishlarini ta’minlash va ishga yaroqlilarini ish bilan ta’minlashni o‘ylagan. Agarda bunga bo‘ysunmasa, ularni uzoq mamlakatlarga sotib yuborishni buyurgan.
Temurning ijtimoiy adolat mezoniga amal qilishining yana bir ko‘rinishi shundaki, u zabt etilgan mamlakatning aholisini ham o‘z xalqi misoli qabul qilgan. Ularning kayfiyati, hosili, daromadi va boyliklariga qarab ish tutgan. Eng muhimi, “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, zabt etgan mamlakatlari xalqlarining azaldan berib kelgan xirojlari miqdorini o‘zgartirmagan va ularning roziligi bilan ish ko‘rgan. Xirojni ekindan olgan hosiliga va yerning unumdorligiga qarab yiqqanlar. Bundan tashqari kuzgi, bahorgi, qishki va yozgi dehqonchilikdan olingan hosil raiyatning o‘ziga qoldirilgan337.
Temur o‘z ijtimoiy ish sohasi haqidagi qarashlaridan tijoratga, ishbilarmon-likka katta yo‘l bergan va ularga imtiyozlar bergan. Lekin u halol, haqiqiy mehnatga asoslangan tijoratni quvvatlagan. U, hatto bunday tadbirkorliklardan uch-yilgacha soliq olmaslikni ta’kidlaydi.
Amir Temurning ijtimoiy ish sohasi rivoji haqidagi qarashlarining yana bir muhim xususiyati shundan iboratki, fuqarolarning hech bir qismi, hech bir guruhi uning sahovati va muruvvatidan chetda qolmagan va bu ishlarni uning shaxsan o‘zi nazorat qilib turgan. Xalqni haqiqiy ijtimoiy himoya qilishning nazariy tamoyillarini berish bilan birga uni amalga oshirishga ham harakat qilgan. “Yana amir etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqir-u, miskinlarga langarxona (yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan joy, kambag‘al, yetim-esirlarga ovqat beriladigan joy-g‘aribxona) solsinlar, kasallar uchun shifoxona qursinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlansinlar. Har bir shaharda dor ul-amorat (hukmdor saroyi) va dor ul-adolat (adolat uyi, qozixona) qursinlar. Va raiyatu ziroatni qo‘riqlovchi qo‘rchilar (qo‘riqchi, posbon) ham tayinlasinlar”338, ‒ deydi.
Demak, ijtimoiy xizmat tizimining shakllanishi va rivojlanishi masalalari uzoq yillik tarixga ega. Bu borada falsafa doktori D.Rahmonov ijtimoiy xizmatning rivojiga ta’sir etuvchi turli omillar kontent tahlil etilib, uning ijtimoiy institut sifatida insonlar hayotining mazmunli kechishini ta’minlashdagi ahamiyatli xususiyatlari ko‘rsatib, ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning tizim sifatidagi mohiyati, turlari, shakllar va usullari, aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalar tuzilmasi, hududiy va idoraviy ijtimoiy xizmatlar hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish resurs ta’minoti kabi masalalar manbalar asosida tadqiq etish lozimligini ko‘rsatib o‘tgan339.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Mirzo Ulug‘bek tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va ilm-fan sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlari xususida Zahriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma”340 asarida: “Ulug‘bek mirzoning imoratlaridin Samarqand qal’asining ichida madrasa va xonaqohdur. Xonaqog‘ning gunbazi bisyor ulug‘ gunbazdur, olamda oncha ulug‘ gunbaz yo‘q deb nishon berurlar...yovuq bir yaxshi hammom solibtur, Mirzo hammomig‘a mashhurdur...Yana bir oliy imorati Pushtai Ko‘hak dominasida rasaddurkim, zich bitmakning olatidur. Uch oshyonliqdur. Ulug‘bek mirzo bu rasad bila Ziji Ko‘ragoniyni bitibturkim, olamda holo bu zich musta’maldur”, – deya ta’kidlaydi.
Mamlakatimiz yangilanish va yuksalish davrini boshidan kechirayotgan bugungi kunda tarix saboqlaridan kelib chiqadigan murakkab savollarga javob topish har bir ijtimoiy fan vakilining fuqarolik burchidir. Zero, endilikda xalq, millat va davlatning taqdiri faqat moddiy boyliklar bilan belgilanmaydi, uning ma’naviy kuch-qudrati va salohiyati ko‘p narsani hal qiladi341.
Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish jarayoni insonga xos faoliyat turi hisoblanib, uning zamirida ma’naviy-kognitiv konseptlar ifodalangandir. Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish hayotiy turli ko‘rinishdagi qiyinchiliklar, iqtisodiy muammolar hamda jismoniy sog‘liqning yo‘qolishi natijasida dolzarblashib boradi. Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bevosita ijtimoiy taraqqiyot bilan bog‘liq holda rivojlanib bormoqda. Bu borada Prezident Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi”342.
O‘zbekistonda “Ijtimoiy ish” yo‘nalishi Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxas-sisliklari klassifikatoriga kiritilib, 2004-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Madaniyat institutida (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tashkil etilgunga qadar bo‘lgan davrgacha), 2005-yildan boshlab esa Samarqand va Farg‘ona davlat universitetlarida, 2010-yildan O‘zbekisont Milliy universitetida “Ijtimoiy ish” yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, mamlakatimizda ijtimoiy ishni nazariy jihatdan rivojlantirish borasida ham bir qator ilmiy izlanishlar asta-sekinlik bilan bo‘lsada amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, 2018-yilda professor M.G‘aniyeva ilmiy rahbarligida tadqiqotchi A.S.Alekseyeva “O‘zbekistonda ijtimoiy ishning institut sifatida shakllanishi” mavzusida sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi va 2019-yilda tadqiqotchi D.Rahmonov professor R.Samarov rahbarligida “O‘zbekiston ijtimoiy xizmat tizimini rivojlantirishning etnomadaniy xususiyatlari” mavzusida falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilishganligi ijtiimoiy ish sohasi ilmiy-metodologik asosini ma’lum bir ma’noda boyitish uchun xizmat qilganligini ta’kidlash o‘rinlidir.
Hozirgi vaqtda Toshkent, Samarqand va Farg‘onada talabalar amaliyotini o‘tkazishning yangi modeli ishlab chiqilgan va o‘qitish tizimiga tadbiq qilingan. Umuman olganda, ijtimoiy ish bo‘yicha mutaxassis nazariy bilim olib va amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lib, ijtimoiy ish sohasida tashkiliy-boshqaruv, ilmiy-pedagogik va amaliy ish olib borilmoqda. Xususan, o‘tgan vaqt oralig‘ida ijtimoiy ish sohasini rivojlanitirish, sohani ilmiy-uslubiy, nazariy-uslubiy va tashkiliy masalalar borasida amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Respublikamizda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan ijtimoiy sohani rivojlanishi va ijtimoiy ish sohasini mutaxassislarini xalqaro talabga javob beradigan darajada tayyorlash asosiy maqsad va vazifa qilib belgilandi.
2006-2008-yillar mobaynida ijtimoiy ish bo‘yicha Milliy komandaning Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va BMTning O‘zbekistondagi YUNISEF Bolalar jamg‘armasi ko‘magida “Ijtimoiy ish bo‘yicha qayta tayyorlash dasturlarini tarqatish va O‘zbekistonda “Ijtimoiy ish” kasbini rivojlantirish” loyihasi doirasida barcha institutsional muassasadagi mutaxassislar jahon tajribasida keng qo‘llanilayotgan ijtimoiy ish sohasiga dahldor bo‘lgan zarur bilimlar bilan boyitishga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda (2008-yil) “O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy himoyalash tizimining samarali modelini rivojlantirish va mamlakatning boshqa hududlarida oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash pilot xizmatini ommalashtirish” loyihasi doirasida Toshkent va Samarqand shaharlaridagi oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash xizmati ko‘magida Andijon va Buxoro shahri, shuningdek, Guliston viloyatida pilot xizmat tashkil etildi. Shuningdek, ijtimoiy ish bo‘yicha qayta tayyorlash dasturini tarqatilishi va “O‘zbekistonda “Ijtimoiy ish” kasbining rivojlanishi” loyihasi doirasida amalga oshirilgan qayta tayyorlash kursida 3-4 nafar oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash pilot xizmati mutaxassislari ijtimoiy ishchi diplomiga ega bo‘ldilar. Uchinchi bosqich (2009-yil) amalga oshirilib, “O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy himoyalash samarali modelini ilgari surish – oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash xizmati modelini tadbiq etish” loyihasi barcha hududlarda Oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash xizmati samarali modelini omalashttirish va himoya qilish, shuningdek, boshqa jarayonlarni samarali boshqarish modelini ishlab chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mamlakatimizdagi ijtimoiy ish institutlari rivojlanishining tahlili, mazkur institut uzoq tarixga ega bo‘lib, milliy an’analar va o‘zbek xalqiga xos mehr-shafqat tuyg‘ulari shaklidagi o‘zaro yordamning kuchli potensialini o‘zida birlashtirgan-ligini ko‘rsatdi. Aynan ushbu jihatdan manzilli yordam mexanizmlarini rivojlan-tirishda foydalanish zarur. Bundan kelib chiqqan holda, ijtimoiy ish institutlarining jadal rivojlanishi hamda, tezkorlik bilan muayyan maqom kasb etishi uchun uning shakllanishdagi sotsiomadaniy va milliy-tarixiy xususiyatlarini nazarda tutish zarur
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy xizmatchilar kasbiy va axloqiy kodeksini yaratish borasida bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi PF-4947-sonli, 2017-yil 1-dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF5270-sonli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5325-sonli Farmonlari, O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan 2017-2020-yillarga mo‘lljallangan amaliy ish rejasi «Yo‘l xaritasi» va boshqa soha rivojiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar shular jumlasidir.
Bugungi kunda Ijimoiy ish xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2019-yil 11-noyabrda tasdiqlangan Ijtimoiy xodimlarning alohida lavozimi bo‘yicha tarif-malaka tavsifnomasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosida faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Oila va bolalar hamda yoshlar bilan ijtimoiy ish olib boruvchi mutaxassis o‘z tashkiloti (korxona, muassasasi)da tashkil etilgan shtat birligi va funksional vazifalaridan kelib chiqqan holda quyidagi lavozim majburiyatlarini amalga oshirishi belgilangan:
- bolalar, jumladan, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lish xavfida bo‘lgan bolalar, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, psixojismoniy rivojlanishida nuqsoni va yoki nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy-huquqiy xatar guruhiga kiruvchi va boshqa himoyaga muhtoj bolalarni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
- himoyaga muhtoj bolalar uchun davlat ta’lim-tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, ijtimoiy himoya muassasalari bitiruvchilari bo‘lgan, shu jumladan, uyushmagan yoshlarning mustaqil hayotga ijtimoiy moslashuvlari davomida yuzaga keluvchi muammolarini hal etish choralarini ko‘rish, ularning manfaatlarini ilgari surishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, Oila va bolalar hamda yoshlar bilan ijtimoiy ish olib boruvchi mutaxassis quyidagi asosiy vazifa-majburiyatlarni amalga oshirish belgilangan343:
davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam jarayonini boshqarish hamda vaziyatlar bo‘yicha ishlarni yuritish (keys-menejment): bola va oila hamda yoshlarning hayot tarzi, ehtiyojlari qondirilishi uchun yaratilgan imkoniyatlarni kompleks baholash, ko‘rsatiladi-gan xizmatlar rejasini (himoya, vasiylik belgilash, oilaga qaytarish, ijtimoiy kuzatuvni amalga oshirish va b.) ishlab chiqish, ko‘rsatiladigan xizmatlarni muvofiqlashtirish, monitoringini amalga oshirish va natijani baholash.
psixojismoniy rivojlanishida muammolari bo‘lgan yoki nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalarga yashash joyi bo‘yicha ruhiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish va boshqa shu kabilar.
Demak, istiqbolda O‘zbekistonda ijtimoiy ish xodimlarining kasbiy me’yorlari takomillashtirib borish maqsadga muvofiq.



Yüklə 1,06 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   99   100   101   102   103   104   105   106   ...   193




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin