Fanni o’qitishda zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar Talabalar tomonidan “Umumiy pedagogika” fanining puxta o’zlashtirilishi uchun zamonaviy ta’lim turlari, pedagogik texnologiyalar, jahon ta’limining eng ilg’or yutuqlaridan izchil foydalanish muhim ahamiyatga ega. Fan asoslarini o’zlashtirishda o’quv darsliklari, o’quv va metodik qo’llanmalar, ma’ruza matnlari, tarqatma va elektron materiallar, pedagogik, psixologik va tegishli mutaxassisliklarga doir ensiklopediyalar, lug’atlar, o’qitishning texnik vositalari, zamonaviy axborot texnologiyalari kabilardan o’rinli foydalaniladi. Ma’ruza, seminar, laboratoriya mashg’ulotlarining ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalari yordamida tashkil etilishi ta’minlanadi.
Fanni o’qitish jarayonida shaxsga yo’naltirilgan ta’lim turlari (dasturiy, modul, innovasion, interfaol, muammoli, rivojlantiruvchi, masofaviy va mustaqil ta’lim, o’yin texnologiyalari), o’qitishning samarali shakllari, zamonaviy metodlari, vositalari, pedagogik va axborot texnologiyalarini muntazam qo’llash nazarda tutilgan. “Pedagogika nazariyasi va amaliyoti” fanini o’qitishda quyidagi interfaol metodlarni qo’llash ta’lim jarayonining muvaffaqiyatini ta’minlaydi: “Bumerang”, “Baliq skleti”, “Nilufar guli”, “Aqliy hujum”, “Klaster”, “Keys”, “Charxpalak”, “Qarorlar shajarasi”, “Venn diagrammasi”, “Qanday?”, “Nima uchun?”.
Shaxsga yo’naltirilgan ta’lim.Bu ta’lim o’z mohiyatiga ko’ra ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilarini to’laqonli rivojlanishlarini ko’zda tutadi. Bu esa ta’limni loyihalashtirilayotganda, albatta, ma’lum bir ta’lim oluvchining shaxsini emas, avvalo, kelgusidagi mutaxassislik faoliyati bilan bog’liq o’qish maqsadlaridan kelib chiqqan holda yondoshilishni nazarda tutadi.
Tizimli yondoshuv.Ta’lim texnologiyasi tizimning barcha belgilarini o’zida mujassam etmog’i lozim: jarayonning mantiqiyligi, uning barcha bo’g’inlarini o’zaro bog’langanligi, yaxlitligi.
Faoliyatga yo’naltirilgan yondoshuv. Shaxsning jarayonli sifatlarini shakllantirishga, ta’lim oluvchining faoliyatni aktivlashtirish va intensivlashtirish, o’quv jarayonida uning barcha qobiliyati va imkoniyatlari, tashabbuskorligini ochishga yo’naltirilgan ta’limni ifodalaydi.