Kasaba uyushmasi qo’mitasi ish beruvchining xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo’shatilish haqidagi qarorini olti oygacha bo’lgan muddatga to’xtatib turish to’g’risidagi taklifni mahalliy davlat hokimiyati organlariga ko’rib chiqish uchun kiritish huquqiga ega.
Pandemiya va epidemiya holatidagi infeksiya bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshga to’lmagan bolaning ota-onasi (uning o’rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo’lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.
6.7. Ish beruvchi qisqartirilayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va qayta o’qitish ishlarini tashkil etish majburiyatini o’z zimmasiga oladi.
6.8. Xodimlar soni qisqartirilayotganda qisqartirish oqibatlarini yumshatishga qaratilgan quyidagi choralar nazarda tutiladi:
a) o’rindoshlikni, vaqtincha ishlaydigan xodimlar sonini cheklash, bir necha kasbda ishlashni taqiqlash, fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo’yicha bajariladigan ishlarni jamoaning o’ziga berish;
b) xodimlarning xohishiga ko’ra ularga ish haqi saqlanmagan holda, qisqa muddatli ta’tillar berish;
v) qisqartirish to’g’risidagi ogohlantirish amal qilayotgan davrda xodimning o’z xohishi bilan mehnat shartnomasining bekor qilinishini tomonlar kelishuviga binoan ogohlantirish muddatiga muvofiq keladigan pullik kompensasiya to’lash bilan amalga oshirish;
g) bo’shatib olinayotgan xodimlarning malakasini o’zgartirish va boshqa kasbga o’rgatish uchun Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan shartnoma tuzish;
d) xodimlar soni qisqartirilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi to’g’risida ogohlantirish olgan xodimga ogohlantirish muddati davomida o’ziga qulay vaqtda boshqa ish qidirish uchun haftada 1 (bir) kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda, ishga chiqmaslik huquqini berish.
6.9. Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o’zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog’liq bo’lgan xodimlarning soni (shtati) o’zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish masalasi ko’rib chiqilayotganda xodimlar teng malakaga va mehnat unumdorligiga ega ekanligi hamda O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 167-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq ishda qoldirishda bir-birining oldida afzalliklari yo’qligi aniqlansa, u holda xodimlarni ishda qoldirishda afzallik beriladigan quyidagi holatlar hisobga olinadi:
- qaramog’ida ikki yoki undan ortiq kishi bo’lgan xodimlarga;
- oilasida undan bo’lak mustaqil ish haqi oluvchi bo’lmagan shaxslarga;
- mazkur korxonada ko’p yillik ish stajiga ega bo’lgan xodimlarga;
- kasb malakasi va mehnat unumdorligi yuqori bo’lgan xodimlarga;
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida tegishli mutaxassislik bo’yicha malakasini oshirayotgan xodimlarga va ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarini tamomlagan shaxslarga o’qishni tugantgandan so’ng mutaxassisligi bo’yicha ishlayotgan taqdirda ikki yil maboyinida;
- mazkur korxonada mehnatda mayib bo’lib qolgan yoki kasb kasalligini orttirgan shaxslarga;
- urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
- atom obyektlaridagi falokatlar oqibatida kelib chiqqan oshirilgan radiasiya nurlanishi bilan bog’liq nurlanish kasalligi va boshqa kasalliklarga yo’liqqan yoki shunday kasalliklarni boshdan kechirgan shaxslarga; ana shunday falokatlar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari qatnashchilariga, shuningdek, mazkur zonalardan evakuasiya qilingin yoki ko’chirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslar;
- pensiya yoshiga yaqinlashgan (2 yil va undan kam) xodimlar;
- noto’liq oilada nogiron bolani tarbiyalayotgan xodimlar.
6.10. Xodimning vaqtincha boshqa ishga o’tkazish haqidagi iltimosi, agar bu iltimos uzrli sabablar tufayli kelib chiqqan va bunday ish Kutubxonada mavjud bo’lsa, O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 142-moddasida nazarda tutilgan hollardan tashqari yana quyidagi hollarda Ish beruvchi tomonidan qanoatlantirilishi kerak:
- betob oila a’zosini parvarishlash zaruriyati;
- ishning ta’lim bilan qo’shib olib borilishi;
- oilasida nogironligi bor shaxslarni parvarishlash zaruriyati;
- avvalgi ish joyida xodimning hayoti yoki sog’lig’iga tahdid soluvchi omillar vujudga kelishi;
- qaramog’ida 14 yoshgacha farzandi bo’lgan yolg’iz ona yoki ota.
Xodimning tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o’tkazilganda mehnatga haq to’lash bajarilayotgan ishga muvofiq amalga oshiriladi.
6.11. Xodim majburiy tibbiy ko’rikdan o’tishdan bo’yin tovlagan yoki o’tkazilgan tekshirishlar natijalari bo’yicha tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarmagan, shuningdek karantinli va odam uchun xavfli bo’lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo’lgan taqdirda O’zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o’tishni rad etgan taqdirda (sog’lig’ining holatiga ko’ra qarshi ko’rsatma mavjud bo’lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo’ymaslikka haqli.
6.12. O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 129-moddasida nomlari keltirilgan xodimlar toifalaridan tashqari yana quyidagi shaxslar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi:
6.13.1. O’zbekiston Respublikasida belgilab qo’yilgan mehnatga haq to’lashning eng kam miqdoriga teng ish o’rnatilgan shaxslarga;
6.13.2. Soha tizimlarida faoliyat yuritganlarga.
6.14. Mehnat to’g’risidagi qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasida, shuningdek mazkur Shartnomada nazarda tutilgan hollarda xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko’rsatilgan mehnat vazifasiga ko’ra ishni davom ettirayotganda ish beruvchidan mehnat shartlarini o’zgartirishni talab qilishga haqlidir. Xodimning mehnat shartlarini o’zgartirish haqidagi arizasi u berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ish beruvchi tomonidan ko’rib chiqilishi kerak.
6.15. Ishdan bo’shatish nafaqasi miqdori O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 173-moddasida ko’rsatilgan qoidalarga binoan amalga oshiriladi.