Mustahkamlash uchun savollar Har qanday sharoitda ham jismoniy mehnat turlarini jismoniy tarbiya mazmuniga kiritilishi maqsadga muvofiqmi?
O’quvchilarni jismoniy jihatdan to’g’ri rivojlantirish deganda nimani tushunasiz?
Jismoniy madaniyat – qanday tushuncha?
Shaxsiy jismoniy qobiliyatlarni qanday tarbiyalash mumkin?
Jismoniy madaniyat mazmuniga nimalar kiradi?
Ekologik tarbiya, Iqtisodiy tarbiya Reja O’quvchilarga ekologik tarbiya berish
Boshlang’ich sinf o’quvchilariga iqtisodiy tarbiya berish
Oilada tejamkorlik tarbiyasi.
Tayanch iboralar: Ekologiya, E. Gekkel, Qadimgi yunon, ekologik tarbiya,
1 O’quvchilarga ekologik tarbiya berish “Ekologiya” so’zi yunoncha bo’lib, “oykos”-uy va “logos”- fan ma’nolarini bildiradi. Bu fan “tabiiy uy” da yashayotgan va shu uyda hayot uchun kerakli funksional jarayonlarni o’tayotgan hamma tirik organizmlarni o’rganadi. Shuning uchun ham ekologiya organizmlarni “o’z uyi”da o’rganadigan fan deb ataladi.Bu fan organizmlar va atrof muhit o’rtasidagi aloqalarning har xilligiga, umumiyligiga katta ahamiyat beradi.
“Ekologiya” atamasi buyuk nemis darvinisti Ernest Gekkel (1834 -1919) tomonidan 1866 -1869 yillari birinchi bor fanga kiritildi. E.Gekkelning xizmatini o’z vaqtida F.Engels yuqori baholab “Tabiiy tanlash tushunchasi E.Gekkelning ishlari va xizmatlari tufayli barqarorlandi, turlarning o’zgaruvchanligi esa, ularni muhitga yashash joyiga moslashishi va nasliy belgilarning o’tishi bilan yoritildi” deydi. E. Gekkelgacha XVIII-XIX asrning buyuk biologlari biologiya fani rivojlanishiga katta hissa qo’shdilar, o’simlik va hayvonlarning yashashi, tarqalishini o’rgandilar, lekin ular “Ekologiya” so’zini ishlatmagan edilar. Masalan, XVIII asrning boshlarida Anton van Levinguk mikroorganizmlarda ozuqaviy bog’liqliklar, ularning sonini boshqarishini bilgan. Ingliz botanigi Rechard Bredli o’simliklarning biologik mahsuldorligi haqida ma’lumot bergan. 1887 yili nemis gidrobiologi K. Myobius (1825 -1908) turli organizmlarning uyushmasi biotsenoz ta’limotini ishlab chiqdi.
Ekologiya fanining asosiy vazifasi tur vakillari hosil qiladigan populyatsiyalar, turli senozlar, biotsenozlar va ekosistemalarning hosil bo’lishi, rivojlanish qonunlarini aniqlash, ularning muhit bilan munosabatlarini yoritishdan iboratdir.
Qadimgi yunon olimlari Gippokrat va Aristotellarning ilmiy asarlaridagi 500 ta o’simlik turi va hayvonlarning 154 ta turi haqidagi ma’lumotlar ekologik harakterga ega bo’lgan.Masalan,Aristotel o’zining ilmiy asarlarida 500 dan ortiq turli hayvonlarni,qushlarni,baliqlarning hayoti,tarqalishi,bir yerdan ikkinchi yerga ko’chishi haqida ma’lumot bergan.Galen,Teofrast kabilar ham turli jonivorlarining hayot,tabiatga moslashishi to’g’risida qimmatli ma’lumot qoldirganlar.
Z.M.Bobur (1483-1530) o’zining “Boburnoma” nomli tarixiy asarida O’rta Osiyoda va Hindistonning turli o’simlik va hayvonlari,ularning o’sadigan,yashaydigan joyi,gillash,ko’payish davrlari haqida ko’pgina ma’lumotlar keltiradi.Yangi o’lkaning ochilishi,bir mamlakatning ikkinchi mamlakat tomonidan bosib olishi,bu yerlar tabiatining o’rganilishi natijasida o’simlik va hayvonlarning sistematikasi,morfologiyasi,ularning yashab turgan joyga moslashishi o’rganiladi.
O’zbekiston Respublikasi hududida mavjud bo’lgan ko’pchilik ekologik muammolar, ayrim chiqindilarni manbalarining o’zgarishi va zararli moddalarning tashlashdan boshlab, ularni atrof muhitga ta’sirini minimizatsiyaga olib kelish, iqtisodiy va boshqa omillarga bog’liq. Ular orasida ekologik ta’lim va tarbiyaning ahamiyati juda kattadir. Ekologik ma’rifat evaziga ekologik madaniyat shakllantiriladi. Faqat keng qamrovli ekobilimlar yordamida ekologik ong paydo bo’ladi
Hozirgi zamon fan va texnika taraqqiyoti davrida ekologik ahvolni muvozanat holida saqlab turish, atrof - muhitni muhofaza qilish iqtisodiy, ijtimoiy -siyosiy va boshqa omillarga bog’liq. Bu omillarning asosiy yetakchisi ekologik ta’lim va tarbiyadir. Yoshlar ongida ekologik ongni shakllantirishda qadimiy milliy tarbiyaviy vositalarni qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi.
Ekologik xavfsizlik muammosi allaqachonlar milliy va mintaqaviy doiradan chiqib, butun insoniyatning umumbashariy muammosiga aylangan. Ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir. Uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo’lib, rivojlanishning hozirgi kuni va kelajagi ko’p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bog’liqdir, - deb ta’kidlagan I.A.Karimov (O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida. 115-bet).
Atoqli pedagog V.A.Suxomlinskiy «Bolalarga jonim fido» asarida «Men bolalar «Alifbo»sini ochib, birinchi so’zni hijjalab o’qishlariga qadar avval dunyodagi eng ajoyib kitob – tabiat kitobini mutolaa etishlarini istardim» - deb ta’kidlaganidek, bu borada barcha ishlarni bolaning kichikligidanoq boshlash maqsadga muvofiqdir.
O’zbekiston Respublika «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da: «Ta’limning barcha darajalarida ta’lim oluvchilarning ekologik va sanitariya-gigiyena ta’limi hamda tarbiyasini takomillashtirish zarur» - deb alohida ta’kidlangan.
O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 50-moddasida: «Fuqarolar atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga majburdirlar» va 55-moddasida esa: «Yer va yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umumiy boyliklardir. Ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat mudofaasidadir» - deb juda o’rinli ta’kidlangan. Fuqarolarda ekologik madaniyatni tarkib toptirish, ularga tabiat, atrof-muhit bilan qanday munosabatda bo’lishni o’rgatish ijtimoiy pedagogika nazariyasi va amaliyotining eng dolzarb mavzusiga aylandi.
O’zbekiston Respublikasining 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan «Tabiatni muhofaza qilish to’g’risida»gi Qonuni, «Sog’lom avlod uchun» ordenining ta’sis etilishi, shu nomda Davlat dasturi, «Ekologik ta’lim-tarbiya konsepsiyasi» ning ishlab chiqilishi, «Ekosan» jamg’armasining tuzilishi va 2000 yilning «Sog’lom avlod yili» va 2005 yilning «Sihat-salomatlik yili» deb e’lon va davlat dasturi ishlab chiqilishi ekologik tarbiyaning ijtimoiy muammolarini hal qilishga qaratilganligini ko’ramiz.
Aholi sonining tez o’sib borishi natijasida ekologik ijtimoiy muammolar ham tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, aholini yer, suv, energetika, oziq-ovqat bilan ta’minlash haqidagi muammolar butun dunyo ijtimoiy muammolariga aylanib bormoqda. Yer kurrasida insoning farovon yashashi endi ekologik muammolarni yechishga bog’liq bo’lib qolmoqda. Ekologik muammolarning ilmiy, iqtisodiy, texnik, gigiyenik, yuridik, estetik, pedagogik va psixologik yo’nalishlari mavjud. Pedagogik yo’nalishda ekologik ta’lim va tarbiya berish ko’zda tutiladi. Ekologik ta’lim deganda aholiga berilishi lozim bo’lgan tabiat bilan inson orasidagi munosabatlarni ifodalovchi bilimlar tizimi tushuniladi.
Ekologik tarbiya esa insonning atrof-muhitga nisbatan munosabatini tarbiyalashdir. Ekologik ta’lim-tarbiyadan bosh maqsad ham turli yoshdagi kishilarda atrof-muhit va uning muammolariga ongli munosabatni shakllantirishdan iborat.
Fuqarolarda ekologik savodxonlik va madaniyat ijtimoiy ta’lim-tarbiya muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari, mehnat jamoalari, mahalliy boshqaruv organlari, ichki ishlar xodimlari, prokuratura, sud, ommaviy axborot vositalari singari shakllarda amalga oshiriladi. Ekologik muammolarni hal etishda aholining g’alla maydonlarini, mevali va manzarali daraxtlarni mudofaa qilish sohasida ko’plab muammolar mavjud.
Fuqarolarga ekologik tarbiya berishda milliy xususiyat va tomonlarga asosiy e’tiborni qaratish foydali. Bular: suv, yer, tuproq, havo muqaddas hisoblangan. Ota-bobolarimiz: «Suv – tabiat in’omi, hayot manbai», - deb bejiz aytishmagan. Ma’lumki hozir faqat 500 ming km3 ga yaqin chuchuk suv bor xolos.
Ma’lumki, barcha yoshdagi kishilarda tabiatni muhofaza qilish haqida qimmatli hayotiy g’oyalar xalq donishmandligida asoslangan. Masalan, «Soyasidan xalq foydalanib turgan daraxtni kesib yuborgan odamni tangri do’zaxga mahkum etur», «Dehqonchilik bilan shug’ullaninglar, dehqonchilik muborak kasbdir. Unga qo’riqchilarni ko’paytiringlar», «Qaysi bir musulmon ekin eksa yoki biror daraxt o’tqazsa, so’ng uning mevasidan qush yoki hvyvon yesa, uning ekinidan yeyilgan narsaning har biridan unga sadaqa savobi yoziladi», «Ekmoq niyatida qo’lingizda ko’chat tutqazgan paytda bexosdan qiyomat qoim bo’lish aniq bo’lganda ham ulgursangiz, uni ekib qo’yavering», «Kim suv toshqinini to’xtatsa yoki yong’inni o’chirsa, unga shohidlik ajri yeriladi» va hokazo.
«Tafakkur buyuk fazilatdir va odamning donoligi haqiqatni aytisha, tabiatga quloq solgan holda unga muvofiq harakat qilishda» - deb ta’kidlagan Geraklit.
Orol tangligi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik va gumanitar fojialardan biridir. 1911-1962 yillarda Orol dengizining sathi eng yuqori nuqta bo’lib, 53,4 metrni, shu darajalar 1994 yilda 32,5 metrga, suvning hajmi 1064 kub kilometrni (400 kub kilometrni) suvning yuzasi 66 ming kvadrat kilometrni (32,5 ming kvadrat kilometr) va minerallashuvi darajasi bir litr suvda 10-11 gramm (u ikki barobar oshganligining guvohimiz) ga yetgan.
Orolning qurib qolgan tubidan chang bo’ronlari 1975 yildayoq kosmik tadqiqotlar natijasida aniqlangan. 1980 yillarning boshlaridan buyon bunday to’fonlar bir yilda 90 kun davomida kuzatilmoqda. Chang-to’zon uzunligi 400 km va eni 40 km maydonga yetib bormoqda. Chang bo’ronlarining ta’sir doirasi esa 300 kmgacha yetmoqda. Mutaxassislarning bergan ma’lumotlariga qaraganda, bu yerda har yili atmosferaga 15-75 mln tonnagacha chang ko’tariladi.
Orol dengizining qurib borishi munosabati bilan xalqaro, keng ko’lamli ahamiyatga molik bo’lgan ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va desografik muammolarning murakkab majmui vujudga keldi. Dengizning qurib borishi va mintaqaning cho’lga aylanib borishi bilan bog’liq fojea bu havzada yashayotgan barcha xalqlarning ijtimoiy fojeasidir.
Maktabda o’quvchilarni ekologik tarbiyalashda bunday ma’lumotlarni berib borish o’qituvchilarning asosiy vazifasi bo’lsog’i darkor.
Endilikda atrof-muhitga, tabiat boyliklariga e’tiborsiz bo’lish butun sayyoraga jiddiy zarar yetkazishi ma’lumligi aniq bo’lib qoldi. Inson bilan tabiat o’rtasidagi munosabatlar muammolarini yechish zaruriyati tug’ildi. O’quvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiat, atrof-muhit bilan qanday munosabatda bo’lishni o’rgatish pedagogika nazariyasi va amaliyotida dolzarb muammoga aylandi.
Ayniqsa, umumta’lim maktablarida maktab partasidanoq tabiatga muhabbat ruhida tarbiya berishga astoydil kirishi zarurligini ko’rsatadi.
Tabiatni muhofaza qilish hozirgi zamonning asosiy masalalaridan biri bo’lib qolganligi o’quvchi ongiga singdiriladi. Haqiqatdan ham tabiiy boyliklardan haddan tashqari ko’p darajada foydalanish, yangi yerlarni rejasiz o’zlashtirish oqibatida, ekologik muvozanat keskin o’zgardi, atrof-muhit ifloslandi. Ayniqsa, paxta yakka hokimligi, qishloq xo’jaligi ishlarining noto’g’ri rejalashtirilganligi, kimyoviy o’g’itlardan me’yordan ortiq ishlatilishi tabiat kushandalarining ko’payishiga sabab bo’ldi. Bu hol hayvonot olami va o’simlik dunyosiga ham o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatdi.
Ekologik tarbiya insonning atrof-muhitga nisbatan munosabatini tarbiyalashdir.
Ekologik ta’lim-tarbiya maktabda barcha fanlarni o’qitishda amalga oshirilishi ko’zda tutiladi. Ekologik ta’lim-tarbiyadan bosh maqsad ham yosh avlodda atrof-muhit va uning muammolariga ongli munosabatni shakllantirishdan iboratdir.
Bizningcha, umumiy o’rta ta’lim va boshqa muassasalarda ekologik tarbiya berishni tarbiyalashning mazmuni quyidagilarni o’z ichiga olishi kerak:
atrof-muhit va uning shaxs ma’naviy dunyosiga ta’siri;
tabiatga muhabbatni shakllantirishda maktab va oilaning hamkorligi;
o’z tumani, shaharini, qishloq va maktab hovlisini ko’kalamzorlashtirishda, hatto sinf xonasidagi o’simliklarni ham parvarishlashga qiziqishlarini;
oiladagi, maktabdagi tabiatni, o’simliklar va hayvonot dunyosini e’zozlashga o’rgatish, jonivor va qushlarni parvarish qilish;
tabiatga ongli munosabat jarayonda o’quvchilarning dunyoqarashini shakllantirish;
yoshlarni ekologik tarbiyalashda milliy an’ana va udumlarni qayta tiklash, ularga e’tiborni kuchaytirish.
«Avesto»da kishilarni ekologik tarbiyalash bo’yicha quyidagi tadbirlar belgilangan:
Inson butun umri davomida suv, tuproq, olov, umuman dunyodagi jamiki yaxshi narsalarni pok va bus-butun asrashga burchlidir.
Yer, suv, havo, olovni asrash qoidalarini buzgan kishi 400 qamchi urish jazosiga mahkumdir.
Ota-bobolarimiz azal-azaldan tabiatga yuksak mehr ko’rsatishgan. Yurtni obod etishgan, ko’chalarni, haylilarni sarishta qilishgan. Xalqimizning tabiatga munosabati: urug’ qadash, qovun sayli, suv sayli, uzum sayli, hosil bayrami, gul bayrami, Navro’z bayrami kabi an’ana, udum va odatlarida o’z aksini topgan. Mazkur an’ana, urf-odat va qadriyatlarni takomillashtirish bugungi kunning eng asosiy vazifalaridandir.
Maktab o’quvchilari ekologik tarbiya jarayonida quyidagilarni bilishlari zarur:
tabiat haqida tushuncha, tabiiy muhit, tabiiy omillar va ular orasidagi bog’lanish;
tabiat boyliklaridan tejab-tergab foydalanish va ularni muhofaza qilish;
atrof-muhitni ifloslantirishdan saqlash;
tabiatni kelajak avlodlar uchun tabiiy holda qoldirishga intilish.
Umuman umumiy ta’lim maktab o’quvchilarining ekologik ta’lim-tarbiyasi quyidagi tuzilish va tizimda olib borilsa uning samaradorligi ta’minlanadi: ekologik his-tuyg’u, ekologik idrok, ekologik tasavvur, ekologik tushuncha, ekologik bilim, ma’lumot, ko’nikma, malaka, odat, ekologik madaniyat (mahorat) va hokazo.