Mahsulot sifati sanoat ishlab-chiqarish xo’jalik faoliyatining asosiy, eng muhim ko’rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Mahsulot sifati mahsulotning iste’mol xususiyatlari majmui bo’lib, uning iqtisodiyot va aholining muayyan ehtiyojlariga yaroqliligini ifodalaydi.
Mahsulot sifati tayyorlangan mahsulotning mustaqilligi, qulayligi, ishonchliligi, chidamliligi, tejamkorligi, go’zalligi va boshqa bir qator xususiyatlari bilan belgilanadi. Shu sababli mahsulot sifatini yaxshilash jamiyatga juda katta samara keltiradi: mablag’larni tejaydi, tannarxni kamaytirish, foydani ko’paytirish va shu asosda mamlakat xazinasini to’ldirishga imkon beradi.
Mahsulot sifatini yaxshilash va uning raqobatbardoshliligini ta’minlash davlat siyosatining eng muhim muammolaridan biri hisoblanadi. Shu sababli Oliy Majlis qonunlarida, Prezident farmonlarida va hukumat qarorlarida mahsulot va ish sifatini oshirishga alohida e’tibor berilib, ularda barcha turdagi mahsulotlarning texnik darajasi, tejamliligi va sifati oshirilsin deyiladi, yangi o’zlashtiriladigan mahsulotlar o’zining sifat va texnikiqtisodiy xarakteristikalari jihatidan jahon fan-texnika va texnologiyasi erishgan ilg’or yutuqlarga mos boshqa bir qator ko’rsatmalar berilgan.
Mahsulot sifati muammosiga tegishli masalalardan biri standartlashtirishdir. Yana bir muhim masala – sertifikatlashtirishdir. Bu ikki faoliyat fan-texnika, amaliy tajribalarning oxirgi yutuqlariga tayangan holda ishlab chiqarish rivojiga juda katta ta’sir ko’rsatadi.
Mahsulot sifati oshirilishini attestatsiya qilish va rag’batlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Mahsulot sifatini moddiy rag’batlantirishda mahsulotning bir me’yorda ishlab chiqarilishi ko’rsatkich sifatida e’tiborga olinishi lozim.