Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti pedagogika ka
26-Mavzu:IJTIMOIYLASHUV OMILLARI VA MEXANIZMLARI Reja: 1. Ijtimoiylashuv tushunchasi va jarayoni.
2. Ijtimoiylashuv mexanizmlari.
3. Ijtimoiylashuv omillari.
4. Ijtimoiylashuv vositalari va agentlari.
Tayanch tushunchalar: ijtimoiylashuv, omil, mexanizm, vosita, agent, sub’ektiv, ob’ektiv, jarayon, identifikatsiya, intelektuallashuv, megaomil, mikroomil, mezoomil, biologik, ijtimoiy muhit.
“Ijtimoiylashuv” so‘zi dastlab siyosiy-iqtisodiyotdan kelib chiqqan. U siyosiy-iqtisodiyotda yer, ishlab chiqarish vositalarining umumiylashuvi ma’nosini anglatgan. Uning zamonaviy ma’nosi-“ ijtimoiy tabiat yoki individ harakterini rivojlantirish, insonni ijtimoiy hayotga tayyorlashdir. XX asr o‘rtalarida ijtimoiylashuv inson rivojlanishini uning butun umri mobaynida o‘rganuvchi mustaqil ilmiy sohaga aylandi. Ijtimoiylashuvning turli konsepsiyalarining tahlili uni shartli ravishda ikki asosiy yondoshuvga ajratish imkonini beradi: -sub’ektiv-ob’ektiv.
Unda insonga jamiyat ta’sirining passiv iste’molchisi sifatida qaraladi. -sub’ektiv-sub’ektiv. Bunda ijtimoiylashuv jarayonida insonning faol o‘rni, uning hayotiy holatlarga ta’sir etish qobiliyati nazarda tutiladi. Jamiyat va ijtimoiy moslashuv jarayonlarini tushunishning hozirgi talablariga ikkinchi yondashuv ko‘proq mos tushadi, chunki zamonaviy fanda ijtimoiylashuv insonning madaniyatni o‘zlashtirish jarayonidagi rivojlanishi va o‘zgarishi bilan aniqlanadi. Bolaning ijtimoiylashuvi xususan insonning ijtimoiy moslashuvi uning barcha narsani egallashga bo‘lgan ob’ektiv ehtiyoji jarayonida paydo bo‘ladi. Shu bilan birga unda ikkinchi bir, ya’ni sub’ektiv ehtiyoj xissi ham mavjudki, bola uni yuzaga chiqarish uchun turli usul va vositalarni qidira boshlaydi va buning natijasida uning individuallashuvi ro‘y beradi.
Bu hodisa shunday namoyon bo‘ladiki, shaxsning ijtimoiy ahamiyatga ega hislatlari individual, faqat shu shaxsga tegishli tarzda namoyon bo‘ladi, uning ijtimoiy yurish-turishi takrorlanmas jihatlarga ega bo‘ladi. Shunday qilib bolaning ijtimoiy rivojlanishi ikki o‘zaro bog‘liq yo‘nalishda olib boriladi: ijtimoiylashuv (ijtimoiy madaniy tajriba, madaniyatni o‘zlashtirish) va individuallashuv (mustaqillik, nisbiy o‘ziga xoslikni qo‘lga kiritish). Shu tarzda ijtimoiylashuv tushunchasi zamonaviy fanda moslashuv (birlashish) va individuallashuv jarayonlari bilan bog‘liq ijtimoiylashuv jarayonining mazmuni inson(bola)ning aniq bir jamiyat sharoitlariga moslashuvidir. Ijtimoiy moslashuv esa ijtimoiy muhit talablariga insonning munosabat bildirishidir.
Shunday qilib, ijtimoiylashuv (moslashuv) individning ijtimoiy mavjudodga aylanish jarayoni va natijasidir. Individuallashuv insonning yoshlik chog‘ida paydo bo‘ladigan ob’ektiv ehtiyojlari bilan bog‘liq jamiyatdagi o‘z-o‘zini anglashdir. Bu ehtiyoj: - o‘z qarashlariga ega bo‘lish; - o‘ziga xosliklariga ega bo‘lish; - unga tegishli bo‘lgan masalalarni hal qilish, uning o‘z darajasini aniqlab olishiga halaqit beradigan hayotiy holatlarga qarshi turish xohishi sifatida namoyon bo‘ladi. Agar shaxsning jamiyatga kirishida ijtimoiylashuv va individuallashuv jarayonlari o‘rtasida tenglik yuzaga kelsa, insonning jamiyatga yaqinlashuvi ro‘y beradi. Shunday qilib, muvaffaqqiyatli ijtimoiylashuv moslashuv va individuallashuv o‘rtasida muvozanat saqlangandagina amalga oshishi mumkin.
Bu jarayon 3 asosiy sohada amalga oshadi: - faoliyat-turlarining kengayishi, uning shakl va vositalarini qo‘lga kiritish, erkin mo‘ljal olish; - muomala-muomala doirasini kengaytirish, uning mazmunini chuqurlashtirish, xulq-atvor me’yorlarini o‘zlashtirish; - anglash-shaxsiy «men» obrazini faoliyatning faol ishtirokchisi sifatida shakllantirish, o‘z ijtimoiy mansubligi va o‘rnini anglash, o‘ziga baho berishni shakllantirish. Inson ijtimoiylashuvi u yoki bu jamiyat ijtimoiy qatlamlariga xos bo‘lgan ommaviy vositalar orqali amalga oshiriladi, ularga: go‘dakni emizish va g‘amxo‘rlik qilish usullari, maishiy va gigienik yurish-turish qoidalari, insonni o‘rab turuvchi moddiy madaniyat mahsulotlari, ma’naviy madaniyat unsurlari(alladan boshlab ertaklargacha), muomala usuli va mazmuni, shuningdek oilada jazolash va mukofotlash uslublari, insonning hayotiy faoliyatidagi ko‘p sonli munosabatlarimuloqot, o‘yinlar, ma’naviy-amaliy faoliyat, sport bilan shug‘ullanish kiradi.
Ma’lumki, har bir jamiyat, davlat, ijtimoiy guruhda ijobiy va salbiy (man etish, ruxsat berish, majburlash) chora-tadbirlarini ishlab chiqiladi. Bu choralar yordamida inson xulq-atvori shu jamiyatda qabul qilingan me’yoriy qoidalarga moslashtiriladi. Bola ijtimoiylashuvining yetakchi vositalari muomala (ota-onalar, tengdoshlar va boshqalar bilan) hamda faoliyat (o‘yin, o‘qish, ijod, sport)dir. Psixologik-pedagogik tadqiqotlar jarayonida turli yosh davrlariga turli faoliyat turlari mos kelishi aniqlangan. -go‘daklik davri-bevosita hissiy-ruhiy; -go‘daklikdan keyingi davr-predmetli faoliyat; -maktabgacha davr-rolli o‘yinlar; -ilk maktab davri-o‘quv faoliyati; - o‘smirlik davri-kasb ta’limi faoliyati; -o‘spirinlik davri-shaxsiy muloqot faoliyati. Insonning voyaga yetishida, uning shakllanishi jarayonida, u bevosita munosabatda bo‘lgan kishilar muhim o‘rin tutishadi.
Ularni ijtimoiy pedagogikaga oid adabiyotlarda ijtimoiylashuv agentlari deb ham nomlanadi. Turli yosh davrlarida agentlarning tarkibi turli bo‘ladi. Bolalar va o‘smirlar uchun ota-ona, aka-uka, opa-singillar, qarindoshlari, tengdoshlari, qo‘shnilar agent bo‘lishlari mumkin. Yoshlik davriga kelib agentlar qatoriga turmush o‘rtog‘i, hamkasblari ham qo‘shilishlari mumkin. Ijtimoiylashuvdagi tutgan o‘rinlariga, inson uchun qanchalik ahamiyatli ekanligiga qarab agentlar ham farqlanadi: Insonning ijtimoiylashuvi turli omillar, agentlar bilan hamkorlikda va bir qator mexanizmlar asosida amalga oshadi. I.P.Podlasiyning tasnifi bo‘yicha bu mexanizmlar: - bostirish mexanizmi: uning mazmuni muayyan g‘oya, fikr, xohish, istaklarni ongdan chiqarib tashlashdan iborat.
Bu mexanizmning tashqi va ichki turlari mavjud. Ichki mexanizm ham o‘z o‘rnida ixtiyoriy va g‘ayri ixtiyoriyga bo‘linadi. G‘ayri ixtiyoriy mexanizm-unutishdir. Ixtiyoriy bostirish mexanizmi esa iroda kuchi bilan amalga oshiriladi. Tashqi bostirish mexanizmi tarbiyaning keng tarqalgan usulidir; - ajratish mexanizmi: bu mexanizm ijtimoiylashuv mexanizmi sifatida inson o‘zi uchun yomon taassurotlardan voz kechishi bilan bog‘liq. Ajratish mexanizmi odatda nizolarni hal qilishda kuzatiladi. - o‘z-o‘zini cheklash mexanizmi: bu mexanizm ijtimoiylashuv jarayonida muhim o‘rin tutadi. Agar tarbiyalanuvchiga uning yutuqlari do‘stlarinikidan ko‘ra ahamiyatsizroq tuyulsa, uning o‘z-o‘ziga ishonchi pasayadi. Bu o‘z menini cheklab qo‘yish, qiyinchiliklar oldida ojiz qolishdir.
Ba’zi hollarda o‘z-o‘zini cheklash mexanizmini qo‘llashni oqlasa bo‘ladi. Chunki, bu holatda moslashuv sodir bo‘lishi mumkin. Biroq uzoq muddatli o‘z-o‘zini cheklash, o‘z-o‘ziga baho berishning pasayishiga olib keladi. Buning natijasida o‘z salohiyatini bilmay turib tarbiyalanuvchi ilk muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng boshlagan ishini tashlab qo‘yadi, oqimda suza boshlaydi; - o‘z kamchiliklarini boshqalarga tegishli deb hisoblash loyihalash mexanizmining mohiyatini tashkil qiladi. O‘ziga, boshqalarga qarshi qaratilgan salbiy hissiyotlar bilan inson o‘ziga bo‘lgan hurmatni saqlab qoladi. Shubhali inson hammadan gumonsiraydi, xudbin hammani xudbin hisoblaydi; - ijtimoiylashuvning yana bir asosiy mexanizmlaridan biri bu-identifikatsiyadir.
Identifikatsiya jarayonida tarbiyalanuvchi hayolan o‘zini o‘rtoqlari bilan qiyoslaydi. Identifikatsiya ob’ekti nafaqat real insonlar, balki tasavvurlardagi insonlar ham bo‘lishi mumkin. Identifikatsiyaning to‘liq, qisman, ongli, ongsiz turlari mavjud. - identifikatsiya mexanizimi introeksiya mexanizimi bilan juda bog‘liq. Bunda boshqalarning xislatlari o‘zgarmagan holda o‘zlashtirib olinadi. Garchi bu mexanizm xayolan amalga oshirilsa ham uning natijalarini anglab olish qiyin emas; - empatiya mexanizmi, ya’ni boshqa odamning hissiy holatiga hamdard bo‘lish. Shaxsning muammo, qiyinchiliklarini yengishga yordam berish hisiyotga boy shaxslarning ijtimoiylashuvida muhim ahamiyatga ega; - qiyin holatlarda intellektuallashuv mexanizmi ishga tushadi.
Katta yoshdagi tarbiyalanuvchi abstrakt fikrlay boshlaydi va vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini o‘zi uchun emas, go‘yoki boshqa odam uchun qidiriyotgandek tuyuladi. Bu mexanizm tarbiyalanuvchi hayotiy muhim muammolarga (kasallik, boshqa maktabga o‘tish, institutga kirish) duchor bo‘lganda namoyon bo‘ladi. - ratsianallashuv mexanizmida tarbiyalanuvchi o‘z xatti-harakatlarining mantiqiy xulosasini chiqaradi. Yosh ratsianalizatorlar odatda maqsadning diskreditatsiyasini qo‘llashadi. - fikr, xissiyot, harakatlarni susaytirish uchun harakatlarni bekor qilish mexanizmi qo‘llaniladi. Tarbiyalanuvchi kechirim so‘raganida, uning harakatlari kechirilishi va sof vijdon bilan harakat qila boshlashiga ishonadi. Ko‘p shaxslar shu tarzda komillikka erishishadi.1.Tadqiqotchi I.V.Mudrikning fikricha psixologik va ijtimoiy psixologik mexanizmlarga quyidagilarni kiritsa bo‘ladi: - imprinting (xotirada saqlab qolish)-insonga ta’sir qiladigan hayotiy muhim ob’ektlarni eslab qolishi. Bu mexanizm odatda go‘daklik davrida ko‘p qo‘llaniladi. - eksiztensial bosim mexanizmi-tilni o‘zlashtirish va munosabatga kirishganda kerak bo‘ladigan ijtimoiy xulq-atvor me’yorlariga anglamagan holda ega bo‘lish. - taqlid-biror bir namunaga o‘xshashga harakat qilish. Bu holat insonning ijtimoiy tajriba to‘plashining yo‘llaridan biridir. - refleksiya mexanizmi-ichki suhbat. Unda inson jamiyatning turli institutlari, oila, tengdoshlar jamoasi, obro‘ e’tiborli shaxslarga xos xususiyatlarga baho beradi, ularni ko‘rib chiqadi yoki inkor etadi.
Refleksiya insonning turli “men” obrazlari orasidagi real va hayoliy shaxslarning ichki suhbatidir. Bu mexanizm yordamida insonning shakllanishi ro‘y beradi. Bundan tashqari ijtimoiylashuvning ijtimoiy pedagogik mexanizmlariga quyidagilarni ham kiritsa bo‘ladi: ijtimoiylashuvning an’anaviy mexanizmi inson tomonidan oila, atrof-muhit, qo‘shnilar, o‘rtoqlariga xos xulq, qarash steriotiplarini o‘zlashtirishni ko‘zda tutadi.
Bu o‘zlashtirish ongsiz holatda amalga oshib taasurotlar yordamida sodir bo‘ladi; - institutsional mexanizm insonning jamiyat institutlari va turli tashkilotlari bilan o‘zaro munosabati jarayonida kuzatiladi. Bu jarayonda inson turli bilim va tajribalarni to‘plashi mumkin.1 Ijtimoiylashuv bolalar, o‘smirlar, yoshlarning rivojlanishiga ta’sir qiluvchi ko‘p sonli shartsharoitlar bilan o‘zaro munosabatida yuzaga keladi. Insonga ta’sir qiluvchi bu sharoitlar omil deyiladi. Ijtimoiylashuvning bir necha omillari bo‘lib, ularni quyidagicha guruhlash mumkin. Megaomillar (mega-eng katta)-kosmos, planeta, dunyo, shuningdek bularga demografik, ijtimoiy siyosiy, ekologik, planetar jarayonlarni ham kiritsa bo‘ladi. Ular boshqa omil guruhlari orqali yer yuzasi barcha aholisining ijtimoiylashuviga ta’sir ko‘rsatadi. Makroomillar (makro-katta)-davlat, halq, jamiyat. Bu omillar muayyan hududda yashovchi aholi ijtimoiylashuviga ta’sir qiladi.
Mezoomillar (mezo-o‘rta)-hudud va yashash joyi ommaviy aloqa tarmoqlari, auditoriya, u yoki bu submadaniyatga tegishliligiga ko‘ra ajratilgan guruhlarning ijtimoiylashuvi shartsharoitlaridir. Ijtimoiylashuvga mezoomillar mikroomillar orqali ta’sir qiladi. Mikro omillarga muayyan shaxslarga ta’sir qiluvchi omillar-oila, qo‘shnilar, tengdoshlar guruhlari, tarbiya muassasalari, turli ijtimoiy, diniy, davlat, xususiy tashkilotlar kiradi. Shaxs tug‘ilganidan boshlab rivojlanadigan muhit sotsium yoki mikrosotsium deyiladi. Tashqi ijtimoiy omillardan tashqari ichki biologik omillar ham mavjud. Ularni bir-biridan mustaqil o‘rganishning iloji yo‘q.
Zamonaviy ilmiy nazariyalarda shaxs rivojlanishining asosiy omillari sifatida biologik va ijtimoiy omillar ajratib ko‘rsatiladi. Biologik omillar. Biologik (irsiyat) insonni inson qiluvchi umumiy jihatlarini aniqlaydi. Irsiyat deganda ota-onalardan bolalarga turli belgi, o‘xshashlik, xususiyatlarning o‘tishi tushuniladi.
Irsiyatga ko‘ra bolaga ota-onasidan inson organizmi, asab tizimi, miya va xis tuyg‘u organlari, shuningdek, qomat tuzilishi, soch, teri rangi o‘tadi. Bular insonni boshqa insonlardan ajratib turuvchi tashqi omillar hisoblanadi. Shuningdek irsiyat bo‘yicha nerv faoliyatini rivojlantiradigan nerv xususiyatlari ham o‘tishi mumkin. Irsiyat bolaning tabiiy xususiyatlari asosida biror bir faoliyat sohasida muayyan qobiliyatlarining shakllanishini ko‘zda tutadi. Psixologik ma’lumotlarga ko‘ra qobiliyat insonning tabiiy xususiyati bo‘la olmaydi. Bola qobiliyatlarining namoyon bo‘lishi uning hayot, talim-tarbiya jarayonlariga bog‘liq. Hozirgi paytda bola rivojlanishiga ekologik muhit, atmosferaning buzilishi kabi tashqi omillar ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning natijasida jismoniy nuqsonli bo‘lib tug‘ilayogan bolalar soni ko‘paymoqda. Bunday bolalarning muomalaga kirishishi va faoliyat yuritishi nihoyatda og‘ir kechadi. Shuning uchun ularga o‘qitishning yangi metodlari joriy qilinmoqda va bu metodlar ularning aqliy rivojlanishga erishishlariga yordam beradi.
Jismoniy nuqsonli bolalar bilan maxsus pedagoglar shug‘ullanishadi. Bu bolalar o‘z tengqurlari bilan muomalaga kirishganlarida jiddiy muammolarga duch kelishadi. Bu esa ularning jamiyatga integratsiyalashuvlarini qiyinlashtiradi. Shuning uchun bunday bolalar bilan ijtimoiy pedagogik ish olib borishning asosiy maqsadi bolaga tashqi olam bilan aloqa qilish kanallarini ochishdir. Ijtimoiy omillar. Insonning biologik mavjudotdan ijtimoiy sub’ektga aylanishi, uning ijtimoiylashuvi, jamiyatg integratsiyasi natijasida sodir bo‘ladi. Bu jarayon shaxsning ijtimoiy ahamiyatga ega xislatlari asosida shakllanadigan qadriyat, ijtimoiy me’yor, xulq-atvor namunasi orqali amalga oshadi. Ijtimoiylashuv insonning butun hayoti davomida kechadigan ko‘p qirrali jarayondir.
U ayniqsa bolalik va yoshlik davrida nihoyatda jadallik bilan kechadi. Chunki, aynan bolalikda asosiy ijtimoiy me’yorlar o‘zlashtiriladi. Bola ijtimoiylashuvida sotsium muhim ahamiyatga ega. Bu ijtimoiy muhitni bola asta-sekinlik bilan o‘zlashtiradi. Agar bola tug‘ilgandan keyin asosan oilada rivojlansa, uning keyingi rivojlanishi yangi va yangi muhitlar-maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab, maktabdan tashqari tarbiya muassasalari, turli ko‘ngilochar maskanlarda kechadi. Yosh ulg‘aygan sari ijtimoiy muhit “hududi” kengayib boradi. Bola qanchalik ko‘p muhitlarni o‘zlashtirsa, u shunchalik keng doira hududini egallashga harakat qiladi. Bola doimo o‘zi uchun qulay bo‘lgan uni yaxshi tushunadigan, unga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan muhitni izlashga urinadi.
Shuning uchun u bir muhitdan boshqa muhitga ko‘chib yuradi. Muhit bolani shakllantirishda, uning ijtimoiy tajriba to‘plashida ijtimoiylashuv jarayoni uchun muhim ahamiyatga ega. Muhit-inson kirishishi, o‘zini qulay sezishi uchun joylashuvinigina yetarli bilishi lozim bo‘lgan ko‘cha, uy va boshqa narsalar emas. Balki, muhit bu alohida o‘zaro munosabatlar tizimi va qoidalari bilan harakterlanadigan inson jamoalari hamdir. Shuning uchun inson muhitga yangilik kiritadi, muayyan darajada ta’sir qiladi hamda o‘zgartiradi va o‘z o‘rnida muhit ham inson oldiga o‘z talablarini qo‘yadi. U insonni, uning xatti-harakatlarini qabul qilishi ham, inkor qilishi ham mumkin. Muhitning insonga munosabatini insonning yurish-turishi, uning talablariga qanchalik javob berishiga qarab aniqlasa bo‘ladi. Insonning xulq-atvori uning jamiyatda tutgan o‘rni bilan belgilanadi.
Bolaning xulq-atvor mexanizmlarini o‘zlashtirishi unga ijtimoiy munosabatlarga muvaffaqqiyatli moslashuvini ta’minlaydi. ijtimoiy moslashuv deganda shaxsning ijtimoiy muhit sharoitlariga ko‘nikishi tushuniladi. Ijtimoiy moslashuv bolaning muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvining sharti va natijasi hisoblanadi. Bu asosan uch yo‘nalishda olib boriladi: faoliyat, muomala va anglash. Faoliyat sohasida bolada faoliyat turlarining kengayishi, faoliyatning zaruriy shakl va vositalarini qo‘lga kiritishi, muomala sohasida muomala doirasining kengayishi, uning mazmunining chuqurlashishi, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor me’yorlarini o‘zlashtirish sodir bo‘ladi. Anglash sohasida o‘z “men”i obrazini 26 shakllantirish, o‘zining ijtimoiy mansublik va ijtimoiy o‘rnini anglash ro‘y beradi. Bu jarayonlarning barchasini tarbiya tartibga soladi. So‘nggi yillarda pedagogika va boshqa fanlarda ijtimoiylashuv hamda tarbiya tushunchalarining o‘zaro munosabati keng muhokama qilib kelinmoqda. Ba’zi mualliflar tarbiyani ijtimoiylashuv bilan almashtirishga harakat qilishmoqda. Boshqalari tarbiyani bola ijtimoiylashuvining bir qismi sifatida o‘rganishadi.
Ayrim olimlar esa ijtimoiylashuv deganda fuqaroviy va axloqiy tarbiyani tushunishadi. To‘rtinchi guruh olimlari shaxs ijtimoiylashuvini tarbiyaning asosiy maqsadi deb hisoblashadi. To‘g‘ri tarbiya bola ijtimoiylashuvining asosiy omillaridan biri ekanligi hammaga malum. Ijtimoiy omillarni insonga ta’sir ko‘rsatishining tarkibiy qismi bo‘lgan tarbiya o‘z xususiyatlariga ega. Jumladan tarbiyaning bola rivojlanishiga ta’siri vaqt o‘tgan sari o‘zgaradi. Boshqacha qilib aytganda, bola qanchalik kichik bo‘lsa, tarbiya uning shakllanishiga shuncha ko‘p ta’sir ko‘rsatadi. Vaqt o‘tgani sayin tarbiyaning hissasi kamayib boradi. Biroq boshqa bir jarayon-o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoni rivojlana boshlaydi. Bolaning o‘z shaxsini mukammallashtirish, o‘z-o‘zini rivojlantirish bo‘yicha mustaqil faoliyatini anglashi ortadi. Ma’lumki, o‘z-o‘zini tarbiyalashga ehtiyoj shaxs rivojining eng yuksak shakli hisoblanadi. Tarbiya, o‘z-o‘zini tarbiyalash va boshqa ijtimoiy omillarning (madaniy, diniy, tarixiy an’analar, maktab jamoasi, do‘stlar, bolalar bog‘chasi va boshqalar) ijobiy ta’siri natijasida bolaning jamiyatga integratsiyalashuvining tabiiy jarayoni yuz beradi.
Bola ijtimoiylashuvi uning jismoniy va ruhiy rivojlanishining salbiy xususiyatlari bilan qiyinlashtirilishi mumkin. Bolaning ijtimoiy me’yor va qadriyatlarni o‘zlashtirishi muhitning salbiy ta’siri oqibatida noto‘g‘ri yo‘nalishda ketib qolishi mumkin. Buning natijasida bola me’yoriy ijtimoiy munosabatlardan chetda qolib ketib, maxsus yordamga muhtoj bo‘lib qoladi. Bunday bolalarning ijtimoiylashuv jarayoni avvalo tarbiya orqali amalga oshadi. Umuman olganda tarbiyachi va mutaxassislarning vazifasi qiyin vaziyatlarda turgan bolaning ijtimoiy moslashuvigaga qaratilgan, ya’ni jamiyatda qabul qilingan qonun va me’yorlarga faol ko‘nikishi yoki salbiy omillarning oqibatlarini yengishdir. Tarbiya ijtimoiy institut sifatida ijtimoiy hayotda muayyan vazifalarga ega. Tarbiyaning umumiy vazifalari quyidagilar: -jamiyat a’zolarining bir maqsad sari qaratilgan rivojlanishi va ular tomonidan tarbiya jarayonida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan bir qator ehtiyojlarning qondirilishi uchun sharoitlar yaratish; -jamiyatda faoliyat yuritish va uni rivojlantirishga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash; -ijtimoiy hayot barqarorligini madaniyatning avlodlarga meros qoldirish orqali ta’minlash; -jamiyat a’zolarining ijtimoiy va ma’naviy rivojlanishi; -o‘zgaruvchan ijtimoiy holatlarga jamiyat a’zolarini ko‘niktirish; -jamiyat a’zolarining intilishlari, maqsadlarining birlashishini va ijtimoiy, kasbiy, etnokonfessial guruhlar manfaatlarining uyg‘unlashuvini ta’minlash. Tarbiya tamoyillari-tarbiyani amalga oshirish qoidalari bo‘lib, ular asosida nazariyalar ishlab chiqiladi va tarbiyaning metod, shakl va vositalari amalga oshiriladi.
Tarbiyaning insonparvarlashuvi yo‘naltirilganligi tamoyili. Ijtimoiy pedagogikada insonparvarlashuv tamoyili pedagogning tarbiyalanuvchiga o‘z rivojlanishining mas’ul va mustaqil sub’ektiga nisbatan munosabatda bo‘lishni ko‘zda tutadi. Tarbiyaning insonparvarlashuv tamoyilini amalga oshirish bolalar, o‘smirlar, yoshlarning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu tamoyilning amalga oshirilishi oqibatida: -aynan tarbiya ijtimoiylashuv obekti bo‘lishi inson qay darajada g‘ayri ijtimoiy me’yoriy qadriyatlarni emas, balki ijobiy me’yor va qadriyatlarni o‘zlashtirishni aniqlaydi; Shaxsning shakllanishi va ijtimoiylashuvi Xudud muxiti Ta’lim muammolari Noramziy muxit Individual xususiyatlar Ijtimoiy institutlar Umumiy ta’lim Yosh xususiyatlar Muomala doirasi Makro (katta) Mezo (mintaqa) Mikro (kichik) Sub’ektiv Orttirilgan (o‘zlashtirilgan) -tarbiya inson o‘zini ijtimoiylashuv sub’ekti sifatida his qilishi, uning sub’ektivligini namoyon bo‘lishi va taraqqiy etishi uchun sharoitlar yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
-tarbiya inson uchun jamiyatga ko‘nikishi darajasini ishlab chiqishiga sharoitlar yaratadi. -tarbiya insonni muayyan yosh bosqichlarida xavflar bilan to‘qnash kelishiga yo‘l qo‘ymasligi, ya’ni insonning ijtimoiylashuv qurboniga aylanmasligi ehtimolini kamaytirishi mumkin. Tarbiyaning insonparvarlashuv tamoyilini amaliyotda amalga oshirish tarbiyalanuvchida refleksiya va o‘z-o‘zini tartibga solishni rivojlantirishga, uning olam bilan munosabatlarining shakllanishiga, jamiyatda demokratik va gumanistik munosabatlarning tashuvchisi bo‘lgan insonning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tarbiyaning madaniylashuvi tamoyili Tarbiyaning madaniylashuvi zaruriyati g‘oyasi ingliz pedagogi Jon Lok (XVIIIasr), fransuz mutafakkiri Klod Gelvetsiy(XVIIIasr) va shvedsar pedagogi Iogann Pestalotssi asarlarida yaqqol namoyon bo‘ladi.
XIX asrda nemis pedagogi Fridrix Disterverg tomonidan ta’rifi berilgan tarbiyaning tabiat bilan uyg‘unligi tamoyilining zamonaviy tarifi tarbiya madaniyatining umuminsoniy qadriyatlariga asoslanishi va u yoki bu milliy madaniyatlarning qadriyatlari va me’yorlariga mos bunyod etilishini ko‘zda tutadi. Tarbiyaning variativligi tamoyili. Zamonaviy jamiyatlarda ijtimoiy tarbiyaning variativligi shaxs ehtiyojlarining xilma-xilligi bilan aniqlanadi. Tarbiya variativligi tamoyili insonning mintaqaviy, munitsipial va lokal darajada umuminsoniy qadriyatlarga asoslanib, etnik xususiyatlar, shuningdek mintaqaviy munitsipial va lokal sharoitlarni inobatga olib, tarbiya muassasalarida insoniy, yosh, differensial va individual yondashuvlar asosida manaviy-qadriyat jihatidan tarbiyalashni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish uchun ishlab chiqilgan.
Ijtimoiy tarbiyaning variativligi tamoyilini amalga oshirish uchun quyidagilar zarurdir: - shaxs manfaatlarini va ehtiyojlari, turli yosh, ijtimoiy-kasbiy, etnik qatlamlarning talablari, xududiy va mintaqaviy tashkilotlarning ehtiyojlarini qondirish uchun turli xildagi tarbiya tashkilotlarini tuzish; - ijtimoiy tarbiyaning mintaqaviy va munitsipial tizimlarni tashkil qilish; - mahalliy tarbiya tizimlarini tashkil qilish. Ijtimoiy tarbiyaning variativlik tamoilini amalga oshirish: - insonning turli xildagi hayotiy va shaxsiy masalalarini yechishga, qobiliyatini shakllantirishga; - inson tomonidan o‘zining rivojlanish strategiyalari, hayotiy va kasbiy yo‘llarini tanlashga imkoniyatlarini kengaytirish uchun sharoitlar yaratadi. Ijtimoiy tarbiyaning jamoaviyligi tamoyili. Ijtimoiylashuvning mikroomillarining tavsifi shuni ko‘rsatadiki bolalar, o‘smirlarning ijtimoiylashuvi tengdoshlari va kattalar (oila, qo‘shnilar, mikrojamiyat, tarbiya tashkilotlari) bilan o‘zaro munosabatlarida ro‘y beradi. Ijtimoiy tarbiya nisbatan ijtimoiy nazorat qilinuvchi ijtimoiylashuvning bo‘lagi sifatida bir tomondan jamoalarda ro‘y beradi, boshqa tomondan esa bolalar, o‘smirlarni jamoa hayotiga ob’ektiv zaruriyat sifatida olib kiradi.
Jamoa tarbiyaning eng muhim vositasi ekanligi haqidagi g‘oya juda qadimda paydo bo‘lgan va XIX asrdan boshlab pedagoglar tomonidan jadallik bilan uning nazariy asoslari ishlab chiqilgan. Jamoaviylik tamoyilining zamonaviy ta’rifiga ko‘ra ijtimoiy tarbiya turli jamoalarda amalga oshirilib, insonga hayot tajribasi, umuman olganda esa jamiyatga ko‘nikish tajribasini qo‘lga kiritish imkonini beradi. Tarbiyaning shaxs rivojlanishiga markazlashuvi tamoyili Bu tamoyilga ko‘ra ijtimoiy tarbiyaning strategiya va maqsadi yosh avlod, o‘smirlarni komil inson bo‘lib yetishlariga yordam berishdir. Ijtimoiy tarbiya jarayoni, tarbiya muassasalari faqatgina shaxs rivojlanishining vositasi bo‘lishlari mumkin.
Rivojlanishni inson tomonidan uch turdagi vazifalarni (tabiiy-madaniy, ijtimoiy-madaniy, ijtimoiy-psixologik) hal qilish jarayoni deb qarashimiz mumkin. Shu vazifalara ko‘ra, tarbiya muassasalarida ijtimoiy tarbiyani markazlashtirish lozim bo‘lgan shaxs rivojining jihatlarini aniqlashtirsa bo‘ladi. Tabiiy-madaniy vazifalarni hal qilish zaruriyati inson rivojining -jismoniy (tabiiy); -jinsiy (fiziologik) jihatdan rivojlantirishga yordam beradi. Ijtimoiy - madaniy vazifalarni yechish zaruriyati esa, insonning: -intellektual (aqliy); -ijtimoiy jihatdan rivojlanishiga zamin yaratadi. Ijtimoiy tarbiya bu jihatlarining imkoniyati va o‘rni turlicha, biroq u bu jihatlarning har birida u ijtimoiylashuv omillariga nisbatan qo‘shimcha o‘ringa ega. Bundan tashqari tarbiya muassasalarining turiga qarab ham imkoniyatlari turlicha bo‘ladi. Ijtimoiy tarbiyaning birgalikdagi faoliyat tamoyili: Ijtimoiy tarbiyaning birgalikdagi faoliyat tamoyiliga ko‘ra bolalar, o‘spirinlar, o‘smirlarning ma’naviy-ma’rifiy rivojlanishi tarbiyachi va tarbiyalanuvchi orasidagi qadriyatlar (aqliy, ijtimoiy) almashuvi jarayonida amalga oshiriladi.
Bular: -dunyo madaniyatlari va aniq bir jamiyatda ishlab chiqilgan qadriyatlar; - ijtimoiy tarbiya sub’ektlariga xos bo‘lgan qadriyatlar; -tarbiya tashkilotlarining muayyan a’zosiga xos bo‘lgan qadriyatlar. Tarbiyaning tugallanmasligi tamoyili. Bu tamoyil ijtimoiylashuvning merosiylik harakteridan kelib chiqadi. Tarbiyaning tugallanmasligi tamoyili inson rivojlanishining har bir bosqichini individual va ijtimoiy qadriyat deb biladi.
Bu tamoyilga ko‘ra har bir bola, o‘smirda doimo tugallanmagan va aslida tugallanmaydigan bir narsa bo‘ladi. Tarbiyaning tugalanmasligi tamoyiliga ko‘ra tarbiyani shunday tashkil qilish kerakki, har bir yosh bosqichida inson “qayta shakllanish” imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.