Go‘sht inson organizmi uchun eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Uning tarkibida inson faoliyati uchun zarur bo‘lgan engil hazm bo‘ladigan quruq modda hayvonlar turiga qarab 35-55 % gacha oqsillar, 10-20 % gacha yog‘lar, 8-45 % gacha hamda 1-5 foiz gacha mineral moddalar mavjud. Bundan tashqari A, D va V guruh vitaminlari uchraydi. Bir kilogram go‘sht o‘rtacha 1500-3000 kilokaloriya beradi (hayvonlar turiga qarab). Respublikamizda aholi iste`mol qiladigan go‘shtning eng asosiy qismini 60 % dan ko‘prog‘ini qoramol go‘shti tashkil qiladi. Qolgan qismini boshqa chorva hayvonlari qo‘y, echki, parranda, ot va boshqalar. Hayvonlarning go‘sht mahsuldorligi miqdor (son) va sifat ko‘rsatkichlari bilan baholanadi. Go‘sht mahsuldorligining miqdor (son) ko‘rsatkichlariga quyidagilar kiradi. Tirik vazni, so‘yim og‘irligi (so‘yim vazni), so‘yim chiqimi. Hayvonlarning tirik vazni ularni so‘yishdan oldin 12 soat och qoldirilgandan keyin tarozida tortib ko‘rish yordamida aniqlanadi. So‘yim og‘irligi (so‘yim massasi) deb so‘yilgan hayvonning nimta go‘shti va ichki yog‘ining yig‘indisiga aytiladi. So‘yim og‘irligiga so‘yilgan hayvonning boshi, terisi, ichki ovqat hazm qilish organlari, dumi va oyoqlarining tizzasidan pastki qismi kirmaydi. So‘yim chiqimi deb so‘yim og‘irligining so‘yishdan oldingi tirik vazniga nisbatining foizdagi ifodasiga aytiladi. Go‘sht mahsuldorligining sifat ko‘rsatkichlariga quyidagilar kiradi. Nimtalangan go‘shtning morfologik tarkibi, ya’ni muskul, pay, suyak va biriktiruvchi to‘qimalarning o‘zaro nisbati 1, 2, 3 navli go‘shtning chiqimi. Dunyoning bir qancha mamlakatlarida so‘yilgan chorva hayvonlarining go‘shti birinchi, ikkinchi va uchinchi navlarga ajratilgan holda aholiga sotiladi. Go‘shtning energetik to‘yimliligi. Mollarning tez etiluvchanligi ya’ni bir kilogram o‘sishi uchun sarflangan oziqa miqdori (xarajat). Go‘shtning oqsil sifat ko‘rsatkichi (OSK) ushbu ko‘rsatkich muskul to‘qimalari tarkibidagi to‘liq qiymatli oqsil tarkibiga kiruvchi triptofan aminokislotasining pay to‘qimalari tarkibidagi to‘liq qiymatsiz oqsil tarkibiga kiruvchi oksipirolinga nisbati bilan aniqlanadi. Hayvonlarning go‘sht mahsuldorligi baholashda paypaslab ko‘rish (tananing turli yog‘ to‘planadigan qismlarini) ushlab ko‘rish, tana tuzilishi indekslarini hisoblash orqali ham hayvonlarning go‘sht mahsuldorligiga baho berish mumkin. Lekin ushbu usullar hayvonlarning go‘sht mahsuldorligini baholashda aniq ma’lumot bermaydi.